O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Qibray tumanida «Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!» shiori ostida «Mustaqillik — yurtimiz obodligi, turmush farovonligi, xalqimiz baxtu saodatining kafolatidir» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
O‘zXDP Markaziy Kengashi xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, siyosatshunos olimlar, yozuvchi va shoirlar mustaqillik eng ulug‘ ne’mat ekani haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
— Mustaqillik yillarida aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylandi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Akmal Umaraliyev. — Zero, mamlakatda o‘tkazilayotgan barcha islohotlarning asl maqsadi ham insonga munosib turmush sharoitini yaratib berish, uning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishdan iboratdir. Uzoqqa bormaylik, joriy yilning 12 iyul kuni Prezident farmoniga asosan 2019 yilning 1 avgustidan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladigan bo‘ldi. Ijtimoiy himoya bilan bog‘liq o‘zgarishlarni har bir sohada kuzatish mumkin. Bu ishlar izchil tus olayotgani quvonarli.
— Hayotning biror-bir jabhasi yo‘qki, unda mustaqillik shukuhi sezilmasa, — dedi O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Mehrojiddin Darxonov. — Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazishda partiyamiz tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faol ishtirok etishga harakat qilyapti. Bu haqda partiyamiz Markaziy Kengashi Ijroqo‘mi Hay’atining tegishli qarori qabul qilindi, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Unga muvofiq, partiya tashkilotlarimiz hamda deputatlik birlashmalari respublikamizning barcha hududlarida yetakchi olim va mutaxassislar, yozuvchi, shoir hamda san’atkorlar ishtirokida turli seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuv va anjumanlar o‘tkazadi.
Tadbirda, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Mirzo Karim, O‘zXDP Toshkent viloyat kengashi raisi Sayyora Fayziyeva so‘zga chiqib, tinchlik, osoyishtalik eng oliy ne’mat ekani, taraqqiyot yo‘lida mehnat qilish har birimiz uchun sharaf va burch ekanini ta’kidlashdi.
O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.