Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    May 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
27 28 29 30 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
20.05.2020

XALQARO TURIZMNI RIVOJLANTIRIShDA

oliy ta’lim muassasalarining integratsiyalashuvi

Bundan ikki yil muqaddam Prezidentimizning qarori bilan Samarqand davlat chet tillar instituti akademik litseyi bazasida “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti tashkil etilgan edi. Hozir mazkur binoni to‘liq kapital ta’mirdan chiqarish ishlari yakunlanmoqda hamda “Aqlli universitet” tamoyiliga moslashtirilmoqda. Universitet jamoasi bu yilgi o‘quv yilini yangi o‘quv binosida boshlash niyatida.

Birinchi prorektor vazifasini bajaruvchi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Bahodir To‘rayev bilan suhbatimiz "Ipak yuli" turizm xalkaro universitetining istiqboldagi vazifalari to‘g‘risida bo‘ldi.

– Bahodir Hotamovich, universitet faoliyati, kadrlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida gapirib bersangiz?

Xalqaro turizmni rivojlantirish hamda mazkur sohada professional kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, ilmiy-tadqiqot va ijodiy ishlarni olib borish bo‘yicha tashabbuslarni amaliy ro‘yobga chiqarish, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning tarixiy va madaniy-gumanitar aloqalarini yanada rivojlantirish, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlarining sayyohlik brendlarini Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ilgari surish va ulardan tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar sonini oshirish bosh maqsadlarimizdan hisoblanadi. Universitet qoshida “Markaziy Osiyo va Janubiy – Sharqiy Osiyo xalqaro turizm tadqiqot markazi” (Central Asia and South East Asia International Tourism Research Center) tashkil etildi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab Hindistonning Lavli va Haydarobod universitetlari bilan hamkorlikda qo‘shma informatsion texnologiyalar fakultetini ochish rejalashtirilmoqda.

Universitet binolari joylashgan hududda “Ipak yo‘li” turizm ta’lim bog‘i tashkil etiladi. Bundan tashqari, universitet uchun o‘quv-ishlab chiqarish kompleksi sifatida foydalanish va turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida Samarqand shahridan tashqari hududda “Ipak yo‘li ekoturistik baza”si tashkil etiladi.

Universitetimizda kadrlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Turizm sohasida axborot texnologiyalari” markazi mutaxassisi Abdurashid Doniyorov hozirgi vaqtda Janubiy Koreya Respublikasi Kongju universitetining “Axborotlar texnologiyasi va dasturlash” ixtisosligi bo‘yicha, “Umumkasbiy va ixtisoslik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Dilafro‘z Nabiyeva Ispaniyaning Las Palmas de Gran Kanariya universitetining “Turizm iqtisodiyoti va boshqaruvi” ixtisosligi bo‘yicha doktoranturada tahsil olmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali xorijda malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktoranturada o‘qish bo‘yicha tanlovda “Umumkasbiy va ixtisoslik fanlari” kafedrasi o‘qituvchisi Hamid To‘rayev jamg‘armaning grant sovrindori bo‘ldi. Turizm sohasida kadrlar tayyorlovchi nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari va turistik markazlar bilan 60 dan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolaganmiz. Mazkur shartnomalar doirasida o‘tgan yili Indoneziyaning Gunadarma universitetida 2 nafar o‘qituvchi, Rossiya Federatsiyasining Belgorod davlat universitetining “Pegas” maktabida 1 nafar xodim, Italiyaning Rim shahrida joylashgan «Tor Carbone» maktabida 2 nafar xodim va 1 nafar o‘qituvchi stajirovkada bo‘lib qaytishdi. Shu o‘rinda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi tomonidan xorijda malaka oshirish, stajirovka o‘tash, magistratura va doktoranturada o‘qish bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlovlar xususida to‘xtalsam.

Bizning fikrimizcha, mazkur o‘tkazilayotgan tanlovlardan samara juda kam bo‘ladi. Sababi, bu tanlovlarning hamma uchun teng huquqlilik asosida o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Balki, bu to‘g‘ridir, lekin oliy ta’lim muassasalarining istiqbolini belgilashda, ularning ilmiy salohiyatini oshirishda menimcha, boshqa yo‘ldan borish kerak. Menimcha, jamg‘armaga berilgan kvotalarni oliy ta’lim muassasalarining ehtiyojidan kelib chiqib, taqsimlash maqsadga muvofiq. Sababi, faqatgina oliy ta’lim muassasasi o‘zining qaysi bo‘limini rivojlantirishni yoki qaysi fan bo‘yicha mutaxassis yetishmasligini yaxshi biladi. Shu sababli, tanlovlar muayyan oliy ta’lim muassasasi ichida o‘tkazilsa yaxshi samara beradi.

Agarda tanlov hozirgi tartib bo‘yicha o‘tkazilib borilsa, hududlarda joylashgan oliy ta’lim muassasalarida malakali kadrlarning yetishmasligi yoki ayrim oliy ta’lim muassasalarida malakali kadrlar mutloq ko‘p holati davom etaveradi.

– Universitetga xorijdan o‘qituvchi jalb qilingan va ular talabalarga qaysi yo‘nalishgarda ta’lim berishayapti?

Universitetga jami 12 nafar xorijlik professor-o‘qituvchi jalb etilgan bo‘lib, shundan 4 nafar professor-o‘qituvchi bilan o‘quv yilining oxirigacha mehnat shartnomasi tuzilgan. Qolgan o‘qituvchilar esa o‘z fanlari doirasida universitetimizga tashrif buyurib, o‘zlariga yuklatilgan modulni o‘tib berishadi hamda yakuniy nazoratlarni o‘tkazib, talabalar bilimini baholashadi.

Respublikamizda koronavirus pademiyasiga qarshi kurashish va uning tarqalishining oldini olish chora-tadbirlar dasturidan kelib chiqib, keyingi muddatlarga jalb etiladigan professor-o‘qituvchilar bilan darslarni masofaviy tashkil qilish ishlarini yo‘lga qo‘ydik.

Universitetimizga jalb etilgan professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasi tuzishda biz avvalo, ular o‘qigan, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan hamda ishlayotgan oliy ta’lim muassasalari jahonning nufuzli 1000 talik ro‘yxatiga kirganligiga e’tibor ûaratamiz.

– Hozirgi davr va innovatsion yondashuvlar talabi asosida mutaxassislikka oid bo‘lmagan darslar qanchaga qisqardi? Dars unumdorligi oshdimi?

Ta’lim dasturi fanlari bo‘yicha sillabuslar ISO9001-2015 xalqaro ta’lim standartlariga moslashtirilgan holda ishlab chiqildi. Universitetda 5 kunlik ta’lim xaftasi hamda unga muvofiq 2+1 ta’lim tizimi joriy qilindi. Ta’lim dasturlari bo‘yicha dars jarayoni davomiyligi 50 daqiqa, tanaffus 10 daqiqa deb belgilangan. “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetida talabalarni an’anaviy guruhlarga biriktirish tizimidan voz kechilib, raqamli kodlashtirish tizimiga o‘tildi.

Make-up imtihon topshirish tizimi, ya’ni, talaba imtihon jarayonini ijobiy natija bilan topshira olmagan taqdirda, 1-2 hafta o‘tgach topshira olishi, shu bilan birgalikda akademik qarzdorlik talaba tomonidan o‘qishga kirgan yilidan (1-kursdan) boshlab 7 yil mobaynida topshira olishi mumkinligi belgilandi. Akademik semestr davomida talabalar e’tiboriga beshtagacha fan taqdim etiladi. Shundan talabalar tomonidan ko‘p e’tirof etilgani o‘quv jarayoniga tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan. Universitet ta’lim tizimiga professor-o‘qituvchilarni jalb etish uchun KPI tizimi joriy qilindi va faoliyat ko‘rsatayotgan professor-o‘qituvchilar va xodimlar mehnat faoliyati natijalari KPI effektivlik ko‘rsatkichi bo‘yicha baholash belgilab qo‘yildi.

Ta’lim berish jarayonini mukamallashtirishning texnologiyalaridan biri sifatida, talabalarni auditoriyaga bog‘lamasdan turib, kreativ dars o‘tish tizimini yaratishga harakat qilinmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 28 iyundagi “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab, o‘qitishning kredit tizimiga o‘tilishi vazifa qilib belgilangan edi. Biz bu masalani yechish maqsadida Yevropaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv rejalarni o‘rganib chiqdik va mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlar sonini keskin qisqartirdik. Hozir o‘quv rejalarimizda har semestr uchun 4 ta mutaxassislik va 1 ta tanlov fani mavjud. Mutaxassislikka oid bo‘lmagan fanlarning bir qismini tanlov fanlari sifatida qoldirdik, bir qismini klublar shaklida faoliyatini yo‘lga qo‘ydik.

– Yangicha o‘qitish tizimi universitetda qanday yo‘lga qo‘yildi?

Ta’lim jarayoniga jalb etilishi lozim bo‘lgan xorijiy mutaxassislar bilan ishlash tartibi, ingliz tilida ta’lim berishga alohida ahamiyat berilgan holda ishlab chiqildi. Universitet faoliyatida talabalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida, uning qoshida “Students Parliament” tashkil etildi, “Ish beruvchilar kengashi” shakllantirildi. Universitet hududi bo‘ylab jonli nutq hududlari yaratildi.

Talabalar orasida ijobiy ta’lim muhitini yaratish maqsadida universitet faoliyatida edvayzing va tyutorlik xizmatlari yo‘lga qo‘yildi. Xorijiy ilmiy jurnallar ma’lumotlar bazasiga obuna bo‘ldik. Universitetning amaldagi boshqaruvini muvofiqlashtirish va jahon ta’lim maydoniga jadal integratsiya qilish maqsadida universitet Senati yo‘lga qo‘yildi. Xodimlar effektiv mehnat faoliyatini moddiy rag‘batlantirish maqsadida yangilangan hamda foydali effektivlik koeffitsiyentini (FEK-KPI) hisoblash tizimiga asoslangan monitoring tizimi joriy qilingan.

Karantin davrida talabalarni masofadan o‘qitish tizimi joriy etildimi?

Biz mazkur o‘quv yilidan boshlab, darsga qatnashish bo‘yicha davomatni erkin qildik. Bu tajriba respublikamiz OTMlarining ichida birinchi bor universitetimizda tatbiq etildi, deb bemalol aytaolaman. Bu talabalarimizning mustaqil ta’lim soatlariga e’tibor qaratganimiz hamda mazkur soatlarni amalda bajarish uchun talabalarimizga yetarlicha vaqt ajratish zaruratidan kelib chiqdi. O‘quv jarayonini kredit-modul tizimida tashkil qildik hamda ta’lim berishda nazariya + amaliyot uslubi (3+2)ni joriy etdik.

 Albatta, bu islohotni joriy qilishda talabalarda tushunmovchiliklar kuzatildi. Shuningdek, ma’lum vaqt o‘tishi bilan ularda o‘qish jarayoniga nisbatan ma’suliyatsizlik holatlari kuzatila boshlandi. Bu muammoning oldini olish maqsadida o‘quv yilining II semestridan boshlab talabalarning darslarga erkin qatnashishlarini ta’minlash maqsadida hamda universitet professor-o‘qituvchilariga akademik mustaqillik berish uchun o‘qitishning turli masofali ta’lim platformalari o‘rganib chiqildi. O‘rganish natijasida universitetning xususiyatidan kelib chiqib, Edmodo ta’lim platformasidan foydalanish maqsadga muvofiq, deb topdik. Universitetning ta’lim jarayoniga jalb etilgan xorijlik mutaxassislarning bergan tavsiyalari asosida Edmodo ta’lim platformasidan foydalanish bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqildi hamda yetarli xorijiy tajribaga ega universitet mutaxassislari Alisher Komilov va Jasur Yaxshilikovlar tomonidan universitet professor-o‘qituvchilariga va talabalarga seminarlar tashkil etildi. Natijada ayrim talabalarimiz va magistrlarimiz o‘quv binosiga kelmasdan turib ham ta’lim olish imkoniga ega bo‘lishdi. Respublikamizda karantin holati e’lon qilinishi bilan oliy ta’lim muassasalarining talabalariga 16 martdan ta’til e’lon qilindi hamda ularni 1 apreldan boshlab masofali o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.

Edmodo ta’lim platformasida o‘qitishning barcha turdagi ma’lumotlarini (audio, video, hujjatli va boshqa) uzatish imkoniyati mavjud. Bu platforma nafaqat o‘qituvchiga talabalarning topshiriqlarni o‘z vaqtida topshirishi, balki ota-onalarning ham farzandlarini bevosita ta’lim jarayoni ishtirokchisi sifatida kuzatishi hamda ularning fanlarni qanday o‘zlashtirayotganliklarini bilish imkonini beradi. Shu bilan bir qatorda, mazkur platformaning yana bir afzalligi shundaki, unda har bir berilgan topshiriqni bajarishning oxirgi muddati (deadline) ko‘rsatilgan bo‘lib, mazkur muddat ichida talabalar fan uchun ajratilgan ballar (kredit)ning bir qismini olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Platformaning yana bir muhim jihati ta’limdagi korrupsiyaning oldini olishga katta xizmat qilishi bilan ham e’tiroflidir.

Ilmiy tadqiqot ishlari, shuningdek ilmiy loyihalar haqida ham qisqacha ma’lumot berib o‘tsangiz?

Universitetimiz Britaniya Kengashining “Creative Spark: Higher Education Enterprise Programme” nomli 5 yillik xalqaro loyihasini qo‘lga kiritgan. Hozirgi vaqtda universitetimiz mazkur loyiha doirasida Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Bundan tashqari universitetimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan Respublika ilmiy-texnika dasturlari tanloviga “Respublikamiz xududlaridagi buddizm obidalari turmarshrutlarining 3D modellarini yaratish”, “Ziyorat turizmi uchun aqlli texnologiyalar to‘plamlarini yaratish”, “E-ziyorat tourism” elektron platformasini yaratish, Markaziy Osiyo mutaffakkirlarining asarlari asosida buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi ma’rifiy, tarbiyaviy kurash asoslarini o‘zida mujassamlagan multimedia dasturi hamda mobil ilovasini yaratish” mavzularidagi ilmiy loyihalar topshirildi. Ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlovchi Yevroosiyo Assotsiatsiyasi tomonidan har yili o‘tkaziladigan qo‘shma, ko‘p tomonlama konkurslar tanloviga Belarus davlat pedagogika universiteti, Rossiya Federatsiyasining Qozon federal universiteti Yelabuga instituti, Rossiya xalqaro turizm akademiyasining Armaniston turizm instituti professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda “Globalizatsiya sharoitida yangi ipak yo‘lidagi me’moriy-madaniy yodgorliklarni saqlash”, O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma ilmiy-texnika dasturlari tanloviga “Creation of the Augmented Reality Based mobile application "E-Travel Guide” mavzusida ilmiy loyihalar taqdim etildi.

Yaqinda Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan o‘tkazilgan R.A.R (Regional Alumni Representative) - Hududiy bitiruvchilar vakili dasturining tanlov natijalari e’lon qilindi. Mazkur tanlov natijalariga ko‘ra hamkasbimiz Alisher Komilov hududiy bitiruvchilar vakili sifatida tanlandi. Bu dastur doirasida kelgusida universitetimizda AQSh davlat dasturlarini tugatgan mutaxassislar va talabalarning hududiy markazi tashkil etiladi. Shuningdek, mazkur markaz faoliyatiga AQShning malakali mutaxassislari jalb etilib, ko‘plab ilmiy tadqiqot loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ko‘magida universitet bilan AQShning Vayoming universiteti o‘rtasida hamkorlikda yangi loyiha ishlab chiqildi. Mazkur loyiha doirasida universitet professor-o‘qituvchilari uchun turizm bo‘yicha ESP seminarlarini o‘tkazish, turizmga oid darsliklar yaratish, universitet professor-o‘qituvchilarining ingliz tilini bilish ko‘nikmalarini oshirish, ingliz tilida turizm bo‘yicha talabalar klublarini tashkil qilish ishlari rejalashtirilgan.

Universitetda xalqaro hamkorlik doirasida qanaqa ishlar amalga oshirildi, shuningdek kelgusidagi rejalaringiz bilan ham o‘rtoqlashsangiz.

Xalqaro shartnomalar ijrosi doirasida 2019 yil yozgi malakaviy amaliyot davrida universitet talabalari kontingentining 20 foizi Germaniyaning “Reindls Partenkirchner Hof” mehmonxonasida, Rossiya Federatsiyasi Belgorod davlat universiteti qoshidagi “Pegas” maktabida, Italiyaning «Tor Carbone» maktabida va Indoneziyaning Gunadarma universitetida malakaviy amaliyotlarini o‘tashdi.

Universitetda joriy o‘quv yilidan “Turizm faoliyatida logistika” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha Chexiya, Xitoy, Indoneziya va boshqa bir qator davlatlar ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. 30 dan ortiq xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari va turistik markazlari o‘rtasida 55 ta hamkorlik shartnomalari imzolangan. YuNESKOning “Ipak yo‘li dasturi” doirasida hamkorlikda ilmiy-amaliy tadqiqotlarni olib borish, universitet qoshida “Madaniy turizm” YuNESKO kafedrasini tashkil qilish maqsadida Markaziy Osiyo tadqiqotlar xalqaro instituti bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi. Bundan tashqari xalqaro “Ipak yo‘li” universitetlar tarmog‘i «Silk-Road Universities Network» tashkilotining Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi bilan olib borgan samarali muzokaralar natijasida universitet tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylandi.

Universitet qoshida “International journal of innovations on economics and tourism (IJIET)” ilmiy-innovatsion elektron jurnali yaratilmoqda. Tayanch doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar va stajyor-tadqiqotchilar ilmiy ishlariga nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilarini jalb qilgan holda qo‘shma ilmiy rahbarlik qilish tajribasi tatbiq qilinadi.

Xorijiy oliy ta’lim muassasalari, shu jumladan xalqaro QS reytingida TOP-1000 ta nufuzli OTMlari ro‘yxatiga kirgan oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ilmiy daraja (PhD, DSc) berish dasturlari ishlab chiqiladi va universitet faoliyatiga tatbiq qilinadi.

Startup Internships in Bali, AsiaOppo: Hospitality Internships in China, AIPC Pandora: Professional Internship in Madrid, Spain kabi International Trainee Program (ITP) dasturlariga universitet talabalari jalb qilinadi.

Universitetning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ta’lim standartlari xalqaro tasniflash (ISCED) talablari asosida mutanosib ravishda 6- va 7-darajaga o‘tkazish va 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab tatbiq qilish rejalashtirilmoqda. Universitet qoshida ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengash, “Introduction to Tourism and Hospitality Business” fani bo‘yicha xalqaro talabalar fan olimpiadasi tashkil etiladi.

Universitetda qanday muammolar mavjud?

Hozirgi vaqtda talabalarimiz Samarqand davlat universitetining talabalar turar joyidan foydalanib kelishmoqda. Universitet uchun 250 o‘rinli yotoqxona binosi qurilishi rejalashtirilgan. Yotoqxona qo‘rilishiga tegishli barcha texnik va moliyaviy hujjatlari tegishli tashkilotlarga yuborilgan. Yotoqxona binosini qurish uchun Samarqand shahar hokimligi yer uchastkasi ham ajratgan. Mazkur yotoqxona binosi eng oxirgi talablar asosida barpo etiladi, unda talabalar bilan bir qatorda xorijdan va boshqa hududlardagi OTMlardan dars jarayoniga jalb etilgan professor-o‘qituvchilarning istiqomat qilishi uchun barcha shart sharoitlar mavjud bo‘ladi.

O‘quv yili yakunlanishiga oz vaqt qoldi. Ko‘p yoshlarimiz turli oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish arafasida turibdi. Shu sababli yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman. Agar ingliz tilini yaxshi bilsangiz, kelajagingizni turizm va mehmonxona xo‘jaligiga bag‘ishlamoqchi bo‘lsangiz, xorijda amalga oshiriladigan work and travel dasturlarida qatnashmoqchi bo‘lsangiz, xalqaro diplom sohibiga aylanmoqchi bo‘lsangiz, bizning universitetga o‘qish uchun hujjat topshiring. Aslo, yutqazmaysiz.

Farrux HAMROYeV tayyorladi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: