Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 31 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 1 2
14.08.2018

DEPUTAT NAZORATI

yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olishda muhim o‘rin tutadi

Joriy yilning 4 iyul kuni Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida yoshlar bilan manzilli va tizimli ishlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish, bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar sust ekani ta’kidlanib, bu borada e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan dolzarb vazifalar belgilab berilgan edi.

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi tomonidan davlatimiz rahbari bildirgan tanqidiy fikrlardan kelib chiqib, strategiya ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etila boshlandi. Unda yoshlarning muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash, chet elga chiqib ketish sabablarini aniqlash kabi masalalar qamrab olingan. Ayniqsa, uyushmagan yoshlar bilan individual shug‘ullanish, ularni o‘zi qiziqqan kasbga yo‘naltirish, yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolayotganlar o‘rtasida targ‘ibot ishlarini kuchaytirish vazifalari belgilangan. Yoshlarning biznes tashabbusi hamda loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar va biznes yuritish ko‘nikmalariga o‘qitish ham strategiyadan o‘rin olgan.

Mazkur vazifalar ijrosi yuzasidan yaqinda O‘zXDP Markaziy Kengashi va Jizzax shahar kengashi hamda deputatlik guruhi a’zolaridan iborat ishchi guruhi xonadonma-xonadon yurib, yoshlarning muammolarini o‘rgandi. Unda aniqlangan muammolar xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashidagi partiya guruhi yig‘ilishida ko‘rib chiqilib, masala doimiy komissiya kun tartibiga kiritildi. Komissiya qarori bilan shahar Kengashi sessiyasiga masala kiritildi.

Sessiya ishida xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zolari yoshlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar xususida batafsil ma’lumot berdi. «Ittifoq», «Zargarlik», «Bobur» va «Toshloq» mahalalarida amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy-tahliliy o‘rganish yakunlari sessiya qatnashchilari e’tiboriga havola etildi.

Jizzax shahrida 171909 kishi 34 MFYda istiqomat qiladi. Ularning 42639 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan aholi tashkil etadi. Ayni paytda ishsiz yoshlar 3732 nafar bo‘lsa, 1507 nafari xorijga ishlash uchun ketgan.

Partiya guruhi tomonidan ta’kidlandiki, joriy yilning o‘tgan yetti oyida yoshlar o‘rtasida 477 ta jinoyatga qo‘l urilgan, o‘tgan yili esa 592 jinoyat qayd etilgan edi.

Xususan, xotin-qizlar 12, kollej-litsey o‘quvchilari 11, oliy o‘quv yurti talabalari 10, ishlamaydigan va o‘qimaydigan yoshlar 46 jinoyat sodir etgan. Jinoiy javobgarlikka tortilgan yoshlar esa 101 nafar. Voyaga yetmaganlar tomonidan 4 jinoyat sodir etilgan.

Olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga qaramasdan, jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmayapti. Buning o‘ziga xos sabablari bor, albatta. Masalan, «Ittifoq» mahallasida 12050 nafar aholi istiqomat qiladi. Shakllantirilgan ro‘yxat asosida notinch oilalar soni 10 tani, noqobil oilalar soni 9 tani, tarbiyasi og‘ir voyaga yetmagan yoshlar 5 nafarni tashkil etadi.

Mahallada jinoyat sodir etgan oilalar, yoshlar hamda jinoyat sodir etishga moyilligi bor yoshlar, voyaga yetmaganlar ro‘yxatlari shakllantirilgan bo‘lib, doimiy ravishda huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Biroq aholi sonining ko‘pligi, profilaktika xodimi esa 1 kishiligi yoshlar bilan ishlashda yetarli samara bermayapti. Profilaktika inspektorlarini joriy etish to‘g‘risidagi tartib asosida 3 ming nafar aholisi bor hududga bir nafar profilaktika inspektori xizmat ko‘rsatishi lozim, deb belgilangan. Ushbu masala yuzasidan ham o‘ylab ko‘rish va tegishli tartibda yechim topish talab etiladi.

Yoshlar bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida ayrimlari egallagan kasbi bo‘yicha ishga joylashmagani, oilaviy muhitning nosog‘lomligi, ota-onalarning chet-elga chiqib ketgani sababli farzandlar qarovsiz va nazoratsiz qolgani hamda ular bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun sharoitlar yo‘qligi huquqbuzarlik va jinoyatchilikka asos bo‘lmoqda.

Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Jizzax shahar kengashining yoshlar masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax shahar kengashi 2018 yil 1 avgust holatiga ko‘ra, biror marta ham ushbu mahallaga kelmagan. Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, jinoyat sodir etishga moyilligi bor shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazish, ishsizlarning bandligini ta’minlash hamda yoshlarga doir boshqa masalalarda uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmagan.

Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qiladigan sport maydonlari, zallari, kasb-hunar o‘rganish maskanlari, kutubxona yo‘q. Shuningdek, hududdagi 7-sonli va 17-sonli umumta’lim maktablarida to‘garaklar tashkil etilmagan. Umumta’lim maktablaridagi mavjud kutubxonalar faoliyati yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan.

Shuningdek, umumta’lim maktablari tomonidan 11-sinfni tamomlagan yoshlarning bandligini ta’minlash borasida hech qanday chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan. Umumta’lim maktablari va bandlikka ko‘maklashish markazlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilmagan.

«Toshloq» mahalla fuqarolar yig‘ini mas’ullari notinch va jinoyat sodir etgan oilalar bilan doimiy ishlarni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, haftaning har payshanba kuni xonadonlarga kirib suhbatlar o‘tkaziladi. Biroq mazkur oilalar a’zolari ish bilan ta’minlanmagan, vaqtinchalik jamoatchilik ishlariga ham jalb qilinmay kelinmoqda.

Mahalla tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida mahalla guzari tashkil etilgan bo‘lishiga qaramasdan, sport va sog‘lomlashtirish zallari, hunarmandchilik to‘garaklari hamda kutubxona faoliyat yuritmaydi. Sun’iy futbol maydoni narxi ko‘pchilik oilalar bolalari uchun qimmatlik qilayotgani ta’kidlangan.

Mutasaddi tashkilotlar hamda mahalla o‘rtasida hamkorlik masalalarida sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mahallada uchastka profilaktika inspektorlari, mahalla posbonlari tomonidan bu borada ta’sirchan mexanizmlar ishlab chiqilmagan. Jumladan, hududlarda huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoshlar ro‘yxati to‘liq shakllantirilmagan, ular bilan aniq, maqsadli, ta’sirchan ishlar olib borilmagan. Mahallalar kesimida mehnatga layoqatli ishsizlar soni bo‘yicha ham to‘liq ma’lumot yo‘q. Ularga bandlikka ko‘maklashish markazi xodimlari biriktirilmagan.

Hududlarda ishsiz yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishining barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmagan.

O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqining mahalliy Kengashlari yoshlar masalalari buyicha mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan o‘zaro hamkorlik samarali tashkil etilmagan, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish borasida biror bir ibratli ish amalga oshirilmagan.

Yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ayniqsa, voyaga yetmaganlar va yoshlarning bilim saviyalari, hayotiy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida mahallalar hududida to‘garaklar, sport maydonchalari, seksiyalari, kasanachilik, chevarchilik, kosibchilik va boshqa yo‘nalishlarda kichik biznes shoxobchalari yetarli darajada tashkil etilmagan, ularga jinoyat sodir qilgan va shunga moyil yoshlarni jalb qilish ishlari olib borilmagan.

Boshqa mahallalarda ham shu kabi kamchiliklar kuzatildi. Uyushmagan yoshlar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lsa-da, ular bilan ishlash, bandligi, tirikchilik manbaiga ega bo‘lishini ta’minlash choralari ko‘rilmagan.

Shuni ham alohida aytish kerakki, hududlarda o‘rganilgan oilalarda ota-onalar tomonidan farzandlarini nazorat qilish darajasi juda sust. Ta’lim muassasalarida oiladagi notinchlik, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan huquqbuzarliklarning umumiy holati, tarkibi, dinamikasi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar bazasi yaratilmagan, jinoyatning sabablari tahlil etilmagan. Hududlarda jazoni o‘tash joylaridan ozod qilingan yoshlarni ishga joylashtirishga yetarli e’tibor ko‘rsatilmagan.

Sessiya yakunida kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning o‘rta maktab bitiruvchilarini hududdagi mehnat bozorida ehtiyoj bo‘lgan ikkinchi mutaxassislikka imtiyozli tayyorlash yuzasidan tegishli normativ hujjarlarga o‘zgartirish kiritish, voyaga yetmagan va jinoyatga moyil yoshlarning ota-onalari javobgarligini oshirishda Ma’muriy javobgarlik kodeksining 47-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish yuzasidan takliflar muhokama qilindi.

Shuningdek, voyaga yetmagan farzandi bo‘lgan oilada ota yoki onaning chet elga chiqib ketishini tartibga solish masalalarida fikr-mulohazalar bildirildi.

Sessiyada ko‘tarilgan masala yuzasidan qaror qabul qilindi. Deputatlik guruhining navbatdagi vazifasi ushbu qaror ijrosini nazorat qilishdir.



Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.