Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Yanvar 2021   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
14.01.2020

BOYLIK

Farzand uchun ota-ona o‘rnini hech kim, hech narsa bosa olmaydi.

Olti yoshga to‘lib, endi yettiga qadam qo‘ygan jamalaksoch Dildora har kungidek dadasini ishga kuzatarkan, «yaxshi borib keling, dada», — deb kuzatib, hovli sahnidagi chorpoyaga chiqib, xontaxtaning bir chetida o‘tirdi. Choynakdan choy quyib, bir tishlam non yegan bo‘ldi.

Quymoq yegisi keldi va bir vaqtlar ayasi shirin quymoqlar tayyorlab berganini elas-elas esladi. So‘ng ayasi yodiga tushdi, ko‘ngli buzildi, lekin uning yuzini ko‘z oldiga keltirolmay, hiqqillab yig‘lashga tushdi.

Yig‘i asnosida, ayasi va dadasi gap talashib urishib qolganini, ayasi ukasi Dilshodni ko‘tarib onasining uyiga, keyinchalik ishlagani uzo-o-qqa ketib qolgani haqida buvisi bilan adasining gapidan eshitgani yodiga tushdi. Shu payt xayolini, ochiq ayvon shiftiga vijirlab uchib- qo‘nayotgan qaldirg‘ochlar bo‘ldi.

Dildora qaldirg‘ochlarga mahliyo bo‘lib termulib qoldi... Qaldirg‘och bo‘lish qanday yaxshi-ya, qanoting bo‘ladi, xohlagan joyingga uchib boraolasan, — deb o‘y surdi.

... So‘ng, ko‘zlarini yumib, xayolan qaldirg‘ochga aylandi va ko‘kka parvoz qildi. Baland osmonda uzoq-uzoqlarga uchdi, qishloqlar, shahar ustidan o‘tib, ayasini qidira boshladi...

Ichkaridan chiqib kelgan buvisining «Dildora, qayerdasan ona qizim» — degan ovozidan, Dildora cho‘chib tushdi.

 Buni ko‘rgan buvi: — Voy cho‘chitib yubordimmi, jonim bolam, — deya nabirasini quchoqlab, yelkasini silab-siypalab erkalay ketdi.

Dildora esa qaldirg‘ochlardan ko‘zini uzolmas, ularga tikilgan kuyi ko‘nglidan shunday so‘zlar o‘tardi: Qaniydi qaldirg‘och bo‘lsam, uchib ketsam, ayajonimni topib kelsam...

Yoshi yetmishni qoralab, qulog‘i ham og‘irlashib qolgan buvi nabirasining gapini eshitmay qolgani sabab «bir nima dedingmi qizim?», deb so‘rar bo‘ldi.

Dildora: — Ayamni sog‘indim, ayam nega kelmayapti, — deb yig‘lab yubordi.

Buni kutmagan buvi jonsaraklik bilan: — Jon qizim, yig‘lama, mana men yig‘lasam bo‘ladi, mening enam endi hech qachon kelmaydi, chin dunyoga ketib qolgan. Menam senga o‘xshab enamning mehriga qonmaganman, to‘rt yoshimda enamdan ajrab qolganman, bolam. Sening ayang esa keladi, albatta keladi... yig‘lama bolam...

Buvi kechgacha betoqat bo‘lib o‘g‘lini kutdi. Ishdan xomush uyga kirib kelgan o‘g‘li ovqatlanib bo‘lishini kutdi. Keyin, ertalab nabirasi ayamni sog‘indim, deb yig‘laganligini aytib, «Bolam, kelin bilan xabarlash, qaytsin. Yarashib yashanglar, bolalaringni o‘zlaring katta qilinglar», — dedi.

Tabiatan og‘ir-vazmin o‘g‘il bir oz sukutdan so‘ng «Xo‘p, ona», — deb qo‘ydi va choynakdagi sovugan choydan quyib ichib, o‘rnidan turdi. «Ona, men hozir kelaman, siz dam olavering» — deb qo‘yib, qo‘shni mahallada yashovchi qaynonasinikiga yo‘l oldi.

Qaynonasi «keling-cha, keling bolam», — deb yaxshi kutib oldi, hol-ahvol so‘rashgan bo‘lishdi. Chorpoyaga omonat o‘tirgan kuyov hovliga nazar tashlab, o‘g‘lini qidirgan bo‘ldi. Buni sezgan qaynonasi, Dilshodjon keb qoladi, bolalar bilan qo‘shninikiga o‘ynagani chiqqandi, — deb qo‘ydi. Shu bilan gap uzilib, har ikkisi jim bo‘lib qoldi...

Biroz o‘tib, o‘g‘lining o‘yi tiliga ko‘chib, «qizingizdan xabar bormi?», — deb so‘rar bo‘ldi.

Qaynona: — qizim tushmagur keb qolar, har telefon qilganida qaytib kel, deb aytayapman. Telefon qilsa, yana aytaman...

 So‘ng qizini oqlaganday bo‘lib, qo‘shimcha qildi: — qizimning boshini aylantirib, boshlab ketgan dugonasini ham urishdim, qaytarib jo‘nat, deb...

Shu asnoda eshikdan kirib kelgan besh yoshli Dilshod yugurgilab, o‘zini dadasi quchog‘iga otdi va mahkam quchoqlagan kuyi turib qoldi, so‘ng: — Ob keting, uyga boraman, deb yig‘lamsiradi.

Kuyov qaynonaga qarab, yo‘q demasangiz, olib ketay, opasi ham sog‘ingan, — dedi. Qaynonasi rozilik bildirdi.

Hovliga kirib kelishgach, Dilshod o‘zini buvisining quchog‘iga otdi. Uydan uyqisirab chiqib kelgan Dildora ukasini ko‘rib, bir zum lol bo‘lib turdi va keyin «Dilshod — ukajon» — deya unga talpindi va ukasini quchoqlab yig‘lab yubordi. So‘ng, — Ayam qani Dilshod, ayam ham kelmadimi?, — deb so‘ray boshladi, ko‘zlari jovdirab dadasiga qaradi. Buni ko‘rib turgan buvining ko‘zlari yoshlandi... Bolalariga qarab otaning bag‘ri ezildi. Og‘ir xo‘rsinib, xayolga cho‘mib qoldi.

... Oradan o‘n kuncha vaqt o‘tib, oiladagi arzimas yetishmovchilik sabab eri bilan aytishib, onasining uyiga ketgan, keyin dugonasining gapiga kirib, katta pul topish niyatida o‘zga yurtga ketgan, ona mo‘ltirab uyiga kirib keldi.

Bolalarini bag‘riga bosib, ko‘zlaridan duv-duv yosh quyildi. — Men adashdim, men izlagan boylik Sizlar ekanligingizni tushundim, meni kechiringlar, — deb yer chizgan bo‘ldi. Bolalari uning bo‘ynidan mahkam quchoqlab yig‘lashardi... Ayvondan qaldirg‘ochlar ham vijirlab, bolalariga parvona edi...

 

Xolmo‘min YoDGOROV,

huquqshunos


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: