Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
30.01.2018

«ISLOM KARIMOV — ISTIQLOL ASOSCHISI VA BUNYODKORI»

Ayni kunlarda respublikamiz bo‘ylab Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligi keng nishonlanmoqda. Barcha tashkilotlar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar, xotira kechalari o‘tkazmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi tomonidan tashkil etildi. «Islom Karimov — istiqlol me’mori» mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy anjumanda O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, Toshkent shahar kengashi faollari va xalq deputatlari Toshkent shahar, tuman Kengashlari deputatlari hamda keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.

Tadbir avvalida ishtirokchilar Birinchi Prezidentimiz nomidagi ilmiy-ma’rifiy memorial majmuada qad rostlagan Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, xalqimizning fidoyi farzandi xotirasiga hurmat bajo keltirishdi.

Shundan so‘ng Toshkent shahridagi Xalqaro savdo markazida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zbekiston XDP fraksiyasi rahbari Hotamjon Ketmonov tadbirni ochar ekan, Islom Karimov o‘zining Prezident sifatidagi butun hayoti va faoliyatini yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish, mustaqilligimizni mustahkamlash, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etishdek ulug‘ maqsadga bag‘ishlaganini ta’kidladi. Zero, mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilgan beqiyos o‘zgarishlar, tarixiy yangilanishlar Birinchi Prezidentimiz nomi bilan uzviy bog‘liqdir.

— Sobiq mustabid tuzum davrida — milliy qadriyatlarimiz, muqaddas dinimiz, azaliy an’analarimiz ayovsiz toptalgan o‘sha davrlarda mustaqillik, urf-odatlar, diniy qadriyatlarimiz haqida ochiq-oshkora gapirish — katta ma’naviy jasorat edi, — dedi partiya rahbari. — Mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov xalqimizning tarixiy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqardi.

Ma’lumki, mustaqillikka erishgan har qanday davlat o‘zining parlamentini shakllantirishga, shu orqali fuqarolarning ustuvor huquqlarini ta’minlashga, xalqning siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarishga alohida e’tibor qaratadi. Bu demokratik huquqiy davlatning eng muhim asoslaridan biri hisoblanadi. Yurtimizda parlament faoliyatini takomillashtirish sohasida amalga oshirilgan islohotlar tizimida ikki palatali parlamentga o‘tish bilan bog‘liq o‘zgarishlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ikki palatali parlamentni tashkil etish g‘oyasi, taklifi Birinchi Prezidentimiz tomonidan ilgari surildi.

Xususan, 2000 yil 25 may kuni bo‘lib o‘tgan Ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkinchi sessiyasida Islom Karimov 2004 yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda parlamentning ikki palatali qilib tashkil etilishi lozimligini ta’kidlagan edi. Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni sobiq mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, butun jahonda «o‘zbek modeli» degan nom bilan tan olingan rivojlanish yo‘lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida, xalqimiz qalbida mangu qoladi. U kishi boshlab bergan ezgu ishlarni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuqori bosqichlarga olib chiqib, munosib davom ettirayotgani, albatta, barchamizni quvontiradi.

 

Temir SHIRINOV, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari, tarix fanlari doktori, professor:

— Hammamiz hayajonli kunlardamiz. O‘zbek millatining buyuk farzandi Islom Karimov tavalludining 80 yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Birinchi Prezidentimiz to‘g‘risida gapirish bir tomondan osondek tuyuladi, chunki u kishining hayoti ko‘z o‘ngimizda o‘tdi, hamma voqealarga guvohmiz. Ikkinchi tomondan esa nihoyatda og‘ir, chunki ulug‘ zot faoliyati juda serqirra edi. Buni bir shaxs, bitta odam yoritib berishi juda qiyin. Majmua tuzilgandan boshlab xotiralar yig‘a boshladik. O‘sha davrning siyosiy masalalarini ko‘tarib chiqib, tarixini tiklash juda og‘ir kechdi.

Xabaringiz bor, Islom Karimov hayoti, faoliyatini aks ettiruvchi maqolalar tanlovini e’lon qilgandik. Unga xalqimizning qiziqishi nihoyatda katta bo‘ldi. Gazeta va jurnallar, internet saytlarda e’lon qilingan 870 dan ortiq maqola keldi. Ayni paytda komissiya a’zolari ularni ko‘rib chiqishni yakunlamoqda. Shu jarayonda men ham maqolalarning ko‘pini o‘qib chiqdim. Ulardan Islom Karimov obrazini yana bir bor o‘zimga kashf etdim.

U kishining fazilatlari, jasorati haqida ko‘p gapirish mumkin. O‘sha paytlarda mustaqillikka erishish oson emas edi. 130 yil davomida qancha-qancha avlodlar mustaqillikni orzu qilib, dard-alam, armon bilan o‘tib ketdi. Dahshatli va qudratli imperiya changalidan chiqib, mustaqil bo‘lishimizga ishonish qiyin edi. Mustaqillikka ochiq intilganlar qamalgan, otilgan...

1991 yil 31 avgustda Islom Karimov barchamiz orzu qilgan mustaqillik so‘zini baralla ayta oldi.

Islom Karimov mard, haqiqatparvar inson edi. Esdaliklarda keltirilishicha, Islom Karimov Qashqadaryoda viloyat partiya qo‘mitasining birinchi sekretari bo‘lib ishlayotgan paytda Talimarjon GESi qurilayotgan ekan. Qurilishga sement yetmay qolibdi. Yuqoridan vazirlik vakili kelib, sementni xalqqa ajratilgan limitdan oling, debdi. Shunda Islom Karimov mashinani shartta to‘xtatib, vazirlik vakilini bir hovliga boshlab kiribdi-da, uy devorini tirnab, vakilga ko‘rsatibdi. Bu yerda sement yo‘qligini, odamlar uyini paxsa devordan qurishini aytibdi. Menga haqiqiy sement bering, debdi. Xijolat tortgan vakil sement ajratadigan bo‘libdi.

U kishining serqirra faoliyatidan birgina misol keltirdim, xolos. Islom Karimov ulug‘ va buyuk shaxs sifatida hammamizning xotiramizda qoldi. Tarixiy shaxslarning vafotidan keyingi taqdiri batamom har xil. Sovet davlatining tarix kitoblarida buyuk ajdodimiz Amir Temur ko‘proq bosqinchi sifatida tilga olingan. Uning tarixdagi o‘rnini adolatli tiklashga Islom Karimov mas’ul bo‘ldi. Aynan Amir Temurga o‘xshagan daholikka ega bo‘lgan shaxsgina uning shaxsini yuksakka ko‘tara oldi. Mening nazarimda, Islom Karimovning keyingi tarixiy taqdirini davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘rniga qo‘ydi, Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qarorni e’lon qildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Albatta, Birinchi Prezidentimiz xotirasini hammamiz yuragimizda abadiy saqlaymiz.

 

Safar OSTONOV, «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari Bosh muharriri, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist:

— Dunyo juda ko‘p davlat rahbarlarini, prezidentlarni ko‘rgan. Ular orasidan kamdan-kamlarigina o‘z xalqining chinakam mehriga sazovor bo‘lgan, Vatani taqdirida, tarixida buyuk o‘zgarishlar qila olgan. Islom Karimov yurtni qaramlikdan qutqargan, mustaqillikni mustahkamlab, dunyo hamjamiyatida O‘zbekistonning munosib o‘rin olishini ta’minlagan ulug‘ Prezident edi. U dono Prezident edi, g‘ururi baland, jasoratli, qat’iyatli Yurtboshi edi. O‘z xalqini, Vatanini jonidan yaxshi ko‘radigan Prezident edi.

Islom Karimov respublikaga rahbar bo‘lib kelgan davrni bir eslaylik, O‘zbekistonda ahvol qanday edi? Qisqa qilib aytganda, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar qalashib yotgandi. Sho‘ro davlati O‘zbekistonda yana bir og‘ir jinoyatni sodir etgandi. 1983-1989 yillarda O‘zbekistonda sobiq markaz tomonidan o‘tkazilgan qatag‘on oqibatida xo‘jaliklar, tuman, viloyat, hatto respublika rahbarlarigacha qamoqqa tashlangan, iqtisodiyotimiz, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi tamoman izdan chiqqan edi.

O‘zbekistonda tartib o‘rnatish bahonasida sobiq markaz yurtimizga desant tashlagan edi. Sobiq ittifoqning turli o‘lkalaridan o‘z ishxonasiga unchalik kerak bo‘lmagan, chalasavod kishilar yurtimizga kelib, barcha sohalarda rahbarlik lavozimlarini egallab, o‘zlarining adolatsiz siyosatlarini yurgiza boshlashdi. Ming-minglab odamlar qamoqqa tashlangan, so‘roqqa tortilgan, ular ortidan yana minglab oila a’zolari sarson-sargardon bo‘lib yurgan, ishdan, hayotdan ko‘ngli sovigan, og‘ir, murakkab, sarosimali bir davrda Islom Karimov respublikaga rahbar bo‘lib kelgan edi.

O‘zbekistonning yangi rahbari o‘z faoliyatini xalqimizning huquqini, qadrini, sha’nini himoya etishdan boshladi. Islom Karimov topshirig‘i bilan «paxta ishi», «o‘zbek ishi» degan bo‘htonlar bilan ochilgan jinoiy ishlarni qayta ko‘rib chiqish uchun komissiya tuzildi. Komissiya minglab ishlarni qayta ko‘rib chiqib, shunday yuridik xulosaga keldi: Har yili sobiq markazdan turib paxta planini noreal oshirishlar, bajarish mumkin bo‘lmagan planlarni talab etib, tazyiqlar o‘tkazish oqibatida qo‘shib yozishlarga majbur bo‘lingan, qamoqda yotganlar bundan manfaat ko‘rmagan.

Shuning uchun asossiz qamoqxonalarda yotganlar birin-ketin oqlana boshlandi. Bundan xabar topgan SSSR bosh prokurori, SSSR Oliy sudi raisi O‘zbekiston rahbariyatiga paxta ishi komissiyasi faoliyati darhol to‘xtatilsin, bo‘lmasa, chora ko‘ramiz, sizlar jinoyatchilarni oqlayapsizlar, degan mazmunda po‘pisali xat yo‘lladi. Komissiya a’zolari sarosimaga tushib qolishadi. Har xil takliflar bo‘ladi. Oxiri xat Islom Karimovga olib kiriladi. Hamma hayajonda. Minglab odamlarning taqdiri uning bir og‘iz gapiga bog‘liq edi. Islom Karimov xatni xotirjam o‘qib chiqqach, ustiga «Arxivga» deb yozib, komissiya o‘z ishini davom ettirishiga ko‘rsatma beradi. Natijada minglab odamlar oqlanib, oilasi bag‘riga qaytadi. Hozirgacha bu ulug‘ jasoratni hamyurtlarimiz minnatdorlik bilan xotirlashadi.

 Birinchi Prezidentimiz xalqimiz huquqlarini himoya etish, minglab odamlarning taqdirini asrab qolish bo‘yicha qilgan tarixiy jasoratlaridan birgina misol keltirdik, xolos. Uning xalqimiz uchun, yurtimiz uchun qilgan ishlarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Islom Karimov dono, g‘ururi baland, jasoratli, o‘z Vatani va xalqidan jonini ham ayamaydigan Prezident edi. Ul ulug‘ zot hammamizning xotiramizda ana shunday Prezident bo‘lib qoladi.

 

Muxlisa RAHMATOVA, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibi, Irrigatsiya va melioratsiya instituti talabasi:

— Biz, hammamiz baxtli insonlarmiz. Negaki, uyimizda, oilamizda, yurtimizda tinchlik hukmron. Yurtimizdagi har bir insonga shu baxtni in’om qilgan Birinchi Prezidentimiz bo‘ladi, albatta. 2016 yil 21 martda — Navro‘z bayrami tantanasida u kishini uzoqdan bo‘lsa ham ko‘rib, mamnun bo‘lib turgandim. Bizni qo‘l berib tabriklaganlarida esa yuzidagi nur, g‘ayratni ko‘rib, faxrlangandim. O‘sha paytda menga ham qandaydir kuch o‘tganday bo‘ldi. Hayotda faqat orzu bilan emas, maqsad bilan yashash haqida o‘ylay boshladim. Birinchi Prezidentimiz biz, yoshlarga qarata aytgan o‘gitlari hech qachon yodimdan chiqmaydi.

O‘tgan yili O‘zXDPning «Yosh siyosatchi» ko‘rik-tanlovi Toshkent shahar bosqichida sovrinli o‘rinni egalladim. «Tafakkur sinovlari» ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida faxrli o‘ringa munosib topildim. Har bir yutug‘imiz, erishgan marralarimiz mamlakatimizda bizga berilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik tufaylidir. Biz baxtli yoshlarmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bizga nisbatan bildirayotgan ishonchi kuchimizga kuch qo‘shmoqda, yangi marralarga ruhlantirmoqda. Bu ishonchni oqlashga albatta harakat qilamiz.

 

Anjumanda, shuningdek, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi konsultanti Mixail Yelshov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Toshkent shahar partiya kengashi faollari xalqimizning cheksiz muhabbatini qozongan Islom Karimov qalblarimizda abadiy qolishi va kelajak avlodlar xotirasida mustaqillik, tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot rahnamosi sifatida mangu yashashini aytib o‘tishdi.

 «O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi» nomli hujjatli film namoyishi hammani yana bir bor hayajonga soldi.

 

Gulruh ODASHBOYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.