Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2018   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30 31 1 2 3 4
16.01.2018

PARTIYANING TA’SIR KUCHI

qanday bo‘lishi yetakchilar va deputatlarga bog‘liq

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zXDP Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar kengashlari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, unda bildirilgan dolzarb fikrlar, ilgari surilgan tashabbus va takliflardan kelib chiqadigan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash masalasi muhokama etildi.

Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi Hotamjon KETMONOV ma’ruza qildi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasini har bir yurtdoshimiz qalbidan mustahkam o‘rin oluvchi va mamlakat ravnaqi yo‘lida samarali mehnat qilishga undovchi keng qamrovli dastur sifatida qabul qilish kerakligini alohida ta’kidladi.

— «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», degan g‘oya bugun faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda, dedi partiya yetakchisi.

— Biz, O‘zbekiston XDP ham davlat boshqaruvi organlari qatorida joylarda mahalliy Kengash deputatlari bilan fuqarolarni qabul qilyapmiz, Jamoatchilik qabulxonalari orqali odamlarga yordam beryapmiz, samarali ishlayapmiz, deb g‘ururlanib yurgan ekanmiz. Bugun barcha ishlarimiz yengil-elpi yo‘lga qo‘yilganligini chuqur tushunib yetyapmiz. Bundan buyon ishga eskicha yondashib bo‘lmaydi.

Murojaatnomada 2017 yil davomida 136 ta qonunchilik tashabbusi bildirilgan bo‘lsa, shundan 27 tasi deputatlarga tegishli ekanligi, ular ham asosan amaldagi qonunlarga Prezident farmon va qarorlaridan kelib chiqadigan o‘zgartirishlar ekani partiya tashkilotlarimiz va deputatlarimizning samarali faoliyat yuritmayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Ayniqsa, parlament hech bo‘lmaganda aniq biron-bir sohani tubdan yaxshilash, rivojlantirishga qaratilgan qonun yoki qonunosti hujjatini ishlab chiqish bo‘yicha ish tashkil eta olmayotgani tanqid ostiga olindi.

Ayni paytda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: bu jarayonda biz qanday ish olib bordik? Faoliyatimizga qay darajada yondashdik? Har bir siyosiy partiya xodimi, deputat o‘zining bir yillik ishini tahlil qilib, tegishli xulosani chiqarsa, kelgusida o‘z faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashib, mehnat qilsa, shuning o‘zi yetarli. Zero, bundan buyon faoliyatimizni tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik prinsiplari asosida olib borishimiz talab etiladi.

Partiyaning shahar va tuman kengashlarida Murojaatnoma asosida o‘quv seminarlar tashkil etish, fraksiya a’zolarining qonun ijodkorligi jarayonidagi faolligini oshirish, qonunchilikka takliflar kiritish bo‘yicha fraksiya va Markaziy Kengash qoshida Axborot-tahlil va tashabbuskorlar guruhini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Shuningdek, ishni talab darajasida tashkil eta olmagan, o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan deputat yoki mahalliy kengashlar faoliyati haqida partiya nashrlarida tanqidiy maqolalar berib borishga yanada ko‘proq e’tibor qaratilishi aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faoliyatini kuchaytirish bilan bog‘liq muhim masalalar ko‘rib chiqildi. Tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

VAQT KUTIB TURMAYDI

Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi rahbari o‘rinbosari:

— Haqiqatan ham qilinayotgan ishlar OAV orqali muntazam yoritilib turishi kerak. Ammo buning uchun yetakchining, deputatning amaliy ishlari, ayta oladigan takliflari, arzirli fikr-mulohazalari bo‘lishi lozim. Qabul qilingan qonunlar, qaror va farmonlar mazmun-mohiyati bo‘yicha kim oxirgi marta partiya nashrlarida esda qolarli chiqish qildi? Qani, kim ayta oladi, qaysi birimiz davlatimiz rahbarining ma’ruzalarida bildirilgan fikr-mulohazalarga arzirli aks-sado bildirdik?..

Agar partiya yetakchisining shaxsiy fikri, odamlarni ergashtirish qobiliyati, salohiyati, obro‘-e’tibori bo‘lmas ekan, partiyaning ta’sir kuchi ham bo‘lmaydi. Shu bois kadrlar masalasiga yanada kuchliroq e’tibor qaratishimiz kerak. Tasodifiy yetakchilardan uzoq bo‘lishimiz lozim. Ishimizga sidqidildan yondashib, hayotiy tashabbuslarni ilgari sursak, amaliy ishlarimizni ko‘paytirsak, odamlar orasida obro‘yimiz ham shunchalik mustahkam bo‘ladi.

 

BIR QADAM OLDINDA BO‘LISHIMIZ KERAK... ORQADA EMAS

Dilbarxon MAMAJONOVA, O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi:

— Xalqimiz davlatimiz rahbarining har bir ma’ruzasi va hududlarga tashrifini ishtiyoq bilan kuzatyapti. «Prezident falon soha rahbarlarini tanqid qildi», «Mirziyoyev yoshlar tarbiyasi haqida gapirdi», «Davlatimiz rahbari mana bunday o‘zgarishlar bo‘lishini aytdi» kabi fikrlar har bir maskanda aks-sado beryapti. Bu nimadan dalolat? Taraqqiyotimizning yangi davri hammamizni fikrimizni erkin bayon etishga va jasoratli bo‘lishga o‘rgatyapti. Bu jasorat bizda islohotlarga bo‘lgan daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirdi, ijtimoiy-siyosiy hayotga bo‘lgan qiziqishimizni oshirdi.

Bugungi siyosiy jarayonlarda aslida biz, siyosiy partiya vakillari bir qadam oldinda yurishimiz, aholi muammolarini ko‘tarib chiqib, ijro hokimiyati oldiga aniq vazifalarni qo‘yishimiz kerak edi. Lekin bugun ana shunday maqsadlarga erisha olayapmizmi, degan savolga javob topishga qiynalamiz. Aksincha, davlat rahbari qabul qilgan farmon va qarorlar izidan yetib ulgurmayapmiz. Qarorlar qabul qilinganda mazkur yo‘nalishda elektorat manfaati bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni ko‘tarib chiqmaganimiz, muammoga hokimiyat, jamoatchilik e’tiborini tortib, bong urmaganimiz haqida o‘ylab ko‘rishimiz kerak emasmi?..

Xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalasida vazifalar belgilab oldik. Bunda ayollarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish, shu orqali oilaga, jamiyatga kerakligini his qildirish asosiy vazifalardan biri, deb o‘ylayman. Chunki farzandlarimizni vatanparvarlik, mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda onaning o‘rni beqiyos.

 

MUDROQ DEPUTATNI HALQ KECHIRMAYDI

Majidxon USMONOV, O‘zbekiston XDP Samarqand viloyat kengashi raisi:

— Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining vakolatlari tubdan kengaytirilmoqda. Xo‘sh, bu jarayonda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining roli, o‘rni qanday bo‘lyapti? Deputatlarimiz yangilanish jarayonida o‘z vakolatlaridan qay yo‘sinda foydalanishayapti? Ularning azmu shijoati zamon talablari darajasidami?.. Afsuski, bu savollarga ijobiy javob berishimiz qiyin. Aksariyat deputatlarimiz bilan aloqamiz uzilib qolgan. Nega deganda ularning hammasi ham qonuniy vakolatlarini to‘la anglab yetmayapti. Deputatlik mas’uliyati, saylovchilar oldida bergan va’dalarini unutib qo‘yishmoqda. Bunga ko‘z yumib bo‘lmaydi. Bu Murojaatnomada ham tanqid ostiga olindi. Biz faoliyatimizni tubdan ko‘rib chiqib, shahar va tuman Kengashlaridagi ta’sir kuchimizni oshirishimiz kerak.

Xususan, mafkuraviy yo‘nalishdagi faoliyatimizni tubdan qayta ko‘rib chiqish lozim, deb hisoblayman. Partiya kengashlari tomonidan tadbirlar haddan ortiq ko‘p tashkil etilmoqda. Ularning hammasi ham yuqori saviyada o‘tkazilyapti, deb bo‘lmaydi. Samarasiz, quruq majlisbozlikdan amaliy ishlarga o‘tishimiz shart. Saylovchilar bizdan faqat yaxshi natijalarni, hayotda yangi o‘zgarish qilishimizni kutmoqda. Bu ishonchni oqlashimiz, elektoratimiz manfaatlarini samarali himoya qilish uchun harakat qilishimiz kerak.

 

Gulruh ODASHBOYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.