O'zb  
 

Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Aprel 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 31 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 1 2 3
23.12.2019

Saylovda vatan, xalq taqdiriga daxldorlik tuygʻusi yaqqol namoyon boʻldi

Mamlakatimizda 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtdi.

Saylov jarayonini kuzatishda MDH, SHHT, YETTB, Xalqaro xususiy huquq boʻyicha Gaaga konferensiyasi, Turkiy kengash, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Parlament Assambleyasi, shuningdek, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining toʻlaqonli missiyasi tarkibida 700 nafardan ziyod xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etdi.

OʻzA muxbirlari “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan saylovlarda qatnashgan xorijiy kuzatuvchilarning ayrimlari bilan suhbatlashdi, ularning siyosiy jarayon boʻyicha fikrlari bilan qiziqdi.

Kaetana DE ZULUYETA, YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining (YEXHT DIIHB) saylovni kuzatish missiyasi rahbari:

Saylovlar turli mamlakatlarda oʻziga xos tarzda oʻtkaziladi. Ammo uning tamoyili bir tanlangan nomzodlarga ovoz berish. AQSHda saylovlar elektron tarzda, Yevropa Ittifoqida esa Oʻzbekistonda boʻlgani kabi saylov byulletenlarida amalga oshiriladi.

YEXHT DIIHB vakillari Oʻzbekiston boʻylab saylov jarayonlarini kuzatayapti. Oʻrganishlarimiz yakuni boʻyicha oʻz xulosalarimizni taqdim etamiz.

Ayrim oʻrinlarda byulletenlarda saylovchilarga qarshi ovoz beruvchi qator yoʻqligi aytildi. Shuni unutmaslik kerakki, ushbu qator koʻpgina davlatlarning saylov byulletenlarida ham yoʻq. Bu saylovlarning demokratik ruhda oʻtishiga taʼsir etmaydi.

Sergey LEBEDEV, MDH Ijroiya qoʻmitasi kuzatuvchilari missiyasi rahbari, MDH Ijroiya qoʻmitasi Raisi Ijrochi kotibi:

MDH Ijroiya qoʻmitasi kuzatuvchilari missiyasi bir oydan buyon mamlakatingizning turli hududlarida boʻlib, saylovga koʻrilgan tayyorgarlik jarayonini kuzatdi. Missiyamiz barcha saylovoldi jarayonlarida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, saylovni oʻtkazishga aloqador tuzilmalar, jumladan, Ichki ishlar, Tashqi ishlar vazirliklari, Bosh prokuratura bilan yaqindan hamkorlik qildi.

Oʻzbekistonda ilk bor yangi Saylov kodeksi qabul qilindi va unda xalqaro saylov huquqining barcha tartib-qoidalari belgilangan. Kodeksni Oʻzbekiston fuqarolari oʻz xohish-irodasini erkin namoyon qilishlarining kafolati, deyish mumkin.

Saylov kampaniyasi sifatli tashkil etilgan. Ovoz berishda kamchiliklar boʻlmasligi, fuqarolarning emin-erkin ovoz berishlarini taʼminlash uchun barcha zarur choralar koʻrilgan. Bu esa saylov natijalari xalq kutganidek boʻlishini kafolatlaydi.

Kristof BERNASKONI, xalqaro kuzatuvchi (Niderlandiya):

Mamlakatingizda oʻtkazilgan saylov munosabati bilan uch kun davomida Toshkentda faoliyat yuritdik. Muhim siyosiy voqelikka hozirlik jarayonlari bilan bevosita tanishish imkoniga ega boʻldik. Aytishim mumkinki, fuqarolarning saylov huquqidan erkin foydalanishlari uchun barcha sharoit yaratilgan. Xalqaro kuzatuvchi sifatida bu boradagi ishlarni alohida qayd etishni istardim.

Bevosita saylov jarayoniga toʻxtaladigan boʻlsak, Toshkent shahar Mirobod tumanida tashkil etilgan 218-saylov uchastkasida boʻlib, fuqarolarning ovoz berishda ishtirokini, saylov komissiyasi, ishonchli vakillar faoliyatini kuzatdim. Saylov koʻtarinki ruhda, yuqori saviyada, ilk bor qabul qilingan yangi Saylov kodeksiga muvofiq, ochiq va oshkora tarzda oʻtkazildi.

Almutava JASIM ISO, BAA Savdo-sanoat vazirligi maslahatchisi, xalqaro kuzatuvchi:

Saylov uchastkalarida boʻlib, ovoz berish uchun kelgan fuqarolarni, ular huquqlarining taʼminlanishini kuzatdim va qonun buzilish holatini uchratmadim. Ochiqlikni taʼminlashga qaratilgan saylovchilar ishtirokining yagona bazasi yaratilgani menda katta taassurot qoldirdi. Saylovga yaxshi tayyorgarlik koʻrilgan. Nomzodlar orasida xotin-qizlar va yoshlarning koʻpligi quvonarli.

Mamlakatingizda uch yil oldin oʻtkazilgan Prezident saylovlarida ham ishtirok etib, aholining kelajakka boʻlgan intilishi, maqsadlari sari harakatiga guvoh boʻlgandim. Bugun ana shu tanlov tufayli yurtingizda demokratik tamoyillar, soʻz erkinligi taʼminlanmoqda. Demak, saylovda toʻgʻri tanlov amalga oshirilgan.

Bu gal ham nomzodlar orasidan tanlangan deputatlar Oʻzbekistonning kelajagi yoʻlida mehnat qilib, uning ravnaqi va aholi turmushi farovonligini yanada yaxshilashda munosib ishtirok etishiga ishonaman.

Nargis RAHMONOVA, MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchi missiyasi vakili (Tojikiston):

Mamlakatingiz saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar bu yilgi saylovlarni tom maʼnoda yangicha ruhda tashkil etish imkonini berdi.

Saylovlarda siyosiy partiyalar, har bir fuqaroning ochiq va teng huquqli ishtiroki taʼminlangan. Ular uchun umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq normalari va tamoyillariga mos sharoitlar yaratilgan. Saylov uchastkalarida boʻlib, jarayonni kuzatdim va hamma joyda saylovlar qonunchilikka toʻliq rioya qilingan holda oʻtganiga guvoh boʻldim.

Gender tengligi masalasi bilan bogʻliq bir faktni ibrat sifatida qayd etishni istardim: Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan deputatlikka nomzodlar orasida xotin-qizlar umumiy miqdorning 30 foizidan kam boʻlmasligi belgilab qoʻyilgan. Shu maʼnoda nomzodlarning 45 foizi ayollar ekani meni quvontirdi. Bu mamlakatda xotin-qizlar huquqlarini taʼminlashga ustuvor ahamiyat qaratilishidan dalolat.

Munir HABIB, SHHT Kotibiyati maslahatchisi, xalqaro kuzatuvchi (Pokiston):

Andijon shahridagi qator saylov uchastkalari faoliyati bilan tanishdim, odamlar bilan suhbatlashdim. Ushbu viloyat misolida Oʻzbekiston Respublikasi parlamenti hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlarga tayyorgarlik ishlari yuqori saviyada tashkil etilganiga amin boʻldim.

Saylov kuni Andijon shahridagi 45-saylov uchastkasida boʻlib, fuqarolarning faolligi, saylovchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgani, saylov komissiyalarida oʻz ishini puxta biladigan, muayyan tajribaga ega kishilar jalb etilgani, jarayon xalqaro talab va meʼyorlar asosida oʻtkazilganini kuzatdim.

Xalqaro andozalar, demokratik tamoyillar asosida oʻtgan saylovlarda xalqingiz eng munosib nomzodlarga ovoz berdi. Bu tanlov, albatta, mamlakat tinchlik-xotirjamligi, yurtingizning barqaror rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Kubanichbek TAABALDIYEV, Qirgʻiziston Kabar milliy axborot agentligi bosh direktori, xalqaro kuzatuvchi:

Ushbu siyosiy jarayon mamlakatingiz uchun ulkan tarixiy ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarlik davrida ilk bor tashkil etilgan bu siyosiy tadbirning muhim jihatlaridan biri sohaga oid turli qonunchilik hujjatlarining takomillashtirilgani.

Yangi Saylov kodeksi talablari asosida oʻtkazilgan saylovda Toshkent shahridagi ikkita, shuningdek, Buxoro shahridagi saylov uchastkalarida boʻldim va siyosiy jarayonning yuqori saviyada tashkil qilinganini kuzatdim. Saylov uchastkalarida tadbirga oid barcha maʼlumotlar yetarli. Siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar haqida axborotlar bilan tanishish imkoniyati yaratilgan.

Saylovlarda eng muhimi shaffoflik, ochiqlikdir. Bu tamoyillarga rioya qilindi. Siyosiy partiyalar kuzatuvchilari bilan muloqotda jarayonning borishida ularda eʼtiroz paydo boʻlmaganini bildirishdi.

Kuni kecha Buyuk Britaniyaning The Economist jurnali Oʻzbekistonni Yil mamlakati deb eʼlon qildi. Bu Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy, ijtimoiy islohotlar samarasi, xalqingiz munosib hayot kechirishi yoʻlida yaratilayotgan demokratik erkinliklarning amaldagi eʼtirofidir. Bu galgi saylov ham xalqingiz orzu-istaklarini roʻyobga chiqarish yoʻlidagi muhim qadam boʻlib qoladi.

Sayyid Xolid Amir JAFFERIY, Pokiston global va strategik tadqiqotlar markazi prezidenti:

Oʻzbekistonga ilk bor 2009-yili kelgandim. Bugungi Oʻzbekiston men koʻrganimdan butunlay farq qiladi.

Saylovlar har bir davlatda muhim siyosiy jarayon hisoblanadi. Uni demokratik tamoyillar, xalqaro standartlar asosida oʻtkazish alohida ahamiyatga ega. Koʻplab saylov uchastkalarida boʻldim. Siyosiy voqelikka alohida tayyorgarlik koʻrilgan. Fuqarolarning saylovda faol ishtirok etgani tahsinga loyiq. Boisi, rivojlangan davlatlarda ham har doim bu kabi uyushqoqlikni koʻrish mushkul.

Fuqarolar oʻz pozitsiyasini erkin ovoz berish orqali bildirishdi.

Vladimir GRACHEV, Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari:

Kuzatuvchi sifatida saylov uchastkalarida tayyorgarlikning borishi va saylov boshlangandan keyingi jarayon bilan tanishdik. Oʻzbekistonda yangi Saylov kodeksi asosida saylovlarni oʻtkazishga yaxshi tayyorgarlik koʻrilgan. Biz borgan saylov uchastkalarida jarayon demokratik ruhda, shaffof muhitda, qonunchilikka mos oʻtganini qayd etishni istardim.

Saylov jarayoni mamlakatdagi ijobiy oʻzgarishlarga hamohang kayfiyatda oʻtganini his qildik. Shu maʼnoda, aytishim mumkinki, saylov boʻyicha xulosalarim ijobiy.

Gulnara KUNBAYEVA, Oqtoʻba viloyati saylov komissiyasi raisi (Qozogʻiston):

Parlament va mahalliy Kengashlarga oʻtgan ochiq va oshkora saylovlarda Oʻzbekiston kuchli demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlida salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritganini namoyon etdi. Saylovchilar oʻz xohish-irodasini emin-erkin bildirgani bunga yaqqol misol. Termiz shahridagi qator saylov uchastkalarida boʻlib, bunga ishonch hosil qildik.

Saylovchilar katta qiziqish bilan kelib, nomzodlar uchun yashirin ovoz berganini kuzatdik. Oʻzbekiston milliy qonunchiligida saylovlarni adolat va tenglik tamoyili asosida oʻtkazish meʼyorlari mustahkamlab qoʻyilgani mamlakat rivojiga xizmat qilmoqda.

Saylov fuqarolar faolligida oʻtdi. Buni muhim siyosiy jarayonning tub mohiyatini odamlarga tushuntirish uchun qilingan salmoqli ishlar samarasi, deyish mumkin.

Gennadiy ONISHENKO, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat dumasi deputati:

Tashrif asnosida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida boʻlib, saylov tizimi bilan yaqindan tanishdim. Albatta, bu galgi saylov qonunchiligiga koʻplab oʻzgartishlar kiritilgan.

Oʻzbekistonda oʻtgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida uchinchi bor ishtirok etdim. Bu galgi saylovda mamlakatingizda kechayotgan demokratik yangilanishlar ruhi xalqingizning ovoz berish jarayonida ham namoyon.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda keng koʻlamli ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Mazkur siyosiy voqelikni ham ushbu yangilanishlar samarasi sifatida baholash mumkin. Saylovda har bir fuqaro oʻz taqdiriga, mamlakat ravnaqiga bevosita daxldor ekanini yana bir bor namoyish etdi.

Filippo MALINVERNO, xalqaro kuzatuvchi (Italiya):

Oʻzbekistonga ilk bor 2018-yilda kelgandim. Qisqa fursatda ulkan oʻzgarishlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirilibdi.

Yurtingiz siyosiy va iqtisodiy jihatdan dunyoga yuz tutmoqda. Saylovda aholi faol ishtirok etgani ham bu fikrning yorqin misoli. Barcha tayyorgarlik ishlari xalqaro meʼyorlarga mos. Oʻzbekistonda aholining aksariyatini yoshlar tashkil qilishini eshitgandim. Nomzodlar orasida ham yosh avlod vakillarining ustunlik qilishi Oʻzbekiston oʻz kelajagini barkamol avlod taqdirida koʻrayotganidan dalolat.

Shu oʻrinda mamlakatingizda yoshlar masalasiga qaratilayotgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlikni alohida taʼkidlamoqchiman. Kelajak egalariga boʻlgan bunday munosabatga havasim keldi. Bu masalada Oʻzbekistondan oʻrgansa arziydigan jihatlar koʻp.


OʻzA

Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

Songgi yangiliklar: