O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
23.02.2013

ASTEROID YER BILAN SALOMLASHIB OTIB KETDI

Joriy yilning 15 fevralida asteriodlardan birining yer shariga yaqin nuqtadan o‘tib ketgani va kutilmaganda Rossiyaning Chelyabinsk oblastiga tushgan meteorit dunyo sir-sinoatga to‘laligini, insoniyat tabiat oldida hali-hanuz ojiz ekanligini yana bir bor namoyon qildi.

Bir kunda sodir bo‘lgan yuqoridagi ikki hodisa tafsilotlari, ularning bir-biriga bog‘liq yoki bog‘liq emasligi, bizning hududimizda ham meteorit tushishi hodisasi kuzatilgan-kuzatilmaganligi ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. Yuqoridagi kabi savollarga aniqlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining

Astronomiya instituti ilmiy xodimi Kamoliddin ERGASHEVga murojaat qildik.

— Bunday tabiat hodisasi kam uchraydi. Gap shundaki, yer atmosferasiga meteorlar sekundiga 15 — 70 kilometr tezlik bilan kirib keladi. Taqqoslash uchun: 100 kilometr soat tezlikda harakatlanayotgan avtomobilning tezligini kilometr sekundlarga o‘tkazsak, u taxminan 0,03 kilometr sekundga teng bo‘ladi. Meteorlar yer atmosferasiga kirishlari bilan fan tilida nomi o‘zgaradi, ya’ni avval «bolid», agar u yerga tushsa «meteorit» nomi bilan ataladi. Yer shari atmosferasiga yiliga minglab turli o‘lchamdagi meteorlar kirib keladi va faqatgina juda oz qismi yerga tushadi. Odatda meteorit-bolitlar okean va kimsasiz cho‘l yoki quruqliklarga tushadi. Aholi yashash joylarida bu holat deyarli kuzatilmaydi.

Chelyabinsk yaqinida meteorit-bolid kosmosdan yer atmosferasiga kirib, portlash natijasida parchalanib ketdi. Meteoritning portlash markazi yer sathidan taxminan 20-25 km balandlikda hamda Chelyabinskdan 80 km g‘arbroqda sodir bo‘ldi. So‘nggi hisob-kitoblarga qaraganda meteoritning dastlabki massasi 10 ming tonna atrofida va diametri 15-20 metr bo‘lgan. Portlash natijasida ajralgan energiya miqdori NASA kosmik agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, tratil ekvivalentida 500 kilotonnagacha deb baholandi. Ajralgan energiya miqdori, tasavvur qilish uchun, Xirosima va Nagosaki shahriga tashlangan atom bombalari ajratgan energiyadan 20-25 marta ortiq. Ma’lumotlarga qaraganda, meteorit portlashi natijasida 1200 dan ortiq kishi jarohat olgan, 4000 dan ziyod binoga shikast yetgan.

— Shunga o‘xshash tabiat hodisalari avvallari ham kuzatilganmi?

— Bo‘lgan. Bulardan eng mashhuri 1908 yilda Sibirga tushgan Tungus meteoritidir. Respublikamizda esa rasman qayd qilingani 9 iyul 2001 yilda Buxoro yaqinida ro‘y bergan. U «Buxoro meteoriti» deb yuritiladi. Hozirda «Buxoro meteoriti» O‘zbekiston tarixi muzeyida saqlanmoqda.

Meteoritlarning tushishini oldindan aytish juda qiyin. Chunki ularning o‘lchamlari juda kichik — bir necha santimetrdan 45 metrgacha. Bunday meteorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyati deyarli yo‘q. Lekin ularni izlab topib, keyin kuzatib borsa bo‘ladi. Shuningdek, topilgan xavfli meteorlar tarkibi fizik va kimyoviy tarkibi o‘rganilib, ularni zarur bo‘lganda yo‘q qilish imkoniyatini ko‘rib chiqiladi. Chunki meteor tarkibi radioktiv elementlarga boy bo‘lsa, uni atmasferada sun’iy parchalash tabiiy parchalanishdan ko‘ra ko‘proq ziyon yetkazishi mumkin. Umuman olganda, yerga xavf tug‘diruvchi fazoviy obe’ktlarni yo‘q qilish va ularning xavfini bartaraf qilish imkoniyati oz bo‘lsada mavjud.

— Yerga yaqindan o‘tib ketgan asteriod bilan Chelyabinsk yaqiniga tushgan meteorit o‘rtasida bog‘liqlik bormi?

— Shu kuni ona zaminimizga juda yaqin masofadan 2012 DA14 asteroidi uchib o‘tdi. Bu asteroidning diametri 45-50 metr, og‘irligi esa 130 000 tonna. Yerdan 27000 kilometr masofadan uchib o‘tdi. Bu kosmik o‘lchovlar uchun juda qisqa masofa bo‘lib, hatto sun’iy yo‘ldoshlar harakatlanadigan hududdan ham yaqinroq. Sun’iy yo‘ldoshlar 36000 kilometr masofada aylanishadi. Asteroid trayektoriyasi astronom olimlar tomonidan oldindan hisob-kitob qilinib, yer shari bilan to‘qnashib ketish xavfi yo‘qligi avvaldan ma’lum qilingan edi.

Chelyabinsk meteoriti va 2012 DA14 asteroidi o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik yo‘qligini oxirgi tadqiqotlar to‘la isbotladi. Faqat ular tasodifan deyarli bir vaqtda yerga yaqinlashdi.

2012 DA14 asteroidini olimlarimiz ham kuzatdi. Bu ishlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti xodimlari tomonidan Parkent o‘quv observatoriyasida olib borildi.

Katta hajmdagi asteroidlar yerga har 40 yilda bir marotaba yaqin keladi. Ularning yerga tushishi bilan bog‘liq halokatlar o‘rtacha har 1200 yilda ro‘y beradi. Ayni damda yer orbitasida 1,3 mingta xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan asteroidlar mavjud bo‘lib, ular yerdan uzoq bo‘lmagan masofada harakatlanmoqda.

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Toshtemir XUDOYQULOV suhbatlashdi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: