26.03.2019

«MEHRIBONLIK» UYLARI KAMAYISHI KERAK»

Har bir bolaga ota-ona mehri zarur

Fotomuxbirimiz bilan poytaxtimizdagi 22-sonli «Mehribonlik» uyi oldida ko‘rishishga kelishgandik. Belgilangan vaqtda manzilga yetib borish uchun ertaroq yo‘lga otlandim. Ko‘p qavatli g‘ishtli binoning oldiga yetganimda, bu yerda qaysi tashkilot joylashganiga qiziqdim. Ko‘chadagi obodonlashtirish xodimidan so‘raganimda, bu aynan men qidirayotgan muassasa ekanini aytdi. Oldinlari ham mazkur binoning oldidan ko‘p o‘tganman. Ammo juda nufuzli, xalqaro darajadagi tashkilotlardan biri joylashgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim.

Hamkasbim bilan ichkariga yo‘l olganimizda qorovul bizni to‘xtatib, rasm-rusumga mos tarzda ma’muriyatdan bir xodim kelgach, ichkariga taklif etdi. «Mehribonlik» uyi direktori, O‘zbekiston XDP faoli Shahriya Berdiyevani esa yangi qabul qilingan bola bilan suhbatlashayotganda uchratdik.

— Har safar yangi bola kelganda, birinchi navbatda u bilan yaqin do‘st bo‘lishga harakat qilaman. Bola har bir vaziyatni o‘zicha tahlil qiladi. Yangi joyga moslashish jarayoni qanday kutib olinganiga bog‘liq. Odatda tarbiyalanuvchilarga muassasaga ko‘nikib, o‘rtoqlar orttirishi uchun bir hafta yetarli. Negaki, ularning aksariyati qiyinchilik ta’mini erta totgan, hayotning oqu qorasini ko‘rgan, tez ulg‘aygan bo‘ladi. Atrofdagilarning unga qarashidan nima demoqchiligini bilib oladi.

O‘rni kelganda aytishim kerak. Ko‘pchilik «Mehribonlik» uyi deganda ko‘z o‘ngiga chin yetim, ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni bir xonaga qamab, faqat maktabga borishiga ko‘z-quloq bo‘ladigan tashkilot keladi. Istardimki, gazetangizda chop etiladigan maqoladan keyin yurtdoshlarimizda yangicha qarash shakllansa.

«Mehribonlik» uyi binosi 110 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 2013 yilda qayta ta’mirlangan. Ayni paytda kecha kelgan bola bilan hisoblaganimizda 107 nafar bola tarbiyalanmoqda. Shundan 24 nafari ixtisoslashtirilgan harbiy litseylarda o‘qiyapti. 26 nafar bitiruvchilarimiz nufuzli oliy ta’lim dargohlarida, 2 nafari esa magistratura bosqichida tahsil olmoqda.

Muassasamizni katta oilaga o‘xshataman. Har bir oila vakilining o‘z vazifasi bor. Qabulxona uchun tozalik xodimi shtat birligi bor, xolos. Qolgan yumushlarni bolalarning o‘zlari eplashadi. Barcha tarbiyalanuvchilarga voyaga yetguniga qadar hayotda kerak bo‘ladigan hunarlarni o‘rgatamiz.

«Mehribonlik» uyiga direktor bo‘lishdan oldin Xalq ta’limi vazirligi tarkibidagi sho‘bada ishlaganman. Respublika miqyosidagi ko‘plab shunday muassasalarda bo‘lganman. Tajribam menga ish jarayonida ham asqotdi. Bu maskanga birinchi kelgan vaqtlarimni eslayman. Nimalardir qilishga, asosiysi, bolalarga katta hayotda qoqilmaslikni, qoqilsa-da, qayta turishni o‘rgatishga urindik.

Tan olish kerak, oldinlari bitiruvchilar ulg‘ayguniga qadar mas’ulmiz, degan tushuncha ustun bo‘lgan. Uning keyingi taqdiri ikkinchi darajadagi masala hisoblangan. Bugun esa bunday kamchilikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini hammamiz yaxshi anglayapmiz. Shuning uchun muassasamizda pazandalik, tikuvchilik, sartaroshlik, sport, musiqa to‘garaklari faoliyat olib boradi. Bolalar 128- va 79- maktablarda o‘qishadi. Ularga ishonch bildirganmiz, o‘zlari maktabga borib-keladi. «Erudit» guruhimizga borib ko‘ring, o‘g‘il-qizlarimiz istalgan ovqatni oshpazlardan ko‘ra mazaliroq tayyorlaydi.

Bir-ikki yil oldin bir qizimiz huquqshunoslik kollejiga o‘qishga kirdi. Vaziyat to‘g‘ri kelib, yotoqxonada guruhdoshlari bilan osh qilishibdi. Hech kim bu vaqtga qadar taomni mustaqil tayyorlamagan ekan. Shunda bizning qizimiz dugonalarini mehmon qilibdi. O‘shanda hamma «Mehribonlik» uylarida ovqat pishirishni ham o‘rgatadimi, deb hayron qolgan ekan.

Bilasizmi, oramizda ham har xil insonlar uchraydi. Kuni kecha bir otaxon qabulimga keldi. Mazkur Mehribonlik uyida tarbiyalanganini aytdi. «Etim bolalarga uy berilishi kerak ekan. Menga berilmagan-ku», deydi. Rosti, kulishingni ham, kuyunishingni ham bilmaysan.

O‘tgan yili Farg‘onadagi «Mehribonlik» uyida sodir bo‘lgan, butun mamlakatni larzaga keltirgan noxush voqeadan keyin menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Nomini aytmayman, bir gazetadan muxbir kelishi haqida xabar qilishdi. Bizning bolalar shunaqaki, kuniga necha marta yuzlashsangiz, shuncha kuchoqlab ko‘rishadi. Bola-da, bag‘ringizdan itara olmaysiz. Bir marta qaytardingizmi, tamom, keyin siz bilan masofa saqlab muomalada bo‘ladi. Buni kelgan muxbir noto‘g‘ri tushunibdi. Keling, shunday, deya qolaylik. «Bu teatrni kimga keragi bor», debdi xodimamizga. Bitta muassasada noxush holat yuz bersa, hamma joyda ham shunday bo‘ladi, degani emasku?..

Ayrim takliflarim ham bor. Vasiylik va homiylik kengashlarining faoliyatini qayta ko‘rib chiqish kerak. Ularning ishiga natijaga qarab baho berish lozim. Shu vaqtga qadar oilalarga olingan bolalar soni juda kam. Bilasizmi, «Mehribonlik» uylaridagi aksariyat bolalarning otasi yoki onasi tirik. Ba’zilar sharoitim yetmayapti, deya bir-ikki yilga, deb bolasini tashlab ketadi. Aytilgan vaqt o‘tadi. Afsuski, bola ulg‘ayguncha muassasada qolib ketayotani ham bor gap.

Oilaga tarbiyaga olingan bola uchun to‘lanadigan nafaqa miqdori 820 ming so‘mni tashkil qilyapti. Bu kam summa emas. Buni odamlarga tushuntiradigan fidoyi xodim kerak. Ochiq aytishga to‘g‘ri keladi, ish yuklamasi ko‘pligi, noto‘g‘ri taqsimlangani hisobiga tizimda kadrlar qo‘nimsizligi ko‘p uchramoqda. Har bir bolaning ijtimoiy kelib chiqishini o‘rganish zarur. Kecha kelgan bola o‘nga kiryapti. Hali o‘qishni bilmaydi. Boshida jarohat izlari bor. Shunday bola bitta, deb o‘ylaysizmi?..

«Mehribonlik» uylari sonini kamaytirish choralari ko‘rilishi kerak. Xalqimiz azaldan mehribon xalq. Urush yillarida millionlab bola «Mehribonlik» uylarida qolmagan. Bola asrab olish uchun ota-onalar navbatda turgan.

Yaqinda «Etim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» Prezident qarori qabul qilindi. Unda «Mehribonlik» uyida tarbiyalangan bolalarga imtiyozli kredit asosida uy berilishi haqida ham aytilgan. Boshlang‘ich to‘lovi to‘lab berilishi ham qarorda belgilangani juda ko‘ngildagidek ish bo‘ldi. Yetim bolalarga tayyor uy berishga davlatning kuchi ham, imkoniyati ham yetadi. Ammo har bir inson dunyoga keldimi, oldiga maqsad qo‘yib, unga erishish uchun harakatda bo‘lishi shart. Oila quraman, uyli-joyli bo‘laman, mashina sotib olaman, deya intilishi zarur. Shunday oilalar borki, ularda besh farzand voyaga yetyapti. Ota-onaning har bir bolasiga uy qurib, to‘y qilib berishga sharoiti yo‘q. Ular ham o‘z kunini ko‘rishyapti. Shartnoma asosida o‘qishga kirib, ham ishlab, ham ta’lim olyapti. Har bir inson yoshligidan o‘zining hayotini o‘zi qurishni o‘rganishi zarur.

«Mehribonlik» uyi tarbiyalanuvchisiga muassasani tark etayotganda belgilangan miqdorda pul mablag‘i beriladi. Ammo ko‘p bolalar uni to‘g‘ri sarflamaydi. Mazkur masalada ham yangicha yondashuv kerak bo‘ladi.

— Qarorga muvofiq «Mehribonlik uylari»da «ishonch telefonlari» o‘rnatilishi boshlandi. Ko‘p yurtdoshlarimizda telefonlar o‘rnatilgani bilan bolalarda undan foydalanish imkoni berilmaydi, degan o‘y ham bo‘layotgani rost. Siz bunga qanday qaraysiz?

— «Mehribonlik» uylari va bolalar shaharchalarida zarur aloqa vositalari bilan jihozlangan alohida xonalar ajratilishi, «Ishonch telefonlari» uzluksiz ishlashi, ulardan tarbiyalanuvchilar erkin foydalanishini ta’minlashi kerakligi ham qarorda keltirilgan. Bu, albatta, bekorga bo‘lgani yo‘q. Butun respublikadagi «Mehribonlik» uylarida ham holat bir xil, deb ayta olmaymiz. Ammo barchasiga byudjetdan teng miqdorda mablag‘ ajratiladi. E’tibor ham bir xil. Ayni vaqtda bunday muassasalar hududlari va xonalari to‘liq videokuzatuv kameralari bilan jihozlanishi boshlandi. Bizning muassasamiz esa 2013 yilda ta’mirlangan vaqtda bu yo‘lga qo‘yilgandi. Kuzatuvlarning bir oylik arxivlarini saqlab boramiz. «Ishonch telefonlari»ni «qulflab» qo‘yishga imkon ham, zarurat ham yo‘q, deb o‘ylayman. Bu tizim juda samarali ishlaydi, degan umiddaman.

...Suhbat qizigan vaqtda yo‘lakda bolalar ovozi eshitildi. Bezovtaligi oshgan Shahriya opa maktab vaqti bo‘lganini bildirdi. «Siz Sevinch qizim bilan suhbatlashib turing», deya bolalar yotoqxonasi tomon yo‘l oldi.

 

Sevinch XODIYEVA, Xlebushkina nomidagi 22-sonli «Mehribonlik» uyi tarbiyalanuvchisi, Rossiyada o‘tkazilgan «Tû super» loyihasining II bosqichi g‘olibi:

— «Mehribonlik» uyimizdagi musiqa to‘garagiga qatnashaman. Ustozim Yuriy Sergevich bizga notalarni o‘qishni, ovoz sozlashni o‘rgatgan. Kelajakda mahoratli xonanda bo‘lishni orzu qilaman. Hozir rus, ingliz tillarini, dutor chalishni o‘rganyapman.

Bir kuni uyimizga operator kelib, bolalarni suratga ola boshladi. Mendan xirgoyi qilib berishimni so‘radi. Ijroyim yoqdi shekilli, tanlovda ishtirok etishga taklif qilishdi. Rossiya Federatsiyasiga bordik. Bizni iliq kutib olishdi. Do‘stlarimni sog‘inganimni hisobga olmaganda hammasi yaxshi bo‘ldi.

 

Jahongir OCHILOV, Xlebushkina nomidagi 22-sonli «Mehribonlik» uyi tarbiyalanuvchisi, futbolchi «Mehribonlik» uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi:

— Futbolga qiziqaman. Avvaliga mashhur futbol yulduzlarining o‘yin uslubini diqqat bilan o‘rgandim. Ular uchun to‘pni olib qo‘yish, chiroyli o‘yin ko‘rsatish juda maroqli ekanini angladim. Futbol insonda tez qaror chiqarish xislatini shakllantiradi.

O‘tgan yili birinchi marotaba «Mehribonlik» uyi tarbiyalanuvchilari o‘rtasida jahon chempionati o‘tkazildi. Biz ham unda qatnashishga qaror qildik, ammo g‘olib bo‘lish imkoni kam edi. Qisqa muddatda kuchli tayyorgarlik ko‘rdik. O‘yinchilarni saralash jarayoni haqqoniy o‘tgani, yuragini berib o‘ynaydigan bolalar tanlab olingani g‘alabaning garovi bo‘ldi, deb o‘ylayman. Biz bu musobaqada g‘alaba qozondik.

Orzuyim kelajakda dunyo tan oladigan futbolchi bo‘lish va shunga astoydil harakat qilaman. Jahonning eng mashhur futbol klublarida to‘p surishni, istayman.

«Mehribonlik» uyini aylanib, bolalar yotoqxonasi, oshxona, mashg‘ulotlar xonasini ko‘zdan kechirdik. Muassasada yaratilgan sharoitni ko‘rib, hayratlandik. U yerda mehrni his etdik. Ayni chog‘da har bir o‘g‘il-qiz o‘z oilasida voyaga yetishini niyat qildik.

 

Mahliyo ALIQULOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.