Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    May 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
18.01.2018

VARGANZANI KO‘RMABSIZ, ARMONDA QOLIBSIZ...

O‘zXDP faoli Ziyodullo Mirzayevning taklifi bilan tog‘lar bag‘ridagi qishloqlarda ulkan ishlar boshlandi.

Kitob tumani hokimligida o‘tgan bir yig‘ilishda Ziyodullo ­Mirzayev so‘z olib, Varganza va boshqa tog‘ qishloqlari aholisini qiynab kelayotgan qator muammolarni ochiq aytdi. Uning mulohazalari inobatga olindi. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 yanvardagi Qashqadaryo viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risidagi qaroriga kiritildi.

Ushbu qarordan so‘ng varganzaliklar uchun qanday imkoniyatlar yaratilishi bilan qiziqib, Ziyodulla Mirzayevning xonadoniga bordik.

«Varganza» so‘zining ma’nosini har xil ta’riflashadi. Asosan ikkita taxmin haqiqatga yaqinroq. Birinchisi, Varganza — shamol koni, degani. Ikkinchisi, Buxoro yaqinida Vardonza degan qadim shahar bo‘lgan. O‘sha yerdan ko‘chib bu hududga o‘rnashganlar o‘z qishloqlarini «Vardonza», deb atashgan. Bu so‘z keyinchalik Varganzaga aylanib ketgan, deyishadi. Nima bo‘lganda ham bu qishloq go‘zal bir maskan. Qatarbog‘, Bog‘ibaland, Bog‘ishamol, Xirmonjoy, Xo‘jadushanbe, Chuqurak kabi kichik qishloqlardan iborat.

— Daryodagi ko‘prikni ko‘ryapsizmi, — deydi Ziyodulla aka. — O‘sha tomon — Shatri, otam Rahmatullo Mirzayevning qishlog‘i. Otam o‘zbek, onam tojik. Shatri — O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunovaning ona qishlog‘i, kelib qolsa, bayram bo‘lib ketadi... Bu qishloqdan ko‘plab olimlar, hatto akademik ham chiqqan.

Ziyodullo oliy ma’lumotli iqti­sod­chi, tog‘ qishloqlari birlashtirilib, 1979 yilda Varganza anorchilik xo‘jaligi tashkil etilgandan so‘ng ancha yil bosh hisobchi, Jovuz o‘rmon xo‘jaligi boshlig‘i bo‘lib ishladi.

2013 yildan QFY raisi. Bu orada xo‘jalik tugatilib, dehqon va fermer xo‘jaliklari tashkil topdi.

Ziyodullo bizni avval uyiga boshladi, anor bilan siyladi. Umr yo‘ldoshi Gulbahor Jalilova bilan ikki o‘g‘il, uch qizni ulg‘aytirishibdi. O‘g‘illari — Hakim va Ozodbek tadbirkor ekan.

Bir piyola choydan so‘ng uydan chiqdik. Ziyodullo: «Avval maktabga boramiz», dedi. Yo‘l-yo‘lakay o‘nlab odamlar bilan ko‘rishish-so‘rashishga to‘g‘ri keldi. Ziyodullo do‘kondan non, qand-qurs olgach, oddiy uylardan biriga bosh­ladi. Uy sohibi 95 yoshli Mirzamurod Rahimov Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi ekan. Otaxon 1942 yili urushga ketib, qirq to‘qqizinchi yilda qishlog‘iga qayt­ganini hikoya qilib berdi. Salkam yarim asr boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlabdi. Darvozada Prezidentimiz sovg‘asi — yangi «Damas» mashinasi. Davlat rahbaridan minnatdor bobo barchamizni duo qiladi.

Qo‘sh qavatli maktabga yetib kelamiz. Varganzada uch tojik va bitta o‘zbek maktabi bor. Biz borgan 52-maktabda 840 nafar o‘quvchi ta’lim olayapti, dars­lar tojik tilida o‘tiladi.

Varganzada ikki til birdek ardoqli, ikki millatga mansub o‘nlab yoshlar turmush qurishgan. Oliy ma’lumotli, tadbirkor G‘aybullo To‘raqulov xonadonida bo‘ldik. Uning turmush o‘rtog‘i Hakimaxon Sobirova Andijonning Xo‘jaobod tumanidan kelin bo‘lib tushgan ekan.

— O‘g‘il-qizlarni o‘stirdik, uyli-joyli qildik, nevaralarimiz bor, — deydi Hakimaxon. — 100 tup anorimiz bor, daromadimiz yomon emas. Kelin bo‘lib tushganimga ham yigirma to‘rt yil bo‘libdi. Varganzada chevarlar, hunarmandlar ko‘p.

— Chevarlarni to‘plab, ish boshladim, — deydi uning qo‘shnisi Muattar Ortiqova. — Hozir 40 nafardan ortiq chevar mehnat qilayapti. Ularga ish haqi to‘laymiz. Mehnat daftarchasi ochilgan.

Adirlarga yondosh Chortepaning ikkinchi qiriga ko‘tarilamiz. Ziyodullo Mirzayev qishloqda hunarmandchilik, aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish haqida hikoya qilib boradi. Hozir qish­loqda 3 novvoyxona, avtomobillarni ta’mirlash ustaxonasi, 10 o‘rinli xususiy shifoxona ishlab turibdi. Tadbirkor ­Berdiali Qo‘ychiyev adirlarga yondosh joyda ko‘rkam to‘yxona quribdi. Hafiz Zokirov maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, bozor qurayapti. Bahriddin Sadriyev 500 tonnalik omborxona-sovutgichni ishga tushirish arafasida...

To‘g‘risi, Kitob tumanida eng mohir usta va eng ko‘rkam uylar Varganzada. Muhammadali va ­Islom ustalarni aholi hurmat bilan xotirlaydi. Hozir 80 yoshdan oshgan usta Yusup ­Sharipov ko‘plarning ustozi. Ayni paytda usta Xudoyberdi Islomovning mahorati haqida ham ko‘p gapirishyapti. Bu qish­loqlarda ilgari sinchdan imorat qurilgan bo‘lsa, endi pishiq g‘ishtdan tiklanayapti. Tomlari tunukadan, eshik derazalari o‘ymakor, albatta, meva saqlaydigan omborxonasi bor.

Uy egalarining taklifi bilan hovlilardan biriga kirdik.

— Samandar akam fermer, — dey­di uy sohibi Iskandar Ostonov. — Birga ishlaymiz. Jami 3,5 gektar yerda anorzor, 3 gektar maydonda uzumzor barpo etganmiz. O‘zim tanlab, saralab, 320 tup Dashnobod anorini ko‘kartirganman.

Qarang, varganzaliklarning suhbati anordan boshlanib, anordan tugaydi. Quva va Dashnobod anorlari ham yaxshi, biroq hech qaysisi Varganza anoriga tenglasholmaydi, deyishadi.

Oliy ma’lumotli agronom, 76 yoshga to‘lgan Ko‘paysin Mahmudaliyev shunday deydi:

— Varganza anorining o‘ndan ortiq turi bor. Hammasi shirin. Bir olim menga anor sharbati qonni yangilashi, umrga umr qo‘shishi haqida gapirib bergandi. Anorzorlar ko‘paysa, xalqimiz sog‘lom, dasturxoni yanada to‘kin bo‘ladi.

Adirlarga yondosh Chortepa... Aylanib-aylanib, yana poyiga keldik.

Ziyodullo Mirzayev yangiliklardan hikoya qila ketdi. Ilgari bitta qishloq fuqarolar yig‘ini 21 ming aholi yashaydigan tog‘ qishloqlarini birlashtirib kelayotgan ekan. Bu yil 6 ming aholi yashaydigan Bashir MFY ajralib chiqibdi. Varganzaning o‘zi 3 MFYga bo‘linibdi. Ikkitasi Bog‘ibaland, Anorzor, deb atalarkan. Uchinchi 6 ming aholi yashaydigan Varganza MFY raisligiga yana Ziyodullo Mirzayev saylanibdi.

— Odamlarimiz murakkab sharoitda ham yo‘l ochib, suv chiqarib imorat, issiqxona qurishayapti, anorzor ­barpo­ etishayapti, — deydi u. — Bizda yer hisob-kitobli. Jami 132 fermer va 120 dehqon xo‘jaligi tashkil etilgan. Yana 345 gektar yer tomorqaga ajratilgan. Ba’zi hisoblarga ko‘ra, fermerlar 1200 tonna, aholi 4 ming tonnagacha anor yetishtirayapti. O‘tgan yilning 17 avgustida qishlog‘imizga viloyat hokimi, hukumat vakillari kelishib, ahvolni o‘rganishdi. O‘shanda men 30 yildan buyon ishlamay yotgan Varganzadagi nasos stansiyalari ta’mirlansa, yana 500 gektar yerda anorzor, bog‘lar tashkil etish, odamlarni ish bilan ta’minlash mumkinligini aytdim. O‘sha yilning 18 sentabr kuni Kitob tuman hokimligi majlisxonasida yana hukumat vakillari qatnashgan katta yig‘inda so‘z olib, fikrlarimni batafsil bayon qildim. Prezidentimizga ming rahmat, u kishining rahbarligi ostida alohida qaror chiqib, takliflarimiz inobatga olindi. Joriy yildan eski nasos stansiyalari ta’mirlanib, loyqa bosgan kanal tozalansa, yerlarni sug‘orish keskin yaxshilanadi. Yangi «Oqboy» nasos stansiya­si suvni 3550 metr balandlikka yetkazib beradi. O‘sha adirlarda 500 gektar uzumzor, anorzorlar barpo etiladi, odamlar ishli bo‘ladi...

Varganzaga ishchi guruhi rahbari bo‘lib kelgan, «Amu-Qashqadaryo sug‘orish tarmoqlari havza boshqarmasi» bosh­lig‘i Botir Rahimov Varganza qishlog‘i ariqlariga suv chiqaradigan inshootlar loyihasi bilan tanishtirdi. Ushbu maqsadlar uchun katta miqdorda mablag‘ ajratilibdi. Asosiy ishlar joriy yilda boshlanadi. Demak, tog‘ bag‘rida yashayotgan varganzaliklar uchun yaxshi hayot, farovon turmushni kafolatlayotgan hujjat hayotga tatbiq etiladi.

Go‘zal tog‘lar etagidan qaytayotib, xushmanzara, so‘lim qishloqlar ko‘z o‘ngimdan ketmaydi, ochiq ko‘ngil, mehnatkash, tadbirkor odamlar so‘zlarini eslab ko‘ngil ko‘tariladi, zavqlanasan kishi. Qanday go‘zal maskan, qanday dilkash odamlar... Xayolga beixtiyor bir fikr keladi: Varganzani ko‘rmabsiz, armonda qolibsiz...

 

Yunus UZOQOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.