12.03.2019

G‘ALABA OVOZI YOKI O‘G‘LI DUNYONI ANGLASHI UCHUN HAYOTINI BAG‘ISHLAGAN ONA HIKOYASI

Qiynalib qolganini aytib, har xil idoralar eshigi oldida dod-voy qilib, ko‘z yosh to‘kishni, bo‘ldi-bo‘lmadiga yordam so‘rayverishni odatga aylantirayotgan kishilar ham yo‘q emas. Lekin turmush qiyinchiliklarini sabr va sabot bilan yengib o‘tayotgan yurtdoshlarimiz ko‘p. Yana shunday bolalar borki, ularning qanoati, irodasi odamlarni qoyil qoldiradi.

Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi «Xonobod» mahalla fuqarolar yig‘inida yaxshi insonlar, iste’dodli bolalar ko‘p ekan.

Marsel Shoyusupov 12 yoshda. U bolaligidan eshitmaydi. 102-sonli zaif eshituvchilar maxsus maktab-internatining 6-«b» sinfida o‘qiydi (uning onasi albatta «b» sinfida ekanini yozishim kerakligini ta’kidladi). Mana, 3 yildan oshibdiki, professional shaxmat bilan shug‘ullanadi.

— To‘g‘risi, hayotda baxtli tasodiflar bo‘ladi, deyishsa, zarracha ishonmasdim. Biroq ana shunday unutilmas voqea o‘g‘limning, bizning taqdirimizni o‘zgartirib yubordi, — deydi Marselning onasi Neylya Shoyusupova. — U 2016 yili Isroilda bo‘lib o‘tgan shaxmat bo‘yicha jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi. Tabiiyki, eshita olmaydigan sportchilar orasida qatnashdi. Bizni xursand qilgani eng yosh ishtirokchi sifatida e’tirof etildi, ko‘pchilik shaxmat ustalarining nazariga tushdi va maxsus kubok bilan taqdirlandi. O‘sha paytdagi ichki hayajon va xursandchiligimni so‘z bilan ifodalab ham, aslo unutib ham bo‘lmaydi. Umid qilamizki, 2020 yilda bo‘lib o‘tadigan chempionatda ishtirok etamiz va g‘oliblikni qo‘lga kiritamiz. Buning uchun tinimsiz shug‘ullanish, mehnat qilish talab etiladi. Ayni paytda farzandim birinchi toifadagi shaxmatchi sanaladi va barcha turnirlarda qatnashib keladi.

2018 yilda yana bir burilish ro‘y berdi. Yoz oylari juda qiyin, tinimsiz mehnatda o‘tdi. Ya’ni, respublika bo‘ylab gran-pri turniriga saralash musobaqasi tashkil etildi. Unda Marsel ishtirok etdi va g‘olib bo‘ldi. E’tibor qiling, bu natija o‘g‘limga sog‘lom bolalar o‘rtasida o‘ynash imkonini berdi. Bugungi kunda u yurtimizda sog‘lom bolalar o‘rtasidagi yagona eshitmaydigan shaxmatchi sanaladi. Turli musobaqa va turnirlarda ishtirok etadi. Aksariyat hollarda sog‘lom bolalar bilan bellashganda raqibi uning eshita olmasligini bilmaydi ham.

Farzandimni yolg‘iz o‘zim katta qilyapman. Uning akasi bor, 22 yoshda, talaba — ham o‘qib, ham ishlaydi. O‘zini-o‘zi ta’minlayapti. Ammo ba’zida juda qiynalib, dardimni aytishga odam topolmay qolaman. Umuman, nogironlik nafaqasiga yashaymiz. Ishlash uchun imkonim yo‘q. Sababi, Marsel kabi bolalarga alohida e’tibor, g‘amxo‘rlik va albatta, mehnat, nazorat zarur. Nafaqa pulini oziq-ovqatga, yo‘lkiraga, kommunal to‘lovlarga uchma-uch yetkazish, hamisha iqtisod qilishga, tejashga to‘g‘ri keladi.

O‘g‘lim bilan imo-ishora orqali gaplashamiz, ammo so‘zlarni ham o‘rgatyapman. Nogironligi bo‘lgan, ayniqsa, eshita olmaydigan bolaning dunyoqarashi u qadar keng bo‘lmaydi. O‘rganish, tushunish uchun imkoni yo‘q. Men esa bolamning boshqalardan ortda qolishini istamayman. Dunyoni tanitishga, uni anglatishga bor vaqtimni, umrimni bag‘ishlashga tayyorman.

Kompyuterda akasi bilan shaxmat o‘ynab ko‘rishidan keyin Marsel ushbu sport turiga qiziqib qolganini sezdim. Ammo men o‘g‘lim shaxmatchi bo‘lishi mumkinligini tasavvur ham qilmasdim. Ko‘p o‘yladim. Uni biror-bir mashg‘ulot bilan band qilish, boshqalardan kam bo‘lmasligi, boshqalardan ajralib qolmasligi haqida bosh qotirdim. Jismoniy imkoniyati cheklangan futbolchilar borligi haqida xabar topdim. Suzish sport turiga berish haqida o‘yladim. Ammo moddiy jihatdan bularga imkonim yo‘q edi. Shunda ham umid qilishdan, izlanishdan to‘xtamadim...

2015 yil kuzining dastlabki kunlari edi. O‘g‘lim bilan har kuni 131-avtobusda Olimpiya zaxiralari sport maktabi yonidan o‘tardik. Marsel avtobus oynalaridan tashqariga qarab, xayol surib ketardi. Bir kuni imo-ishoralar orqali «men ham ana shunday medal xohlayman», deb suratdagi chempionlarni ko‘rsatdi. «Albatta, o‘g‘lim, senda ham medallar bo‘ladi, bir emas, bir nechtasi bo‘ladi», dedimu ko‘z yoshlarimni ko‘rib qolmasligi uchun teskari qarab oldim. U esa: «Qanaqasiga? Axir men eshitmayman-ku!», dedi. Bu savollarga javob berolmadim... Onaning ohlarini Yaratgan albatta ijobat etar ekan. Oradan qanchadir vaqt o‘tib, yaqin bir tanishimning tavsiyasiga ko‘ra, shaxmat bo‘yicha murabbiyga bordik. Taqdirni qarangki, u ham o‘g‘lim kabi eshitmas ekan. Bir yil shug‘ullangach, xalqaro shahmat akademiyasiga umumiy tartibda sog‘lom bolalar bilan bir qatorda kirish imtihonlarini topshirdi va u yerda o‘qish baxtiga muyassar bo‘ldi. Marsel juda tirishqoq. Oldiga qo‘ygan maqsadiga erishish uchun astoydil intiladi. Buni o‘g‘lim bo‘lgani uchun aytmayapman. Undagi iroda, tirishqoqlik meni ham ruhlantiradi. Farzandimga o‘rgatib, farzandimdan o‘rganib yashab kelyapman.

Hayotimdan nolimayman, o‘g‘limning kelajagi, to‘la-to‘kis hayoti uchun qo‘limdan kelganini qilaman. Faqat, bilasizmi, sportda homiylar masalasi muhim ekan. Agar tirgak bo‘lmasa, xalqaro musobaqalarda ishtirok etishning imkoni yo‘q. Marselni Magnus Karlson kabi shaxmatchilar qatorida dunyo tanisa, deyman...

Qahramonimizning onasi bilan yana uzoq gaplashdik. Ko‘rinishi ham tabiatiga uyg‘un ayolning ko‘zlari yoshga to‘lsa-da, hayajonini yashira olmas, bir derazadan tashqariga, bir farzandiga qarab gapirardi. Uning o‘z qismatidan nolimasligi, yordamga muhtojligidan iymanishi so‘zlaridan sezilib turdi. Avvallari hech kimga qalbini ochmagani, dardini bo‘lishishdan istihola qilayotganini bildirdi. Suhbatimizni tomosha qilib o‘tirgan o‘g‘liga uning mazmunini tushuntirib borishga ham ulgurardi. Onasi yordamida Marselga savollar bilan murojaat qildik...

— Shaxmat o‘ynaganimda o‘zimni hamma bolalar qatori his qilaman, — dedi Marsel. — Agar raqibim yutqazib qo‘ysa, unga achinaman. Mag‘lubiyat esa yuragimni ezadi. O‘yinda ham, hayotda ham yutqazuvchilar bo‘lmasligini istardim. Lekin buning imkoni yo‘q, bilaman... Kimdir yordam so‘rasa, qo‘limdan kelgancha yordam beraman. Boshqalarning tashvishi meni ham tashvishga soladi. Ustozim bergan vazifalarni bajarishga doim qattiq harakat qilaman. Chunki bu mening burchim, deb bilaman.

Shaxmatdan tashqari, futbol va suzishga qiziqaman. Yozda futbol o‘ynab turaman. Murabbiyning yordamisiz suzishni ham o‘rganib olganman. Bularning hammasida onamning mehnati katta. Yana matematika, geografiya fanlari yoqadi. Turli musobaqlarga borganda xorij mamlakatlarini yaxshi bilishim uchun ularni o‘rganib boraman. Orzuim Angliyaga borish. Chunki u yerda karlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha xalqaro federatsiya prezidenti Filip Gardner yashaydi. Albatta, bir emas, bir necha marta Olimpiyada va jahon chempioni bo‘lishni istayman. Chiroyli, shinam, qulay uyim bo‘lsa... Muhimi, onam hamisha yonimda bo‘lsin, aslo yig‘lamasin...

Maqolamiz qahramoni bilan uzoq va maroqli suhbatdan so‘ng bizni kutib turgan boshqa bolalar bilan tanishdik. Xalq deputatlari Sergeli tuman Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi Mohira Abduvahobova bilan telefon orqali gaplashganimizda boshqacha kelishgan bo‘lishimizga qaramay, tinib-tinchimas deputat o‘z okrugidagi bir necha iqtidorli bolalarni chaqirgan ekan. Ulardan biri Nozima Valiyeva edi.

— Yoshim 9 da. 3-sinfda o‘qiyman, — dedi u. — Oilada kenja farzandman. Opam va akam bor. 4 yoshimdan berish shaxmat bilan shug‘ullanib kelaman. Xalqaro va respublika chempionatlarida qatnashganman, sovrinli o‘rinlarni olganman. Doim g‘oliblik sari intilaman. Bir xatoyim — yutqizib qo‘yganimda, tushkunlikka tushib qolaman, bunaqa paytlarda menga faqat onam yordam bera oladi.

O‘zini Zarina O‘tayeva, deb tanishtirgan qizcha ham oilaning kenjasi ekan. Faqat u sportga emas, san’atga, musiqaga oshufta ekan. Kichkina barmoqchalari bilan pianino klavishlarini birinchi bor chalib ko‘rganida atigi 6 yoshda bo‘lgan qizaloq hozirga qadar bir necha xorij mamlakatlarida bo‘lishga ham ulguribdi.

Sergeliga uyushtirilgan safarimiz tashkilotchisi deputat Mohira Abduvahobova o‘z faoliyati haqida gapirishni istamadi. «Yaxshisi, mahallamiz raisi bilan gaplashing. U kishi katta hayotiy tajribaga ega», dedi.

— Mahallamizda 6100 nafar aholi yashaydi, — dedi «Xonobod» MFY raisi Doston Sourov. — Ularning orasida mana shu bolalar kabi iqtidorlilari ko‘p. Bizning vazifamiz ularni hamisha qo‘llab-quvvatlash, qo‘limizdan kelgancha ko‘maklashishdan iborat, deb bilaman...

Mahalla raisi yana boshqa ko‘plab mavzularda gapirdi. Biroq ular boshqa maqolalarga asos bo‘lishi mumkin.

Maqolaga oxirgi nuqtani qanday qo‘yish haqida o‘ylanib qoldim. Har kuni onasi bilan maxsus maktabga qatnaydigan Marsel 131-avtobus derazasidan qarab, nimalar haqida xayol surishi, ovozsiz dunyoni qanday tushunishini bilish juda qiyin. Lekin uning ishlari, yutuqlari havasimizni uyg‘otdi. Bir murg‘ak qalbning erishganlari jasorat, hayotga bo‘lgan muhabbati chinakam g‘alabadir. Sergeli tumani quruvchilar dahasi 3-uy 64-xonadonda ana o‘sha g‘alabaning ovozini hamisha eshitish, his qilish mumkin.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.