05.03.2019

AYOLNI TUSHUNISH, E’ZOZLASH VA QADRLASH BAXTIYOR QILADI

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida «O‘zbekiston XDPning eng faol ayoli» an’anaviy tanlovining respublika bosqichini o‘tkazdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri hamda viloyatlar bosqichlari g‘oliblari ishtirok etdi.

Tanlovda «Xotin-qizlar muammolarini hal etishning eng samarali yo‘llari» bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik, huquqbuzarlik hamda erta nikohning oldini olish, bandlikni ta’minlashga qaratilgan amaliy ishlar namoyish etildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning muammolarini o‘rganish, kitobxonlikni targ‘ib etish kabi masalalarda qiziqarli takliflar bildirildi.

Respublika bosqichining o‘ziga xosligi shunda bo‘ldiki, unda g‘olib va mag‘lub tushunchasiga o‘rin qolmadi. Barcha ishtirokchilar yo‘nalishidan kelib chiqib, birinchi darajali diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

Gulshan ASATOVA, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:

— Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, jumladan, nogironligi bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarning muammolarini o‘rganib, ularni bartaraf etishga ko‘maklashish masalasiga alohida urg‘u berilgan. Bu esa bevosita partiyamiz elektorati muammolari hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, tanlov nizomiga o‘zgartirish kiritdik. Ko‘proq muammolarni hal etishga e’tibor qaratdik. Chunki oldingi yillarda loyihalar taqdim etilar, biroq ularning aksariyati amalga oshmay qolardi.

Bu yil tanlovda qatnashish istagi bildirilgan 16 mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Shahar va tuman bosqichlarida 8 mingdan ortiq opa-singillarimiz o‘z loyihalari, amaliy ishlari bilan qatnashdi. Bu nimani anglatadi? Demak, kamida 8 mingta muammo o‘rganilgan va ularning qariyb 80 foizi hal etilgan. O‘ylaymizki, boshlagan ishimiz o‘zining amaliy natijasini beradi.

 

Ulmeken QANLIBEKOVA, Qoraqalpog‘iston Respublika bosqichi g‘olibasi:

— Nukus shahridagi 2-sonli tibbiyot kollejida terapiya va hamshiralik ishi kafedrasi o‘qituvchisi, 3 nafar farzandning onasiman. Oilaviy korxonamiz bor. Turmush o‘rtog‘im va bolalarim bilan u yerda ishlaymiz. Qovun-tarvuz ekamiz, asalarichilik bilan shug‘ullanamiz. Yerdan yanada unumli foydalanish maqsadida qarovsiz yotgan ko‘lni korxonamiz nomiga olib, baliqchilikni ham yo‘lga qo‘ydik. Aholiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berishga harakat qilyapmiz.

Mahalladoshimiz, boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz ayol 1999 yildan buyon ijarada yashaydi. Prezidentimizning xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq farmoni mazmun-mohiyatini opaga tushuntirdik, tegishli idoralarga ariza yozdik. Xatimizga ijobiy javob keldi. Uyning boshlang‘ich badalini to‘lashda korxonamiz tomonidan amaliy yordam ko‘rsatildi. 2018 yilning may oyidan buyon ayol 2 xonali o‘z uyida yashab kelmoqda. Kimningdir og‘irini yengil qilishga foydam tegsa, quvonch, baxtni his qilaman. Yaxshi amallarimiz farzandlarimiz, oilamizga xotirjamlik, baraka olib kirishiga ishonaman.

 

Sohiba ASHUROVA, Sirdaryo viloyat bosqichi g‘olibasi:

— Partiyaga a’zo bo‘lishimga Yangiyer shaharchasidagi nogiron ayollar «Muruvvat» uyida ishlashim sabab bo‘lgan. U yerda 18 yoshdan yuqori bo‘lgan xotin-qizlar yashaydi, yurtimizning turli viloyatlaridan kelgan 160 nafar bemor bor. Yotoq sharoitida davolanadigan bemorlarda qon aylanishini yaxshilash, yotoq yaralarining oldini olish uchun maxsus usulda uqalash, yengil jismoniy mashqlar o‘tkaziladi. Fizioterapiya muolajalari yo‘lga qo‘yilgan. Tajribali shifokorlar, ruhshunoslar xizmat qiladi. Bir so‘z bilan aytganda, «Muruvvat» uyida tibbiy xizmat ko‘rsatish, yashash va davolanish uchun qulay sharoit yaratilgan. Bizdan talab qilingani, ularga shirin so‘z bo‘lish, mehr va e’tibor ko‘rsatishdan iborat.

Muassasamizdagilarning nogiron bo‘lib qolishiga oddiy narsalar ham sabab bo‘lgan. Masalan, kimdir noto‘g‘ri emlanashi natijasida oyoq-qo‘llari yaxshi shakllanmagan, yana kimdir ona qornidalik paytida yetarli e’tibor qilinmagani yoki yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh sababli fikrlash tizimi, miyasi rivojlanmay qolgan. Har bir bemorga ehtiyotkorlik bilan muomalada bo‘lamiz.

Sizga maqtanib qo‘yay. Muolaja va mashg‘ulotlar sabab bo‘lib Shahnoza ismli bir bemorning sog‘ligida katta o‘zgarish ro‘y berdi. Oilasi bag‘riga qaytdi. Turmushga chiqdi. Bir necha bor hamkasblarimiz bilan uni yo‘qlab bordik. Hozirda baxtli va hayotidan mamnun. Kichik mehnatimizning mana shunday katta samarasini ko‘rgach, biz ham xursandmiz, albatta.

 

Dilnoza QORABOYEVA, Toshkent shahar bosqichi g‘olibasi:

      Tanlovning tuman bosqichi o‘tkazilayotgan vaqtda onam xastalanib, yurolmay qoldi. Shifokorlar zudlik bilan tizzaga endoprotez qo‘yish kerakligini aytdi. Mazkur tibbiy mahsulot Italiya, Germaniya, Xitoy, yana bir-ikki mamlakatlardagina ishlab chiqarilar ekan. Shu boisdan jarrohlik amaliyotiga 35 million talab etilarkan. Afsuski, bizda bu mablag‘ yo‘q edi. Bankdan kredit olishga urindim. Xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun iste’mol krediti berilmasligini bildim. Endoprotez navbat asosida faqatgina birinchi, ikkinchi guruh nogironlariga imtiyozli ravishda qo‘yilar ekan.

Bu haqda ma’lumot to‘play boshladim. O‘zbekistonda o‘tgan yili xuddi shunday kasallikka chalingan 3,5 mingdan ortiq xotin-qiz ro‘yxatga olingan. Shundan 1929 nafari endoprotezlarni qo‘ydirolgan, xolos. Rosti, bu holat boshimdan o‘tmaguncha, muammoni tushunmasdim. Onamga yordam berishim shart edi. Mutasaddi tashkilotlarga, Prezidentimizning virtual qabulxonasiga murojaat qildim. Menga istisno tariqasida 3 yilga 20 foizli kredit berishdi. Onam ham uch oyga qolmay oyoqqa turib, ishga tushib ketdi.

Tanlovga tayyorlagan taqdimotimda ushbu masalani ko‘tardim. Mazkur tibbiy moslamani o‘zimizda ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilsa, bemorlarga yurish baxti nasib etar, iqtisodiyotimizga ham foyda bo‘lardi. Deputatlar bu masalaga alohida e’tibor qaratadi, degan umiddaman.

 

Mo‘tabarxon SULTONOVA, Xorazm viloyat bosqichi g‘olibasi:

— Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga borish, deputatlar bilan bir safda o‘tirish, ularning ish jarayoni bilan yaqindan tanishish xayolimga ham kelmagandi. Juda ham taassurotlarga boy sayohat bo‘ldi, deb ayta olaman. Parlament haqida hujjatlarda o‘qigan va televizorda ko‘rgan ma’lumotlar bilan cheklangandim. U yerni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish orqali xalqimiz, jamiyatimiz taqdiriga aloqador qonunlarni qabul qilishdagi mas’uliyat yukini his qilgandek bo‘ldim.

Tanlovda raqib bo‘lgan opa-singillarimiz bilan qisqa fursatda qadrdonlarga aylandik. Hududlarda olib borilayotgan ishlar, islohotlar, ulkan o‘zgarishlar haqida suhbatlashdik, tajriba almashdik. Har birimizning do‘st va yaqinlarimiz safi 13 nafarga kengaydi.

To‘g‘risi, tanlovda qatnashganimdan so‘ng orzu-maqsadlarim o‘zgarib ketdi. Telegramm ijtimoiy tarmog‘ida xotin-qizlar uchun kanal tashkil etdim. U yerda 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan aholi murojaati joylashtiriladi. Turli mutaxassislar, tajriba maktabiga ega nuroniylarning maslahatlari, yo‘l-yo‘rig‘i asosida masalaga yechim topiladi. Bizga hamkor tashkilotlar yaqin ko‘makchi bo‘lyapti.

 

Xolida XOLNAZAROVA, Surxondaryo viloyat bosqichi g‘olibasi:

— Maktabgacha ta’lim muassasasi mudirasiman. Bilasizmi, bugungi kun bolalari juda zukko. Ularni kun bo‘yi bir xonaga qamab, faqat o‘yinchoqlar bilan aldab bo‘lmaydi. Bola go‘daklikdan bilim olishni istaydi, yangilikka o‘ch bo‘ladi. Agar har bir bolalar bog‘chasida shunday muhit tashkil etilsa, farzandlarimiz erta uyg‘onadi va o‘zlari muassasaga kelishni istaydi. Aks holda, injiqlik qiladi. Buni yaxshi tushunganim uchun tong sahardan ishga oshiqaman. Bolajonlarni o‘zim kutib olaman. 150 tarbiyalanuvchining har birini ismi bilan taniyman.

Bizning muassasa zamonaviy loyiha asosida qurilgan. Tarbiyachilari katta tajribaga ega, mahoratli. Shu boisdanmi, bog‘chada o‘rin bo‘shashini yuzdan ortiq bola kutib turibdi. Ular uchun uy bog‘chalarini tashkil etishni rejalashtirganman.

Tan olish kerak, avvallari bolani biror joyi tilinmay, eson-omon ota-onasining qo‘liga topshirsak, bo‘ldi, qabilida ish tutadigan tarbiyachilar ham bo‘lgan va bunga oddiy qaralgan. Endilikda har bir bolaning intellektual darajasi, ta’lim-tarbiyasi birinchi o‘ringa chiqdi.

 

Shahnoza HAKIMOVA, Andijon viloyat bosqichi g‘olibasi:

— Tanlovning ijobiy jihati shundaki, unda ishtirok etish istagini bildirgan xotin-qizlar joylarda turli muammolarni o‘rganish va ularga yechim topishga harakat qildi. O‘zim Bo‘z tumanida FHDYo bo‘limi bilan birga ajrimlar sonini tahlil qildim. Birgina yanvar-fevral oyida 22 ta oilaviy ajrim bo‘yicha sud qarori chiqqanini ko‘rdik. Ushbu ko‘ngilsiz holatlarning sababini o‘rganishga harakat qildim. Ajrimlar asosan yosh oilalarda sodir bo‘lyapti. Demak, yoshlar hayotga tayyor bo‘lmasdan turmush quryapti. Ayniqsa, qizlar biologik, fiziologik o‘zgarishlarga tayyormasligi, huquqiy bilimi kamligi, ijtimoiy muomala layoqati yetishmasligi, yigitlar esa iqtisodiy jihatdan oilani ta’minlay olmasligi, ma’naviy-axloqiy qoidalarga amal qilmasligi, ota-onasiga qaram bo‘lib qolayotgani ma’lum bo‘ldi.

Ushbu holatlarning oldini olish uchun mutaxassislar bilan ma’naviy-psixologik o‘quv-qo‘llanmalar yaratilishiga kelishib oldik. Maktablarda huquq va ma’naviyat darslarini ko‘paytirish, mashg‘ulotlarga hayotiy, kasbiy tajribaga ega mutaxassislarni jalb qilish kerak.

 

Saida IBRAGIMOVA, Toshkent viloyat bosqichi g‘olibasi:

— Tanlovning birinchi va ikkinchi bosqichlarida hududlarda yuzlab xotin-qizlar o‘zlarining loyihalari bilan ishtirok etishdi. Men «Xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish» to‘g‘risida»gi loyihamni taklif etdim. Ro‘zg‘ori but, xonadoni obod, farzandlarining ertasidan ko‘ngli to‘q ayol jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotida faol qatnashishga, o‘z salohiyatini, iqtidorini namoyon qilishga intiladi.

Har bir oiladagi fayzu baraka, totuvlik, ma’naviy-axloqiy muhit va tabiiyki, o‘sha oilada kamolga yetayotgan o‘g‘il-qizlarning tarbiyasi ko‘p jihatdan ayolga bog‘liq. Jamiyatning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati, hurmati xalqning, millatning madaniy darajasi hamda ma’naviy kamolotini belgilaydi, degan hikmatli gap yuradi. Men ham yurtimizdagi har bir erkak ayolni tushunishga harakat qilishi, hurmat bilan muomalada bo‘lishini juda istardim.

 

Nigora RAMAZONOVA, Buxoro viloyat bosqichi g‘olibasi:

— Qaynotam deputat bo‘lgan. U kishi meni tadbirlardagi faol ishtirokimni ko‘rib, «shu qizni kelin qilaman», deb turib olgan ekan. O‘shanda jamiyatning faol ayollari qatorida turaman, deb o‘zimga so‘z berganman. Mana, bugun niyatimga yetdim.

Turmush o‘rtog‘im gohida jamoatchilik ishlaridan charchaganimni ko‘rib, «senga shu kerakmi, tinch o‘tir, bu ishlaring cho‘ntagingni to‘ldirarmidi», degan vaqtlari ham bo‘ladi. Shunda men ularga kulib, «ko‘nglimni to‘ldirgani ham yetadi», deyman.

Poytaxtga ko‘rik-tanlovga kelayotganimni eshitgan mahalladosh opa-singillarim xonadonimizga keldi. «Katta tanlovga borayotgan ekansiz, qishlog‘imiz ayollarining dardini mas’ullarga yetkazing, zora, muammoyimiz tezroq hal bo‘lsa...», dedi. Qishlog‘imizda olti mingdan ortiq aholi yashaydi. Olti yoshga to‘lgan bolalarning o‘zi 120 nafardan oshadi. Bog‘cha esa biz yashaydigan hududdan 17 kilometr uzoqlikda joylashgan. Ko‘p tashkilot va idoralarga murojaat qildik. Ammo murojatimiz yechimini topay demayapti. Vaqt esa o‘tib boryapti...

 

Zumradxon PAYG‘AMBAROVA, Farg‘ona viloyat bosqichi g‘olibasi:

— Ayol qachon baxtli bo‘ladi? Bu savolni o‘zimga ko‘p berganman. Ayolga har kuni gul, dur-u javohirlar hadya etish shart emas. Bir bora holing ne, deb so‘rash kifoya qiladi ba’zan. Bilasizmi, eng katta orzuim ham butun dunyo ayollarini shod-xurram ko‘rish. Fursatdan foydalanib, opa-singillarimizni yaqinlashib kelayotgan Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan tabriklayman.

Poytaxtga kelib, o‘zgarishlardan, yangi qurilayotgan binolarning haybatidan hayratga tushdim. Ko‘chalar, xiyobonlarning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shilibdi. Bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar Farg‘ona viloyatida ham bo‘lyapti. «Obod qishloq» dasturi asosida chekka-chekka hududdagi aholi yashash maskanlari ham zamonaviy ko‘rinish kasb etmoqda. Qisqa qilib aytganda, yurtimiz kundan-kunga chiroy ochib boryapti. Shunga qarab odamlarning ko‘ngli ham yorishyapti.

 

Mehriniso ALENOVA, Navoiy viloyat bosqichi g‘olibasi:

— «Navro‘z» mahallasida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy qadriyatlarni mustahkamlash masalalari bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlayman. Avvaliga ayrim oilalarning janjalkashligini hazm qilishim, buning sabablarini tushunishim juda qiyin bo‘ldi. Bunday oila farzandlarining ko‘ziga qarashning o‘zi og‘ir. Ular ota-onasi tortishayotgan vaqtda quloqlarini berkitib, tushkin ruhiy holatda kuzatishganini ko‘rdim. Xonadon sohiblarini murosaga keltirish og‘ir vazifa, ammo sabrli bo‘lishga harakat qilamiz.

Viloyatimizning uzoq cho‘l hududlarida yashayotgan aholi chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Bunday insonlar bir yerda muqim yashamaydi. Oilasi bilan o‘t-o‘lan mo‘l yerda o‘tov tikib, kun ko‘radi. U yergacha elektr simlarini tortib borishning esa imkoni yo‘q. Erkaklar oyda bir marta oziq-ovqat uchun ovulga kelib-ketadi. Bolalar ovuldagi qarindoshlarinikida turib, o‘qiydi. Xotin-qizlar hayotdagi yangiliklardan doim ham xabar topmaydi. O‘ylaymanki, mazkur muammoni ko‘chma kutubxonalar, turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish orqali hal etsa, bo‘ladi.

 

Maftuna ZOKIROVA, Samarqand viloyat bosqichi g‘olibasi:

— Tanlovda ishtirok etish barobarida, siyosiy bilimim oshdi, bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq anglab yetdim. Tanlovda «Oilaviy ajrimlarning oldini olish» to‘g‘risidagi loyiham bilan qatnashdim. Ishtixon tuman partiya kengashi, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi, mahalla muvofiqlashtirish kengashi bilan ijtimoiy sheriklik asosida xonadonlarga kirib, muammolarni o‘rgandik. Tumanimizda yosh va nizoli 57 oilani saqlab qolishga erishilgan bo‘lsa, 12 tasi XDPning faol ayollari tomonidan yarashtirildi. Bundan tashqari, tumandagi kollejlar va 11-sinf bitiruvchilari bilan birgalikda «Erta turmush qurishning salbiy oqibatlari» mavzusida davra suhbatlari o‘tkazilib, yoshlarning oilaga munosabati, baxtli nikoh uchun zarur asoslar haqida fikrlarini o‘rgandik. Ularga yoshi ulug‘ insonlar, tajribali mutaxassislar tomonidan maslahatlar berildi.

 

Manzura ABDULLAYEVA, Namangan viloyat bosqichi g‘olibasi:

— 2015 yildan buyon Xalq demokratik partiyasi a’zosiman. Maqsadim Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘lish. Shuning uchun uch yil davomida «Yosh siyosatchi» ko‘rik-tanlovida qatnashdim. Bugun esa «O‘zbekiston XDPning eng faol ayoli» tanlovining respublika bosqichida ishtirok etish nasib qildi. Bundan juda xursandman.

Ayni paytda Namangan davlat universitetining 4-bosqich talabasiman. Birinchi bosqichdan buyon «Shifokor va hayot» gazetasida jamoatchi muxbirman. Tahririyatimizga tibbiyotga oid ko‘plab murojaatlar bo‘ladi. Malakali tibbiy xizmatdan imtiyozli foydalanish, bepul dori-darmon bilan ta’minlash, ko‘rsatilgan xizmat uchun pul talab qilinganda bemorning huquqlari qanday va yana boshqa masalalarda savollar berishadi. Ishlash jarayonida sohaga qiziqishim ortdi. Ana shular natijasida «Bemorga bildirgilar» nomli kitobcha tayyorladim.

 

Mahliyo G‘ULOMOVA, Qashqadaryo viloyat bosqichi g‘olibasi:

— Taassurotlarim ko‘p. Avvallari faqat televizor orqali ko‘rganim Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bordik. Deputatlarning ish faoliyati bilan bevosita tanishdik. Ularga havas qilardim. Lekin yaqindan tanishgach, ularning zimmasidagi vazifa yukini his qildim. O‘ylaymanki, kelgusida bizga ham ana shunday mas’uliyatli vazifada ishlash nasib etadi. Ana shuning debochasi sifatida bu yilgi saylovda deputatlikka nomzodimni ilgari surmoqchiman.

Tanlovda ishtirok etgan ayollar o‘z hududidagi aholi muammosini o‘rganib, ko‘mak berishga harakat qildi. Har bir ishtirokchi birgina insonga yordam bera olgan bo‘lsa ham, bu katta ko‘rsatkich, deb o‘ylayman. Kelgusida ular mana shu yo‘nalishdagi ishlarini to‘xtatib qo‘ymasligini chin dildan istardim.

 

Aziza HASANOVA, Jizzax viloyat bosqichi g‘olibasi:

— To‘g‘risi, biz ozroq sodda, ishonuvchan bo‘lgan ekanmiz. Hozir yigit-qizlar anchayin ilg‘or, shiddatli va intiluvchan. Bilim olish, ta’lim-tarbiya jarayonida ham o‘sish bor. O‘z farzandlarim misolida olsam, ularda tushunib yetish, anglash, taqqoslash, baho berish, munosabat bildirish fazilatlari yuqori. Bu masalaning ijobiy jihati. Ammo ko‘z yumib bo‘lmaydigan ayrim ko‘ngilsizliklar ham yo‘q emas. Ya’ni, ba’zi yigit-qizlar osonlik bilan erishiladigan mablag‘ ketidan quvishi, xorijga noqonuniy yo‘llar bilan ketishga urinishi, oqibatda aldanib qolishi achinarli holdir.

Farzandlarimizni yomon yo‘ldan qaytarish eng oliy burchimiz, deb bilaman. Ko‘ngilsizliklarning oldini olish uchun oila bilan maktab doimo birgalikda, hamkorlikda ishlashi lozim. Chunki bola 6-7 soat ta’lim muassasasida, qolgan vaqt uyida bo‘ladi. Demak, asosiy mas’uliyat ota-onada. Agar ular maktab bilan mustahkam aloqada bo‘lsa, bolani nazorat qilish imkoni ortadi. Nazorat va mehr ta’lim-tarbiyaning ajralmas qismi sanaladi.

 

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

Mahliyo ALIQULOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.



DB query error.
Please try later.