Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
20.02.2018

«ISTE’MOL SAVATCHASI» QANDAY SAVATCHA?..

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi partiya Markaziy Kengashi bilan hamkorlikda «yashash minimumi» va «iste’mol savatchasi» tushunchalarini qonunchilikda mustahkamlash hamda ularni hayotga joriy etish masalalari xususida davra suhbati o‘tkazdi.

Ma’lumki, Prezidentimizning parlamentga Murojaatnomasida ilg‘or xorijiy tajriba asosida aholining munosib hayot darajasi uchun zarur bo‘lgan daromadlarni aniqlash bo‘yicha «iste’mol savatchasi» tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalda ta’minlash mexanizmlarini yaratish lozimligiga alohida e’tibor qaratilgan edi.

Davra suhbatida eng kam iste’mol xarajatlari (iste’mol savatchasi) standartlarini belgilashning asoslangan va zamonaviy mexanizmlarini o‘rganish, xorij tajribasini tahlil qilish, shu asosda aniq takliflarni shakllantirishga mas’ul ishchi guruhlari tuzish masalasi muhokama qilindi.

— So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi daromadlarini ko‘paytirish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sifatini oshirish, uy-joy bilan ta’minlash tadbirlari keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarning natijasi odamlarning hayot darajasi yuksalishiga xizmat qilmoqda, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Abdug‘affor Qirg‘izboyev. — Aslida imkoniyatlarimiz bundanda ko‘proq. Ulardan samarali foydalanish uchun aholi turmush darajasini oshirish bilan bog‘liq masalalarni nazariy va uslubiy jihatdan chuqur o‘rganish, ilmiy asoslangan takliflarni berish zarur. Bunda aholi turmush farovonligini oshirish, kambag‘allikning oldini olish, aholini minimal daromad bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.

Aytish kerakki, yashash minimumi ko‘rsatkichlari davlat tomonidan ijtimoiy siyosat yuritishda qo‘llaniladi. Xususan, aholining turmush darajasini baholash uchun yashash minimumidan past, teng va yuqori daromadli aholi salmog‘i aniqlanadi. Shu asosda aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash uchun aniq yetib boradigan manzilli ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Eng kam ish haqi va pensiyalarni asoslashda foydalaniladigan ushbu ko‘rsatkich kam ta’minlanganlik mezoni hamdir.

Aholining minimal ijtimoiy standartlarini oshirib borish, eng kam miqdordagi ijtimoiy standartlarni ishlab chiqish, yashash uchun kerak bo‘lgan mablag‘ning eng kam miqdorini aniqlash tizimini joriy etish masalalari muhim hisoblanadi.

— Keling, «iste’mol savatchasi» nima, degan savolga aniqlik kiritib olamiz, — dedi Iqtisodiyot vazirligi mas’ul xodimi Anvarxon Umarxo‘jayev. — U insonning normal hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, nooziq-ovqat mahsulotlari hamda xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Ya’ni, odamning daromadi yashash uchun zarur bo‘lgan eng muhim ehtiyojlarini qanoatlantirishga yetishi kerak. Ko‘p davlatlarda ijtimoiy nafaqalar shunga qarab belgilanadi. Mamlakatimizda iste’mol savatchasiga oid tushunchalar huquqiy tartibga solinishi aholi daromadlari «yashash minimumi» va «iste’mol savatchasi»ga mos bo‘lishiga asos yaratadi.

2018 yil 1 iyulidan aholining real daromadlari, ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va boshqa to‘lovlar miqdori hududlar kesimida «yashash minimumi» va «iste’mol savatchasi»ga mutanosibligi ta’minlanishi lozim. Bu Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida ko‘zda tutilgan.

Aytish kerakki, «iste’mol savati»ni belgilashda minimal oziq-ovqat savati muhim o‘rin tutadi.

Qolaversa, «Iste’mol savati»ni belgilashda issiq yoki sovuq tabiiy-iqlim sharoiti, aholining asosiy ijtimoiy-demografik guruhlari, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlar iste’mol qilinishidagi milliy an’analar, mahalliy xususiyatlarni hisobga olish muhimdir. Shuning uchun inson salomatligini saqlash, uning hayotiy faoliyatini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlarning namunaviy minimal turlari ro‘yxatini ishlab chiqish bo‘yicha takliflar o‘rganilmoqda.

— «Iste’mol minimumi» inson tanasining normal ishlashini ta’minlashga xizmat qiladi, — dedi O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i Boymurod Yusupov. — Ma’lumotlarga ko‘ra, «iste’mol minimumi» oziq-ovqat mahsulotlarining eng kam miqdori va insonning asosiy ijtimoiy, madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun zarur bo‘lgan minimal xizmatlar to‘plami uchun yetarli bo‘lgan qiymat hisoblanadi.

«Iste’mol minimumi» hajmi fiziologik va ijtimoiy elementlardan iborat. Dunyo amaliyotida fiziologik minimum umumiy iste’mol minimumining o‘rtacha 85-87 foizini tashkil etadi. Jahon amaliyotida bu borada bir nechta usul qo‘llaniladi.

Statistik usul ma’lum bir mamlakatning eng badavlat fuqarolari daromadlariga asosan iste’mol minimumini belgilashni nazarda tutadi. Bu usul daromad darajasi juda yuqori bo‘lgan davlatlarda qo‘llanilishi mumkin.

Sub’ektiv yoki ijtimoiy yondashuv usuli esa aholi o‘rtasida minimal daromadlar yuzasidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomalar natijalariga asoslanadi. Bunday usul ko‘proq maslahatlashilib hal etiladi.

Resurs uslubi iqtisodiyotning iste’mol minimumini ta’minlab berish imkoniyatiga asoslangan bo‘lib, bunday uslub ko‘proq rivojlangan mamlakatlarda qo‘llaniladi.

Qo‘shma uslub bir necha usulni o‘ziga birlashtiradi. Ya’ni, oziq-ovqat qiymati — me’yorlarda, uy-joy kommunal xizmatlar — faktlarda va nooziq-ovqat mahsulotlari — umumiy xarajatlarning ulushi bo‘yicha aniqlanadi.

Amalda minimal iste’mol savatchasi sifatida kunlik minimal qiymatni belgilashdan iborat me’yoriy usul qo‘llaniladi. Umuman, eng kam iste’mol savatchasini yaratishda turli davlatlarda xilma-xil xususiyatlarga asoslaniladi.

Davra suhbatida ta’kidlandiki, hokimliklarning iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullanadigan xodimlari o‘z hududida «iste’mol savatchasi» qiymatini hisoblab chiqsa, shunga ko‘ra kam ta’minlangan oilalarga turli imtiyozlar qo‘llanilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. «Iste’mol savatchasi» qiymatiga qarab minimal ish haqi miqdori, kam ta’minlangan oilalar aniqlanib, ularga nafaqa va turli imtiyozlar belgilanishi lozim.

Qayd etilishicha, «iste’mol savatchasi» aholi daromadlari va xarajatlari, bozordagi narx-navo, uy-joy bilan ta’minlanganligi va boshqa jihatlar asosida belgilanadi. «Iste’mol savatchasi»ni mamlakatlararo taqqoslashda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot hajmiga qaraladi. Xalqaro standartlar hamda ichki sharoitdan kelib chiqib, bu borada tizimli ish olib borilmoqda.

Qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha partiya va fraksiya a’zolari, aloqador vazirlik va idoralar mas’ullari hamda mutaxassislardan iborat ishchi guruh tuzildi. Unga taklif va tavsiyalarni o‘rganish, ilg‘or xorijiy tajribani tahlil qilish orqali O‘zXDP hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida tayyorlangan «Davlat minimal ijtimoiy standartlari to‘g‘risida»gi qonun loyihasini takomillashtirish vazifasi qo‘yildi. Bu haqda tegishli qaror qabul qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.