19.03.2019

SIYOSIY PARTIYA MAQSADSIZ YASHAY OLMAYDI

16 mart kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashining plenumi bo‘lib o‘tdi.

Plenumda Harakatlar strategiyasini «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlashda partiya fraksiyasi, tashkilotlari hamda mahalliy Kengashlardagi guruhlari ishtirokini yanada kuchaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlandiki, bu borada qabul qilingan partiyaning kompleks chora-tadbirlar dasturi ijrosini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Plenumda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyev partiya tashkilotlari, deputatlik birlashmalari faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berdi, shu bilan birga kamchiliklarni bartaraf etish haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

— Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, partiyamiz Prezidentimizning «Parlamentimiz haqiqiy demokratiya maktabiga aylanishi, islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisi bo‘lishi kerak» nomli ma’ruzasi, o‘z Nizomi va Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, faoliyatini olib bordi, — dedi Ulug‘bek Vafoyev. — Xususan, 2018 yil davomida partiya tomonidan o‘tkazilgan turli yig‘ilishlar, davra suhbatlarida 286 masala ko‘rib chiqildi. Amalga oshirilayotgan ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida tegishli qarorlar qabul qilindi. Bandlik va mehnat munosabatlari, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirliklari, Nogironlar, Ko‘zi ojizlar, Karlar, Nuroniy jamg‘armalari hamda boshqa yirik tashkilotlar bilan 13 ta hamkorlik memorandumi tuzilib, chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqildi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarining hududiy boshqarma va bo‘limlari faoliyati bilan bog‘liq 180 masala partiya guruhlarida, 115 masala doimiy komissiyalarda, 68 masala esa sessiyalarda muhokama etilib, qarorlar qabul qilindi.

Aytish kerakki, partiyaning murojaatlar bilan ishlash tizimi tubdan isloh qilindi. Rahbarlarning joylarga chiqishi va sayyor qabullar o‘tkazishi yo‘lga qo‘yildi. 15 000 ga yaqin fuqaro bilan muloqot o‘tkazildi, ulardan 12265 murojaat bo‘ldi. Ushbu murojaatlarning 72 foizi ijobiy hal etildi.

Aholi murojaatlari va partiya Saylovoldi dasturi ijrosiga taalluqli 1033 masala partiya guruhlarida, 756 masala doimiy komissiyalarda va 494 masala sessiyalarda ko‘rib chiqildi. Ularning yechimi bilan bog‘liq qarorlar qabul qilindi.

Plenumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi, mahalliy Kengashlar hamda mintaqaviy tashkilotlarda olib borilgan ishlar yuzasidan ham so‘z yuritildi.


 

Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Fraksiyamiz va mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari faoliyati ancha jonlandi, kuchaydi, deyish mumkin. Aniq bir muammoli masalani o‘rganish, tahlil qilish hamda bu borada hukumatga taklif, tavsiyalar taqdim etish tizimi shakllandi. Xususan, fraksiyamiz a’zolari 175 qonun loyihasini o‘rganib chiqdi. 17 qonun loyihasiga fraksiyamiz tashabbusi bilan konseptual o‘zgartirishlar kiritildi.

Parlamentga kiritilgan qonun loyihalari bo‘yicha 315 ta taklif tayyorlandi. Ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari bo‘yicha deputatlar tomonidan bildirilgan takliflarning 220 tasi qonunlarni qabul qilish jarayonida inobatga olindi. Shuningdek, fraksiyamiz tashabbusi bilan 2018 yilda 1 parlament eshituvi, 3 «Hukumat soati» tashkil etildi. Deputatlarimiz davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga jami 24 deputatlik so‘rovi yubordi.

Lekin haligacha sustkashlikka yo‘l qo‘yib, jonini qiynamasdan vaqt o‘tkazayotgan deputatlarimiz, ochig‘ini aytish kerak, fraksiyamiz a’zolari ham yo‘q emas. Bundan keyin fidoyi bo‘lmagan deputat saylovchilar nazaridan qoladi. Shuni hammamiz yodda saqlashimiz kerak.

 

Nigora ESHMETOVA, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, Toshkent shahar Kengashi Kotibiyati mudiri:

— Ilk bor namuna tariqasida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi kotibiyati faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan xabaringiz bor. Avvaliga barchamiz bu tizim qanday ishlashi, vazifalari, samaradorligi qanday bo‘lishi borasida uzoq o‘ylandik. Ammo ko‘p vaqt o‘tmasdan ijobiy o‘zgarishlar ko‘zga tashlana boshladi. Dastlab, kotibiyat nizomini tasdiqlab oldik. Keyin esa deputatlarning besh yo‘nalishdagi faoliyati aks etgan elektron baza yaratildi.

Yaqin-yaqingacha aksariyat deputatlarimiz doimiy komissiya yig‘ilishlariga, sessiyalarga hech qanday tayyorgarliksiz kelishar va qatnashar edi. Endilikda har bir ko‘tarilayotgan masala yuzasidan to‘plangan ma’lumotlar deputatlarga oldindan yetkazilmoqda. Tabiiyki, bu doimiy komissiya ishida sifat ko‘rsatkichi oshishiga, sessiyada ko‘tarilgan masala yuzasidan eng maqbul qaror qabul qilishga yordam bermoqda. O‘tgan yili Toshkent shahar Kengashi eng namunali Kengash, deb topildi. Bu ishimizga bo‘lgan mas’uliyatni yanada oshiradi. Bizdan yangidan-yangi tashabbuslar, aholi muammolarini o‘rganish va hal etish bilan bog‘liq takliflar kutiladi. O‘ylaymizki, deputatlar bilan bu borada hamkorlikni mustahkamlashimiz, faoliyatimizni kuchaytirishimiz zarur.

 

Ravshan ABDULLAYEV, O‘zbekiston XDP Namangan viloyat kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashidagi partiya guruhi a’zosi:

— Ba’zi rahbarlar keng fikrlaydigan, taklif bera oladigan xodimdan cho‘chiydi. Bu noto‘g‘ri fikr, deb o‘ylayman. Rahbar atrofida malakali, tashabbuskor kadrlarni to‘plamas ekan, tashkilot yoki idoraning ishi ko‘zga ko‘rinmaydi. Xususan, siyosiy partiya tizimida ham shunday. Viloyat, tuman partiya kengashi xodimlari xalq orasida yuradi. Aholi o‘zini o‘ylantirayotgan muammo yuzasidan unga murojaat etganda, masalaning huquqiy, iqtisodiy, ma’naviy tomonlarini tushuntirib bersa, xo‘p-xo‘p. Buning teskarisi bo‘lsa, odamlarda birgina xodim haqida emas, partiya yoki butun tizim haqida salbiy fikr uyg‘onadi. Shu bois partiya tashkilotida ishlamoqchi bo‘lgan har bir nomzod bilan o‘zim suhbatlashaman. Uning dunyoqarashi, hayotdan xabardorligi va qiziqishlariga alohida e’tibor qarataman. Ayniqsa, tuman kengashi raisligiga nomzodlar ko‘rilayotganda, partiya tizimida ishlab ketgan faxriylar ko‘magiga tayanamiz.

Har bir deputat, siyosiy partiya xodimi zamon bilan hamnafas bo‘lishi kerak. Namangan viloyat kengashi xodimlari hamda deputatlarining Telegram ijtimoiy tarmog‘ida o‘z guruhlari bor. Bu bizga axborot va tajriba almashishda qo‘l kelmoqda. Shuningdek, chekka hududlardagi vaziyat, yechimini kutayotgan masalalar, aholining kayfiyatidan doimiy xabardor bo‘lish imkonini bermoqda.

Plenumda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Hotamjon Ketmonov ishtirok etib, kun tartibidagi masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, plenumda qator tashkiliy masalalar ko‘rildi. Partiyaning yillik umumiy byudjeti haqida ma’lumot berildi. Muhokama etilgan barcha masalalar bo‘yicha kerakli qarorlar qabul qilindi.

 

Mahliyo ALIQULOVA,

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.



DB query error.
Please try later.