10 kishiga ish topishda yordam bergan yaxshi
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘ida «Ayollar ijtimoiy himoyasi — ijtimoiy faollik poydevori» mavzusida forum o‘tkazildi.
Deputatlar, partiya va mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida xotin-qizlarni o‘ylantirayotgan masalalar o‘rganilib, ularni bartaraf etish yuzasidan amaliy ishlar olib borildi.
Tadbir erta tongdanoq xotin-qizlar o‘rtasidagi velomarafon bilan boshlandi.
— Ochig‘i, tadbir bunday shaklda tashkil etilishini kutmagandim, — deydi Nodira aya Imonova. — Velomarafonda qatnashish istagida kelayotgan ayollarni, qizlarni ko‘rib, menda ham ishtirok etish istagi paydo bo‘ldi. Bu haqida aytganimda, ko‘pchilik hayron qoldi. «Yoshim 72 da bo‘lsa ham, g‘ayratim, shijoatim bor, hali hammangizdan o‘zib ketib, g‘olib bo‘laman», deb hazillashdim. Bu axir sog‘lig‘imga ham foyda-ku. Afsuski, ayollarimiz sport bilan shug‘ullanish masalasiga erinchoqlik bilan munosabatda bo‘ladi. Bu — xato. Velomarafonda ko‘p qatnashchilar charchab qolgani ham bunga dalil. Shungami, o‘zim g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Eng muhimi, hammaning kayfiyati a’lo, yuzida tabassum. Xotin-qizlar o‘rtasida ana shunday tadbirlarni ko‘paytirish kerak, deb o‘ylayman...
Velomarafondan so‘ng sport zalida xotin-qizlar o‘rtasida voleybol, shaxmat-shashka hamda yosh qizlarimiz ishtirokida yengil atletika o‘yinlari o‘tkazildi.
Anjumanning ikkinchi qismi bepul tibbiy ko‘rik aksiyasi va mehnat yarmarkasi bilan davom etdi.
Tibbiy ko‘rikka viloyat, tuman markazidan shifokorlar, tibbiy texnika vositalari, ko‘chma ambulans xizmatlari jalb qilindi. 137 nafar xotin-qiz bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi va kerakli maslahatlar berildi.
Mehnat yarmarkasi ham ancha gavjum bo‘ldi. Sortepa mahallasida yashovchi Odinaxon Xidirovaga «XANOY» ishlab chiqarish korxonasiga, Moxlaroy Abdullayevaga tumandagi 29-maktabgacha ta’lim muassasasiga tarbiyachi bo‘lib ishlash uchun yo‘llanmalar berildi.
— O‘zim qiziqqan sohada ish topishni anchadan beri orzu qilardim, — deydi Mohlaroy Abdullayeva. — Korxona va tashkilotlar vakillari bilan bo‘sh ish o‘rinlari, maosh, ishxonadagi tartib-qoidalar haqida gaplashish imkoniyati bo‘ldi. Tumanimizdagi bolalar bog‘chasiga ishga kirishim uchun yo‘llanma berishdi. Juda xursandman.
O‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga boshlang‘ich to‘lovlarsiz kredit olish tartib-qoidalari bo‘yicha tushunchalar berildi.
— Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalasi bugun dolzarb ahamiyatga ega, — deydi O‘zXDP Andijon viloyat kengashi raisi Abdulhamid Nurmatov. — Bu partiyamiz dasturiy maqsadlariga hamohang vazifadir. Shuning uchun 10 ta nazariy tadbir o‘tkazgandan 10 nafar ayolga ish topib berish foydaliroq, deb o‘ylayman. Biz shu fikr bilan ishlashimiz zarur.
Loyiha doirasida aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazish rejasi ham o‘rin olgan edi. Tuman Madaniyat saroyida partiya faollari, deputatlar, ijtimoiy hamkor tashkilotlar vakillari xotin-qizlar bilan muloqot o‘tkazishdi. Jamiyatda, oilada xotin-qizlarning nufuzini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash masalasida so‘z bordi. Fikr-mulohazalar tinglandi.
Shu kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi xotin-qizlar holidan xabar olindi.
Forumda bunday tadbirlarni chekka hududlarda ham o‘tkazish bo‘yicha takliflar berildi.
O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.