07.01.2017

ELEKTORAT VAKILLARI BILAN OCHIQ MULOQOTLAR

Elektorat manfaatlarini samarali himoya qilishda boshlang‘ich partiya tashkilotlari muhim o‘rin tutadi. Ularning faoliyatini kuchaytirish partiya dasturiy maqsadlariga erishishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublika, tuman va shahar kengashlarida 617 boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ularning zimmasiga yuklanayotgan vazifalar ko‘lami keng, albatta.

Mahalliy partiya kengashlarining boshlang‘ich tashkilotlar bilan aloqasini kuchaytirish, deputatlar ko‘magida ularning muammolarini hal etish bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Quyi bo‘g‘inlar faoliyati tahliliy o‘rganilib, ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga jiddiy e’tibor berilmoqda. Eng muhimi, mahalliy partiya kengashlari boshlang‘ich tashkilotlar ishini tizimli tashkil etish, yetakchilar salohiyatini oshirish borasida aniq natijalarga erishyapti.

Xususan, joriy yildan «Xalq bilan muloqot qilishda boshlang‘ich partiya tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirish» mavzusida tajriba almashish seminarlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Shu kungacha Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi, Toshkent agrar universiteti Nukus filialidagi boshlang‘ich tashkilotlarda, «Havo yo‘llari», «Aq jag‘ûs» ovul fuqarolar yig‘inlaridagi hududiy partiya tashkilotlarida ana shunday seminarlar tashkil etildi.

Muloqotlarda O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi mas’ul xodimlari, Nukus shahar va tuman partiya kengashlari raislari, boshlang‘ich tashkilotlar yetakchilari, «Targ‘ibotchilar guruhi» a’zolari, partiya faollari ishtirok etdi.

Tadbirlar davomida qatnashchilar boshlang‘ich partiya tashkilotlarining ishi bilan yaqindan tanishishdi. A’zolar murojaatlarini hal etish yuzasidan qilingan ishlar bo‘yicha axborotlar tinglandi, partiya a’zoligiga qabul qilish jarayonlari haqida ma’lumotlar berildi. Odamlar bilan erkin suhbatlar uyushtirildi.

— Boshlang‘ich tashkilotimiz o‘tgan yili tashkil etilgan edi. Bugungi kunda safimizda 10 nafar a’zomiz bor, — deydi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyidagi boshlang‘ich tashkilot yetakchisi Bibisara Yusupova. — Qisqa vaqt mobaynida Nukus shahar kengashining yordami asosida tashkilotning ishi samarali yo‘lga qo‘yildi. Elektoratning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, partiya dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish masalalariga alohida e’tibor qaratayapmiz.

Haftaning belgilangan kunida shahar partiya kengashi xodimlarini, deputatlarni izlasangiz, boshlang‘ich tashkilotlardan topasiz. Partiya faollari bevosita quyi bo‘g‘inga borib, yetakchilar faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida ularga uslubiy, amaliy yordam ko‘rsatishadi. Shu bilan bir qatorda, ularning malakasini oshirishga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkazishadi.

— Boshlang‘ich partiya tashkilotiga faqatgina a’zolarni birlashtiruvchi, a’zolik badallarini to‘plovchi, tadbirlarni tashkil etuvchi tuzilma deb qaramasdan, balki unga partiyaning g‘oyalari, maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqaradigan asosiy bo‘g‘in sifatida munosabatda bo‘lishimiz zarur, — deydi «Havo yo‘llari» ovul fuqarolar yig‘inidagi hududiy partiya tashkiloti yetakchisi Altingul Saparniyozova. — Boshlang‘ich tashkilotimizda 26 nafar a’zomiz bor. Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi deputati Abadan Ansatbayeva bilan birga murojaatlarni hal etib kelyapmiz. Yaqinda oliy o‘quv yurtida o‘qiyotgan talabaga ta’lim kreditini olib berishga yordam ko‘rsatdik.

Albatta, qayerda partiya faollari sidqidildan, jonkuyarlik bilan harakat qilsa, muvaffaqiyatlar mustahkamlanadi. Elektorat ishonchi oqlanadi. Shu ma’noda, boshlang‘ich tashkilotlar elektorat manfaatlariga xizmat qiladigan takliflar bilan chiqishi, mahalliy partiya kengashlari, deputatlar ushbu takliflarni ro‘yobga chiqarish choralarini ko‘rishi zarur bo‘ladi. Buning uchun quyi bo‘g‘in yetakchisi, a’zolari izlanish va intilishdan to‘xtamasligi kerak.

 

Reyimboy YESHIMBETOV,

Mnajatdin QUTLIMURATOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.



DB query error.
Please try later.