Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
15.10.2019

Yangilanayotgan O‘zbekiston, yangicha saylovlar

va albatta targ‘ibot tadbirlari joylarda yangi usullarda o‘tkazilmoqda
Zarafshon shahridagi Favvoralar sayilgohi har qachongidan o‘zgacha bezatilgan. Odamlar bu yerga hordiq chiqarish uchun kechki sayrga chiqqan. Aytish joizki, "Biz mamlakatda fuqarolar hamjihatligi va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash tarafdorimiz!" shiori ostida O‘zXDP Zarafshon shahar kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbir keksa-yu yoshni birdek mamnun etdi.

Tadbirni shahar kengashi raisi Sh.Usmanov kirish so‘zi bilan ochib, saylovlarning yurtimizdagi demokratik jarayonlarni jadallashtirishdagi ahamiyati, partiyaning yangi Saylovoldi dasturida belgilanayotgan asosiy g‘oya va vazifalar haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Yangicha usulda o‘tkazilgan targ‘ibot tadbiri velomarafon sport musobaqasi bilan boshlandi. Unda 350 nafar partiyaning faol a’zolari, nuroniy otaxon-u onaxonlar, yoshlar hamda ota-onalar farzandlari bilan ishtirok etdi.
– Uzoq masofani bosib o‘tgan bo‘lsak-da, sira charchamadik, – deydi shahar obodonlashtirish boshqarmasi bosh hisobchisi Navro‘z Turdiyev. – Maqsad sog‘lom bo‘lish hamda yoshlarni ommaviy sport turlariga jalb qilish. Velosipedda sayohatimiz juda qiziq va taassurotlarga boy bo‘ldi.
– Men «Yoshlik» mahallasidanman, – deydi ishtirokchilardan biri, 70 yoshli onaxon Zinaida Klinova. – Avvallari partiya tadbirlari zerikarli uslubda ma’ruzabozlik, davra suhbatlari tarzida o‘tkazilardi. Bu galgisi juda chiroyli va qiziqarli bo‘ldi. Tadbirga kelganimdan afsuslanmadim. Nevaralarimning xursandchiligini aytmaysizmi? Ular ham mazza qilib yayrab, o‘ynab-kulishdi.
Tadbir doirasida kurash, yugurish, arqon tortish sport musobaqalari ham tashkil etildi. Barchani ortda qoldirgan yigit-qizlarga partiyaning sovg‘alari topshirildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylov, siyosiy partiyalar, mamlakatimiz parlamenti faoliyatiga oid hamda boshqa qiziqarli savollar  berildi. Ularga birinchi va to‘g‘ri javob qilganlar sovg‘alarga ega bo‘ldi.
– Bu yerga dugonalarim bilan kelgan edim, – deydi Zarafshon shahar tibbiyot kollejining 3-bosqich talabasi Elmira Temirova. – Tadbir doirasida o‘tkazilgan turli o‘yinlar juda qiziqarli bo‘ldi. Savollarga javob berib, sovg‘aga ham ega bo‘ldim. Eng asosiysi, siyosiy partiyalar, yangi Saylov kodeksi haqida ham ko‘p ma’lumotlar oldim. Foydali bo‘lish bilan birga qiziqarli tadbir tashkil qilgani uchun partiya vakillaridan minnatdorman.
– Partiyaning yangi Saylovoldi dasturiga kiritilayotgan dolzarb ijtimoiy masalalar, xususan, «Yashash minimumi» va «Iste’mol savatchasi» to‘g‘risida qonunlar qabul qilish zarurati borasidagi takliflari menga juda ma’qul bo‘ldi, – deydi yaqinda 18 yoshni qarshilagan Asila Rahimova. – Shuning uchun aynan Xalq demokratik partiyasi safida bo‘lishni istadim. Partiyamiz tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, ular amalga oshishi uchun men ham kuch-g‘ayratimni ayamayman.

Faxriddin UBAYDULLAYeV,
O‘zbekiston XDP Navoiy viloyat kengashi
Axborot xizmati xodimi.

UNUTILMAS ShODIYoNALAR

Katta taassurotlar va xursandchilikka boy targ‘ibot tadbirlardan biri O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Farg‘ona shahar kengashi tomonidan Farg‘ona shahridagi Ahmad al-Farg‘oniy majmuasida o‘tkazildi. Yangicha uslubda bo‘lib o‘tgan targ‘ibot tadbiri farg‘onaliklar uchun unutilmas shodiyonaga aylandi.
Tadbir boshlanishiga hali ancha vaqt bor bo‘lishiga qaramay, shahar markazidagi buyuk alloma ­Ahmad al-Farg‘oniy majmuasiga allaqachon odamlar yig‘ilib bo‘lishgan.
Qarshimizdagi O‘zXDP bayrog‘ini baland tutib, hilpiratib turgan hamyurtimiz bilan suhbatlashgimiz keldi.
– Qo‘shtepa tumanidanmiz, – deydi biz bilan suhbatda Alisher Yunusov. – Tadbir haqida eshitib, partiyani qo‘llab-quvvatlash va ko‘ngilli hordiq chiqarish uchun oila a’zolarimiz bilan yetib keldik. Odamlarning kayfiyatini, faolligini ko‘rib, xursand bo‘ldim. O‘ylaymanki, partiyaning bundan keyingi ishlari ham, tadbirlari ham mana shunday oddiy odamlar orasida, xalq bilan hamnafaslikda davom etadi.
 «Ijtimoiy himoya va farovonlik uchun kurashamiz» shiori ostidagi targ‘ibot tadbiri har qanday rasmiyatchilikdan xoli tarzda ochiq maydonda boshlandi. Buyuk alloma Ahmad al-Farg‘oniy  poyidagi sahna bayramona tus oldi. Karnay-surnay sadolari va olqishlar jo‘rligida tadbir boshlandi.
Tadbirni Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi raisi D.Mamadjanova kirish so‘zi bilan ochib, partiya birinchi navbatda davlat va jamiyatning manzilli ijtimoiy himoyasiga muhtoj aholi vakillarining manfaatlarini ifoda etishi, ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya g‘oyalari uchun kurashishini ta’kidladi.
Farg‘onalik san’atkor va xonandalarning chiqishlari hammaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. Ushbu tadbir samimiy davraga aylandi. Quvnoq qo‘shiq va raqslarga partiya faollaridan tortib deputatlar ham jo‘r bo‘lishdi. Hatto istirohat bog‘ida aylanib yurgan chet ellik sayyohlar ham davramizga kelib, o‘yin-kulgularimizga qo‘shildi.  
Tadbir yakunida ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari ulashildi.
O‘zXDP Farg‘ona viloyat Kengashi
Axborot xizmati.
HASAN ABRAYeVNING ORZUSI AMALGA OShDI
Hasan Abrayev yashashni, tabiatdagi o‘zgarishlarni kuzatishni sevadi. Adabiyotga qiziqadi. Atoqli o‘zbek adiblari hamda shoirlarning kitoblarini mehr bilan o‘qiydi. O‘zi ham she’r yozishni mashq qilib turadi. Faqat xastaligi sabab qo‘liga qalam tuta olmasligi uni biroz qiynaydi. Albatta, do‘stlari, tarbiyachilar unga yaqindan ko‘mak berib kelmoqda. Ammo ijodkorga ilhom qachon kelishini hech kim bilmaydi-da...
— Orzu qilishni yaxshi ko‘raman, — deydi ­Hasan Abrayev. — Inson umid bilan yashashi, orzulari ro‘yobga chiqishiga ishonishi kerak. Boshqalarni bilmadimu, mening orzularim birin-ketin amalga oshmoqda. O‘zbekiston XDP Shayxontohur tuman kengashi raisi Iroda Abdullayeva bizni «Navro‘z» bog‘iga taklif etdi. Rosti, tadbirning eng hayajonli daqiqalari menga atalganini bilmagandim. O‘rtoqlarim, Hasan sening ismingni aytishyapti, deyishganda ham e’tibor bermadim. Keyin tarbiyachimiz sahnaga olib chiqib, Iroda opa qo‘limga noutbukni tutqazganda juda hayajonlanib ketdim.
«Navro‘z» bog‘ida O‘zbekiston XDP Shayxontohur tuman kengashi tomonidan tashkil etilgan targ‘ibot tadbiri ana shunday quvonchli onlarga boy bo‘ldi. Nogironligi bo‘lgan bolalar, ehtiyojmand oila vakillari, bog‘ga dam olish istagida kelgan otaxon-onaxonlar, yigit-qizlar san’atkorlarning har bir chiqishini zavq bilan kuzatdi. Birgalikda raqs tushishdi. Ayniqsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jenisbek Piyazov tomonidan ijro etilgan jahon operasi durdonalari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi.
Tadbir mobaynida O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi Nigora Eshmetova so‘zga chiqib, ishtirokchilar bilan samimiy muloqot qildi. Yig‘ilganlarga partiyamiz amalga oshirayotgan ishlar, deputatlarimiz ilgari surayotgan tashabbuslar haqida gapirdi. Xalq demokratik partiyasi ijtimoiy himoya va farovonlik uchun kurashishini ta’kidladi.
— Ochig‘i, bir tadbirni tashkil etish, o‘tkazish, odamlarni unga jalb etish oson ish emas, — dedi O‘zbekiston XDP Shayxontohur tuman kengashi raisi Iroda Abdullayeva. — Tan olish kerak. Ilgarilari mahallalarda, turli tashkilotlarda davra suhbatlari, seminarlar, tadbirlar o‘tkazardik. Uch-to‘rt mutaxassis minbarga chiqib, ilmiy atamalarga boy ma’ruzalar qilinardi. Bularning qancha qismi ishtirokchilarning yuragiga yetib borgani esa bizga noma’lum. Xalq demokratik partiyasi tomonidan tashkil etilayotgan bugungidek targ‘ibot tadbirlari esa uzoq vaqt ko‘pchilikning yodida qolishiga ishonaman.
Hasan Abrayev haqida gapiradigan bo‘lsam, bu bolani bir necha yildan buyon bilaman. Uning aksariyat she’rlarini o‘zim qog‘ozga tushirganman. Birinchi kitobini chop etishda, taqdimotini o‘tkazishda ko‘maklashdik. Bu partiyamiz tomonidan amalga oshirilgan eng kichik ishlardan biri, xolos.
— Oila a’zolarim bilan «Navro‘z» bog‘iga keldik, — dedi Jamoliddin Fayzullayev. — Farzandim televizor orqali shu bog‘dagi charxpalakni ko‘rganini, unga chiqib, sayr qilish orzusi borligini aytgandi. O‘zingiz anglagan bo‘lsangiz kerak. Bizda tadbirni yuqoridan tomosha qilish imkoni bo‘ldi. Charxpalakdagi sayrdan so‘ng gumbaz ostidagi tadbirni kuzatdik. Barchasi yaxshi tashkil etilgan, jajji o‘g‘il-qizlarning raqslari, ota-onalarning ularga boqib turgan baxtli nigohlarini ko‘rib to‘lqinlandim. Biz televideniye orqali rasmiy kiyingan, jiddiy qiyofadagi insonlar to‘planib, nimalarnidir maslahatlashib, muhokama qilayotgan majlislariga o‘rganib qolgan ekanmiz. Bugungi tadbir bizda katta taassurot qoldirdi.  
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Uchtepa tuman kengashi tomonidan «Uchtepa outlet» savdo markazidagi tadbir ham ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
— To‘g‘risi, farzandlarim bilan sayr qilib, shu bahonada uy yumushlaridan chalg‘ish maqsadida  ushbu savdo markaziga kelgandim, — deydi Shoira ­Toirova. — Qizlarim bilan muzqaymoq yeb o‘tirgandik. Markaz maydonida bir guruh yoshlar nimalargadir tayyorgarlikni boshladi. Qandaydir reklama vositalarini o‘rnatishdi. Xizmatchi qizdan so‘rasam, hozir Xalq demokratik partiyasining tadbiri boshlanadi, deb javob berdi. Tadbirda qizim bilan birga ishtirok etdik. Xalq demokratik partiyasi ilgari surayotgan tashabbuslar haqida ham bilib oldik.
— Ochig‘i, Xalq demokratik partiyasining tadbirlari o‘zgacha, noodatiy shakllarda, ko‘chalar va bog‘larda o‘tayotganini eshitgandim, — dedi savdo markazi sotuvchisi Ahror Shodiyev. — Lekin partiyalar faoliyatini kuzatib borganim uchun bu gapga biroz ishonmagandim. Do‘stlarim Xalq demokratik partiyasining «Xalqlar do‘stligi» maydonidagi tadbiri haqiqiy shou bo‘ldi, deyishgandi. Bugun guvohi bo‘ldimki, ular aldamagan ekan. Tadbir bunday shouga aylanib ketishini tasavvur ham qilmagandim.
Bunday targ‘ibot tadbirlari respublikamizning turli hududlarida davom etmoqda.
Farrux TOShXODJAYeV,
O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi AKT yetakchi mutaxassisi.
«BUNAQASI BO‘LMAGANDI»
Bo‘stonliq tumanida yomg‘ir yog‘di, lekin...

Bugun qay go‘shaga bormang, qaysi bir maskanga qadam bosmang odamlarning xush kayfiyati, tabassumini ko‘rasiz. Ayniqsa, saylovoldi targ‘ibot tadbirlarining rang-barang, kuy-qo‘shiqlar bilan noan’anaviy tarzda o‘tkazilayotgani xalqimizni partiyalarga, deputatlarga va ularni xalqqa yaqinlashtirishga xizmat qilmoqda. ­O‘zbekiston XDP esa bu borada faollikni qo‘ldan bermay, odamlar orasiga chuqurroq kirib borishga harakat qilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlarida partiyamiz faollari va xayrixohlari madaniyat va istirohat bog‘laridan tortib, paxta dalalarigacha borib, odamlarni faollikka, uyushqoqlikka chorlamoqda. Kuni kecha ana shunday tadbir Bo‘ka tuman kengashi tomonidan o‘tkazildi.  Y.Xojimetov fermerlar uyushmasining "Ozod Rustam" fermer xo‘jaligida qizg‘in davom etdi.
Paxta dalasidagi terimchilarga madad berish maqsadida bir piyola choy tashkil etildi.
— Ma’lumki, har qanday suhbat dasturxon atrofida yanada fayzli va iliq o‘tadi. Shu bilan birga, bir dasturxon atrofida o‘tirish orqali o‘rtadagi ishonch, samimiy munosabat yanada mustahkamlanadi, — dedi tadbirda ishtirok etgan O‘zbekiston XDP  Toshkent viloyat kengashi raisi Sayyora Fayziyeva.  — Terimchi xotin-qizlar bilan suhbat chog‘ida ularni o‘ylantirayotgan masalalar, turmush tarzini yaxshilash borasida takliflar haqida ham so‘z bordi. Vaqtincha ishsiz opa-singillarimiz bilan alohida kunda uchrashishga kelishib olindi.
Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar, saylovga tayyorgarlik jarayoni va siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi o‘rni haqidagi fikr-mulohazalar uy-ro‘zg‘or, bolcha-chaqa, oila mavzulariga ulandi. O‘tgan har bir dam o‘rtadagi ko‘rinmas devorni ko‘tarib, tezda samimiy kulgu boshlandi. Sokin va yoqimli kuylar sho‘h qo‘shiqlarga, qo‘shiqlar esa raqslarga ko‘chdi. Yig‘ilganlarning barchasida ko‘tarinki kayfiyat, shukronalik ifodasi bor edi.
Shu kuni rahbar kim, kim oddiy ishchi farqlab bo‘lmasdi. Hamma bir davrada yagona oiladek o‘tirardi. Tuman hokimi o‘rinbosari M.Abdulazizova, Ma’naviyat markazi, madaniyat bo‘limi vakillari, partiya faollari va mahalla ahli yaxshi bir ishning guvohi bo‘lishdi.
Aytishlaricha, yaxshilik, yaxshi voqea va yaxshi narsalar tez tugar ekan. Biroq inson qalbiga bir umrga muhrlanarkan. O‘ylaymizki, partiyamizning bu kabi samimiy uchrashuvlari, oddiy odamlar orasidagi tadbirlari xotiralarda hamisha saqlanadi.
E’tibor bering: 479 000 gektar yer maydoni. 200 mingga yaqin aholi. 50 dan ortiq umumiy o‘rta ta’lim muassasalariyu o‘nlab bolalar bog‘chalari. Bu raqamlarning barchasi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga tegishli. Asosan o‘zbek, qozoq, tojik va rus millatiga mansub aholi orasida koreys, tatar, ukrainlar ham ahil va hamjihatlikda yashab kelmoqda. Har sohada ilg‘orlar qatorida bo‘lishga intilib kelayotgan tuman ahli joriy yilgi saylovlarga ham o‘zgacha kayfiyat bilan hozirlik ko‘rmoqda. Kecha kechga yaqin tuman hokimligi binosi oldidagi maydonga yig‘ilganlar bunga yana bir karra ishonch hosil qildi.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining saylovoldi targ‘iboti, shiorlari, g‘oyalari aks ettirilgan bayroqlar, turli banner va yozuvlar o‘tgan-ketganning e’tiborini tortdi. Bir zumda atrofga odam yig‘ildi. Kimdir ishdan, yana kimdir o‘qishdan qaytayotgan bo‘lsa-da, uyiga shoshilmasdi. Hammaning fikru xayoli «Bugun qanday yangilikning guvohi bo‘lamiz ekan?, «Bu partiyaning o‘ziga xosligi nimada ekan?», degan so‘zlar bilan banddek go‘yo. Qiziqish va hayajon bilan voqelikni kuzatishdi.
Toshkent viloyat partiya kengashi raisi Sayyora Fayziyevaning «Siz XDPni bilasizmi?» degan savoli yig‘ilganlar diqqatini tortdi. Kimdir «ha», yana boshqasi «bilamiz» dedi. Tabiiyki, ularning orasida jim turganlar ham yo‘q emasdi. Birgina savol ortidan partiyaning shiori, saylovoldi dasturi, g‘oyalari haqida tushunchalar berildi. Odamlar orasida o‘zaro muhokama boshlanib ketdi.
— Mazkur partiya haqida uzoq yillardan buyon bilaman, — dedi Rixsim ota Maxamatov. —  Ammo bunaqasi bo‘lmagandi. Bir-biriga o‘xshash gaplar bilan odamlarni bir xonaga yig‘ib olib, qop-qop va’dalar berilar, afsuski, ularning ko‘pi qog‘ozda qolib ketardi. So‘nggi paytlarda O‘zbekiston XDP va deputatlar qilgan ishlar haqida bunday fikr bildirish qiyin. Ayniqsa, bugungiga o‘xshash tadbirlar odamlarning partiyaga, islohotlarga, yangilanishlarga bo‘lgan ishonchini oshiradi. O‘ylaymanki, boshlangan bu xayrli ish mana shu ruhda davom etadi. Zotan, hamyurtlarimiz ishonchini oqlash uchun boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas.  Qarang, oramizda yosh yigit-qizlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Bu esa jamiyat yasharyapti, mamlakat yangilanyapti, daxldorlik hissi ortyapti, degani, bolam.
Havo haroratining pasayishi ham, yog‘ib o‘tgan yomg‘ir ham odamlarni uyga ketkiza olmadi. Chunki Xalq demokratik partiyasi faollari tadbirga yurakdan tayyorgarlik ko‘rgan, noan’anaviy dastur asosida uni tashkil etgan edi. Yig‘ilganlar orasidan xohlovchilar mikrofon qarshisiga chorlandi. Interaktiv o‘yinlar o‘tkazildi. Tabiiyki, kuy-qo‘shiqlar dillarni xushnud etdi. Shu kuni, ayniqsa, sovringa ega bo‘lganlar kayfiyati o‘zgacha edi.
— O‘yinda ishtirok etishni xohlovchilar chaqirilganda, dugonam yugurib chiqib ketdi. Men esa panaroqqa o‘tib oldim, — deydi Sevara To‘ychiyeva. — Har sohaga tegishli savol-javoblarda u g‘olib bo‘ldi. Ajoyib sovg‘a ham oldi. Dugonamning quvonchiga sherikman. Ich-ichimdan nega men ham qatnashmadim, deya afsuslandim. Kelasi safar albatta men ham ishtirok etib, g‘olib bo‘laman.

O‘zbekiston XDP Toshkent viloyat kengashi
Axborot xizmati.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: