Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
28.03.2013

SUV RESURSLARIDAN TEJAMLI FOYDALANISH HAYOTIY ZARURIYAT

O‘zbekiston mustaqillik yillarida:

— Foydalanilayotgan suvning umumiy miqdori o‘tgan asrning 80 yillariga nisbatan yiliga 64 mlrd/ m3dan o‘rtacha 51 mlrd/ m3 (o‘rtadagi farq — 13 mlrd. metr kub)gacha kamaytirildi;

— Istiqlolgacha bo‘lgan davrda 1 gektar sug‘oriladigan maydonga 10-11 ming metr kub suv ishlatilgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 6-7 ming metr kubni tashkil etadi;

— Jami sug‘oriladigan 4,3 mln. gektar yer maydonini suv resurslari bilan ta’minlashda 180 ming km sug‘orish tarmoqlari, 160 ming dona suv xo‘jaligi inshootlari, shu jumladan 800 dan ortiq yirik gidrotexnik inshootlar, umumiy haj­mi 19,2 mlrd/m3 bo‘lgan 55 ta suv omborlari, yillik elektr energiyasining umumiy sarfi 8,2 mlrd.kVt quvvatga teng 1614 ta nasos stansiyalari, 4124 ta tik sug‘orish quduqlari faoliyat ko‘rsatmoqda;

— O‘tgan asrning 80-90-yillarida 4,0 mln. gektar umumiy sug‘oriladigan yerlardan 2,0 mln. gektari (50 foizi) da paxta yetishtirilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 1,2 mln. gektarni yoki jami sug‘oriladigan maydonlarning 30 foizini tashkil etadi;

— Sholi maydonlari 180 ming gektardan 40 ming gektargacha kamaytirildi. Sug‘oriladigan yerlarning boshqa qismini suvni kam talab qiladigan va inson yashashi uchun zarur bo‘lgan boshoqli don, sabzavot-poliz va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari egalladi;

— Suv resurslarini ma’muriy boshqaruv tamoyilidan havzaviy boshqaruv tamoyiliga o‘tkazilishi suvni samarali boshqarish va adolatli taqsimlash imkonini berdi. Hozirda 10 ta irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari, 63 ta irrigatsiya tizimlari va magistral kanallari boshqarmalari faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, dehqon va fermer xo‘jaliklari o‘rtasida suv munosabatlarini tartibga soluvchi 1501 ta Suv iste’molchilari uyushmalari tashkil etildi.

Suv, bu – hayot,  taraqqiyot

Azaldan ota-bobolarimiz suvni muqaddas ne’mat bilib, uning har tomchisidan samarali va tejamli foydalanishgan. Chunki, suv resurslarining miqdori va sifati jamiyatning bar­qaror ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishini belgilaydigan muhim omillardan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan ham mamlakatimiz taraqqiyotida suv resurslari alohida o‘rin tutadi.

Ma’lumki, respublikamiz hududida 11,47 km3 miqdorda ichki suv resurslari shakllanib, shundan 4,82 km3 – Amudaryo havzasiga, 6,65 km3 – Sirdaryo havzasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 80 foizdan ortig‘i esa, transchegaraviy suv resurslari hisobiga to‘ldiriladi.

Umuman, mamlakatimiz iqtisodiyotida jami ishlatilayotgan suvlarning 88 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi, qolgani – maishiy xizmat ko‘rsatish sohasi – 8 foiz, energetika – 1,5 foiz, sanoat – 2 foiz, baliqchilik– 0,5 foizni tashkil etadi.

Bunday holat o‘z-o‘zidan mavjud suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xo‘jaligi inshootlari texnik holatini yaxshilash va ularni modernizatsiya qilish, suvni tejash texnologiyalarini keng ko‘lamda joriy etish, suv xo‘jaligi tashkilotlarining texnik bazasini mustahkamlash, suv iste’molchilari uyushmalari faoliyatini yanada yaxshilash, soha mutaxassislarining malakasini oshirishga qaratilgan islohotlarni taqozo etadi. Bu vazifalarni amalga oshirish uchun tegishli huquqiy asoslar yaratilishi zarur bo‘ladi.

HuQuQiy asoslar va maxsus dasturlar

2009 yilda O‘zbekiston Respublikasining «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida»gi qonuniga suvdan foydalanuvchilar va suv iste’molchilarining majburiyatlarini yanada oshirish, ularning huquqiy maqomlari, vazifalarini aniq belgilashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ayni paytda Suv Kodeksi lo­yihasi ishlab chiqilmoqda.

 Suv xo‘jaligi inshootlarini zamonaviylashtirishga davlat byudjetidan juda katta mablag‘ ajratilayotgani hech kimga sir emas. Respublika bo‘yicha har yili o‘n minglab kilometr magistral kanallar, sug‘orish va nov tarmoqlari, qanchalab gidrotexnik inshootlar va gidropostlar tozalanadi va ta’mirlanadi, texnik holati yaxshilanadi. Natijada, suvni tezkor boshqarish va iste’molchilarga o‘z vaqtida kafolatli yetkazib berish imkoniyati yaratilib, sug‘orish tarmoqlaridagi texnik va filtratsiyaga yo‘qolishlar sezilarli darajada kamayadi.

2007 yilda Prezidentimizning Farmoniga ko‘ra, sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Jamg‘armasi tashkil etilishi, 2008-2012 yillarga mo‘ljallangan Davlat Dasturining qabul qilinishi, bu boradagi ishlar sifatini yangi bosqichga ko‘tardi. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra,­ ­Jam­g‘arma tomonidan 2008-2012 yillarda birgina kollektor-drenaj tarmoqlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ta’mirlash-tiklash ishlariga jami 750 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan. Ush­bu mablag‘ 3,56 ming km kol­lektor-drenaj tarmoqlari, 143 dona meliorativ nasos stansiyalari, 797 dona vertikal drenaj quduqlarini rekonstruksiya qilish va qurish ishlariga, shuningdek, minglab kilometr zovur-drenaj tarmoqlarini ta’mirlash va tiklash ishlariga, 1500 ga yaqin zamonaviy, yuqori unumli meliorativ texnika va mexanizmlarni olib kelishga sarflangan.

Eng asosiysi, mablag‘larning maqsadli yo‘naltirilishi natijasida, 20-30 yildan buyon rejalashtirilayotgan bir qator yirik meliorativ ob’ektlar qurilishi tugallanib, ishga tushirildi. Sug‘oriladigan maydonlarning meliorativ holati yaxshilandi, kuchli va o‘rtacha sho‘rlangan maydonlar hajmi kamaydi, yer osti sizot suvlari maqbul sathga tushirildi, o‘rtacha hosildorlik paxtada 3-4, g‘allada 4-5 sentnergacha ko‘­paydi.

Suvni tejaydigan texnolo­giya­larning joriy qilinishi natijasida so‘nggi yillarda 6,0 ming gektar maydonga tomchilatib sug‘orish tizimi qurilib muvaffaqiyatli ishlatilib kelinmoqda. Egatga plyonka to‘shab va ko‘chma egiluvchan quvurlar yordamida sug‘orish texnologiyasi 3,0 ming gektarga yaqin maydonda qo‘llanilmoqda. Uning asosiy qismi paxta maydonlaridir.

Hukumatimiz tomonidan 2013-2017 yillarda qo‘shimcha 25 ming gektarda, shu jumladan yangidan barpo etiladigan bog‘-tokzorlar, sabzavot-poliz ekinlari yetishtiriladigan yerlarda to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimini joriy qilish rejalashtirilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, bu borada amalga oshirilgan yangilanishlar mohiyati suv resurs­lari bilan bog‘liq butun jab­hani modernizatsiya qilish or­qali dunyo taraqqiyotiga uyg‘unlashuvi bilan izohlanadi. Bunda xorijiy investitsiyalarni jalb etish muhim ahamiyat kasb etadi.

Chet el investitsiyalarini jalb etish

Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, sug‘orish va zax qochirish tizimlarini ta’mirlash-tiklash, suv xo‘jaligi inshootlari hamda nasos stansiyalarni modernizatsiya qilishda sohaga Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Saudiya rivojlanish fondi, OPEK fondi, Quvayt fondi, Xitoy Xalq Respublikasi Eksimbanki, Yaponiya, Shveytsariya, Germaniya kabi davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar va agentliklarning investitsiyalari keng jalb etilmoqda. Oxirgi 10 yilda soha tizimini texnik va texnologik qayta qurish, yangilash uchun umumiy qiymati 1,2 mlrd. dollardan ortiq bo‘lgan 20 dan ortiq investitsion loyihalar amalga oshirildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Irrigatsiya va Drenaj bo‘yicha Xalqaro Qo‘mita, Butunjahon Suv Kengashi, Suv Resurslarini Rivojlantirish va Boshqarish bo‘yicha Islom Davlatlar­aro Tarmog‘i, Yirik to‘g‘onlar bo‘yicha Xalqaro Komissiya kabi xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a’zosi hisoblanadi. Bugun ushbu uzviy va izchil xalq­aro hamkorligimiz tufayli suv resurslaridan samarali foydalanishdek o‘ziga xos tajribamiz jahon hamjamiyati tomonidan global suv xo‘jaligi siyosatining shakllanishida qo‘llanilmoqda.

2011 yilning may oyida Toshkent shahrida Butunjahon Suv Kengashi bilan hamkorlikda «6-chi Umumjahon Suv Forumi sari – suv xavfsizligi yo‘nalishidagi hamkorlik harakatlari» mavzusidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etgan 32 mamlakat va 20 dan ortiq xalqaro nufuzli tashkilotlardan 400ga yaqin ekspertlar, olimlar va suv xo‘jaligi sohasidagi yetakchi mutaxassislar tomonidan O‘zbekistonning transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish borasida tutgan pozi­tsiya­si juda to‘g‘ri ekanligi yana bir bor e’tirof etildi.

Transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish holati

Afsuski, asosiy suv resurslarimiz transchegaraviy bo‘lgan Amudaryo va Sirdaryo daryolarining zimmasiga to‘g‘ri kelishi va ularning yuqori oqimida joylashgan qo‘shni davlatlarning suvni boshqarishdagi bir tomonlama xatti-harakatlari respublikamiz suv ta’minotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, Tojikistonda va Qirg‘izistonda qurilgan To‘xtagul, Nurek va Qayroqum yirik suv omborlarining irrigatsiya rejimidan energetik rejimga o‘tkazilishi daryolar suv oqimining o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.

– Ma’lumki, bunday GESlar energetik rejimda ishlaganda, yoz oyida daryo suvlari suv omborida ushlanib qolinadi, qish faslida esa, elektr manbaini ishlab chiqarish uchun yig‘ilgan suv chiqarib yuboriladi. Natijada, qish oylarida oqim bo‘y­lab pastda joylashgan mamlakatimizning ayrim hududlarini suv bosishi xavfi tug‘ilsa, yoz mavsumida sun’iy suv taqchilligi yuzaga keladi. – deydi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligining suv resurslari balansi va suvni tejaydigan texnologiyalarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Vohidjon Ahmadjonov. — Qo‘shni davlatlarning suv omborlarini energetik rejimda ishlashini qu­yidagi misollarda aniq ko‘rishimiz mumkin. Sirdaryo havzasi bo‘yicha: To‘xtagul suv ombori Norin dar­yo­sida joylashgan bo‘lib, 19,5 mlrd.m3 umumiy suv sig‘imiga ega. Bu, mazkur suv omborining suv sig‘imi Norin daryosining yillik oqimidan 1,5 baravar ortiq, degani.

To‘xtagul suv ombori avvallari irrigatsion rejimda ishlagan: suv omboridan suv chiqarish sug‘orish mavsumida, ya’ni yoz oylarida 73 foiz (8,5 mlrd.m3), kuz va qish oylarida esa 27 foiz (3,2 mlrd.m3) ni tashkil qilib, daryoning tabiiy rejimiga to‘la mos kelgan. Biroq 1992 yildan boshlab, Qirg‘iziston hukumati bir tomonlama, ya’ni hech kim bilan kelishmagan holda To‘xtagul suv omborining ishlashini energetik rejimga o‘zgartirdi. Natijada, sug‘orish mavsumida suv omboriga tabiiy ravishda o‘rtacha 9,4 mlrd.m3 suv kelgan bo‘lsa, suv omboridan bor-yo‘g‘i, 5,3 mlrd.m3 suv chiqarilgan! Qish oylarida esa aksincha, suv ­omboriga suv kelishi 3,2 mlrd.m3ni tashkil etgani holda suv omboridan 8,2 mlrd.m3 suv chiqarilgan. Oqibatda daryoning quyi qismida joylashgan O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlari sug‘orish mavsumida 5,0 mlrd.m3 kam suv olmoqda. Bu, agar yanayam aniqroq aytadigan bo‘lsak, Farg‘ona vodiysi viloyatlari, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari va Toshkent viloyatining Bekobod tumanlari, qo‘shni Qozog‘istonning bir qator tumanlari suv ta’minotiga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shunday qilib, suv omboridan sutkalik suv chiqarilishidagi keskin o‘zgarishlar natijasida kanallar qirg‘oqlari yuvilib, beton qoplamalari yemirilishiga, suvdan samarali foydalanish darajasining pasayishiga, oxir-oqibat davlatlararo suv ta’minoti bilan bog‘liq mavjud vaziyatning yanada taranglashuviga sabab bo‘lmoqda.

Amudaryo havzasi bo‘yicha: Nurek suv ombori Vaxsh daryosida joylashgan. Umumiy suv sig‘imi 10,5 mlrd.m3 To‘g‘on balandligi esa 300 metrni tashkil etib, dunyodagi eng baland to‘g‘on hisoblanadi. Vaxsh daryosi suv resurslarining tabiiy rejimi irrigatsion maqsadlarda ishlatilishiga mos keladi.

Shunga qaramasdan, 1992 yillardan boshlab Nurek GESi suv ombori bilan birgalikda to‘liq energetik rejimda ishlay boshladi. Suv ombori yozda to‘la hajm­gacha suv to‘plab, qishda barcha suv chiqarib yuboriladi. Masalan, suv kam bo‘lgan 2011 yilning yoz davrini eslaylik. Amudaryoning quyi qismida qattiq suv tanqisligi yuzaga kelib, hatto chorva mollarini suv bilan ta’minlashda katta qiyinchilik tug‘ildi. Vaholanki, bu paytda Nurek suv omborida 4,5 mlrd.m3 suv ushlanib qolindi. Bu bilan O‘zbekiston va Turk­maniston uchun keladigan dar­yoning suvi shuncha miqdorga sun’iy ravishda kamaytirildi! Shu tariqa, yuqoridagi ikki davlatning sug‘orish mavsumida Amudaryodan har yili 4,0-4,5 mlrd.m3 kam suv olmoqda.

– Albatta, daryolarning tabiiy holatini sun’iy rejimga o‘zgartirish, nafaqat qishloq xo‘jaligiga, balki respublika aholisini suv bilan ta’minlashga, suv bilan bog‘liq bo‘lgan atrof muhitga qattiq salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi tabiatni muhofaza qilish davlat ko‘mitasining yer va suv nazorati bosh bosh­q­armasi boshlig‘i o‘rinbosari Nu’monjon Shokirov. – Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, daryoda yozgi oqim va suv sathining keskin o‘zgarishi ekotizimning izdan chiqishiga, chunonchi, daryoning quyi oqimida mavjud ko‘plab baliq turlarini yo‘qolib ketishiga ham olib kelmoqda. Bunday holat suv taqchil bo‘lgan 2000, 2001, 2008 yillarning vegetatsiya mavsumida ham yaqqol kuzatilgan.

Yirik GES va suv omborlarini qurish bilan bog‘liq
masalalar

Transchegaraviy daryolar hisoblangan Amudaryo va Sirdaryoning yuqori oqimlarida yirik gidroenergetik ob’ektlarning qurilishi, Osiyo mintaqasida shundoq ham o‘ta nozik bo‘lgan ekologik vaziyatni va suv ta’minotidagi muvozanatni buzib, ekologik inqirozni, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Prezidentimizning 2010 yil 20 sentyabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMTning «Ming yillik rivojlanish maqsadlari»ga bag‘ishlangan yig‘ilishida bu mavzuda g‘oyat tashvishlanib qilgan nutqi ko‘pchiligimizning yodimizda. Bu bejiz emas. Chunki, yirik gidroenergetik inshootlarning seysmik yuqori bo‘lgan zonalarda qurilishi kelgusida texnogen avariyalar natijasida misli ko‘rilmagan halokatlarni keltirib chiqarishi ehtimoldan holi emas. O‘tgan yillarda minglab insonlarning halokatiga sabab bo‘lgan Yaponiyaning Fukusima AESida, Rossiyaning Sayano-Shushensk GESidagi texnogen avariyalar yoki Xitoyning Xenan provinsiyasidagi Bantsyao va Shimantan suv omborlarining buzilishi oqibatida yuzaga kelgan ayanchli va o‘ta og‘ir vaziyatlar bunga yaqqol misoldir.

Qo‘shni davlatlar manfaatlariga xizmat qilishiga qaratilgan transchegaraviy suv resurs­larining tabiiy oqimi va rejimini o‘zgartirishga doir xatti-harakatlar nafaqat xalqaro suv huquqlarining me’yorlariga zid, balki insonlarga va tabiatga nisbatan bo‘lgan umum­insoniy tamoyillarga ham qarama-qarshidir. Shu o‘rinda qator savollar tug‘iladi: nimaga asoslanib transchegaraviy dar­yolarning tabiiy gidrologik rejimi o‘zgartiriladi? Sun’iy ravishda hosil qilingan suv tan­qisligi hamda aholi punktlari, ekin va chorva mollari maydonlari suv bosishining zararini kim qoplaydi?

Shubhasiz, dunyo hamjamiyati tomonidan transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish borasida ishlab chiqilgan va qabul qilingan xalqaro hujjatlar bu savollarga javob berishi mumkin.

2007 yildan buyon O‘zbekiston BMT doirasida qabul qilingan «Transchegaraviy suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida»gi hamda «Xalqaro suv oqimlaridan kema qatnovisiz foydalanish huquqlari to‘g‘risida»gi konvensiyalarga a’zo bo‘lgan. Ushbu hujjatlarda barcha davlatlarning manfaatlari birdek hisobga olingan bo‘lib, uning asosiy ta­moyil­laridan biri, bu transchegaraviy suv resurslaridan adolatli va oqilona foydalanish hamda qo‘shni davlatlarga «zarar yetkazmaslik» hisoblanadi.

Ushbulardan kelib chiqib, shuni ta’kidlash lozimki, O‘rta Osiyo davlatlari o‘rtasida transchegaraviy suv oqimlaridan foydalanish mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlarini hi­sobga olgan holda, xalq­aro huquq me’yorlari va konvensiyalarning tamoyillari asosida tashkil etilishi, transchegaraviy daryolarda yirik inshootlar qurilishi, albatta xal­qaro xolis ekologik va texnik ekspertizadan o‘tkazilishi hamda qo‘shni davlatlar bilan kelishilgan holdagina amalga oshirilishi, aholi sonining keskin sur’atlar bilan oshishi, ehtiyojlarning kun sa­yin ortishi hamda iqlim o‘zgarishining ta’siri natijasida suv resurslarining yildan yilga kamayib ketayotganini hisobga olib, suv resurslari birinchi navbatda, ichimlik va sanitariya maqsadlariga, so‘ng qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishga va ekologik holatni bar­qa­ror­lashtirishga va shundan keyin boshqa ehtiyojlarga berilishi kerak.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligida o‘tkazilgan Matbuot konferensiyasi ham aynan ushbu masala yuzasidan respublikada amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qilish, uning mazmun va mohiyatini OAVlari orqali keng jamoatchilikka yetkazish maqsadiga qaratildi. Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi suv resurs­laridan foydalanish borasida xalqaro huquq me’yorlari asosidagi o‘zaro hamkorlik tarafdori bo‘lib, o‘zining barcha e’tibori va say’-harakatini umumbashariy manfaatlar bilan bog‘liq masalalarda umuminsoniy qadriyatlardan kelib chiqishni oqlaydi va bundan ke­yin ham shu tamoyilga sodiq qoladi.

Obiddin MAHMUDOV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: