22.01.2019

SURXONDARYOLIKLAR QANDAY MUAMMOLARGA YECHIM KUTYAPTI?..

Qumqo‘rg‘on tumanidagi ayrim qishloqlarda 40-50 kilometrdan suv tashib ichiladi

Respublika ishchi guruhi Surxondaryo viloyatining Termiz shahri va tumanlarida ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’ektlaridagi holatni o‘rgandi.

Ishchi guruh a’zolari orasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi Tursunpo‘lat Norboyev ham bo‘ldi. Deputatning aytishicha, surxonliklarni asosan gaz masalasi qiynab kelmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, aholining atigi 19,8 foizi uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlangan, xolos. Tarmoqdagi muammolarning asosiy qismini iste’molchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hukumat qarori ijrosidagi adolatsizliklar keltirib chiqarmoqda. Va bu fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lyapti. Qarorga ko‘ra, butun respublika bo‘ylab samarali tizim joriy etish ko‘zda tutilgan. Biroq amalda kutilgan natijaga erishilmadi.

Xususan, viloyatda suyultirilgan gazga ehtiyoj 102,5 ming tonnani tashkil qilib, respublikadan faqat 54,1 ming tonna ajratilmoqda. Belgilangan talabga ko‘ra, bir xonadonga 20 kg. dan suyultirilgan gaz yetkazilishi ko‘rsatilgan. Hozirgi kunda amalda 13,1 kg. dan berilmoqda. Ko‘plab aholi xonadonlari suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmagan va 38779 ta gaz balon yetishmaydi. Insonning kundalik ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan vosita va manbalarning yo‘qligi uning kayfiyatiga, ishiga va hatto sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Respublika ishchi guruhi a’zolari uyma-uy yurish jarayonida aniqlangan muammolar tuman sektor rahbarlariga bir oy muddatda bartaraf etish sharti bilan topshirilgan ekan. Shunga qaramasdan, qayta o‘rganishda hanuzgacha mahalliy davlat idoralari o‘z vakolati doirasidagi ishlarga loqaydlik bilan qaramoqda. Muammolarning 67 foizi bartaraf qilinmay qolmoqda. Masalan, Qiziriq tumanida aniqlangan 15470 ta muammodan 42 foizi hal etilgan. Bu eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib, Oltinsoydagi 5835 muammoning 12 foizigina yechim topgan. Qolgan hududlarda ham ahvol yaxshi emas.

Bundan tashqari, ichimlik suvi, yo‘l qurilish, elektr ta’minoti, bandlik, sog‘liqni saqlash, yer-kadastr, bank krediti, uy-joyga muhtojlar va moddiy yordam bilan bog‘liq muammolar yetarli. Odamlarning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, kommunal xizmat sifatini yaxshilash, obi-hayot manbai bilan ta’minlashni kechiktirib bo‘lmaydi.

Viloyatda jami 1212 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, ularning 652 tasida kanalizatsiya tarmog‘i, 1065 tasida isitish tizimi yo‘q. 126 ta uyning tom qismi ta’mirtalab ekanini aytdi Tursunpo‘lat Norboyev.

Toza ichimlik suvi ta’minoti esa viloyat ahlining 49,9 foizini qamrab olgan. 6787 km. tarmoqning 2408 km. qismini ta’mirlash va 3273 km. yangi suv quvurlari tortish zarur. Viloyatning ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan eng uzoq hududlaridan Qumqo‘rg‘on tumani «Ovzukent», «Saxovat», «Tayfan», «Tibet» mahallalari aholisi 45-50 km uzoqlikdan suv tashib ichadi. O‘rganish davomida 8020 ta ichimlik suvi bilan bog‘liq murojaat bo‘lib, hududlar bo‘yicha ba’zi dolzarb muammolar mavjud.

Jumladan, Qiziriq tumanida 162774 nafar aholining 52472 nafari (32,2%) markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Tuman ahlini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun 260 km. masofaga quvur tortish zarur. Uzun tumanida 129 ta suv qudug‘ining 41 tasi nasos yo‘qligi sabab ishlamaydi.

Yoki Muzrabod tumanini olaylik. U yerda yashovchi aholining 24,7 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 15 ta mahallada ichimlik suvi yo‘q va ular suvni maxsus texnikalar bilan tashib keladi.

Sherobodliklar uchun 6 ta suv inshootini yangilash, 2000 metr kub hajmdagi suv saqlash havzasi qurish, 59 km. quvurni ta’mirlash lozim. Boysun tumani Xo‘jamayxona suv yo‘nalishidan 71 km. hamda Sherobod tumanining «Poshhurt» mahallasidan tuman markaziga 49 km. quvur tortish masalasini hal etish kerak.

Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, yashash manbai sanalgan toza ichimlik suviga ehtiyoj katta. Deputatning fikricha, vazifalar o‘z vaqtida va talab darajasida bajarilganda hozir muammolar bu qadar yiriklashib ketmagan bo‘lardi. Beparvolik, suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish, soha vakillarining loqaydligi oqibatida odamlar suvsizlikdan aziyat chekmoqda.

Aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish masalasi ham dolzarbligicha qolmoqda. Shahar va tumanlarda 8756 ta elektr simyog‘och ustunlari qo‘lbolaligi uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan. 468 ta transformator ta’mirtalab ahvolda.

Muzrabod tumanida 240 ta simyog‘och mutlaqo yaroqsiz. 4 mahallaga yangi transformator o‘rnatish zarur.

Oltinsoy tumanida ham 230 ta simyog‘och yaroqsiz ahvolda va yangi transformatorlar o‘rnatish ehtiyoji mavjud. Boshqa tumanlarda ham mazkur masalada murojaatlar ko‘p. Asosiysi, ularning qanchaligida emas, muammoga qanday yechim topishda ekanini ta’kidladi deputat. Chunki o‘rganilgan kamchilik bartaraf etilmasa, ularni qog‘ozga tushirib, hisobot to‘ldirgandan odamlarga foyda yo‘q, muammo muammoligicha qolaveradi. Vaqt o‘tgan sayin hududlardagi vaziyat murakkablashib boraveradi. Surxondaryoda yechimini kutayotgan, odamlarni yillar davomida qiynab kelayotgan masalalardan yana biri sog‘liqni saqlash sohasiga taalluqlidir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida 198 ta tibbiyot muassasasi (14 ta markaziy poliklinika, 33 ta markaziy kasalxonalar, 94 ta QOP, 34 ta QVP, 14 ta tez yordam bo‘limi va 112 ta tez yordam shoxobchasi) faoliyat yuritadi. Ularning aksariyati ta’mirga muhtoj, isitish tizimi yaxshi ishlamaydi, muqobil elektr ta’minoti jihozlari (dvijok, generator) bilan ta’minlanmagan.

Jumladan, 8 ta markaziy kasalxona, 6 ta markaziy poliklinika, 79 ta QOP va 26 ta QVP binolari eskirib ketgan. 23 ta tibbiyot muassasasida isitish tizimi nosoz, kuz-qish mavsumiga tayyor emas.

Ishchi guruhi a’zolari o‘rganganda aholidan olis cho‘l hududlarida tibbiy xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha 3676 murojaat tushgan. Xususan, Qiziriq tumanida tuman tibbiyot birlashmasining tez yordam binosi, 42 va 44-sonli QOP va «Qoragosmok» QVP binolari ta’mirga muhtoj. Uzun tumanidagi X.Qahramon QVP va 73-sonli QOP binolari nurab yotibdi. Ular 1953 va 1963 yillarda xom g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, yaroqsiz holga kelib qolgan, foydalanish talablariga mutlaqo javob bermaydi.

Parlament a’zosining ta’kidlashicha, ta’lim, madaniyat, bandlik, uy-joy bilan ta’minlash va yana boshqa qator masalalarda kamchiliklar oz emas. O‘rganilgan aniq raqamlar mavjud. Biroq muammoning har biriga to‘xtalib, sanab, raqamlar keltirish bilan ularga yechim topib bo‘lmaydi. Kamchiliklarni bartaraf etish uchun barcha birdamlikda harakat qilishi, har bir mutasaddi rahbar o‘z ishiga mas’uliyat bilan, vijdonan yondashishi ham farz, ham qarzdir. Zero, sabrning chek-chegarasi bor.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA

tayyorladi.



DB query error.
Please try later.