15.01.2019

O‘ZBEKISTON XDP O‘ZGARISHGA TAYYORMI?..

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ilgari surilgan tashabbuslar yana bir bor o‘rganildi, partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari oldidagi vazifalar muhokama etildi.

— Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan Murojaatnomada xalqimizga munosib hayot barpo etish yo‘lida ezgu tashabbuslar belgilangan, — dedi O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Hotamjon KETMONOV. — Shundan kelib chiqqan holda, partiyamiz hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz, joylardagi partiya guruhlari uchun aniq chora-tadbirlar dasturi va barcha yo‘nalishlar bo‘yicha «Yo‘l xarita»lari ishlab chiqildi.

Murojaatnoma yurtdoshlarimiz tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ekspert va mutaxassislar tomonidan yuqori baholanmoqda.

Murojaatnomada Prezidentimiz 2018 yilda amalga oshirilgan islohotlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida to‘xtalar ekan, aholining real daromadlari 12 foizga oshgani, soliqlarning prognozdan oshib bajarilgan qismi hisobidan hududlarda 5,5 trillion so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldirilgani, «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari doirasida 416 ta qishloq yangicha qiyofaga kirgani «Har bir oila — tadbirkor», «Yoshlar — kelajagimiz» dasturlarini izchil tatbiq etishga kirishilgani alohida ta’kidlandi.

Bugun mamlakatimizda faol investitsiya siyosati yuritilmoqda. Investitsiya — bu iqtisodiyot drayveri, o‘zbekcha aytganda, iqtisodiyotning yuragi, deya ta’riflandi. Ammo bu ijtimoiy sohaning ikkinchi darajaga tushishini anglatmaydi. Aksincha, iqtisodiy islohotlarning ijtimoiy samaradorligi ta’minlanmoqda.

Bugungi kunda jamiyat hayotining barcha jabhalarida kuchli ijtimoiy siyosat, degan tamoyilga amal qilinmoqda. E’tibor bering, Murojaatnomada mamlakatimizda iqtisodiy yuksalishni ta’minlash orqali ijtimoiy sohani taraqqiy ettirish ustuvor vazifa bo‘lib qolishi alohida qayd etildi. Bunda, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va mehnatga haq to‘lash tizimini yanada takomillashtirish, pirovardida turmush farovonligini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Yig‘ilishimizdan ko‘zlangan maqsad erishgan natijalarimizni e’tirof etgan holda, «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili»da oldimizda turgan muhim vazifalarni belgilab olishdan iborat.

Ma’lumki, Murojaatnomada ishsizlarni kasbga o‘qitish, ularga huquqiy maslahatlar berish hamda boshqa ijtimoiy yordam usullaridan keng foydalanish, mehnatga munosib haq to‘lash tizimini shakllantirish vazifalari belgilandi. Bundan tashqari, aholi real daromadlarini oshirish zarurligi, eng kam oylik ish haqi miqdorini belgilash tartibini qayta ko‘rib chiqish, soliq va boshqa to‘lovlarning eng kam ish haqi miqdori bilan bog‘liq bo‘lishiga barham berish, Bandlikka ko‘maklashishning yangi Davlat dasturi ishlab chiqilishi, shu bilan birga pensiya va nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqish, pensiya tizimini tubdan isloh qilish zarurligiga e’tibor qaratildi. Bu boradagi vazifalar partiyamiz dasturiy g‘oyalariga to‘la mosligi zimmamizga katta mas’uliyat yuklamoqda.

Ehtiyojmand ayollarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan dastur ishlab chiqish, turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan 1 ming 600 nafar xotin-qizlarni imtiyozli kreditlar asosida arzon uy-joylar bilan ta’minlash kabi vazifalar belgilab berildi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Qurilayotgan uy-joylar haqiqiy muhtojlarga beriladimi? Mazkur masalada adolat mezonlari buzilmaydimi?.. Biz bu kabi savollarga javob topishimiz, buning uchun deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz kerak bo‘ladi. Bu siyosiy partiya vakillari hamda parlament a’zolaridan o‘z ishini tanqidiy ko‘rib chiqishni talab qiladi.

Xo‘sh, muhim vazifalar ijrosiga, yurtimizdagi tarixiy demokratik o‘zgarishlarga tayyormizmi?..

To‘g‘risini aytish kerak, bundan buyon o‘z faoliyatimizda tub burilish qilmasak, har birimiz aniq ish rejamizni ishlab chiqmasak, ko‘zlangan maqsadga erishishimiz qiyin. Ertaga islohotlar jarayonida faol qatnasha olmaymiz. Agar shiddat bilan o‘zgarayotgan hayotga hamnafas faoliyat olib bormasak, ortda qolishimiz hech gap emas, dedi H.Ketmonov.

Buning uchun partiyamiz, parlamentdagi fraksiyamiz va joylardagi partiya guruhlarimiz oldiga quyidagi yo‘nalishlarda vazifalar qo‘yilmoqda.

BIRINCHIDAN, fraksiyamiz mas’ulligidagi qo‘mitalar bilan birgalikda ijtimoiy sohadagi barcha qonunlar inventarizatsiyadan o‘tkaziladi. Ishlamaydigan, bir-biriga ma’no jihatidan yaqin qonunlar aniqlanib, ularning o‘rniga zamon talablariga javob beradigan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan qonunlar tayyorlanishi bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

IKKINCHIDAN, fraksiyaning asosiy e’tiborini qonun tashabbuskorligiga qaratamiz.

UCHINCHIDAN, «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi, «Obod qishloq», «Obod mahalla» va «Har bir oila — tadbirkor» dasturlari ijrosi uchun ajratilayotgan mablag‘larning ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va fuqarolarga adolatli taqsimlanishi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytiramiz.

TO‘RTINCHIDAN, 2019 yilda ham deputatlarimiz o‘z saylov okruglariga chiqib, muammolarni tizimli ravishda o‘rganadi. Shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini arzon uy-joylar bilan ta’minlash bo‘yicha Davlat dasturi ijrosi nazoratga olinadi. Bu borada joriy yilga rejalashtirilgan 1600 nafar xotin-qizni imtiyozli kreditlar asosida arzon uy-joylar bilan ta’minlash jarayoni e’tiborimizda bo‘ladi.

BESHINCHIDAN, hukumat tomonidan ishlab chiqiladigan 2019 yilga Bandlikka ko‘maklashish Davlat dasturi uchun, aniq takliflarni ishlab chiqish, yangi Davlat dasturi ijrosini joylarda nazorat-tahlil tartibida o‘rganish, natijalarni mahalliy Kengash deputatlari tashabbusi bilan har oyda sessiyalarga olib chiqish, fraksiya tomonidan tegishli vazirliklar axborotlarini har chorakda eshitib borish amaliyoti joriy etiladi.

OLTINCHIDAN, Vazirlar Mahkamasi tomonidan pensiya va nafaqalarni tayinlash va to‘lash tartibini qayta ko‘rib chiqish jarayonida faol ishtirok etamiz.

YETTINCHIDAN, joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, hozirdan nomzodlarni saralab borish, ularning siyosiy yetukligini ta’minlash, avvaldan ularni xalq orasida tanitib borish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi. BPTlar bilan mustahkam aloqani yo‘lga qo‘yish ishlarini izchil davom ettirish lozim.

SAKKIZINCHIDAN, deputatlik birlashmalarining ishini muvofiqlashtirish va Jamoatchilik qabulxonalari bilan ishlash yo‘nalishida «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan deputatlik nazoratini olib borish talab etiladi.

TO‘QQIZINCHIDAN, Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyatini siyosatshunos olimlar, iqtisodchi va jurnalistlar, xalqimiz orasida obro‘-e’tiborli insonlarni jalb qilgan holda targ‘ibot ishlari olib boriladi.

O‘NINCHIDAN, Murojaatnomadan kelib chiqib, amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarni keng yoritib borish yo‘lga qo‘yiladi. Partiyaning ijobiy qiyofasini oshirishga qaratilgan loyihalar ommaviy axborot vositalarida kengroq yoritiladi. Ayniqsa, bu jarayonda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarur.

O‘N BIRINCHIDAN, «Yoshlar — kelajagimiz» davlat dasturi ahamiyatini tushuntirish ishlarini yanada faollashtirish, «Yosh siyosatchilar» klubi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, xotin-qizlarga har tomonlama ko‘mak berish talab etiladi.

Umid qilamizki, bizga bildirilgan ishonchni oqlash uchun sizu bizda salohiyat, tajriba yetarli. Murojaatnomadagi tanqidiy fikrdan tegishli xulosa chiqarib, ilgari surilgan tashabbuslarni tezda amalga oshirish uchun astoydil va sidqidildan mehnat qilsak, odamlarning og‘irini yengil qilishga hissamizni qo‘shsak, albatta ko‘zlangan maqsadga erishamiz, deya o‘z so‘zini yakunladi H.Ketmonov.

Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan partiya tashkilotlari rahbarlari va deputatlar so‘zga chiqishdi.

 

Xalilla YESHIMBETOV, O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati:

— Orol dengizining qurishidan jabr ko‘rayotgan xalqning ko‘z o‘ngida misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar bo‘lyapti. Uzoq muddatli tanaffusdan keyin Mo‘ynoqqa samolyot qo‘ndi. Qamishdan DSP ishlab chiqarish zavodi va boshqa o‘nlab infratuzilma ob’ektlari qurilishi rejalashtirilgan.

Orol dengizi tubidagi suvi qurigan maydonlarda shamol tufayli yuzaga keladigan kuchli qum, tuz va chang bo‘ronlari ta’sirini kamaytirish, qum ko‘chishini bartaraf qilish, mintaqada ekologik holatni yaxshilash maqsadida «Yashil qoplamalar» — himoya o‘rmonzorlarini barpo etish boshlandi. Ayni paytda ushbu muhim tadbirni sifatli bajarish, saksovul nihollarini qadash uchun 200 ga yaqin texnika, shuningdek, 2000 nafarga yaqin o‘rmon hamda qishloq xo‘jaligi xodimlari jalb etilgan. Ular 2 ta yo‘nalish bo‘yicha ya’ni, Orolning Qorao‘zak tumanidagi «Aqpetkey» hamda Mo‘ynoq tumanidagi «Surgil-Axantay» hududlarida ekish ishlarini bajarishmoqda.

47 km uzunlikdagi ichki yo‘lni ta’mirlash, «Daryooraliq» suv ombori dambalarini mustahkamlashga kirishildi. Mintaqada ekologik holatni yaxshilash maqsadida 2019-2021 yillarda jami 500 ming gektar, shundan 2019 yilda 100 ming, 2020 yilda 160 ming, 2021 yilda 240 ming gektar himoya o‘rmonzorlarini barpo etish belgilangan. Mo‘ynoq tumanida yaqin ikki yilda 504,2 mlrd. so‘mlik 73 ta loyiha doirasida 1251 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. 1 trillion so‘mlik investitsiya yo‘l transport kommunikatsiyasi, ijtimoiy infratuzilma va tadbirkorlik harakatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Natijada 2021 yilda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobar, xalq iste’moli tovarlarini tayyorlash 1,3 barobar, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish 1,2 barobar, xizmat ko‘rsatish 1,3 barobar oshirilishi mo‘ljallanyapti. Bu ishlardan avvalo partiyamiz elektorati manfaat ko‘radi. Shuning uchun ham ezgu niyatlar bilan amalga oshirilayotgan ishlarda partiya tashkilotlari, deputatlarimiz faol ishtirok etishi kerak. Qoraqalpog‘iston xalqi Prezidentimizning bevosita tashabbusi va e’tibori natijasida bu ishlar amalga oshayotganidan mamnun. Obod qishloqlar, obod mahallalar ko‘payib chiroy ochmoqda. Dengiz quridi, ertaga nima bo‘ladi, degan qo‘rquv bilan yashab kelayotgan Orolbo‘yi xalqining qalbida kelajakka katta ishonch uyg‘onmoqda.

 

Tursunpo‘lat NORBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Murojaatnomada parlamentning muhim qarorlar qabul qilish va qonunlar ijrosini nazorat etish faoliyatini yanada kuchaytirish va boshqa qator takliflar bildirilib, muhim vazifalar ham belgilandi. Bu qonunlar qabul qilishda tashabbuskorlikni kuchaytirish, partiyamiz elektorati manfaatlarini himoya qiladigan qonun loyihalari ustida ko‘proq ishlashimizni talab etadi.

Parlament nazoratini yanada kuchaytirish borasidagi muhim taklif, ya’ni hukumat a’zolari, vazirliklar va davlat qo‘mitalari rahbarlarini lavozimga tayinlanishida avvalo nomzodlarning Oliy Majlis muhokamasidan o‘tishi amaliyotiga oid takliflar demokratik tamoyillarga asoslanganini e’tirof etish lozim. Unga ko‘ra, avvalo, nomzod o‘z dasturini parlamentga taqdim etishi, amalga oshiradigan ishlari, rejalari haqida ma’lumot berishi, deputatlarning savollariga munosib javob berishi lozim bo‘ladi. Shundagina, ya’ni xalq vakillari sinovidan muvaffaqiyatli o‘tsagina, lavozimga tayinlanadi.

Konstitutsiyaga muvofiq parlament Bosh vazirni tasdiqlaydi. Lekin vazirlarni lavozimga qo‘yishda qatnashmaydi. Shuning uchun Hukumat a’zolari parlament oldida mas’uliyatni yetarli darajada his etmayapti. Vazirlar Mahkamasi a’zolarini tasdiqlash ishlari Oliy Majlisning vakolatlarini yanada kengaytirib, nufuzini oshirishga zamin yaratadi. Natijada xalq va elektorat oldidagi mas’uliyatimiz yanada ortadi. Har bir partiya elektorati manfaatlarini ishonchli himoyalash yo‘lida chinakamiga kurash olib boradi.

Mazkur amaliyot nafaqat respublika markazida, balki hududlarda ham joriy etilishi, ya’ni mahalliy darajadagi rahbarlikka nomzodlar ham dastlab tegishli xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida muhokama qilinib, keyin lavozimga tayinlanishi ham diqqatga molikdir.

Bundan buyon Murojaatnomada bayon qilingan har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida Bosh vazir hukumat a’zolari bilan birga Senat va Qonunchilik palatasi oldida hisobot berib boradi. Mazkur amaliyot deputatlar va senatorlarga katta mas’uliyat va vakolatlar yuklaydi. Bizdan Davlat dasturining hududlarda ijro etilishini muntazam kuzatib borish va har bir band bo‘yicha o‘z pozitsiyamizni shakllantirish talab etiladi. Demak, har bir deputatda fikr va aniq takliflar bo‘lishi lozim.

Murojaatnomada, shuningdek, parlament nazoratining ta’sirchan shakllaridan biri bo‘lgan Davlat byudjetini qabul qilish va uning ijrosini ko‘rib chiqishga alohida ahamiyat berish zarurligi qayd etildi. Bu ishni yuqori professional darajada yo‘lga qo‘yish uchun Oliy Majlis huzurida Davlat byudjeti boshqarmasi tashkil etilishi maqsadga muvofiqdir.

Deputat hamda senatorlar barcha soha va tarmoqlarni chuqur o‘rganishlari, uchrayotgan kamchiliklar, muammolarni hal etishda yetakchi kuch bo‘lishlari zarur.

 

Sharbat ABDULLAYEVA, Toshkent moliya instituti o‘qituvchisi, iqtisod fanlari doktori, professor, O‘zbekiston XDP faoli:

— Murojaatnomada xotin-qizlar va yoshlarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada 2018 yil davomida ko‘rilgan qator amaliy choralarga qaramasdan, 13 mingdan ziyod ayolning ijtimoiy ahvoli murakkab, e’tiborga muhtojligini aytish joiz. Bular aynan partiyamiz elektorati vakillaridir. Aholini, jumladan, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash masalasi dasturimizdan o‘rin olgan bosh maqsadlardan biri hisoblanadi. Ayollarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan maxsus dastur ishlab chiqish va uni amalga oshirish belgilab berildi.

Murojaatnomadagi yana bir muhim jihat, ayni vaqtda nogironligi bo‘lgan bolalar va ularning oila a’zolarini, 16 yoshgacha boquvchisini yo‘qotganlarni ijtimoiy muhofaza qilish masalasi e’tiborda turishi lozimligi qayd etildi. Umrini nogiron farzand parvarishiga bag‘ishlagan onalar uchun alohida ijtimoiy nafaqa turi joriy etilishi haqidagi taklif esa chin ma’nodagi katta voqea bo‘ldi. Aslida shuning o‘zi ham inson omili va ijtimoiy himoyasiga bo‘lgan yuksak g‘amxo‘rlik namunasidir.

Shuningdek, Murojaatnomada yoshlarning uzluksiz ta’lim olishlariga alohida e’tibor qaratildi. Bu bo‘yicha tegishli tashkilotlarga aniq-ravshan ko‘rsatmalar berildi. Ya’ni, 2019 yilda maktabgacha ta’lim muassasalariga bolalar qamrovini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Oliy ta’limga talabgorlar bir vaqtning o‘zida bir necha universitetga hujjat topshirish imkoniyatini ko‘lga kiritadigan bo‘ldi. Oliy ta’limga qabul 20 foizgacha oshiriladi.

O‘tgan yilda yoshlarning ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq turli tadbirlar tizimli ravishda o‘tkazildi. Lekin bular maqtanishimiz uchun yetarli asos bo‘la olmaydi. Chunki, hali bizning e’tiborimizdan chetda qolayotgan dolzarb masalalar borligini tan olishimiz kerak. Yoshlar bandligini ta’minlash eng dolzarb muammolardan biridir. «Yoshlar — kelajagimiz» jamg‘armasi faoliyati kengaytirilishi va joriy yilda jamg‘arma uchun 2 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilib, shu orqali 50 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Ushbu jarayonda faol ishtirok etish burchimizdir.

Muhimi, har bir qilayotgan ishimizga mas’uliyat bilan qarash, partiya kengashlari xodimlari va deputatlarning mas’uliyatini kuchaytirish, ularning shaxsiy javobgarligini oshirish zarur, deb o‘ylayman. Agar o‘z vazifamizni sidqidildan, mas’uliyat bilan yondashgan holda amalga oshirmasak, arzimagan ish bilan havolanib, o‘zimizdan qoniqsak, bu bizning ulkan kamchiligimiz bo‘ladi. Zero, o‘z ishidan qoniqmagan insongina yangi marralarni zabt etadi, tashabbuslari bilan xalqqa, odamlarga nafi tegadi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.