Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Aprel 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 1 2 3
25.02.2020

MO‘YNOQDA TONG OTDI

Tonglar ichra ajoyib bir tong, orzu-umidlarga to‘la tong, quyoshli tong...

Ko‘pchilikka, ehtimol har bir insonga xos bu tuyg‘u: qaysi bir mashhur shaharga borayotganingda hayajonlanasan, ko‘ngling shoshadi, oshiqadi... U shaharning tarixini o‘ylaysan, eshitganlaring yodingga tushadi, tezroq yetib borging, ko‘rging keladi. Muqaddas maskanlar ziyoratiga yo‘l olganingda qalbing ilohiy tuyg‘ular, shukronaliklar, ezgu niyatlarga to‘la bo‘ladi.

Kimdir ishonar, kimdir ishonmas, Toshkentdan Nukusga — Mo‘ynoqqa — Orol dengizining suvi qochgan hududiga bora-borguncha barcha hamrohlarim — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari ana shunday kayfiyatda edi. Bu holat ularning hayajonga to‘la ko‘zlari, so‘zlaridan bilinib turardi.

Kimdir Mo‘noqqa — Orolga birinchi kelishi, kimdir ikkinchi, Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza  qilish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov ko‘p  marta kelgan, bu yerlarning pasti-balandi, muammolarini yaxshi bilar ekan. Senator Ikrom Najmiddinov 1970-71 yillarda Mo‘ynoqqa yaqin joyda harbiy xizmatda bo‘lganligini aytdi. O‘shanda Mo‘ynoq konserva zavodidan askarlarga konserva olib ketish uchun kelgani, Orol dengizini bir marta ko‘rganini esladi. Shunday dengiz qurib ketganiga haligacha ishonmaydi...

Deputat ayollarimizdan biri — Toshkent viloyatilik Mohira Xodaiyeva «qachondan beri Mo‘ynoqqa kelishni, Orolni ko‘rishni orzu qilardim, shuning uchun bu aksiyaga jon-jon, deb qo‘shilishdi», dedi.

Mo‘ynoqqa ko‘p tashkilotlar, vazirliklar vakillari borib-kelib turadi, albatta. Biroq biz aksiyamizni biroz o‘ziga xos, yangicharoq tusda o‘tkazish, ko‘proq amaliy ish qilish ustida o‘yladik, mutaxassislar bilan maslahatlashdik. Qisqasi, 3 tonnadan ortiq saksovul urug‘i va mingdan ko‘proq archa ko‘chatlari to‘pladik. Madaniyat vazirligi ham tashabbusimizni qo‘llab-quvvatladi, bir guruh san’atkorlarni yuboradigan bo‘ldi.

Yana nima qilish mumkin? Biz qishning izg‘irini, qoru yomg‘iriga bardosh berib, jasorat va matonat ko‘rsatib mehnat qilayotgan mardu maydon kishilarni imkon qadar xursand qilishni o‘ylardik. Deputatlardan takliflar yog‘ilib ketdi. Ulardan eng ma’qullarini tanladik. Kimdir Surxondaryodan tandir, kimdir qoraqalpog‘istonlik deputatlar esa non, meva-cheva, shirinliklar Nukusda mo‘l-ko‘lligini aytdi...

Toshkentdan kech soat 20:00 da samolyotda uchib, Nukusdagi «Toshkent» mehmonxonasiga joylashguncha ikki yarim soatcha vaqt ketdi. Ertalab soat 7:00 da nonushta bo‘ldi. 7:45 da yo‘lga tushdik. Ikkita mikroavtobus va ikkita yengil mashinada ketayapmiz. Yo‘lda Orol tarixi, taqdiri, tabiati haqida rosa gap bordi. Keyin saksovulning, yantoqning xosiyatlari to‘g‘risida har kim bilganicha so‘zladi...

— Bir tup saksovul ikki yuz tonnagacha qum yo‘lini to‘sadi, — dedi senator Bahodir Tojiyev. U asli xorazmlik, bir paytlar fermer bo‘lgan, qishloq xo‘jaligini ham, bu hududlarni ham yaxshi biladi. Uning gapiga ishonqiramayroq, «Bir tup saksovul-a?» deb so‘rashdi. Uning aytishicha, bir tup saksovulning tomiridan har yili to‘rt-besh shox o‘sib chiqarkan, yoyilib boraverarkan. Keyin yo‘lda ko‘p ko‘rdik tarvaqaylab ketgan saksovullarni... Yana aytishdi: saksovul o‘zidan urug‘ chiqaradi, shamol uning urug‘ini har tomonga sochib yuboradi. Demak, bugun ekilayotgan ming-ming tup saksovul ertaga ming-ming tonnalab qum ko‘chishi, osmonga uchishining oldini olarkan.

Kimdir yomg‘ir yog‘adiganga o‘xshaydi, dedi mashina derazasidan osmonga qarab. Kimdir «Yog‘sa ham ko‘chatlarni ekib, tadbirni o‘tkazib olganimizdan keyin yog‘saydi», dedi.

Hammamiz qiziqish bilan osmonga qaraymiz, bulutlar kulrangroq, qoramtirroq bo‘lib osmonni qoplab olgan, birorta darchasi yo‘q, quyosh nuri ko‘rinadigan.

Shu yil may oyi oxirida Mo‘ynoq va Orolga qanday kelib-ketganim yodimga tushdi. Quyosh yeru ko‘kni tandirdek qizdirib yotgandi, garmsel shamol, ayrim joylarda chang-to‘zon ko‘zni ochirmaydi. O‘sha paytda Mo‘ynoqqa olib boradigan yo‘lning ikki chetida ko‘m-ko‘k bo‘lib yoki gullab turgan turli o‘simliklar qurib, sarg‘ayib yotardi, yoz ularning tinka-madorini quritgan. Ana, saksovulmi, yulg‘unmi, yantoqmi, uning bir turi burganmi, qamishlarmi... Bari-barisi qurib, sarg‘ayib ketgan. Keta-ketguncha bir xil manzara. Keyin ora-orada qishloqlar paydo bo‘ladi. Yangi va eski uylar. Yangilari ko‘proq. Eski uylar tomi tunuka bilan qoplangan bo‘lsa-da pastqamroq, ko‘rimsizroq, yangi uylar balandroq, savlatliroq, ko‘rkam va zamonaviy...

Yodimdan ko‘tarilay debdi, Amudaryo ko‘prigidan o‘tayotganimizda  hammamiz tabiiyki, qiziqish bilan daryoga qaradik. Hammamiz yuragimizda og‘riq sezdik. Bir paytlar shu atrofda ikki kilometr kenglikda to‘lqin-to‘lqin bo‘lib oqqan daryo kichik irmoqqa o‘xshab oqayapti. Ko‘z o‘ngimga Chirchiq daryosi keldi, ular bir-biriga juda o‘xshash tuyuldi. Chirchiqni-ku bilamiz, hech qachon to‘lib oqqanini ko‘rmaganmiz. Amudaryo ulkan daryo edi-ku. Amudaryodan boshlandi yuragimizdagi og‘riq, Orolga yetmay turib, uning dardini his etdik. Nomi o‘chgan, qarg‘ishga uchragan, qaytmas bo‘lib ketgan sovet zamonining asoratlari, jarohatlari bugun ham xalqimizga qanchalik ziyon-zahmat, alam-iztirob yetkazayotgani haqida fikrlashdik. Bir paytlar kuchi-qudrati jo‘shib, qirg‘oqlaridan toshib turgan azim daryo darmoni qurib, zo‘rg‘a nafas olayotgan odamga o‘xshaydi. Dengiz-ku quridi, o‘ylamasak, kuyinmasak, chora-tadbir ko‘rmasak, erta bir kun Amudaryoning ham borar yo‘li qisqarmaydimi, umri qisqarmaydimi?..

Bugun har bir daraxtni saqlab qolish uchun kurash borayotgan, Orolning qurigan hududlarida yuz berishi mumkin bo‘lgan ekologik fojialar oldini olish uchun katta tashvish, katta mehnat, katta xarajatlar qilinayotgan bir paytda Amudaryoning taqdiri haqida o‘ylamaslik mumkinmi?

Xudoga  shukr, bebaho ne’matini berayapti, lekin biz uni qadrlayapmizmi? Hisob-kitobini olib boryapmizmi? Qancha suv bekorga isrof bo‘lib ketayotganini bilamizmi, bilsak, nega dadil chora ko‘rmayapmiz? Bu kabi savollar ko‘p,  kimlardir «Bilamiz, chora ko‘rayapmiz», deyishi mumkin. Lekin odamlar ko‘rganiga qarab baho beradi. Demak, nimalar qilayotgan bo‘lsak-da, oz, suvni asrash, daryolarimizni saqlab qolish uchun jiddiy bosh qotirish kerakka o‘xshaydi...

Mo‘ynoqqa yaqinlashganimiz sayin  hayajonimiz oshadi. Diqqat bilan yo‘lning ikki chetiga qarayman. Tuman markazining yozdagi holati ko‘z o‘ngimga keladi. Yo‘l chetida ko‘rimsiz, xarob qamish devorli uylar buzib tashlanayotgan edi. Ayrim qariyalar bu manzarani ko‘rib, «Butun Mo‘ynoq buzib tashlanyapti, ertaga nima bo‘larkin?», degandek ajablanib, hayratlanib, bu ishlarni kuzatib turganliklarini ko‘rgandim. Chunki hech qachon Mo‘ynoqda bunday ulkan ishlar qilinmagandi-da. Qurish nari tursin, dengiz qochishi bilan bu yerda hayot izdan chiqqandi. Baliqchilik tugagan, kemalar qumga bag‘rini berib turib qolgan, mashhur konserva zavodi to‘xtagan, minglab odamlar ishsiz qolgandi. Yoshlar katta shaharlarga o‘qishga yoki ish izlab ketishdi, kimlardir boshqa hududlarga ko‘chdi. Qishloqlarda Mo‘ynoqdan, Oroldan ko‘ngil uzolmaganlar va qariyalar qolgandi. Vaqt o‘tgani sayin Mo‘ynoq g‘ariblashib boraverdi, muammolar ustiga muammolar qalashib kelaverdi. Eng achinarlisi, odamlarning hayotga, ertangi kunga ishonchi deyarli so‘nib bo‘lgandi, taqdirga tan berib, tong bilan tunning farqiga ham e’tibor bermay qo‘yishgandi. Bu hududda yashayotganlar hayot zavqidan, shirin orzulardan mahrum bo‘lishgandi. Ularga kimdir Mo‘ynoq shaharchasining bugungi suratini ko‘rsatib, shahrimiz bir-ikki yil orasida shunday bo‘ladi, desa hech kim ishonmasdi, albatta. Ishonishi mumkin ham emasdi.

Mana, bugungi Mo‘ynoqqa qarang... Bir yilda shuncha o‘zgarish bo‘lganini ta’riflash qiyin, kelib ko‘rish kerak, faxrlanish kerak, g‘ururlanish kerak. Biz tuman markazida  o‘n-o‘n besh daqiqa to‘xtadik-da, Orol tomon yo‘lni davom ettirdik, qaytishda bemalol to‘xtaydigan bo‘ldik. Mo‘ynoq markazidan 6-7 kilometr narida Orolning sobiq sohilida joylashgan Meres qishloqdagi Baliqchilar uyini ko‘rib o‘tishni tavsiya qilishdi.

Bu yerda baliqchilar qayiqlari, fonuslari, to‘rlaridan tortib, to‘shaklarigacha saqlangan. Baliqchilar hayoti aks etgan suratlar qo‘yilgan.  Baliqchilar uyining ro‘parasida 20 kishilik mehmonxona, o‘ng tomonidagi mo‘jazgina do‘kondan qoraqalpoqlarning milliy kiyimlari, so‘zanalar, do‘ppi, nimcha, to‘qilgan sholchalar, turli taqinchoqlarni esdalikka sotib olishingiz mumkin.

Bu muzey tashkilotchisi, nukuslik Miyasar Aimbetova bilan tanishamiz. U Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Toshkent iqtisodiyot universitetini tugatgan.  Otasi akademik ekan. Uning Orolbo‘yida bu qishloqqa kelib, muzey tashkil etishi sababi bilan qiziqdik.

— Orol hammamizning dardimiz. Hozir Prezidentimiz tashabbusi bilan tarixiy ishlar boshlandi. Bularni ko‘rib, bilib turibmiz. Men nima ish bilan hissa qo‘shishim mumkin, deb o‘yladim. Prezidentimizning turizmni rivojlantirish bo‘yicha bergan topshiriqlaridan so‘ng bu yerda Baliqchilar muzeyini tashkil etishga qaror qildim.

Hozirda muzeyimizga turistlar kelishi ko‘paydi. Men bu ishlar bilan cheklanib qolmoqchi emasman. Xorijlik turistlar va mamlakatimizning turli joylaridan keladigan sayyohlar uchun keng sharoit yaratmoqchiman. Tegishli tashkilotlar qo‘llab-quvvatlashsa, xursand bo‘lardim. Loyiham tayyor...

Shu payt bir avtobus yoshlar kelib qolishdi, Urganch davlat universiteti talabalari ekan. Ular deputatlar va senatorlar bilan birgalikda muzey ortidagi maydonda 100 tupdan ko‘proq archa va shu hududga mos mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishda qatnashishdi. Bu hudud kelajakda «Orol dengizi bog‘i»ga aylantirilar ekan.

— Biz 40 kishi kelganmiz, — deydi pedagogika fakulteti talabasi Barno Matqurbonova. — Orolning qurigan hududida ishlarga hissa qo‘shish uchun saksovul, gujum ko‘chatlarini olib keldik. Orol dengizi qurish qanday oqibatlarga olib kelganini ham o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmoqchimiz. Shuningdek, o‘simliklar dunyosini ham o‘rganamiz.

Qurigan hududlardan biri bo‘lmish bu yerni odamlar «nolovaya uchastka» deyishar ekan. Chunki Orolning qurigan hududlariga ko‘chat ekishlar dastlab shu yerdan boshlangan ekan.

«Baliqchilar uyi»dan chiqib, Orolning qurigan hududi tomon yo‘lga tushdik. Bir soatlardan so‘ng  cho‘l boshlandi. Bu yerlar dengiz tubi bo‘lganiga ishonging kelmaydi. Odam gavjum bir hududda to‘xtadik. Bu yerda qoraqalpog‘istonlik va samarqandlik ishchilar saksovul ko‘chatlari ekishayotgan ekan. Ular bilan so‘rashib, biz ham ko‘chat ekishga kirishib ketdik, har birimiz o‘rtacha 20-30 tadan ekdik.

Shu darajada ishga berilib ketdikki, mahalliy yo‘lboshlovchilar bizni qayta-qayta chaqirishlariga to‘g‘ri keldi.

Yana yo‘ldamiz, uning notekisligidan mashinamiz tebranib-tebranib ketayapti. Nihoyat manzilga yetib keldik. Bizdan ikki kun oldin ketgan vakillarimiz. Islom Xushvaqtov. qoraqalpog‘istonlik ekologlar yordamida barcha tashkiliy ishlarni bajarishga ulgurishibdi. San’atkorlar uchun sahna tayyorlanibdi, dasturxonlar bezatilgan, nondan tortib bo‘g‘irsoq, shirinliklar, meva-chevalar, hatto sumalak ham qo‘yilgan. Bir chetda 50 kilolik doshqozonda palov damlanayapti. Shu orada ishchilar ham yig‘ilib, saf tortishdi. Asosan mexanizatorlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari va boshqa viloyatlardan kelgan yoshlar. Endi karnay-surnay chalinganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Favqulodda vaziyatlar vaziri, general mayor Tursunxon Xudoybergenov yetib keldi. U kishini ushbu hududda tanimaydigan odam yo‘q. Haftalab, oylab ishchilar bilan vagon uylarda yashab kelmoqda. Uni yerdagi ishlar qo‘mondoni desak xato bo‘lmaydi. Prezidentimizning tashabbusi va topshirig‘i bilan amalga oshirilayotgan barcha ishlar uning nazoratida, har qanday muammoni vaqtida yechish ham uning zimmasida. General, avvalo, ishchilar bilan so‘rashdi, ularga sidqidildan qilayotgan mehnatlari uchun minnatdorlik bildirdi, ko‘ngillarini ko‘taradigan gaplarni aytdi. So‘ngra senatorlar va deputatlarni tanishtirdi. Konsert dasturi boshlandi, hamma dasturxonga taklif etildi. Respublikamizning barcha viloyatlaridan kelib, bu yerda matonat bilan mehnat qilayotganlar sha’niga munosib so‘zlar aytildi. Shu paytgacha bu yerga ishlash uchun kelgan biror kishi ish yoki sharoit og‘ir ekan, deb ketib qolgan holat bo‘lmabdi. Yangi yilni ham vagonlar oldidagi maydonga archa o‘rnatib, kutib olishibdi.

— Prezidentimizga rahmat, — deydi Sirdaryo viloyati, Oqoltin tumanidan kelgan mexanizator O‘rol Abdiyev. – Chunki bu ishlar u kishining tashabbusi bilan boshlandi. Katta fojianing oldi olinmoqda. Bu ishlarga hissa qo‘shayotganimdan xursandman. Ishlar tugasin, ko‘rasiz, o‘rmonlar paydo bo‘ladi, bu yerlarning hayvonot dunyosi o‘zgaradi, turistlar keladigan bo‘ladi.

— Ikki oy bo‘ldi kelganimga, — deydi boyovutlik mexanizator Inomjon Ergashev. – O‘tgan yili ham kelganman. Qancha kerak bo‘lsa, shuncha ishlaymiz. O‘zbekistonga, Qoraqalpog‘istonga xizmat qilayotganimdan faxrlanaman. Iltimos, aytganlarimni albatta yozing, bobom gazeta o‘qiydilar. Gaplarimni o‘qib, xursand bo‘ladilar.

Sardobalik mexanizator Ulug‘bek Rahmonov, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimi, mayor Bahodir Sodiqov va boshqalar ham bu tarixiy ishlarga hissa qo‘shayotganlaridan mamnunliklarini aytishdi.

Ba’zan odamlarning voqea-hodisalarga befarqligidan ranjiymiz, qachon bir butun xalq bo‘lamiz, deb kuyinamiz. Mo‘ynoqda, Orol dengizining qurigan hududlarida mehnat qilayotgan odamlarni ko‘rib, ularning gaplarini eshitib, fikringiz o‘zgaradi. Bu ishlarda mamlakatimizning barcha viloyatlari vakillari qatnashmoqda, turli oliy o‘quv yurtlari talabalari, o‘qituvchilari saksovul, baliqko‘z, sho‘ra, qandim, qorabarog‘ urug‘larini, ko‘chatlarini olib kelib ekishmoqda. O‘tgan haftada Samarqand davlat universitetining bir guruh talabalari ustozlari bilan kelib, saksovul ko‘chatlari ekish hasharida qatnashishibdi. Toshkentdagi qator oliy o‘quv yurtlari talabalari ham bu muhim ishlarga hissa qo‘shish, Orol bo‘yidagi ekologik ahvol bilan tanishish uchun Mo‘ynoqqa kelib ketishmoqda.

Bu harakatlar Orol muammosiga xalqimiz befarq emasligini ko‘rsatadi. Uzoq-uzoqlardan yo‘l bosib, bu yerga kelayotganlar qalbida Orol dardi bor, Vatanga mehr-muhabbat bor. Yozib ifodalab bo‘lmaydigan yana qancha-qancha tuyg‘ular bor.

«Shtab»dagi suhbatlarda har kim har xil fikr bildirdi.

— Bir taklifim bor, dedi respublika o‘rmon xo‘jaligi raisi Nizomiddin Bakirov. Qoraqalpog‘istondan tortib, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari 5-10 kub suvni iqtisod qilish hisobiga Orolning haqini berishsin. Ozgina suv tushib tursa ham hayvonot dunyosi qaytadi. Baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati kengayadi.

Yana bir niyatim xuddi shu joyda «O‘rmonchilar uyi»ni qurdirmoqchiman. Loyiha tayyor bo‘layapti, bir oydan so‘ng poydevorini quramiz. Ko‘rasiz, hali bu shaharcha paydo bo‘ladi. Bizning uy birinchi uy bo‘ladi.

Odamlar yaxshi orzu niyatlar qilishyapti. Bu gaplarni ular ishonch bilan aytishyapti. Bu ishlarga asos bor, zamin bor.

— Xalqimizning vatanparvarligini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Bular shu kunning haqiqiy qahramonlari, — dedi Qonunchilik palatasi deputati Kamol Jumaniyozov. — Shu shtab hududida bir yodgorlik o‘rnatish kerak, bu yerga birinchi bo‘lib qadam qo‘yganlar, birinchi bo‘lib dengizning qurigan hududini tartibga keltirib, ko‘chat ekkanlarni, birinchi palatkalar va birinchi uylarni kimlar qurganini keyingi avlodlar bilishi kerak.

        Ayni paytda Orolning qurigan hududlarida 3 mingga yaqin kishi, 600 ta texnika, jumladan 5 ta “An-2” samolyoti ishlamoqda.

        O‘tgan yili 500 ming gektar maydonga ko‘chat ekilib, urug‘lar sepilgan edi. Joriy yilning fevral oyi birinchi yarmida 700 ming gektar maydonga saksovul ko‘chatlari ekilib, urug‘lari sepildi. Bu ishlar mart oyi oxirigacha davom etadi.

        Dengizning qurigan hududida 57 ta quduq qazildi.

 

Orolning qurigan hududidan qaytayotib Mo‘ynoq shahrining kechki chiroyini tomosha qildik. Ravon, keng ko‘chalarda rang-barang chiroqlar yog‘du sochib turibdi. Yo‘lning ikki tarafida qator tizilgan archalar, ko‘rkam binolar. Oldingi g‘arib, ko‘rimsiz, qovog‘i solingan, ko‘ngilni xira qiladigan uylarning izi ham qolmagan.

Tuman hokimi Yerpulat Yerimbayev qurilib, foydalanishga topshirilgan binolarni sanaydi: — Amfiteatr, stadion, basseyn, sport zali, Yoshlar markazi, kurant, Orol tarixi muzeyi, konserva zavodi, ming ish o‘rniga ega tikuvchilik fabrikasi, ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi, yo‘lning ikki tomonida 48 ta kottej qurildi. Yana 20 ta uch qavatli uy-joy qurilyapti, yaqinda bittasi bitkazildi...

— Bu yil yana nimalar quriladi, muhimlarini aytsangiz, deb so‘rayman.

— Aeroport qurib bitkaziladi, bolalar sanatoriysi, klinika, innovatsion markaz, yana ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi quriladi. 3,5 milliard so‘mlik ichimlik suvi quvurlari tortiladi...

— Bir paytlar Mo‘ynoqdan ko‘chib ketganlar qaytib kelishyapti, deb eshitdik...

— Qaytishyapti, hali yana qaytishadi, — dedi u mamnunlik bilan.

Qarang, o‘ylang, uzoq yillar davomida Mo‘ynoq e’tiborsiz qoldi. Orol quridi, Ikkinchi jahon urushi yillari frontga, undan oldinroq Rossiyaning ocharchilikka uchragan hududlariga mahsulotlar jo‘natib turgan konserva zavodi yopildi. Lekin odamlar bor edi, ular taqdiri ertaga nima bo‘lishi, oldinda qanday ekologik falokatlar kutayotganini to‘liq anglamadikmi yoki katta kuch, mablag‘ talab etadigan bundayin qiyosi yo‘q ishlarga qo‘l urishga botinolmadikmi, har holda qat’iy amaliy choralar ko‘rilmadi.

 — Mo‘ynoqdagi o‘zgarishlar o‘ylaganimizdan o‘n chandon yuqori ekan, – deydi senator Ikrom Najmiddinov. – Go‘yo mo‘jiza ro‘y bergandek. Lekin bu shahar osmondan tushmagan. Prezidentimizning e’tibori, mehri, xalqimizning qahramonona mehnati bilan bunyod etildi.

U kishi haq gapni aytdi. Bu tarixiy ishlar zamirida eng avvalo odamlarga mehr, ularni qadrlash yotibdi. Mo‘ynoq tarixida qiyosi  bo‘lmagan bu yangilanishlar odamlarning hayotga munosabatini ham butunlay o‘zgartirib yubordi. Ularning yuz-ko‘zida tabassum paydo bo‘ldi, kecha mehmon kelsa, mo‘ynoqliklar uyalib qolishgani haqiqat. Bugun mehmon kelsa, quvonishlari, faxrlanib shaharlarini ko‘rsatishlari ham haqiqat.

Bir yilcha ilgari tong otarmidi, tun tusharmidi, odamlarga farqi, ahamiyati yo‘qdek edi. Bekorchilik, og‘ir hayot ularni orzu-umidlardan ham mahrum qilib qo‘ygandi.

Bugun mo‘ynoqliklar har tongni xushkayfiyat, yangi orzu-niyatlar bilan kutib olishayapti. Bugun Mo‘ynoqda chinakamiga tong otdi. Tonglar ichra ajoyib bir tong, quyoshli tong...

 

Safar OSTONOV


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: