Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 31 1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
08.03.2018

FAOL AYOL BAXTLI AYOLDIR

8-MART. Bugun dunyo gullarga burkangan. Butun dunyo quvonch og‘ushida. Kimdir gul, kimdir shirinlik, yana kimdir boshqa sovg‘asi bilan o‘zi uchun aziz bo‘lgan onasi, opa-singlisini tabriklashga oshiqqan... Gul rastalarida muloqot qiziydi. Birov oq, yana birov qizil gul so‘raydi. Bugun dunyo o‘z bag‘ridagi barcha munis ayollarni, farishtadek qizlarni xursand, baxtli ko‘rishni istaydi...

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan eng faol ayol tanlovining respublika bosqichi bayram arafasida poytaxtimizda ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.

G‘olib va sovrindorlarni tantanali taqdirlash marosimida O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi Hotamjon Ketmonov barchani 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan samimiy qutladi, ezgu tilaklarini bildirdi.

 

Gulshan ASATOVA, O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:

— Bu yil tanlov qatnashchilari 3000 nafarga yaqinlashdi. Biz opa-singillarimizning faolligi, tashabbuskorligi ortib borayotganidan xursandmiz. Bugungi hayot ayollardan intiluvchanlik, izlanuvchanlik va zukkolikni kutyapti.

Har bir jabhada o‘z mahoratini namoyish etib, erkaklar bilan yelkama-elka faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni ko‘rib, faxrlanib ketaman. Ilg‘or fermer, omadli tadbirkor, qo‘ligul hunarmand ayollar bilan bir jamiyatda yashayotganimiz, ularning safini kengaytirish maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borayotganimizdan baxtliman.

2 fevral kuni qabul qilingan «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni barchamizni quvontirdi. Chunki bu hujjatda yechimini kutayotgan qator masalalar, opa-singillarimizni o‘ylantirayotgan muammolar hal etilishi belgilandi. Ushbu jarayonda bizning vazifamiz xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalarda ma’naviy muhitni mustahkamlash va sog‘lomlashtirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirishdan iborat, deb hisoblayman.

Partiyamizning 400 mingga yaqin a’zosi nomidan ayollarimizni bugungi bayram bilan chin qalbdan qutlayman!

 


Gulzira XOLBOYEVA, Qorako‘l tumanidagi 40-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, «O‘zXDPning eng faol ayoli» tanlovi g‘olibi (Buxoro viloyati):

— To‘g‘risi, juda hayajondaman. G‘olib bo‘lganim e’lon qilinganida, ko‘zlarim yoshga to‘ldi. Hayotda doimo oldinga intilaman. O‘qishda, ishda, sportda ham ilg‘or bo‘lishga harakat qilaman. Beshik tebrata turib, kitobni qo‘ldan qo‘ymadim. Bugun shularning barchasi asqotdi. Taekvando ITF bo‘yicha Osiyo chempioni, qora belbog‘ sohibiman. Har bir insonning hech kimga aytmagan orzulari bo‘ladi. Mening ham niyatlarim bisyor.

Tanlovga qorako‘l qo‘yi junidan paypoq ishlab chiqarish loyihasi bilan keldim. Ip tayyorlashdan qoladigan chiqindilardan esa ko‘rpa, yostiq, nimcha va gilam tayyorlanadi. Bir kunda 1,5 ming juft paypoq ishlab chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Loyihani moliyalashtirish uchun 114 million so‘m mablag‘ kerak bo‘ladi. 14 million o‘z hisobimdan, 100 million imtiyozli kredit evaziga qoplanadi. Foydaning bir qismini mahallamizda psixolog maslahat markazi ochishga qaratamiz. Loyiham BMT hamda Markaziy bankning Buxoro filiali tomonidan ma’qullangan. ­Hozir nol qiymatdagi bino ajratildi. Nasib qilsa, boshlanishiga 30 ta ish o‘rni yaratish niyatidamiz. Hududimizdagi ayollarga bu yaxshi sovg‘a bo‘ladi, deb o‘ylayman.

 

Nodira SAYDULLAYEVA, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi «Yoshlik» shaharcha yetakchilar Kengashi yetakchi mutaxassisi, «O‘zXDPning eng faol ayoli» tanlovi ikkinchi o‘rin sohibasi (Toshkent shahri):

— O‘tgan yili dekabr oyida Olmazor tuman Kengashiga o‘tkazilgan saylovda deputatlikka nomzodim qo‘yilgan edi. Ozroq ovoz yetmay qoldi. Shunda siyosiy bilim va ko‘nikmalarimni oshirishim kerakligini tushundim. Deputatlik maqom emas, avvalo katta mas’uliyat, burch ekanini angladim. O‘zimni yana sinab ko‘rmoqchiman. Kelgusi saylovda deputat bo‘lishimga umid qilaman.

Bugun ham maqsadimga erishishga bir qadam yetmadi. Biz, yoshlar sinovlarda chiniqamiz. O‘z ustimizda ishlashni, mag‘lubiyatni g‘alaba tomon qo‘yilgan birinchi qadam sifatida baholashni o‘rganamiz.

Tanlovda respublikamiz bo‘ylab yangi tanishlar orttirdim. Oila sirlari, farzand tarbiyasi, hududlardagi xotin-qizlarning turmush tarzi bilan yaqinroq tanishish imkoniga ega bo‘ldim. Hammani bayram bilan tabriklayman.

 

Mukarram INAMOVA, G‘allaorol tuman xalq ta’limi bo‘limi metodisti, «O‘zXDPning eng faol ayoli» tanlovi uchinchi o‘rin sohibasi (Jizzax viloyati):

— Tanlovning respublika bosqichida qatnashishimni eshitgan turmush o‘rtog‘im yarim kechasi uyg‘otib olib, savol-javoblarga tayyorlanishga undadi. «Butun respublikadan eng kuchlilar keladi, uyalib qolma!», dedi. Partiyaga a’zo bo‘lishga ruhlantirgan ham ular bo‘ladi. Ko‘pchilikning orasida yurasan, ularning muammolarini o‘rganasan, yechim topishga ko‘maklashasan, odamlarning duosini olish eng katta boylik, dey­di hamisha.

Partiya a’zosidan g‘ayratli, tashab­buskor bo‘lish talab etiladi. Tuman partiya kengashi qoshida «Bugunning ayoli» klubini tashkil etdik. U yerda xotin-qizlar muammolarini muhokama qilamiz. Klubda opa-singillarimiz psixologlar, soha mutaxassislaridan maslahatlar olishyapti.

Tanlovda mana shu ishimni kengaytirish taklifi bilan qatnashdim. Chekka hududlarni ham qamrab olish, xotin-qizlarning ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi kichik dasturlarni amalga oshirishni maqsad qilganman. Nasib bo‘lsa, ushbu tajribani avval viloyatda, keyinchalik respublika bo‘ylab ommalashtirish niyatidaman.

 

Aynura O‘RAZOVA, Beruniy maishiy xizmat va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi, «Eng ilg‘or targ‘ibotchi ayol» (Qoraqalpog‘iston Respublikasi):

— Ma’lumki, Orol olam muammosiga aylangan. Imkon qadar unga qarshi kurashish choralari ko‘rilmoqda. Qoraqalpog‘istonlik ayollar bundan xursand. Beruniy tumanimiz Qoraqalpog‘istonning janubida, Orol dengizidan ancha uzoq masofada joylashgan bo‘lsa-da, odamlar sog‘lig‘iga alohida e’tibor qaratish talab etiladi. Shuning uchun doimiy ravishda bolalar A, Ye vitaminlari bilan emlanadi, tibbiy ko‘riklar o‘tkazib boriladi.

Aholi tabiiy ravishda muammoga qarshi kurash choralarini ko‘rib yashayapti. Har bir xonadon oldida, tomorqalarda supurgi va yantoq o‘stiriladi. Ushbu o‘simliklar shamol olib keladigan zararli tuzlarni ushlab qoladi, kislorod ajratib chiqaradi. Kuchli iroda, kurashuvchanlik immuniteti shakllansa, muammolarni yengib o‘tish mumkinligiga ishonishimiz kerak. Men tanlovda qatnashib, shunday xulosaga keldim.

 

Dilora OBBOYEVA, Kitob tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi, «Eng yaxshi ijtimoiy loyiha sohibasi» (Qashqadaryo viloyati):

— Bunday tanlovda birinchi marta ishtirok etishim. Siyosiy adabiyotlarni o‘zlashtirishga biroz qiynaldim.

Aslida kamchiliksiz inson bo‘lmaydi. Biror xatoga yo‘l qo‘ysam, hamkasblarim ko‘magiga suyanaman. To‘g‘risi, muolaja o‘tkazishdan ko‘ra, bemorlar bilan samimiy muloqot qilishni xush ko‘raman.

Hammani, ayniqsa, tug‘ilib o‘sgan makonim — Kitob tumanidagi onalarimiz, opa-singillarimizni tabriklayman. Kitobdan boshqa dunyoning har qanday joyida yashashni taklif qilishsa, hech ikkilanmay rad etardim. Inson uchun unib o‘sgan yeridan ham azizroq joy bo‘lmasa kerak. Tumanimizning toza havosi, betakror tabiati, tafti baland insonlarisiz hayotimni tasavvur qilolmayman.

 

Mohira MATYOQUBOVA, Xonqa maishiy xizmat va axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi, «Eng faol targ‘ibotchi ayol» (Xorazm viloyati):

— Tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etish men uchun eng yuqori natija bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandim. Shuning uchun ishga qat’iyat bilan kirishdim. Birinchi o‘rinni olganimdan so‘ng uyga qanday yetib kelganimni ham bilmay qoldim.

Xorazm ayollari aytgan so‘zida sobit turadi, va’dasining ustidan chiqadi, har doim yuqori natija uchun astoydil intiladi. Men ham shunga harakat qildim.

Poytaxtga birinchi kelishim emas. Lekin zimmamda katta mas’uliyat bor edi. Chunki bu gal butun Xorazm bilan keldim, viloyatimiz nomidan tanlovda qatnashdim. Bundan mamnunman, hamma qizlarimizga salom yo‘llayman.

 

Nafosat MUHITDINOVA, Norin tumanidagi 3-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, «Eng faol huquq bilimdoni» (Namangan viloyati):

— To‘g‘risini aytsam, tanlovga kelishdan avval rosa o‘ylandim. Farzand­larim tug‘ilgach, o‘z ustimda ishlamay qo‘ygandim. Ikki qiz, bir o‘g‘lim tanlov davomida yonimda bo‘ldi. Ularga o‘rnak ko‘rsatolgan bo‘lsam, baxtliman, shuning o‘zi har qanday mukofotdan ortiq, deb o‘ylayman.

Bolaligim biroz og‘ir sharoitda o‘tgan. Onam maktabda farroshlik qilib, halol mehnat bilan bizni voyaga yetkazdi. Suv olib kelish, stullarni joylashtirishda onamga yordamchi edim. O‘sha paytda xayolim kutubxonadagi kitoblarda bo‘lardi. Chunki ular orasida jahon va o‘zbek adabiyotining durdona asarlarini topish mumkin edi-da...

Bir kuni «Dunyoning ishlari» kitobini ko‘rib qoldim. Ikkinchi sinf bo‘lishimga qaramay, tez orada uni o‘qib chiqdim. Asarda o‘z hayotimni ko‘rgandek bo‘ldim. Ana shunda kitobga mehrim ortdi. Bu yil «Eng yaxshi kitobxon» tanlovining viloyat bosqichida ham qatnashdim.

Yurtimiz ayollari ko‘proq kitob o‘qishini xohlashimni alohida, ajratib yozing, xo‘pmi?..

 

Charos BOZOROVA, Navbahor tumanidagi 16-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, «Eng yaxshi notiq» (Navoiy viloyati):

— Men ayollarning bag‘rikengligi haqida gapirmoqchi edim. Bir kun ­Nataniel Gotorn degan adib ish bilan bo‘lib, yoza olmayotganidan xafa holatda, tushkun kayfiyatda uyga qaytadi. Rafiqasi jamg‘argan pullarini uning oldiga qo‘­yib, mana senga pul, o‘tir va yoz, deydi qat’iy ohangda. Vaqt o‘tib, ­Nataniel dunyo tanigan yozuvchilardan biriga aylanadi. U qayerga bormasin, har doim rafiqasiga ta’zim qilar ekan... Hamma oilada erkak va ayol bir-birini qo‘llab-quvvatlashini istayman.

Tanlovga turmush o‘rtog‘im bilan birga keldik. Poytaxtimizning go‘zal manzaralarini maza qilib tomosha qildik.

Krandan suv oqib yotgan bo‘lsa, jo‘mrakni burab qo‘yaman. Kimdir ko‘chaga chiqindi tashlasa, bu ishi noto‘g‘riligini tushuntirishga harakat qilaman. To‘rt yashar qizim harakatlarimni qaytarganida ko‘nglim to‘ladi. Farzandlarimizda avvalo tabiatga muhabbat uyg‘otishimiz kerak, deb bilaman.

 

Nilufar HURXONOVA, Andijon viloyati, Jalaquduq tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi ijrochi kotibi, «Eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi» (Andijon viloyati):

— Bir kun tumanimizda hokim va yoshlar uchrashuvi bo‘ldi. Unda bir ayol so‘zga chiqdi. Ikki farzandi bilan ukasining uyida turishini, kundalik daromadi 15-20 ming so‘m atrofida ekanini aytdi. Orttirgan puliga buzoqcha sotib olibdi. Imtiyozli kredit olishda yordam so‘radi... Ayolning yengil-elpi hayotga uchmaganidan, oson daromad topish ilinjida xorijga ishlashga ketmaganidan ta’sirlandim. Muhimi, u o‘z kuchi, halol mehnati bilan oyoqqa turmoqchi. Shunday opa-singillarimizdan o‘rnak olishimiz kerak.

O‘sha uchrashuvdan so‘ng innovatsion loyiha rejasini tayyorlash ishtiyoqi tug‘ildi. Mutaxassislar yordamida biznes rejamni takomillashtirdik. Tanlovda «Eng yaxshi innovatsion g‘oya muallifi» nominatsiyasi bilan taqdirlanganimdan xursand bo‘ldim. Loyiham amalga oshishi uchun astoydil harakat qilaman.

 

Umida ABDUVALIYEVA, Oqdaryo tumani 45-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi, «Eng yosh siyosatchi ayol» (Samarqand viloyati):

— «Yosh kitobxon» bellashuvini hamma o‘zgacha ishtiyoq bilan kuzatmoqda. O‘quvchilarimdan ko‘pchiligi unda qatnashish istagini bildirdi. Shunda kam badiiy asar o‘qiganimdan afsuslandim, hattoki uyaldim. Bu kamchilikni farzand­larimda ko‘rishni istamayman. Ular bolaligidan kitobga mehr qo‘yishi uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.

Navoiy kutubxonasiga kirganimizda bir narsa e’tiborimni tortdi. Ishtirokchilar farzandlarini bolalar uchun ajratilgan maxsus xonada qoldirishdi. Bolalar tez do‘stlashib oldi va o‘yinga kirishib ketdi. Kutubxonadan yosh onalar ham bemalol foydalanishi mumkinligidan quvondim. Tumanimiz kutubxonasida ham ana shunday xona tashkil etishni mo‘ljalladim.

Tanlovlar odamning dunyo­qarashi, fikrini boyitishga xizmat qiladi. Men ham qishlog‘imga ko‘pgina g‘oyalar bilan qaytyapman...

 

Gulruhoy HUSANOVA, Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasi xodimi, «Eng zukko va bilimdon ayol» (Surxondaryo viloyati):

— Oilada bitta qiz bo‘lganim uchun ko‘p erkalatishgan. Har bayramda sovg‘aning sarasi meniki bo‘lardi. Hozirgi Gulruh oldingisidan butunlay farq qiladi. Undagi erkalik onalik, rafiqalik mas’uliyati bilan almashgan. Turmush o‘rtog‘im harbiy. O‘zim viloyat televideniyesida ishlayman. Jurnalistika murakkab va mashaqqatli kasblardan biri, deb bilaman. Kamera va mikrofon oldida haya­jon bosadi. Teletomoshabinlar oldidagi mas’uliyat hissi bir ko‘rsatuvni bir necha dubl asosida yozib olishga undaydi. O‘zimdan ko‘nglim to‘lmaguniga qadar qayta va qayta yozishimizga to‘g‘ri keladi. Shunday bo‘lishiga qaramay, kasbimni sevaman. Ayollarimizni bayram bilan qutlayman.

 

Sevaraxon QURBONOVA, Buvayda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limi mudirasi, «Eng izlanuvchan va intiluvchan ayol» (Farg‘ona viloyati):

— Bugun mehnat qilgan odam samarasini ko‘ryapti. Bu albatta insonni ruhlantiradi, olg‘a borishga undaydi. Ayniqsa, urinishlaringni yaqinlaring qo‘llasa, senga ishonch bildirsa, hayotingdan mamnun bo‘lasan. Qaynonam — ikkinchi onam. Hamisha har ishda meni qo‘llab-quvvatlaydi. Ular doim o‘z ustimda ishlashim uchun sharoit yaratib beradi. Qani endi, hamma qaynonalar mening qaynonamga o‘xshasa, deb niyat qilaman.

Buvayda tumanida xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etmoqchiman. Oilamizga qarashli 20 sotix tomorqada ikki qavatli binoning qurilishi boshlab yuborildi. Loyihaning umumiy qiymati 2 milliard 200 million so‘mni tashkil qiladi. Mablag‘ning 200 millioni­ o‘z hisobimdan, qolgan qismi imtiyozli kredit evaziga qoplanadi. 100 o‘rinli bog‘cha ishga tushirilsa, 24 kishining bandligi ta’minlanadi. Bir bola uchun oylik to‘lov hozirda 250 ming so‘m qilib belgilanyapti. To‘g‘ri, ushbu summani hamma ham to‘lay olmaydi. Shuning uchun ehtiyojmand oilalarga alohida e’tibor qaratamiz. Har to‘rt guruhning bittasi bepul bo‘ladi. Bu orqali soliqdan turli imtiyozlarga ega bo‘lamiz.

Bog‘chamizning yana bir qulayligi shunda bo‘ladiki, soat 7:00 dan 19:00 gacha bolalar muassasa qaramog‘ida bo‘ladi. Demak, ota-onalar o‘z ishlarini bexavotir bajaradi. Kelgusida bog‘cha atrofida oilaviy dam olish mas­kani, sport to‘garaklari, basseyn va tikuvchilik xonalari barpo etishni rejalashtiryapmiz. Tashabbuskor ayollarimizning ishiga omad tilayman.

 

Yarqinay NURUMBEKOVA, Guliston davlat universiteti katta o‘qituvchisi, «Mo‘tabar va oqila ayol» (Sirdaryo viloyati):

— Ishtirokchilar orasida yoshi kattasi ekanman. Yoshlarda ishtiyoq baland­ligi, ildam qadamlar bilan intilayotganini ko‘rib, o‘g‘il-qizlarim haqida o‘yladim. Ularning ham islohotlarga daxldor bo‘lib voyaga yetishi, xalqqa xizmat qilishini chin dilimdan istadim.

Har bir ona kabi farzandlarim bilan faxrlanaman. Ular xorijiy tillarda erkin so‘zlasha oladi. Hozir beshinchi tilni o‘rganishyapti. Ularning yutuqlaridan quvonib, tashvishlariga sherik bo‘laman. Hayotning mazmuni ham shunda emasmi aslida?..

Tanlov ishtirokchilarining barchasida bahoriy kayfiyat, yangilanish, yasharish zavqini ko‘rdim. Kimdir yosh bolasi, kimdir qaynonasi, yana kimdir turmush o‘rtog‘i bilan kelibdi. Inson uchun oilaviy hamjihatlikdan muhimroq narsa bo‘lmasa kerak...

 

Elmira SADIQOVA, Toshkent davlat agrar universiteti qoshidagi akademik litsey o‘qituvchisi, «Eng tashabbuskor ayol» (Toshkent viloyati):

— O‘qituvchi bo‘lganim uchun nafaqat farzandim, balki o‘quvchilarim, mahalla-ko‘y oldida ham mas’ulman. Litse­yimiz o‘quvchilari kasb-hunar egallab, jamiyatning faol a’zosi bo‘lishi uchun biz har tomonlama o‘rnak, namuna bo‘lishimiz kerak.

Bunday tanlovlarga opa-singillarimizni ko‘proq jalb qilsak, ularning faol­ligini oshirishga katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Xotin-qizlarning vazifasi bola tarbiyasi, uy yumushlaridan iborat, deb o‘ylaydigan davr allaqachon o‘tib ketdi. Ayol kishining ham o‘z orzu-umidlari bor. Ularni qadrlash, qo‘llab-quvvatlash burchimizdir.

Ayol biror narsani maqsad qilsa, biror ishga qo‘l ursa, uni oila a’zolari, turmush o‘rtog‘i qo‘llab-quvvatlasa, olam guliston bo‘lar ekan, degan xulosaga keldim. Istagim, barcha erkaklar o‘z ayoliga har ishda madadkor, yelkadosh bo‘lsin. Ana shunda ayollar baxtli bo‘ladi, jamiyat yanada taraqqiy etadi.

Menga qolsa, tanlovning har bir ishtirokchisini g‘olib, deb atagan bo‘lardim. Chunki ularda o‘z ustida ishlash, izlanish va iqtidorini namoyish etishga iroda mujassam. Tanlovda o‘rganganlarimiz o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshirdi.

Ishtirokchilarning barchasi oliy ma’lumotli, jamiyatda o‘z o‘rni va nufuziga ega xotin-qizlar. Ularning har biri mustaqil fikrga, aniq orzu-niyatga ega. Partiyamiz safida bunday xotin-qizlar oz emas. Ularni qo‘llab-quvvatlash barcha darajadagi partiya kengashlari va deputatlik birlashmalarining muhim vazifalaridan hisoblanadi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

Mahliyo ALIQULOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.

Sanjar SHOTO‘LAGANOV olgan suratlar.



DB query error.
Please try later.