Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2017   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 1 2 3
13.05.2017

XONQA TUMAN KENGASHI SESSIYASIDA

aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi

Xalq deputatlari Xonqa tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi rahbari Nigora Abdullayeva deputatlik faoliyatida aholi bilan ko‘proq muloqot qilish, murojaatlarni tinglash, hal etish ishlariga alohida e’tibor qaratib keladi. Bundan bir necha oy oldin uning diqqatini bir masala o‘ziga tortdi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar, ochiq muloqotlar, partiyamiz Jamoatchilik qabulxonalariga bo‘layotgan murojaatlar tahlili hududlarda kommunal sohada kamchiliklar borligini ko‘rsatib turibdi. Ayniqsa, chekka hududlarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash dolzarbligicha qolmoqda.

Deputat ishga kirishdi. Aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolarni aniqlash, ularni bartaraf etish kerak, degan to‘xtamga keldi. Rejasini tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zolariga aytdi. Bu taklifni hamma qo‘llab-quvvatladi va nazorat-tahlil ishlari boshlab yuborildi.

Shu o‘rinda bir masalaga to‘xtalish o‘rinli, deb o‘ylaymiz. O‘zXDP Saylovoldi dasturida aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish borasida muhim vazifalar belgilangan. Shundan kelib chiqib, xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiyamiz guruhlari bu yo‘nalishda nazorat-tahlil ishlarini olib bormoqda. Aholi e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolar sessiyalarda muhokama etilyapti.

O‘zXDP Markaziy Kengashi tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur yo‘nalishdagi masalalar sessiyalarda ko‘rib chiqilgandan so‘ng suv quvurlari va kanalizatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, elektr energiyasi ta’minotini yanada yaxshilash, qishloqlarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha hukumat qarorlari ijrosi, ko‘p qavatli uy-joylarni ta’mirlash ishlarining borishi, yosh oilalarga imtiyozli ipoteka kreditlari ajratishga qaratilgan qarorlar ijrosi keng muhokama etilib, xato va kamchiliklarni bartaraf etishga doir takliflar ishlab chiqilyapti.

Masalan, Xorazm viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash borasida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. So‘nggi yillarda sohada to‘planib qolgan, aholining e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolar mutasaddi tashkilotlar va idoralar ishtirokida bosqichma-bosqich hal etilayapti. Xususan, aholining toza ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida viloyatning Xonqa tumanida bir qator ishlar amalga oshirildi. Yangi quvurlar tortilyapti, aholi yashash punktlari toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda. Eng muhimi, bu sa’y-harakatlar aholi turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.

Tuman Kengashidagi partiyamiz guruhi a’zolari monitoring davomida hududdagi qishloq va mahallalarda bo‘lib, haqiqiy ahvolni o‘rganishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Amudaryo qishlog‘i hududiga 1300 metr uzunlikdagi toza ichimlik suvi quvurlari o‘tkazilgan bo‘lsa-da, lekin hududdagi 900 dan ortiq xonadonning asosiy qismi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan.

Qoraqosh qishlog‘i «G‘ayrat» mahallasi hududida 695 xonadon bo‘lib, bu yerda 4200 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. «Polvon» kanali bo‘yida joylashgan eski suv yetkazib beradigan qurilma bugungi kunda mahalla aholisining faqat 5 foizga yaqin qismini suv bilan ta’minlaydi. Yana bir jihati, bu suv tarmog‘i sanitariya talablariga javob bermaydi. Chunki yer ostidan o‘tkazilgan quvurlar yaroqsiz holga kelib qolgan.

Madir qishlog‘i hududidagi «Do‘stlik» va «Ilg‘or» mahallalarida 11 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Biroq ushbu mahallalardagi 1130 xonadonning toza ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi yaxshi emas. Qishloq aholisi olis masofadan ichimlik suvi tashib kelyapti.

Katta Jirmiz qishlog‘ida 2 ta mahalla bor. «Katta kuch» mahallasida joylashgan «Mirobod» pasyolkasida 60 xonadon bo‘lib, ularning ichimlik suvi ta’minoti yaxshi emas. Qishloqda suv quvurlari yotqizilgan bo‘lsa-da, keyingi 10 yildan ortiq muddatda ushbu tizim ishlamasdan kelmoqda.

2017 yilning 1 yanvaridan qishloq aholisiga viloyat suv tarmoqlari korxonasi tomonidan maxsus avtotransportlarda toza ichimlik suvi keltiriladi.

Tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi bu boradagi muammolar va ularning sabablarini atroflicha o‘rganib chiqdi. Takliflar tayyorladi. Masala Xonqa tuman Kengashi sessiyasi muhokamasiga olib chiqildi.

Sessiyada tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil etilib, muammolar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalar asosida sessiya qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, tuman hokimining iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari zimmasiga tuman aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash uchun davlat byudjetidan ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi yuzasidan tegishli choralarni ko‘rish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, «Tuyamo‘yin-Urganch» mintaqalararo suv quvurlaridan foydalanish boshqarmasining Xonqa tuman bo‘limi boshlig‘iga aholi tomonidan ma’lum qilingan kamchilik va muammolarni bartaraf etish vazifasi topshirildi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, insonlarda uchraydigan kasalliklarning 30 foizi notoza ichimlik suvi iste’mol qilish oqibatida paydo bo‘lar ekan. Shuning o‘ziyoq toza ichimlik suvi hayotimizda naqadar muhim ahamiyatga egaligini ko‘rsatib turibdi. Demak, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb masaladir.

Yaqinda Prezidentimizning «2017-2021 yillarda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini kompleks rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish dasturi to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Ushbu hujjat xalqimiz, ayniqsa, qishloq aholisi uchun yanada qulay va munosib ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish, 2017-2021 yillarda mamlakatimizda ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish, iste’molchilarning barcha hududlarda sifatli ichimlik suvidan foydalanishini ta’minlashda hayotiy ahamiyat kasb etadi.

Barcha darajadagi deputatlar qaror ijrosini ta’minlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratishi, aholi murojaatlarini hal etishga katta mas’uliyat bilan yondashishi talab etiladi.

 

Laziza SHEROVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.



DB query error.
Please try later.