Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyun 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
08.02.2018

DEPUTATLAR TAKLIFI HUKUMAT QARORIDA AKS ETDI

Ahad AHMEDOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a’zosi:

— Oliy Majlis deputatlari va senatorlar har oyda 10-12 kun davomida muayyan tumanda bo‘lib, hokimiyat idoralari, prokuratura va ichki ishlar bo‘limining faoliyatini puxta o‘rganib, haqiqiy holatni tahlil qilishi, tegishli xulosa berishi natijasida qator masalalar hal etilmoqda.

O‘tgan yili muloqotlarda aksariyat tumanlarda aholi elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi sarfini hisobga olish uskunalarini davlat qiyo­slovidan o‘tkazish uchun 50-100 km masofa bosib, viloyat markaziga borishga va uskunalarning davlat qiyoslovidan o‘tkazilishini 30 kungacha kutishga majbur bo‘layotgani, mazkur jarayonni soddalashtirish zarurligi to‘g‘risida takliflar bildirilgan edi. Shuning­dek, fuqarolar tomonidan hisoblagichlarni qiyoslovdan o‘tkazish qoidalarining buzilishi holatlari ham uchrab turar edi.

Mazkur holatlar bo‘yicha ma’lumotlar deputatlar tomonidan umumlashtirilib, «O‘zstandart» agentligiga deputat so‘rovi yuborildi. Shu orqali sohada uchrayotgan muammolarni bartaraf etish masalasi qo‘yildi.

«Gazni hisobga olish priborlarini tekshiruvdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi nizom talab­laridan aholi norozi ekani kuzatildi. Zotan nizomda gaz hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish iste’molchilar tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgani haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotgan edi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining ­Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan 2017 yil mart oyida 3 marta «O‘zstandart» agentligi, «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasi, «O‘zbekenergo» aksiyadorlik kompaniyasi va mas’ul agentlik vakillari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar atroflicha o‘rganildi. Jumladan, elektr energiyasi, gaz va ichimlik suvi sarfini hisobga olish uskunalarini davlat qiyoslovidan o‘tkazish tartiblari tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Ularning natijalari umumlashtirilib, may oyida «O‘zstandart» agentligi hamda «O‘ztransgaz» kompaniyasiga tegishli tartibda murojaat yuborildi. Unda aksariyat tumanlarda «O‘zstandart» agentligining bo‘limlari mavjud emasligi bois hisoblagichlarni davlat qiyoslovidan o‘tkazish masalalarida iste’molchilar jiddiy noqulayliklarga duch kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, gaz hisoblagichlarni davlat qiyo­slovidan o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalarni to‘liq «O‘ztransgaz» kompaniyasi zimmasiga yuklash bo‘yicha tavsiyalar ham bildirilgan edi.

Yaqinda qabul qilingan «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qarorida aholini ko‘p yillardan buyon qiynab kelayotgan, haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotan ushbu muammo yechimi bo‘yicha berilgan takliflar aks etdi. Ya’ni, endilikda maishiy iste’molchilarga elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish zamonaviy uskunalarini xarid qilish, o‘rnatish, ro‘yxatdan o‘tkazish, davriy davlat qiyoslovi va plombalash hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va gaz ta’minoti tashkilotlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Shuningdek, hisobga olish uskunalarining davriy davlat qiyoslovidan o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishini tashkil qilish bo‘yicha javobgarlik hududiy elektr tarmoqlari korxonalari va gaz ta’minoti tashkilotlariga yuklatildi.

Ko‘rinib turibdiki, xalq bilan muloqot qilishga asoslangan faoliyat o‘z samarasini bermoqda. Tahlillar va o‘rganishlar natijalari islohotlarga ta’sir etayotganini inkor qilib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda aholi tomonidan bildirilayotgan ayrim asossiz norozilik haqida ham to‘xtalib o‘tish zarur. Muloqotlar davomida ko‘pchilik elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini hisobga olish uskunalarini davriy davlat qiyoslovidan o‘tkazishga o‘z e’tirozini bildiradi. «Nima keragi bor?», «zavod chiqarganku!», degan fikrlarni ham eshitamiz. Ammo unutmaslik kerakki, uskuna o‘z nomi bilan uskuna. Vaqt o‘tishi yoki turli ta’sir vositalari orqali uning faoliyatidagi texnik barqarorlik o‘zgarishi mumkin. Shuning uchun ularni muayyan muddatlarda qiyoslovdan o‘tkazish maqsadga muvofiq. Bu amaliyot butun dunyoda bor.

Joylardagi haqiqiy holatni o‘rganish ishlari bu yil ham davom etmoqda. Xususan, joriy yilning yanvar oyida respublikamizning 13 ta tuman va 1 ta shahriga deputatlar tomonidan chiqish­lar tashkil etildi.

Muammolarni joyida bartaraf etish choralarini ko‘rish maqsadida 4,4 mingdan ortiq xonadonga borildi, 240 mahalliy davlat hokimiya­ti organi va tashkilotlari, 573 ijtimoiy soha ob’ekti, 301 fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi faoliyati o‘rganildi. Bu jarayonda 20 ming nafardan ziyod fuqaro, shu jumladan, 1,5 ming nafar tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan bevosita suhbatlar o‘tkazildi.

Deputatlar joylarda nafaqat xalq dardini eshitmoqda, balki bir vaqtning o‘zida joylardagi mahalliy boshqaruv idoralari bilan muloqot maydoni yuzaga kelmoqda. Eng asosiysi, qonunlarni hayotiy me’yorlar hisobiga takomillashtirish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.



DB query error.
Please try later.