Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Yanvar 2021   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 31
23.12.2019

Oliy sud va OAV xodimlari hamkorligi

inson haq-huquqi va qonuniy manfaatlari himoyaciga xizmat qiladi

Mamlakatimiz Oliy sudi ma’muriyati ibratli tashabbus bilan chiqdi: OAV vakillarining viloyat sudlari faoliyati bilan yaqindan tanishishlari  uchun press-tur tashkil etildi.

Oliy sud, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va AQShning xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi yo‘lida hamkorlik” loyihasi asosida tashkil etilgan ushbu tadbirdan ko‘zlangan bosh maqsad – sudlar faoliyatida ochiq-oshkoralikni ta’minlashda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat edi.

Birinchi manzil bundan uch oy oldin foydalanishga topshirilgan. Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani ma’muriy hamda tumanlar­aro iqtisodiy sudi joylashgan bino bo‘ldi.

Zamonaviy talablar darajasida barcha kommunal shart-sharoitlarga ega mazkur inshoot eng so‘nggi rusumdagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan.

        Sud tizimiga joriy etilayotgan axborot kommunikatsiyalar tarmog‘i fuqarolar vaqtini tejaydi hamda xarajatini kamaytiradi, – deydi Sirdaryo viloyati ma’muriy sudi raisi Abduxalil Ahmedov. – Ye-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi o‘zini oqladi. Fuqarolar O‘zbekistonning istalgan joyidan bizga murojaat qilishlari mumkin. O‘n oyda 360 dan ziyod ish ko‘rildi. Shulardan 200 nafardan ortiq fuqaroning buzilgan huquqi tiklandi. Yer-mulk, kadastr xizmati, FHDYo, notarial idoralari faoliyatidan norozi bo‘lib, shikoyat qiluvchilar nisbatan ko‘p. Ma’muriy huquqbuzarlikka oid 21 mingdan ziyod ish ko‘rilgan. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, litsenziyasiz faoliyat yuritayotganlarga bir oy muhlat beriladi. Agar fuqaro shu muddatda tegishli hujjatni to‘g‘rilab, qonuniy faoliyatga kirishsa, mol-mulki qaytarib beriladi.

      Jizzax viloyati G‘allaorol tumanlar­aro fuqarolik sudi binosiga kelganimizda bizga Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov peshvoz chiqdi.

– Jurnalistlar bilan huquqshunoslar o‘rtasida   aloqa qanchalik yaqin bo‘lsa, xalqqa shunchalik foyda, – deydi Xolmo‘min Yodgorov. – To‘qqiz oyda iqtisodiy sudlarda 22 mingdan ziyod ish ko‘rilib, tadbirkorlarga 975 milliard so‘m undirib berildi. Ma’muriy sudlarda davlat va nazorat idoralari faoliyatidan shikoyatlar bo‘yicha 3600 dan ortiq ish ko‘rildi. 1600 nafardan ziyod fuqaro sudlar tomonidan oqlandi.

Jamoatchilik fikri bizga ommaviy axborot vositalari orqali yetib keladi. Biz juda ko‘p ma’lumotlarni aholiga to‘liq yetkazib bera olmayapmiz.

To‘g‘ri, sudlar va OAV xodimlari o‘rtasida hamkorlik bor. Biz bu aloqani yanada kengaytirishimiz kerak. Fuqarolarning huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirishga katta e’tibor qaratyapmiz. Iqtisodiy va fuqarolik ishlari bo‘yicha jarayonlarda sudgacha, sud muhokamasi davrida tomonlarni  yarashtirish choralarini ko‘ryapmiz. Sud eshiklari jurnalistlar uchun ochiq. Faqat bitta shart: aholiga xolis axborotni yetkazish kerak.

O‘zaro muloqotdan so‘ng sud majlisi zallarini, sudyalar, prokuror va advokat xonalarini ko‘zdan kechirdik. Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga internet orqali sud binosiga kelmasdan murojaat etish va sud qarorlarini olish imkonini beruvchi axborot tizimi afzalliklari haqida ham ma’lumot berildi.

Avtobusimiz Samarqand shahriga yetib kelganida vaqt allamahal bo‘lib qolgandi. Ertalab peshtoqiga “Tayloq tuman sudi” deb yozilgan bino oldida  Xolmo‘min Yodgorov bilan yana uchrashdik.

Sud binosiga kiramiz. Kutish zalida fuqarolar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shu zalda sudyaning qabul xonasi ham bor. To‘rtta sud ketma-ket joylashgan. Binosi chiroyli, zamonaviy jihozlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Tayloq tuman sudining ikkinchi qavatida suhbatimiz davom etdi.

— Huquqiy islohotlar barcha sohada o‘zining ijobiy samarasini berayotir, - deya gapida davom etdi Xolmo‘min Yodgorov. – 6078 nafar fuqaro yarashtirildi, 2497 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan oldin ozod etildi. Shu kunlarda Samarqand viloyatida yuzlab mahkumlarni jazodan ozod etish bo‘yicha hujjatlar o‘rganilmoqda.

Darvoqe, JIB Tayloq tuman sudida quvonchli voqeaning guvohi bo‘ldik. Muqaddam sodir etgan jinoyati uchun axloq tuzatish va ozodlikni cheklash jazolarini o‘tayotgan 5 nafar shaxsga nisbatan ko‘rilayotgan ishda ishtirok etdik.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Tayloq tuman sudi raisi Marat Ergashev mahkumlarning ishini ko‘rib chiqib, ular o‘z jinoiy harakatlarining salbiy oqibatini tushunib yetganligi va pushaymonligi uchun  JKning 73-moddasi talabi asosida jazoning qolgan qismini o‘tashdan shartli ravishda ozod etdi.

Sohadagi dolzarb mavzular, guvoh bo‘lganimiz – voqea-hodisalar yuzasidan qizg‘in suhbatga berilib, Buxoroga yetib kelganimizni sezmay qoldik.

FIB Romitan tumanlararo sudining ma’muriy binosida tumanlararo iqtisodiy sudi ham joylashgan ekan. Bu yerda fuqarolar Ye-SUD milliy elektron tizimi orqali o‘zlari tomonidan kiritilgan da’vo arizalari yuzasidan chiqarilgan hal qiluv qarorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet orqali ko‘rishlari mumkin. Bu yerda shu yilning o‘n bir oyida 1846 ta ish ko‘rilgan. Aytish kerakki, 43,2 foiz ishlar sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilgan.

Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan “Sudlarning ochiqligi va shaffofligi – inson huquqini himoya qilishning muhim omili” mavzudagi xalqaro konferensiyada Oliy sud raisi va sudyalar. mahalliy hamda xorijlik jurnalistlar, chet ellik yuristlar ishtirok etdi.

– Sudlarning chinakam mustaqiligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar bo‘yicha aholiga xolis ma’lumot yetkazish muhim, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov. – Sudlar faoliyatida ochiq-oshkoralik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha keyingi uch yilda ko‘p ish qilindi. Jurnalistlar fuqaro bilan davlat o‘rtasidagi vositachi hisoblanadi. Sudlar va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi bu kabi hamkorlik juda zarur.

Ochig‘i, OAVda ba’zida malaka yetishmaydi. Jurnalist oilaviy, iqtisodiy, ma’muriy, jinoiy sohalar bo‘yicha ixtisoslashishi kerak. Sudlarda ochiqlik qanday, qaysi darajada bo‘lishi lozim? Ochiqlik qaysi shaklda bo‘lishi zarur, qaysi masalani qay shaklda yozish o‘z samarasini beradi? Oilaviy nizolarni yoritishda nimalarga e’tibor qaratish kerak? Bugun press-tur birinchi marta o‘tkazilayotir. Keyingi press-turni sohalar bo‘yicha olib borsak maqsadga muvofiq bo‘lardi. Biz har doim muloqotga tayyormiz.

– O‘zbekistonda sudlar faoliyatida katta o‘zgarishlar bo‘lyapti, – dedi amerikalik tadbir ishtirokchisi Sheron Reyyes. – Biz uch kun tuman sudlari faoliyati bilan yaqindan tanishdik va lavha tayyorladik. Loyiha doirasida Oliy sud bilan yaqin hamkorlik qilamiz. Bu sud tizimiga ishonchni oshiradi. Loyihamiz aholining huquqiy bilimini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.

Xorijlik ekspert Jeyms Brindleyning fikrlari ham e’tiborga molik bo‘ldi.

– Men to‘rt yildan keyin yana O‘zbekistonga keldim, – dedi u. – Ko‘p o‘zgarishlarni ko‘rdim. So‘nggi yillarda o‘zbek jurnalistlari oshkoralikni ta’minlashga katta e’tibor qaratyapti. Sudlar faoliyatida yanada oshkoralikni ta’minlash yo‘lida qator ishlar qilinishi kerak, deb o‘ylayman. Sudlar jurnalistlarga so‘ralgan ma’lumotlarni tez va qisqa vaqtda  berishi kerak.

Oliy sud tomonidan birinchi marta tashkil qilingan press-tur ishtirokchilarga  ma’qul va manzur bo‘ldi. Ochiq-oshkoralikni ta’minlash yo‘lida biz jurnalistlar hali ko‘p izlanishimiz, o‘qib-o‘rganib, huquqiy bilimlarimizni oshirib borishimiz zarurligini yana bir bor angladik.

Bir so‘z bilan aytganda, sudlar faoliyatidagi ochiqlik va oshkoralik odil sudlov orqali fuqarolar haq-huquqi hamda qonuniy manfaatlari himoyasiga xizmat qiladi.

 

Ravshan ShODIYeV,

“O‘zbekiston ovozi” muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: