07.03.2017

AYOL — JAMIYATNI HARAKATGA KELTIRUVCHI QUDRATLI KUCH

Bu haqiqat «O‘zbekiston XDPning eng faol ayoli» ko‘rik-tanlovi respublika bosqichida yana bir bora namoyon bo‘ldi

Bugun qay bir sohaga qaramang, xotin-qizlarning faolligi, tashabbuskorligini ko‘rasiz. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish hayotiy ahamiyatga ega. «O‘zbekiston XDPning eng faol ayoli» ko‘rik-tanlovi shu maqsadda o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tanlovda 2015 yildan beri 3 ming nafarga yaqin opa-singillarimiz ishtirok etdi.

Toshkent shahrida 3-4 mart kunlari tanlovning yakuniy — respublika bosqichi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Tanlovning birinchi kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichida g‘olib bo‘lgan 14 nafar ishtirokchi «Qonunlarimiz hayotimiz asosidir», «Siyosiy hozirjavoblik» shartlari bo‘yicha o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.

«Qonunlarimiz hayotimiz asosidir» shartida ishtirokchilar partiyamiz elektorati manfaatlariga daxldor bo‘lgan qonunlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirib berdi. Shu bilan birga, ularni partiya dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirish yuzasidan o‘z takliflarini ham bildirishdi.

«Siyosiy hozirjavoblik» sharti ishtirokchilar uchun ham, auditoriya uchun ham qiziqarli bo‘ldi. Qatnashchilar Konstitutsiyamiz, siyosiy partiyalar faoliyatiga oid qonun hujjatlari, Oliy Majlis palatalari va partiyamiz Saylovoldi dasturi, dunyo tarixidagi mashhur siyosatchi ayollar haqidagi rang-barang savollarga javob berishdi.

Qoraqalpog‘istonlik ishtirokchi Zamira Allaniyazova, xorazmlik Sanobar Bekjonova, sirdaryolik Nozima To‘raqulova savollarga aniq va batafsil javob berdi.

— Davlat va jamiyat boshqaruvini demokratlashtirishda xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish muhim ahamiyatga ega, — deydi andijonlik ishtirokchi Dilnoza Hoshimova. Partiyamizning Saylovoldi dasturida ham xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirish, haq-huquqlarini himoya qilish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan. Partiyamiz tizimida o‘tkazilayotgan mazkur ko‘rik-tanlov ana shu maqsadlarga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

«Siyosiy hozirjavoblik» shartida bunga yana bir bor amin bo‘ldim. Tayyorgarlik jarayonida xotin-qizlar huquqlariga oid ko‘plab qonun hujjatlarini chuqur o‘rgandim. Davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlarning o‘rni va rolini oshirish, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishdim. Shu ma’noda, tanlov bizga katta maktab bo‘ldi, desam, adashmayman.

Tanlovning ikkinchi kuni «Loyiha taqdimoti» sharti o‘tkazildi va g‘oliblar aniqlandi.

Ishtirokchilar birin-ketin o‘z loyihalarining mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi. Har bir loyiha partiyamiz elektorati manfaatlariga qaratilgani, hayotiy masalalar ko‘tarilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda xotin-qizlarni jamiyat hayotiga faol jalb qilishga qaratilgan ko‘plab loyihalar taqdim etildi. Ular amaliyotga tatbiq qilinsa, yuzlab yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

...Hayajonli daqiqalar boshlandi. Hakamlar hay’ati umumiy ballarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, buxorolik Sohiba Fayzullayeva uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin farg‘onalik Sanobar O‘zbekovaga nasib etdi. Toshkent shahri ishtirokchisi Nilufar Sobirjonova eng yuqori ball bilan tanlov g‘olibi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining eng faol ayoli, deb topildi.

Qolgan ishtirokchilar «Eng faol va iqtidorli siyosatchi», «Eng faol huquq bilimdoni», «Eng samarali ijtimoiy loyiha», «Eng yaxshi notiq», «Eng tashabbuskor ishtirokchi» kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

G‘olib va sovrindorlarga O‘zXDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Vafoyev diplom hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi. Barchani 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami bilan qutladi.

Bunday bellashuvlarning ahamiyati kim nechanchi o‘rinni olgani bilan o‘lchanmaydi. Muhimi, tanlovning barcha bosqichlarida mamlakatimiz bo‘ylab yuzlab xotin-qizlarimizning ishtirok etgani, shu orqali bilimi yuksalgani, fikri, dunyoqarashi o‘zgargani, deb o‘ylaymiz.

Qatnashchilar o‘z qarashi, islohotlarga munosabati va mustaqil fikriga ega. Shu bois opa-singillarimizning yurakdan aytgan gaplarini boricha bayon qilamiz.

 

Rahima YO‘LDOSHEVA, (Namangan viloyati):

— Bu yilning Xalq bilan muloqot va inson mafaatlari yili, deb e’lon qilinishi eng avvalo xotin-qizlarni xursand qildi. Chunki joylarda ijtimoiy muammo bo‘lsa, buning asosiy jabrini ayollar tortadi. Elektr energiyasi yoki tabiiy gaz yo‘q bo‘lsa, tibbiy va maishiy xizmatlar yaxshi yo‘lga qo‘yilmasa, bularning barchasi birinchi navbatda ayollarga qiyinchilik tug‘diradi, deb o‘ylayman. Sababi, ayol oilaning yuragi hisoblanadi. Shuning uchun ham muloqotlarda opa-singillarimizni o‘ylantirib kelayotgan savollar berilyapti, masalalar hal etilyapti.

To‘g‘risini aytish kerak, tumanimiz hokimi, huquq-tartibot idoralari rahbarlarini deyarli tanimas edik. Ularga biror-bir muammoni aytish, yuzma-yuz muloqot qilishning imkoni borligiga ishonmasdik. Ular xalqdan uzoqroqdek tuyulardi. Endilikda nafaqat tuman rahbarlari, balki parlament a’zolari ham biz bilan muloqotga kirishyapti. Avvallari hokimiyat binosiga ozchilik odamni yig‘ib, asosan byudjet tashkilotida ishlaydiganlar bilan uchrashuv o‘tkazilar edi. Uy bekalari, oddiy kishilar dardini tinglaydigan odam topolmay qiynalardi. Hozir esa uyma-uy yurib, ularni eshitishyapti. Bu katta ahamiyatga ega.

Deputatlar tomorqamiz bilan tanishishdi va bizni qiynayotgan muammolar bilan qiziqishdi. Hujjatlarni rasmiylashtirishdagi ovoragarchilik, ta’magirlik holatlariga duch kelayotganimizni aytdik. Xullas, ko‘plab murojaatlarimizni hal etishga yordam berishdi. Ana shunda muloqotlar naqadar zarur ekanini tushundim. Tanlov davomida yurtimizning barcha hududlaridan kelgan opa-singillarimizning ham shu fikrda ekanini eshitib, xursand bo‘ldim.

 

Nilufar SOBIRJONOVA, «O‘zXDPning eng faol ayoli» ko‘rik tanlovi g‘olibi (Toshkent shahri):

— To‘g‘risi, juda hayajondaman. Sahnada g‘olib bo‘lganim e’lon qilinganda, xayolimdan tanlovga tayyorlanish jarayonlari birma-bir o‘tdi. Har kuni siyosiy partiya vakillari, deputatlar bilan hamfikr bo‘ldim. Bilmaganlarimni so‘rab o‘rgandim, partiya faoli sifatida ular bilan yelkama-elka turib ishladim. Siyosiy bilimim mustahkamlandi, xotin-qizlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish yuzasidan takliflar ishlab chiqdim. Bugun bularning barchasi menga asqotdi.

Men o‘qituvchiman. Nafaqat farzandimning tarbiyasi uchun, balki o‘quvchilarim, mahalla-ko‘y oldida ham mas’ulman. Kollejimiz o‘quvchilarining aksariyat qismini qizlar tashkil etadi. Kelajakda ular kasb-hunar egallab, jamiyatning faol a’zosi bo‘lishi uchun biz har tomonlama o‘rnak, namuna bo‘lishimiz kerak. Bunday tanlovlarga opa-singillarimizni ko‘proq jalb qilsak, ularning faolligini oshirishga katta hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

 

Saida KARIMOVA, (Surxondaryo viloyati):

— Tanlovda qatnashishdan oldin menda ham ikkilanish, hadik bor edi. «Nima qilasan? Qo‘y shu tanlovingni...» deguvchilar ham bo‘ldi. Lekin men omadimni sinab ko‘rishga qaror qildim va bundan mamnunman.

Xotin-qizlarning vazifasi bola tarbiyasi, uy yumushlaridan iborat, deb o‘ylaydigan odam yanglishadi. Ayol kishining ham o‘z orzu-umidlari bor. Ularni qadrlash, jamiyatning faol a’zosiga aylantirish muhim ahamiyaga ega.

Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tmoqchiman. Bugun har bir oila yosh qizlarga va kelinlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishi, bilmaganini o‘rgatishi, madadkor bo‘lishi kerak. Shunda ular hayotdan rozi bo‘lib, orzu-havaslari uchun intilib yashaydi. O‘zimning misolimda aytadigan bo‘lsam, bugun oilamga moddiy va ma’naviy jihatdan ko‘mak beryapman. Farzandlarimning kelajagi uchun g‘amxo‘rlik qilyapman. Oilada o‘z fikrim, o‘z o‘rnim bor. Imkon topib, har bir ayol hunarli bo‘lib, ishlagani ma’qul. Ana shunda oilalar yanada mustahkam bo‘ladi.

 

Sanobar QIPCHAQOVA, (Samarqand viloyati):

— Tanlovga tayyorgarlik jarayonida do‘stu dugonalar orttirganimdan xursandman.

Parrandachilik bilan shug‘ullanish loyihasini ishlab chiqdim. Qonunlarni sharhlash va taklif berish uchun pensiya jamg‘armasi mutaxassislari bilan hamkorlikda ishladim. Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risidagi qonunni atroflicha o‘rganib chiqdim. Aholini qiynayotgan muammolar bilan qiziqdim. Ma’lumotlarga ko‘ra, qonunning 32- va 37- moddalari bo‘yicha fuqarolardan bir yilda 1847 murojaat tushgan. O‘rganganlarimdan kelib chiqib, takliflar tayyorladim.

Oilamga kelsak, uch nafar farzandim bor. Ularning yutuqlaridan quvonaman. Bir yilning o‘zida o‘g‘lim Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi va «Kamolot» stipendiyasini qo‘lga kiritdi. Baxtli onaman, desam yanglishmayman.

Inson hayotda o‘z yo‘lini topishi uchun unda bilim yetarli bo‘lishi lozim. Ko‘rik-tanlov respublika ayollarining yanada faollashuviga xizmat qilmoqda. Odam siyosiy-huquqiy bilimga ega bo‘lsa, hayotda muammolarni hal etish yo‘lini topa oladi, degan qat’iy xulosaga keldim. Buning uchun tanlov tashkilotchilariga rahmat. Ushbu tashabbusni qarindoshlarim, qo‘ni-qo‘shnilar orasida ham targ‘ib qilaman, ularni faol bo‘lishga undayman.

 

Sohiba FAYZULLAYEVA, «O‘zXDPning eng faol ayoli» ko‘rik tanlovi uchinchi o‘rin sohibasi (Buxoro viloyati):

— To‘g‘risini aytsam, tanlovga kelishdan avval rosa o‘ylandim. Birinchidan, uyimdan, farzandlarimdan olisda bo‘lmaganman. Undan keyin, oila a’zolarimning fikri qanday bo‘larkin, degan xavotirda edim. Bu yerga kelib, hecham afsuslanmadim. Tanlovda ko‘rganlarim, o‘rganganlarim o‘zgacha bir olamdek tuyuldi.

Masalan, tanlovga tayyorlanish jarayonida ko‘plab siyosiy adabiyotlarni o‘qidim, siyosiy partiyalar nashrlarini muntazam kuzatib bordim. Aytish mumkinki, hayotga qarashim o‘zgardi.

Ayollar biror narsani maqsad qilsa, biror ishga qo‘l ursa, uning oila a’zolari, turmush o‘rtog‘i qo‘llab-quvvatlasa, olam guliston bo‘lar ekan, degan xulosaga keldim. Istagim, barcha erkaklar o‘z ayoliga har ishda madadkor, yelkadosh bo‘lsin. Ana shunda ayollar baxtli bo‘ladi, jamiyat yanada taraqqiy etadi.

Menga qolsa, tanlovning har bir ishtirokchisini g‘olib, deb atagan bo‘lardim. Chunki ularda o‘z ustida ishlash, izlanish va iqtidorini namoyish etishga iroda mujassam. Tanlovda o‘rganganlarimiz o‘zimizga bo‘lgan ishonchni oshirdi.

 

Inobat SHOMURODOVA, (Qashqadaryo viloyati):

— Yurtimizda tadbirkorlikka katta imkoniyatlar berilayotganini uy bekalari ham yaxshi his qilmoqda. Tanlovda yodga to‘yintirilgan non ishlab chiqarish sexi loyihasini amalga oshirish g‘oyasi bilan chiqdim. Bu loyiha ham sifatli, ham arzon mahsulotlar bilan bozorlarimizni to‘ldirishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman. Mahallamiz ayollarini ish bilan ta’minlashni niyat qildim. Loyihamni amalga oshirishga qattiq bel bog‘ladim.

Barcha ishlarimga ulgurishimda, oldinga intilishimda oila a’zolarimning o‘rni beqiyos. Poytaxtga kelib, mana shunday tanlovlarda qatnashishimda qaynonamning hissasi katta. Ular doim meni qo‘llab-quvvatlaydi, sharoit yaratib beradi. Bilimli kishi xor bo‘lmaydi, deb ko‘p ta’kidlaydi. Farzandlarimning ham oldingi saflarda bo‘lishini istaydi. Qizim ingliz tili, o‘g‘lim karate va shaxmat to‘garagiga qatnaydi. O‘tgan yili oromgohda o‘tkazilgan shaxmat musobaqasida g‘olib bo‘ldi. Buni ko‘rgan qo‘shnilarim ham o‘z farzandlarini to‘garaklarga yuboryapti.

 

Gulshan ASATOVA, O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri:

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz tarkibida 5 nafar, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlarimiz tarkibida esa 450 nafarga yaqin deputat ayol faoliyat yuritmoqda. Partiyamiz a’zolarining 203 mingdan ziyodi xotin-qizlar bo‘lsa, ularning 300 nafardan ortig‘i hududiy tashkilotlarda turli lavozimlarda ishlab kelyapti. Bu esa qonun loyihalarini takomillashtirishda, xalq bilan muloqot o‘rnatishda, muammolarni hal qilishda ayollar ham faol ishtirok etayotganini bildiradi.

Ayni paytda deputatlar, faol ayollar joylarda aholi vakillari bilan uchrashib, ularning dardiga quloq tutmoqda. Ayollarni qo‘llab-quvvatlash, faollikka undash, ularni o‘ylantirayotgan muammolarni birgalikda hal qilish dolzarb masala hisoblanadi. Mazkur tanlov barchamizni ana shu ishga rag‘batlantiradi, deb ishonaman.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: