18.02.2020

«ISTE’MOL SAVATChASI» — IZLANIShLAR, O‘RGANIShLAR

xalqaro tajriba asosidagi konsepsiya ishlab chiqiladi

Ma’lumki, iste’mol (yashash) minimumi deganda inson tanasining holsizlanib qolmasligi — normal ishlashini ta’minlash, uning salomatligini saqlab turadigan darajada oziq-ovqat mahsulotlari to‘plamiga ega bo‘lishning eng kam miqdori, asosiy ijtimoiy va madaniy ehtiyojlarni qondirish uchun zarur minimal xizmatlar to‘plamini ta’minlashga yetarli bo‘lgan qiymat anglashiladi.

Iste’mol minimumi hajmi ikki elementdan iborat – fiziologik va ijtimoiy. Fiziologik minimum – inson yashashi uchun zarur bo‘lgan moddiy qadriyatlar qiymati ifodasidir. Dunyo amaliyotida fiziologik minimum umumiy iste’mol minimumning o‘rtacha 85-87 foizini tashkil etadi, qolganlari ijtimoiy qismiga, ya’ni minimal darajada maqbul turmush tarziga muvofiq ma’naviy qadriyatlar to‘plamiga to‘g‘ri keladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi XDP fraksiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida mana shular haqida so‘z bordi. Unda fraksiya a’zolari, Iqtisodiyot va sanoat, Sog‘liqni saqlash, Moliya vazirliklari vakillari, mahalliy Kengash deputatlari, partiyaning hududiy va Markaziy Kengashi mas’ullari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash hamda uni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi. Ushbu masala bo‘yicha Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi va Markaziy Kengashi tomonidan tuzilgan ishchi guruhning dastlabki hisoboti eshitildi

 

Mixail YeLShOV, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bosh konsultanti:

— Bugungi kunda “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” to‘g‘risida qonun qabul qilinishiga qanday zarurat bor?

Birinchidan, Konstitutsiyamizning 39-moddasida pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qo‘yilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilgan.

Mazkur Konstitutsiyaviy me’yor amalda ishlamadi, tirikchilik uchun zarur eng kam miqdorni belgilash mezonlari shu vaqtga qadar aniqlanmadi. Bu borada milliy qonunchiligimiz ham, huquqni qo‘llash amaliyoti ham xalqaro amaliyotdan juda orqada qoldi.

Ikkinchidan, Prezident Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida O‘zbekistonda ilk bora kambag‘allikni kamaytirish choralari ko‘rilishi zarurligi ta’kidlanib, bu bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Endilikda xalqaro tashkilotlar bilan birga kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi. Buning uchun birinchi navbatda kambag‘allik tushunchasi, uni aniqlash mezonlarini belgilash, ya’ni “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” haqida alohida qonun qabul qilinishi zarur

Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi”ga oid munosabatlarni huquqiy tartibga solish, shu masalada partiya fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusini ilgari surish vazifasi belgilangan.

Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi ushbu muhim vazifani bajarishga kirishgan. Deputatlar, partiya faollari va ekspertlardan iborat ishchi guruhi “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi”ni belgilash bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish va tahlil qilish ishlarini olib boryapmiz.

 

Avaz O‘RINBOYeV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Ma’lumki, “iste’mol savatchasi” - muayyan vaqt davomida inson hayoti va uning salomatligini saqlash uchun zarur mahsulotlar, tovar va xizmatlarning eng kam to‘plami hisoblanadi. Bu boradagi minimal me’yorlar tirikchilik uchun zarur eng kam miqdorni (iste’mol savatchasining qiymat bahosini) belgilash uchun asos bo‘ladi.

“Iste’mol savatchasi” bir inson yoki oila uchun ma’lum bir vaqtga, masalan, bir oyga zarur mahsulotlar va xizmatlar bo‘lib, ko‘p davlatlarda uning umumiy qiymatiga ko‘ra aholiga ijtimoiy nafaqalar belgilanadi. Shuningdek, “iste’mol savatchasi” inson uchun yetarli miqdorda oziq-ovqat, dori-darmon kabi hayot uchun zarur vositalar majmuasini anglatib, uning miqdor va tarkibi turli davlatlarda turlichadir. “Yashash minimumi” miqdori esa “iste’mol savatchasi” qiymatiga asosan belgilanadi.

Masalan, AQShda iste’mol savatchasiga 300 xil, Fransiyada — 250, Angliyada — 350, Germaniyada — 475, Rossiyada esa 156 xil mahsulot va xizmatlar “iste’mol savatchasi”dan joy olgan.

Ayni paytda mutaxassislar bilan o‘rganishlar olib borgan holda 46 xil oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol savatchasiga kiritish haqida muhokamalar olib borilmoqda. Bundan tashqari nooziq ovqat mahsulotlari hamda xizmatlar ham uning tarkibiga kiritiladi. O‘ylaymizki, bu boradagi o‘rganishlar tez orada o‘z natijasini beradi va qonunning amaliyotga joriy etilishi partiyamiz elektorati manfaatlariga xizmat qiladi.

Safar OSTONOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Har bir masalada partiyamiz elektorati, ya’ni ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand aholi qatlami manfaatlarini ifoda etishga harakat qilishimiz kerak. “Iste’mol savatchasi” haqidagi qonunning amaliyotga joriy etilishi ham bevosita ushbu qatlamning manfaatiga xizmat qiladi, deb o‘ylaymiz. Iste’mol savatchasi kam ta’minlangan, oilalar, yolg‘iz ayollar keksalar ijtimoiy himoyasi uchun zarur.

Shu bilan birga, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand qatlamni aniqlab olish va uning mezonlarini qayta ko‘rib chiqish kerak. Joylarda aholidan noroziliklar kelib tushadi. Ayniqsa, yolg‘iz ayollar bu borada ko‘p murojaat etadi.  Masalan, farzandlarini bir o‘zi tarbiyalayotgan ayollarning xonadonida televizori, muzlatgichi bo‘lsa, “sizning yashashingiz yaxshi ekan”, deb ularga ijtimoiy ko‘mak berilmaydi. Yana eng kam oylik ish haqining bir necha barobari miqdorida maosh oladigan shaxslar ham ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam sirasiga kiritilmaydi. Vaholanki, 600-700 ming so‘m bilan ro‘zg‘or tebratib bo‘lmaydi.  Bu kabi misollarni yana keltirish mumkin. Asosiysi, ushbu tizimda aniq me’yorlar, tartib joriy qilinishi zarur, deb hisoblayman.

Yig‘ilishda, shuningdek, O‘zbekistonda “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi”ni belgilashning o‘ziga xos jihatlari, bu borada hududlarda o‘tkazilgan eksperiment natijalari, bir kishi uchun bir oyga zarur bo‘ladigan eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarining minimal miqdori va boshqa muhim masalalar bo‘yicha mutasaddi vazirliklar vakillarining axborotlari tinglandi.

Partiya fraksiyasi a’zolari xalq­aro tajribaga mos ravishda “iste’mol savatchasi” me’yorlarini aholining 3 ta asosiy ijtimoiy-demografik guruhi, ya’ni mehnatga layoqatli aholi, pensionerlar va bolalar uchun ishlab chiqish zarurligini ta’kidlashdi.

Kengaytirilgan yig‘ilishda “iste’mol savatchasi” tarkibi qismlarga bo‘lingan holda atroflicha muhokama qilindi. Odatda “iste’mol savatchasi” 3 qismdan, ya’ni oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlar (kiyim-kechak, poyabzal, dori-darmonlar) va kommunal, transport, madaniy-ma’rifiy xizmatlardan iborat bo‘ladi. Mamlakatimizda bu borada minimal me’yorlarni belgilashda hududlardagi turmush madaniyatining o‘ziga xos jihatlarini alohida e’tiborga olish taklif etildi.

Shuningdek, aholining real daromadlari, ish haqi, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy to‘lovlar miqdorini xalqaro normalarga muvofiq ishlab chiqiladigan “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi”ga maqbullashtirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Fraksiyaning kengaytirilgan yig‘ilishida “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” tushunchasini qonunchilikda mustahkamlash va uni amalga oshirish mexanizmini ishlab chiqish bo‘yicha tuzilgan ishchi guruh hisoboti ma’lumot uchun qabul qilindi.

Yig‘ilishda ishchi guruh zimmasiga qisqa muddatda “iste’mol savatchasi” va “yashash minimumi” to‘g‘risidagi qonun loyihasi konsepsiyasini tayyorlash vazifasi yuklatildi. Bu haqda Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining tegishli qarori qabul qilindi.

 

Zilola UBAYDULLAYeVA

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: