Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
16.11.2011

Uyali aloqa vositalari

ulardan foydalanishni tartibga solish — dolzarb ijtimoiy masalaga aylanib bormoqda

Qadimdan fan-texnika taraqqiyoti Inson va jamiyat hayotida kattadan-katta o‘zgarishlarga olib kelgan. Har gal insoniyat biron-bir ilmiy yangilik yoki texnikaviy kashfiyotni qo‘lga kiritgan zahoti, bu imkoniyatdan turli maqsadlarda foydalanuvchilar paydo bo‘lavergan. Kimlar uchundir yangi kashfiyot inson mushkulini yengil qilish vositasi sifatida xizmat qilgan bo‘lsa, yana kimlar uchundir u qandaydir g‘arazli maqsadlarni amalga oshirish quroliga aylangan.

Misol uchun, atom bombasini olib ko‘raylik. Darhaqiqat, o‘tgan asrda yadro energiyasidan foydalanish texnologiyalari kashf etilishi insoniyatga katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Ammo mazkur texnologiyalardan noo‘rin foydalanish kishilik jamiyati tarixida misli ko‘rilmagan xavf-xatarlarni ham keltirib chiqardi.

Bugungi kunda ham zamonaviy fan-texnika yutuqlaridan noto‘g‘ri maqsadlarda foydalanishga bo‘lgan urinishlar tobora ko‘pa yib bormoqda. Mana shunday texnologiyalardan biri — bu uyali aloqadir. Bu vosita bugun hayotimizning ajralmas bir qismiga aylanib ulgurgan. U masofalar kesimida biz yashayotgan kurrai-zaminni shunchalar kichraytirib qo‘ydiki, bugungi kunda yer sharining narigi burchi bu chekkasi bilan soniyalar ichida aloqa bog‘lay oladi. Shu o‘rinda biz qo‘l telefonining kundalik ijtimoiy foydali tomonlari haqida to‘xtalib o‘tirmaymiz, bu haqida shundoq ham yetarlicha ma’lumot tarqatilgan. Ayniqsa, bu uyali aloqa vositalari reklamasida deyarli har kuni bearmon targ‘ib qilinmoqda.

Ammo hayot shuni ko‘rsatmoqdaki, har qanday taraqqiyot mahsulidan, shu jumladan, qo‘l telefonidan ham ikki xil maqsadda — ezgulik va jaholat yo‘lida foydalanish mumkin. Axborot texnologiyalar shu qadar tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqdaki, bugungi kunda telefon das tagining nafaqat shakl-shamoili, balki qo‘llanilish sohalari ham kengayib bormoqda. U bugun faqat aloqa vositasigina emas, balki turli-tuman axborot va mafkuralarni ommaviy ravishda tarqatuvchi vositaga ham aylanib ulgurgan.

Uyali aloqa vositalaridan behad ko‘p foydalanishning biologik yoki fiziologik ta’sirlari zamonaviy tibbiy tadqiqotlar orqali aniqlab borilmoqda. Biroq, uning ijtimoiy salbiy ta’sirlari keng jamoatchilik e’tiboridan chetda qolib kelmoqda.

Bilamizki, yoshlar, asosan bolalar, qo‘l telefonining aloqa jihozlaridan ko‘ra ko‘proq uning ekranidan foydalanishmoqda. Ya’ni, telefon dastagi yoshlar e’tiborini, birinchi navbatda, aloqa vositasi sifatida emas, balki ko‘p hollarda, turli xil video roliklarni saqlovchi, tarqatuvchi va ko‘rsatuvchi vosita sifatida o‘ziga jalb etmoqda. Telefon tanlashda yosh o‘g‘il-qizlar, asosan, uning xotirasi qanchaligi, video imkoniyatlari naqadar «kuchli» ekanligiga e’tibor qaratishmoqda.

Shunday qilib, qo‘l telefoni, aytish mumkinki, «uchinchi» ekranga aylanib ulgurdi. Agar «katta ekran» deb ataladigan kinoteatr ekranlarini shartli tarzda «birinchi yo‘nalishdagi ekran» desak, «zangori ekranni», ya’ni uydagi televizorlarni «ikkinchi yo‘nalishdagi ekran» deyish mumkin. Shu ma’noda, qo‘l telefoni bugun «uchinchi» yo‘nalishdagi ekranni hosil qildi.

«Katta ekran» va «zangori ekran» faoliyati huquqiy yo‘l bilan tartibga solinadi, ular orqali namoyish etiladigan ko‘rsatuvlar badiiy, axloqiy, tarbiyaviy va estetik jihatdan tegishli tarzda nazorat qilinadi, davlat tomonidan turli mafkuraviy tahdidlardan himoyalanadi. Ko‘p hollarda bolalarning «katta ekranda» yoki «zangori ekranda» nimalarni ko‘rayotganini ota-onalar bevosita nazorat qilib borish imkoniga ega. «Uchinchi ekran»chi? Uni kim nazorat qilmoqda? Har bir yoshning qo‘liga alohida-alohida berib qo‘yilgan bu ekranda nimalar namoyish qilinmoqda, qanday g‘oyalar, mafkuralar tar qatilmoqda?

Telefon ekranlarida tarqatilayotgan axborot, kino-video mahsulotlar bilan qiziqib ko‘rgan ota-ona ularning ko‘pchiligi badiiy jihatdan g‘oyat past saviyada tayyorlanganini darrov tushunadi. Ba’zi hollarda, bu «tomoshalar» axloqiy buzuqlik, didsizlik va insoniy hissiyotlardan butkul yiroq boshqa tushunchalarni targ‘ib qilayotgani hech kimga sir emas. Afsuski, bunday shaxsiy «ek ran» larni doimiy ravishda «yangi mahsulotlar» bilan, ya’ni «arzimas pul»ga sotiladigan yangi «tomoshalar» bilan ta’minlab turuvchi yashirin bozorlar mavjud. Qo‘l telefonlari sotiladigan joylarda mana shunday telefonlar uchun tayyorgina turgan «tesha tegmagan» video tasvirlar pullanmoqda. Yaxshigina tashkillashgan turli xil norasmiy guruhlarning bu bozorlarda to‘xtovsiz ish olib borayotgani, shu yo‘l bilan osongina mo‘may pul topish ilinjida bizning far zand larimizni aldab noto‘g‘ri yo‘lga solayotgani ota-onalarni, pedagoglarni tashvishga solmay iloji yo‘q.

Ushbu guruhlar yoshlarni ham o‘z saflariga tortishga astoydil urinishmoqda. Ba’zi yoshlar «xaridorgir» videotasvirlarni qidirib yurishgani ham sir emas. Ko‘cha-ko‘yda biron-bir hodisa sodir bo‘lsa, aytaylik, yong‘in, yoki boshqa halokat bo‘lgan chog‘da, jabr ko‘rayotganlarga yordam ko‘rsatishga emas, balki ularni qiyin vaziyatda o‘zini qanday tutishini telefon kamerasi orqali videotasvirga tushirib olishga shoshilayotganlar ham bor. Kishilarning shaxsiy hayotiga, ba’zan obro‘-e’tiboriga, shaxsiyatiga tegishi mumkin bo‘lgan tasvirlarni ataylabdan o‘g‘rincha yo‘llar bilan «ekranga» tushurib olib, keyin ularni keng ommaga tarqatayotganlar ham uchrab turibdi. Bu kabi ishlar tufayli qanchadan-qancha odamlarning hayoti izdan chiqayotganini, ayrim hollarda oilalarning buzilib ketayotganini ham bilamiz.

Shunday ekan, bugungi kunda «uchinchi ekran» faoliyatini ham huquqiy jihatdan tartibga solish vaqti yetib keldi. Bu borada deputatlar, mutaxassislar, siyosiy partiyalar vakillari qo‘l telefonlarning milliy mafkuramizga mutlaqo yot bo‘lgan g‘oyalarni, xususan, yoshlarimizga yo‘naltirilgan turli siyosiy, diniy-ekst remistik chaqiriqlarni qulay tar qatish vositasiga aylanib qolayotganini alohida e’tiborga olishlari darkor.

«Ommaviy madaniyat» degan niqob ostida zo‘ravonlik, individualizm, egotsentrizm g‘oyalarini tarqatish, shuning hisobidan boylik orttirish, boshqa xalqlarning necha yuz yillik an’ana va qadriyatlari, turmush tarzining ma’naviy negiziga bepisandlik bilan qarash, ularni qo‘porib tashlashga yo‘naltirilgan chetdan turib tashkil etilayotgan tahdidlar odamni tashvishga solmay iloji yo‘q. Milliy qadriyatlarimizga zid va begona bo‘lgan g‘oyalarning kirib kelishida hamda yoshlarimiz ongini egallashda, ularni o‘qing, izlanishdan chalg‘itishda qo‘l telefonlarining ekranlaridan keng foydalanilmoqda.

Bu borada, albatta, xorijiy tajribani ham chuqur tahlil etish lozim. Qo‘l telefonlar yordamida yoshlarni turli siyosiy va jinoiy ishlarga undash muammosi xorijda ham tez-tez uchrab turadi. O‘tgan avgust oyida London ko‘chalarida yuz bergan ommaviy tartibsizliklarni uyushtirishda, ularni boshqarib borishda «Blekberri» rusumidagi qo‘l telefonlaridan foydalanilgani tasdiqlandi. Britaniyalik mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu tipdagi qo‘l telefonlari SMS xabarlarini telefon aloqasini ta’minlovchi kompaniyaning nazorat doirasidan tash­qarida, ya’ni internetning maxsus tarmog‘i orqali yuborish va qabul qilib olishga imkon berar ekan. London ko‘chalarida ommaviy tarzda to‘polonlar, talon-torojlik harakatlarini amalga oshirgan yoshlar olamoni shu aloqa tipidan foydalangan. Shuning uchun ularning telefon aloqalarini tinglash, oddiy yo‘l bilan yuborilayotgan SMSlarni o‘qish politsiyaga olomonning keyingi maqsadlarini bilishga va oldini olishga imkon bermagan. Bu yoshlarni boshqarib turgan guruhlar ularga SMS xabarlarni maxsus «Blekberri» SMS tizimi orqali yuborgan. Hozirda «Blekberri»larni ishlab chiqargan kompaniya Buyuk Britaniya Hukumati bilan kelajakda bunday holatlarni oldini olish chora-tadbirlarini belgilash bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.

O‘zbekistonda uyali aloqa tizimi izchil rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bergan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizda uyali aloqa vositasidan foydalanuvchi abonentlar soni 24,3 million kishini tashkil etadi!

Endi tasavvur qiling, 24,4 million abonent — bu mamlakatimiz aholisining 80 foizi degani. Mamlakatimizda na matbuot, na  Internet ham bu qadar keng qamrovga ega emas! Demak, «uchinchi» ekran «birinchi» va «ikkinchi» ekranlarni allaqachon orqada qoldirib ketib, birinchi o‘ringa chiqib ulgurgan. Zero «katta ekran» hammaning ham uyida mavjud emas, hatto «zangori ekran» ham har bir xonadonda bir yoki ikkitadan bor xolos. «Uchinchi ekran» bu borada raqobatdan butunlay xoli, u hammaning qo‘lida, ba’zilarda esa qo‘shshalab.

Qo‘l telefonidan foydalanishning yana bir nomaqbul tomoni — uning ijtimoiy tabaqalanish vositasi sifatida ko‘rilayotganligidir. Bu yetarli darajadagi katta ijtimoiy masaladir. Bundan 10 yil oldin odamning qo‘l telefoni bor-yo‘qligiga qarab unga muomala qilishgan bo‘lsa, bugun uning qo‘lida oddiy uyali aloqa vositasimi yoki «so‘nggi avlod» telefonlaridan birimi — androidli smartfonmi, ay-fonmi — shunga qarab salom-alik qiladiganlar ham uchrab turibdi.  Ayrim kimsalar, ayniqsa, o‘spirinlar o‘zlarining jamiyatdagi mavqeini o‘z qo‘llarida qanday telefon turgani bilan bevosita bog‘liq degan noto‘g‘ri fikrga bormoqda.

Amerikada chop etiladigan «New Week» haftanomasining sentyabr oyining oxirgi haftasida chiqqan sonida yoshlarning qo‘l telefonlari bilan ovora bo‘lib qolayotgani ularning kitob o‘qishdek muhim ishdan chalg‘itayotgani haqida bir maqola bosildi. Unda keltirilgan tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda 13-17 yoshdagi amerikalik o‘g‘il-qizlar qo‘l telefoni orqali oyiga o‘rtacha hisobda 3 mingta SMS xabar o‘qishar ekan. Bu jarayon shu kabi ildiz otib ketganki, ko‘pchilik o‘spirinlar so‘zlarni imlo yozuvida badiiy tilda emas, SMSlarda keng qo‘llaniladigan qisqartmalar va boshqa noto‘g‘ri shakllarda yozishga o‘rganib qolmoqda. Bunday qisqartirilgan va «ko‘cha tilida» yozilgan xabarlarni o‘qish odati bolalarda badiiy tilda yozilgan kitoblarni o‘qishga nisbatan erinchoqlikni shakllantirayotgani chuqur tashvish bilan tilga olinadi.

Darhaqiqat, bu jiddiy muammo. Tasavvur qiling, agar bola oyiga 3 ming SMS xabar o‘rniga 3 ming qator kitob o‘qisa, u yil davomida qancha kitob o‘qib chiqardi? Bu esa nafaqat amerikaliklarni balki, bizni ham o‘ylantiradigan muammo hisoblanadi.

Yaqinda xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan fransiyalik professor bilan Toshkent metrosiga tushib, shahar aylandik. Poytaxtimiz metrosi xorijlik mehmonda o‘zining tozaligi, tartibliligi, yaxshi bezatilgani bilan ajib taassurot qoldirdi. Suhbat davomida u, bir muhim masalaga mening e’tiborimni qaratdi.

— Bugun barcha katta shaharlardagi metrolarda yo‘lovchi yoshlarni kuzatsangiz, ularning orasida kitob o‘qiyotganlari juda kam, — dedi mehmon. Haqiqatdan ham, yer osti yo‘lida keta turib, atrofingizga bir nazar tashlang: metro vagonida yo‘lovchilarning aksariyati, ayniqsa, yoshlar qo‘l telefonida nimalarnidir tomosha qilish, yoki qandaydir o‘yinlarni o‘ynash bilan band ekanligini ko‘rasiz.

Avtomobilni boshqarayotgan paytda telefondan foydalanish qanchadan-qancha xavf-xatar tug‘dirayotgani, qolaversa, telefonlardan dars yoki imtihon payti «o‘g‘rincha» foydalanish kabi salbiy holatlarni ham inkor etib bo‘lmaydi. Bu masalalar ham biz uchun dolzarb. Qo‘shimcha tariqasida, biron-bir kino-teatrga tushganimizda yoshlarning qo‘l telefonlaridan beadablarcha foydalanishi, baland musiqa, atrofni yoritishi, suratga olishi spektaklni yoxud ekranda namoyish etilayotgan filmni tomosha qilishimizga xalaqit berayotganini ham aytib o‘tish zarur.

Shunday ekan, maktablarimizda, agar zarur bo‘lsa, hatto oliy o‘quv yurtlarining boshlang‘ich kurslarida qo‘l telefonidan foydalanish madaniyati haqida tushuntirish ishlari olib borishi zarurati tug‘ilganga o‘xshaydi. Buning hayron qoladigan joyi yo‘q.

Bu borada faqat ta’lim muassasalari emas, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari faollik ko‘rsatishlari maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Yuqorida ta’kidlanganidek, «Uchinchi ekran» fenomeni umummilliy darajaga chiqib ulgurgan. Bu esa, hozirda eng muhim bo‘lgan milliy mafkura va, umumiyroq qilib olganda, milliy xavfsizlik masalasiga aylanib ulgurdi. Masalaning eng jiddiy tomoni shundaki, XXI asr — global axborotlashuv asri ehiyojlariga mos ravishda axborot texnologiyalari ham keskin sur’atlar bilan rivojlanib bormoqda. Oradan besh yoki o‘n yil o‘tgach, uyali aloqa vositalarining misli ko‘rilmagan yangi avlodi paydo bo‘ladi. U bilan bevosita yoki bilvosita bog‘liq ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish yanada qiyinlashadi. Shu bois, axborot olish, saqlash va uzatishga oid, yangi texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq hamda mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonunchilikni muttasil takomillashtirib borish taqozo etiladi.

Ayniqsa, jinoyat huquqi sohasida, qulay aloqa vositalari ashaddiy jinoyatchilarning beminnat xizmatkoriga aylangan. Raqami yashirilgan telefon vositalaridan «yog‘iladigan» tahdidlar, ba’zan haqoratlardan jabrlanayotganlar soni ortib bormoqda. Bularning barchasi hammamizni ijtimoiy ogohlikka chorlashi lozim. Bu borada oila, maktab, oliygoh, mahalla institutlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar orasidagi ijtimoiy hamkorlikning muhim ahamiyat kasb etishi aniq natijalar beradi, deb o‘ylaymiz.

Bu yo‘nalishda olib borilishi lozim bo‘lgan ishlarni, agar kerak bo‘lsa, xalqaro hamkorlik doirasida ham ilgari surish darkor. Zero, «uchinchi ekran» bu o‘rinda — faqat bizning mamlakatimizdagina kuzatilayotgan hodisa emas. U boshqa davlatlar vakillarini ham tashvishga solmoqda. Shuning uchun xalqaro huquq mutaxassislari ham bu borada tegishli tadqiqotlarni o‘tkazishda faol ishtirok etishlari lozim. Bunda shuni e’tiborga olish kerakki, shu paytgacha xalqaro axborot maydonini tartibga soluvchi, uni turli xuruj va tahdidlardan himoya qiluvchi biron bir xalqaro konvensiya ishlab chiqilmagan.

Xulosa qilib aytganda, oddiygina uyali aloqa vositalaridan foydalanish masalasi ostida katta ijtimoiy, siyosiy-mafkuraviy, huquqiy va tarbiyaviy muammolar yotibdi. Bu o‘rinda, yoshlarda uyali aloqa vositalaridan foydalanish madaniyatini shakllantirish, aloqaning bu turi rivojlanishini kompleks tarzda huquqiy jihatdan tartibga solish mexa nizm larini ishlab chiqish o‘ta muhim va dolzarb vazifalardan biri ekanligini ta’kidlash lozim. Uyali aloqa vositalarini ishlatish asta-sekin tartibga solinmoqda, albatta, avtomobilni boshqarayotgan chog‘da qo‘l telefonlaridan foydalanishning ta’ qiq la nishi, oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari chog‘ida telefon aloqasining vaqtinchalik cheklanishi va boshqa shu kabi choralar o‘z natijasini bermoqda. Ushbu choralarning samarasini yanada oshirish, yuqorida keltirib o‘tilgan masalalarni umumlashtirgan holda, muammoga kompleks va yaxlit yondashish zururligini hayotning o‘zi toqoza etmoqda.

Haydarali YuNUSOV,

yuridik fanlar nomzodi



Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: