Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Iyul 2020   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
16.12.2019

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI YIGIRMA BEShINChI YaLPI MAJLISI TO‘G‘RISIDA AXBOROT

2019 yil 14 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirliklar, idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlangach senatorlar ishni “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va ko‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qilishdan boshladilar.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksini yangi tahrirda qabul qilish nazarda tutilgan. Ta’kidlanganidek, kodeks O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi Farmonini samarali ijro etish maqsadida ishlab chiqildi.

Qonun iqtisodiyotga tushadigan soliq yukini kamaytirishga, soliq solishning soddalashtirilgan va umumbelgilangan tizimi bo‘yicha soliqlar to‘laydigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar o‘rtasida soliq yuki darajasidagi tafovutlarni bartaraf etishga qaratilgan. Soliqlarni unifikatsiyalash, o‘xshash soliq solish bazasiga ega soliqlarni birlashtirish orqali ular sonini maqbullashtirish, hisobotlarni kamaytirish va soddalashtirish, operatsiya xarajatlarini kamaytirish nazarda tutilmoqda.

Qonun makroiqtisodiy vaziyat, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va uning daromadlarini shakllantirish barqarorligini ta’minlashga, soliq qonunchiligini soddalashtirishga, soliq munosabatlariga oid normativ-huquqiy hujjatlardagi ziddiyatlar va tafovutlarni bartaraf etishga, vijdonli soliq to‘lovchilarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra kelgusi yildan soliq turlari 13 dan 9 gacha qisqartirilmoqda. Xususan, yagona yer solig‘i, davlat boji, bojxona to‘lovlari va tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha qat’iy belgilangan soliq turlari bekor qilinmoqda.

Soliq nazorati o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda, u soliq organlariga kameral, joyiga chiqqan holda tekshirish va soliq auditini vakolatli organ bilan kelishilmasdan tahlika-tahlil dasturi asosida amalga oshirish huquqini beradi.

Bundan tashqari, soliqlar va yig‘imlar, shuningdek, boshqa majburiyatlarni hisoblash va to‘lash masalalari bo‘yicha axborot to‘plash uchun sayyor tekshiruv o‘tkazilishi belgilanmoqda. Sayyor tekshiruv yakunlari bo‘yicha soliq organi mansabdor shaxslari tomonidan ular amalga oshirgan harakatlar to‘g‘risida ma’lumotnoma tuziladi, uning nusxasi soliq to‘lovchiga beriladi. Sayyor tekshiruv o‘tkazishda soliq organlari tomonidan soliqlar va yig‘imlar hisoblanmaydi. Shu bilan birga, inson omili ishtirokisiz soliqlar to‘lanmasligi xavfi omillarini tahlil qilish natijalari asosida tanlab olingan barcha soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq auditini o‘tkazish belgilanmoqda.

Soliq bo‘yicha nizolarni sudgacha hal etish tartibi ochib berilmoqda, soliq bilan bog‘liq huquqbuzarlik turiga qarab javobgarlik choralari belgilanmoqda. Soliq organlari javobgarligi kuchaytirilmoqda, soliq auditi natijalari bo‘yicha ortiqcha undirilgan soliq summasini o‘z vaqtida qaytarish mexanizmi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, soliq to‘lashni ta’minlashning yangi vositalarini joriy etish, soliq to‘lash muddatini to‘lov asosida kollegial organlarning (komissiyalarning) ishtirokisiz kechiktirish yoki uzaytirish tartibi nazarda tutilmoqda. Bunday huquq xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga berilmoqda.

Transfert narx shakllantirishni nazorat qilish normalari, “o‘zaro bog‘liq shaxslar” va “o‘zaro bog‘liq shaxslar o‘rtasida nazorat qilinadigan bitimlar”, “nazorat qilinadigan chet el kompaniyasi (NChEK) tushunchalari joriy etilmoqda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi rezidenti bo‘lgan soliq to‘lovchi tomonidan nazorat qilinadigan chet eldagi yuridik shaxsni soliqqa tortish tartibi ochib berilmoqda.

Shu munosabat bilan ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan faoliyat amalga oshirilishi bilan bog‘liq “soliq to‘lovchilarni konsolidatsiyalashgan guruhi” tushunchasi va ularni soliqqa tortishning xususiyatlari kiritilmoqda.

Soliqlarni hisoblash mexanizmini va to‘lash tartibini takomillashtirish, shuningdek, soliqqa tortishning barcha elementlarini aniqlashtirish va tartibga solish nazarda tutilmoqda.

Muhokama vaqtida Kodeksning qabul qilinishi soliq qonunchiligi normalarini qo‘llashni imkon qadar soddalashtirishga ko‘maklashishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, Qonun O‘zbekiston Respublikasining 13 ta qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni, shuningdek, 7 ta qonunni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topishni nazarda tutuvchi 17 ta moddadan iborat. Masalan, “Er osti boyliklari to‘g‘risida”gi Qonunga yer qa’ridan foydalanuvchining tegishli litsenziya asosida foydali qazilmalarni aniqlash va razvedka qilish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya olgan yer qa’ridan foydalanuvchilar tomonidan imzoli bonus va tijoratbop topilma bonusini to‘lashni, ularni to‘lash muddatlarini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Bundan tashqari, foydali qazilmalar zaxiralarining qazib olinadigan hajmining qiymatini aniqlash va tijoratbop topilma bonusini to‘lash tartibi o‘rnatilmoqda.

“Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonunlarga soliq va yig‘imlar to‘lash hamda ular to‘langach foyda kelishi tartibini belgilashni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Senatorlar Qonun qabul qilinishi soliqlar va yig‘imlar ajratish tartib-taomillarining shaffofligini kuchaytirish va oshirishga, vijdonli soliq to‘lovchilar huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga ko‘maklashishini ta’kidladilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, Qonun Soliq kodeksi yangi tahrirda ishlab chiqilishi munosabati bilan, shuningdek, davlat bojini belgilash, undirish, undan ozod qilish va uni qaytarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan. Qonunga ko‘ra davlat boji yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik va (yoki) bunday harakatlar uchun vakolatli muassasalar va (yoki) mansabdor shaxslar tomonidan hujjatlar berganlik uchun undiriladigan majburiy to‘lovdir. O‘zbekiston Respublikasi konsullik muassasalari tomonidan konsullik harakatlarini amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan konsullik yig‘imi, ixtirolarga, foydali modellarga, sanoat namunalariga, seleksiya yutuqlariga, tovar belgilariga, xizmat ko‘rsatish belgilariga, tovar kelib chiqqan joy nomlariga, integral mikrosxemalar topologiyalariga huquqiy muhofaza berish bilan bog‘liq yuridik ahamiyatga molik harakatlarni amalga oshirganlik uchun to‘lanadigan patent boji davlat boji hisoblanadi. Bunda vakolatli muassasalarga va (yoki) mansabdor shaxslarga murojaat qilayotgan va o‘ziga nisbatan yuridik ahamiyatga molik harakat va (yoki) hujjatlar berish amalga oshiriladigan yuridik va jismoniy shaxslar davlat bojini to‘lovchilar hisoblanadi.

Qonunda davlat boji undiriladigan obyektlar va davlat boji stavkalarining miqdorlari nazarda tutilmoqda. Shu bilan birga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda, iqtisodiy sudlarda va ma’muriy sudlarda, notarial harakatlar amalga oshirilganda, fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etishda, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishda, shu jumladan, xorijga chiqish uchun biometrik pasport rasmiylashtirish va berishda, konsullik yig‘imini to‘lashda davlat bojini to‘lashdan ozod qilish tartibi va ozod qilinadigan shaxslar ro‘yxati belgilanmoqda.

Senatorlar Qonun qabul qilinishi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga ko‘maklashishini ta’kidladilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senat a’zolari “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

So‘zga chiqqanlar qayd etganidek, bugun O‘zbekiston Respublikasidagi investitsiya faoliyati yigirma yil avval qabul qilingan va hozirgi zamon talablariga javob bermaydigan qonunlar bilan, bundan tashqari, investitsiya munosabatlarining katta qismi boshqa tarmoqlarga doir qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Investitsiyaga oid qonun hujjatlari normalarining tarmoqlar bo‘yicha taqsimlab yuborilganligi uning huquqni qo‘llash amaliyotini murakkablashtiradi, investitsiyaga oid qonun hujjatlarining samaradorligini pasaytiradi, bu esa, o‘z navbatida, mamlakat iqtisodiyotining rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu munosabat bilan “Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqilib, u O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari tizimiga yagona birlashtirilgan hujjat sifatida kiritiladi. Bunda Qonunda tayanch tushunchalar joriy etilib, mazkur sohada foydalaniladigan asosiy tushunchalar ochib berilmoqda. Qonuniylik, oshkoralik va ochiqlik, investitsiya faoliyatini amalga oshirish erkinligi, adolatlilik va investitsiya faoliyati subyektlarining tengligi, investorlarga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, investorlarning vijdonliligi prezumpsiyasi – investitsiyalar va investitsiya faoliyatining asosiy prinsiplaridir. Endilikda investitsiyalar belgilangan maqsadiga ko‘ra kapital, moliyaviy va ijtimoiy turlarga bo‘linadi. Belgilanishicha, pul mablag‘lari (chet el valyutasi ham) va boshqa moliyaviy mablag‘lar – kreditlar, paylar, ulushlar, aksiyalar va boshqa qimmatli qog‘ozlar, ko‘char va ko‘chmas mol-mulk hamda boshqa obyektlar investitsiya resurslari jumlasiga kiradi.

Bundan tashqari, Qonunda investorning, investitsiya faoliyati ishtirokchisining huquqlari, majburiyatlari, investitsiya faoliyati subyektlarining huquqiy kafolatlari mustahkamlanmoqda. Qonun qabul qilinishi investitsiya makoni yaxlitligini, mamlakatimiz va xorijiy investorlar huquqiy rejimi tengligini, O‘zbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyati subyektlarining iqtisodiy faoliyati erkinligini ta’minlashi va O‘zbekiston investitsiya bozori samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun shart-sharoitlar yaratishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

Qonun qabul qilish zarurati haqida so‘z borganda, “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi Qonunning amaldagi tahriri erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini kompleks tartibga solmasligi va takomiliga yetkazilishi zarurligi qayd etildi. Qonunosti hujjatlarining ko‘pligi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladigan maxsus qonun hujjati mukammal emasligi va barcha zarur masalalar tartibga solinmaganligi investorlarda bu sohadagi qonun hujjatlari barqarorligi to‘g‘risida salbiy fikr paydo bo‘lishiga olib keladi.

Qonunda maxsus iqtisodiy zonalarning turlari va ularning faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari, faoliyat ko‘rsatish muddatini uzaytirish, chegaralarini o‘zgartirish va uni tugatish, maxsus iqtisodiy zonalarning faoliyatini tashkil etish, ularni boshqarish, maxsus iqtisodiy zonaning ishtirokchisi maqomini belgilash, bojxonada tartibga solish, soliq solish va yerdan foydalanish rejimi bo‘yicha asosiy tushunchalar hamda qoidalar belgilanmoqda. Shu munosabat bilan Qonun bu sohadagi munosabatlarni samarali tartibga solishga ko‘maklashadi va iqtisodiy islohotlarning huquqiy bazasini mustahkamlash yo‘lida yana bir qadam tashlash imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar tomonidan “Milliy gvardiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

So‘zga chiqqanlar ta’kidlaganidek, Qonun Milliy gvardiyaning maqomini, vakolatlarini, vazifalari va funksiyalarini belgilash, faoliyatining huquqni muhofaza qilish xususiyatini mustahkamlash maqsadida ishlab chiqilgan. Qonunga ko‘ra Milliy gvardiya O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi harbiy tuzilmalarga ega bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organdir.

Belgilab qo‘yilishicha, Milliy gvardiya o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hamkorlik qiladi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar esa Milliy gvardiyaga uning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda o‘z vakolatlari doirasida ko‘maklashishi shart. Bundan tashqari, Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarish majburiyligi nazarda tutilmoqda.

Qonuniylik, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etish, yagonalik, mustaqillik Milliy gvardiya faoliyatining asosiy prinsiplari etib belgilanmoqda, ularning mazmuni va mohiyati ochib berilmoqda. Milliy gvardiyaning tarkibi mustahkamlanmoqda. Jumladan, Milliy gvardiyaning tarkibiga markaziy devon, hududiy boshqarmalar, harbiy tuzilmalar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, shuningdek, Milliy gvardiyaning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun tashkil etiladigan boshqa bo‘linmalar va tashkilotlar kiradi.

Shu bilan birga, nazarda tutilishicha, Milliy gvardiya bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi va unga hisobdordir, Milliy gvardiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Milliy gvardiya qo‘mondoni rahbarlik qiladi. Milliy gvardiya qo‘mondoni maqomiga ko‘ra vazirga tenglashtiriladi. Bundan tashqari, Milliy gvardiyada harbiy xizmatchilar tomonidan harbiy xizmatni o‘tash tartibi va shartlari, ularning huquqiy maqomi nazarda tutilmoqda.

Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksga va “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Senatorlar qayd etganidek, Qonun qabul qilinishi Milliy gvardiya shaxsiy tarkibi o‘z xizmat va harbiy majburiyatlarini ishonchli, tashabbus bilan va moneliksiz bajarashini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shish imkonini beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin Oliy Majlis Senati a’zolari “Notariat tizimining tubdan isloh qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun xujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, Qonunni ishlab chiqish zarurati notarial harakatlar soni oshgan sharoitda davlat notarial idoralarida qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish jarayoni murakkablashganligi, bu esa ish hajmiga qarab xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar soni oshishiga to‘sqinlik qilishi bilan izohlanadi.

Qonunda “Garov to‘g‘risida”gi, “Notariat to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi, “Ipoteka to‘g‘risida”gi, “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi, “Mediatsiya to‘g‘risida”gi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik va Fuqarolik protsessual kodekslariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qarori bilan tasdiqlanadigan Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Qonunda davlat notarial idoralarini nodavlat notarial idoralarga bosqichma-bosqich o‘tkazish nazarda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Notarial palatasining faoliyatini tashkil etish tartibi, uning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari belgilanmoqda. Ayrim turdagi bitimlar uchun majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinmoqda, shuningdek, notarial harakatlarning yangi turlarini joriy etish nazarda tutilmoqda. Mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish, ijaraga olish (ijaraga berish) va undan bepul foydalanish shartnomalarini tasdiqlashda ayrim talablar bekor qilinmoqda hamda bunday turdagi bitimlarni tasdiqlash jarayoni soddalashtirilmoqda.

Qonunda notarial harakatlarni masofadan, shu jumladan, videokonferensaloqa yordamida amalga oshirish mexanizmi joriy etilmoqda. Notarius o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishi vaqtida yetkazilgan zarardan fuqarolarni himoya qilish maqsadida nodavlat notarial idoralar notariuslarining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish, notariusga elektron murojaat qilish tizimini takomillashtirish orqali tezkor notarial xizmatlar ko‘rsatish nazarda tutilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng parlament a’zolari tomonidan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni ko‘rib chiqildi.

Ushbu Qonunning maqsadi maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Qonunga ko‘ra har bir bola uchun maktabgacha ta’lim va tarbiya olish imkoniyatining mavjudligi, har bir bolaning iste’dodi nishonalarini, ishtiyoqlari va qobiliyatlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar tengligi, maktabgacha yoshdagi bolalarga ta’lim, tarbiya berish va ularni sog‘lomlashtirishning birligi maktabgacha ta’lim va tarbiyaning asosiy prinsiplaridir.

Qonunda maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, maktabgacha ta’lim va tarbiya olishga doir davlat kafolatlari belgilanmoqda. Maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishi quyidagilar tomonidan amalga oshirilishi belgilab qo‘yilmoqda: Vazirlar Mahkamasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, o‘z tasarrufida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bo‘lgan boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari.

Bundan tashqari, fuqarolarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidagi tadbirlarda ishtirok etishi nazarda tutilmoqda. Qonunda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish, jismoniy shaxslar tomonidan bu sohada xizmatlar ko‘rsatish haqidagi normalar mustahkamlanmoqda. Maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat standarti, maktabgacha ta’lim va tarbiyaning davlat ta’lim dasturi, ta’lim berish tili, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining ish rejimi, maktabgacha bo‘lgan yosh va uning davrlari, bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qabul qilish va ulardan chiqarish belgilanmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, Qonun qabul qilinishi ta’lim sifatini yaxshilash uchun imkoniyatlar yaratishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar “Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, Qonunda O‘zbekiston Respublikasining 19 ta qonuni va 2 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutiladi. Jumladan, tog‘-metallurgiya tarmog‘i korxonalari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Ularda portlovchi moddalarni, shuningdek, ularni ishlab chiqarish uchun maxsus materiallar va asbob-uskunalarni ishlab chiqish, ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan korxonalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi lozimligi nazarda tutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi hamda ushbu qo‘mita huzurida Arxitektura-qurilish nazorati davlat inspeksiyasi tegishli ravishda Qurilish vazirligi va Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi, “Standartlashtirish to‘g‘risida”gi, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi, “Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida”gi va “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi etib qayta tashkil etilishi munosabati bilan “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi va “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek, yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-5706-sonli Farmoniga muvofiq Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari Ichki ishlar vazirligidan chiqarilib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Shuningdek, tugatilgan Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vakolatlari Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yuklatildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha yangi vazifalar yuklatilganligini hisobga olgan holda “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi va “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunlarga, shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jinoyat-protsessual kodeks yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat shaklida yuborilishi mumkin. Ish holatlari hujjatlarning faqat asl nusxalari bilan tasdiqlanishi lozim bo‘lganda, shuningdek, boshqa zarur hollarda hujjatlarning asl nusxalari taqdim etiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ham shunga o‘xshash normalar bilan to‘ldirilmoqda. Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni sudda ko‘rib chiqish chog‘ida sudning tashabbusiga yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra sud majlisining audio yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkinligi belgilanmoqda. Shuningdek ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ish bo‘yicha qaror axborot tizimi orqali elektron hujjat tarzida chiqarilishi va ijro etish uchun yuborilishi mumkin. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar 2020 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish dasturi to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 oktabrdagi Farmoniga muvofiq 2018-2021 yillarda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish ushbu sohani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Jumladan, 2020 yilda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish dasturida hududlar kesimidagi aniq maqsadlar bayon etilgan. Dasturga muvofiq kelasi yilda 11 ming 957 fermer xo‘jaligida 12 ming 478 loyihani amalga oshirish hamda 41 ming 135 yangi ish o‘rni tashkil etish nazarda tutilgan. 20 dan ortiq turli yo‘nalishni rivojlantirishga qaratilgan ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 2 milliard 228 million so‘m ajratish rejalashtirilmoqda, bu esa fermer xo‘jaliklarining moliyaviy-iqtisodiy, texnik va texnologik salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi. Bu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, Qonunda O‘zbekiston Respublikasining 6 ta qonuniga, 3 ta kodeksiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qarori bilan tasdiqlangan Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutiladi.

Jumladan, “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida”gi, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravari miqdoridan ko‘p bo‘lgan mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlarni albatta auditor tekshiruvidan o‘tkazishni nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu qo‘shimchalar kiritilishi aktivlar kapitallashuvi muntazam o‘sishi, bajariladigan operatsiyalar hajmi ko‘payishi bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham modda bilan to‘ldirilmoqda. Unda nazarda tutilishicha, jamiyat ishtirokchilari o‘rtasida murosasiz ziddiyatlar sababli qaror qabul qilish uchun yetarli ovozlar soni mavjud bo‘lmaganligi tufayli jamiyatni boshqarish masalalari yuzasidan kelishuvga erishish mumkin bo‘lmagan taqdirda, nizoli vaziyat sud tartibida hal etiladi.

Minoritar aksiyadorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish maqsadida “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga norma kiritilmoqda, unga ko‘ra yirik bitim tuzish shartlari baholovchi tashkilot tomonidan belgilangan bozor qiymati hisobga olingan holda mustaqil tashqi auditorlik tashkiloti tomonidan o‘rganiladi.

“Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qator normalar kiritilib, ularga ko‘ra yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik subyektlari 3 nafargacha doimiy xodimni yollab, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga haqli. Bundan tashqari, oilaviy korxona ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishida oilaviy tadbirkorlik ishtirokchilari tarkibini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilishi va hal etilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzganlik uchun, mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalar bilan to‘ldirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi ham xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun, foydali qazilmalarni litsenziyasiz qazib olganlik uchun javobgarlikni nazarda tutadigan normalar bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, topib olingan (tashlab ketilgan) bolaning tug‘ilganligini qayd etishni ta’minlashga doir choralarni vasiylik va homiylik organlarining yoki tibbiyot muassasasining mansabdor shaxslari, topib olingan (tashlab ketilgan) bola turgan muassasa ma’muriyati tomonidan ko‘rmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxati atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat kabi yangi faoliyat turi bilan to‘ldirilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiyaga (Rim, 1951 yil 6 dekabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini muhokama qildilar.

O‘simliklar karantini bo‘yicha davlat xizmati faoliyati samaradorligini oshirish va milliy fitosanitariya tizimini xalqaro talablarga muvofiqlashtirish Qonunning maqsadi ekanligi senatorlar tomonidan ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasining Konvensiyaga qo‘shilishi mamlakatda fitosanitariya xavfsizligini mustahkamlashga va respublikaning eksport salohiyatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bu O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsuloti eksporti uchun chet el bozorlariga chiqish tartib-taomilini osonlashtiradi, O‘zbekistonning fitosanitariya tizimini yaxshilash va xalqaro standartlarni implementatsiya qilish uchun maslahatlar va moliyaviy mablag‘lar shaklida xalqaro tashkilotlardan olinadigan texnik yordam hajmini oshiradi.

Natijada milliy standartlar xalqaro standartlarga mos bo‘ladi, shu tufayli chet mamlakatlarda fitosanitariya sohasidagi barcha hujjatlar tan olinadi va O‘zbekistondan mahsulot eksport qilishda qo‘shimcha shartlar o‘rnatilishining oldini oladi.

Shuningdek, Qonun qabul qilinishi Fitosanitariya chora-tadbirlari komissiyasi tomonidan belgilab beriladigan o‘simliklar uchun xavfli organizmlar, xususan, bunday tartib-taomillarga muvofiq bevosita yoki potensial xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlar mavjudligi, ularning namoyon bo‘lishi yoki tarqalishi haqidagi axborot almashish sohasida Konvensiya a’zolari bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar beradi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan va favqulodda vaziyatlarda xalqaro harakatlarni talab qiladigan zararli organizmlarga qarshi kurashish bo‘yicha istalgan maxsus kampaniyalarda O‘zbekiston ishtirok etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shuningdek fitosanitariya xavfini tahlil qilish uchun zarur bo‘lgan texnik va biologik axborot taqdim etish yuzasidan chet mamlakatlar bilan hamkorlik qilishda huquqiy asoslar yaratiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Oliy Majlis Senati a’zolari Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o‘zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish hamda ularning chegaralarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. Mazkur masalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.

Ta’kidlanganidek, joriy yilda huquqiy ekspertiza o‘tkazish uchun davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati sohasida 2 110 loyiha vazirlikka kelib tushgan. Shundan 1 907 loyiha tegishli ekspertizadan o‘tkazilgan, 203 tasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentiga mos kelmasligi sababli qaytarilgan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi qarori asosida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) ishga tushirilgan.

Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida hal etilishi kerak bo‘lgan kamchiliklar, muammolar va foydalanilmagan imkoniyatlar mavjud.

Bundan tashqari, huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirish, tegishli ta’lim-tarbiya berish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmagan.

Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar kamaytirish, huquqiy qo‘llashga ta’sir ko‘rsatmaydigan umumiy xususiyatga ega qonun hujjatlarini ko‘rib chiqish, tartibga solishning eskirgan mexanizmlarini va ortiqcha ma’muriy tartib-taomillarni bartaraf etish hisobiga muayyan sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tizimga solish va kodifikatsiyalash bo‘yicha ishlar lozim darajada emas.

Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxl qiladigan, shuningdek, chet ellik investorlar uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning chet tillariga rasmiy tarjimasi ta’minlanmagan. Shu munosabat bilan senatorlar mazkur yo‘nalishlardagi ishlarni kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar. Bu masala yuzasidan ham tegishli qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng senatorlar Navoiy viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisobotini eshitdilar.

Viloyatni kompleks rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilish va o‘zlashtirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil etish, kichik biznesni rivojlantirish hamda eksportni kengaytirish, kommunal sohadagi muammolarni bartaraf etish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish, davlat dasturlari ijrosini ta’minlash bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida parlament a’zolari tomonidan batafsil axborot keltirildi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi vaqtida belgilangan vazifalar doirasida umumiy qiymati 2,9 trillion so‘mlik 2693 loyiha amalga oshirildi, 17 840 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi. 8 kichik sanoat zonasiga 332,6 milliard so‘mlik investitsiyalar jalb qilinishi hisobiga 96 loyiha amalga oshirildi va qariyb 600 yangi ish o‘rni yaratildi.

Viloyatda “Obod qishloq”, “Obod mahalla”, “Yoshlar – kelajagimiz”, “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturlari doirasida keng miqyosli ishlar olib borilmoqda. Dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari ishtirokida hal etilmoqda. Keyingi ikki yilda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda 130 dan ortiq masala muhokama etildi.

Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan 300 dan ortiq mansabdor shaxs hisobotlari eshitildi, dolzarb masalalarni, aholini tashvishga solayotgan muammolarni hal qilish maqsadida tegishli tuzilmalarga 250 dan ortiq deputat so‘rovi va murojaatlar yuborildi.

Shu bilan birga, senatorlar Navoiy viloyatida mavjud muammolarni, jumladan, yo‘llarni ta’mirlash, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, ichimlik suvi tarmoqlarini va kanalizatsiya tizimini qurish, kommunal infratuzilmani rivojlantirish hamda takomillashtirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish zarurligiga e’tibor qaratdilar.

Zarafshon shahrining o‘zida quvvati 125 MVt bo‘lgan ikkita transformator kichik stansiyasini qurishga ehtiyoj borligi ta’kidlandi. Zarafshonda, Uchquduq va Xatirchi tumanlarida suv o‘tkazish tarmoqlarini yotqizish, Karmana tumani markazida zamonaviy kanalizatsiya tizimini qurish zarur.

Bundan tashqari, sog‘liqni saqlash tizimi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Jumladan, Tomdi va Uchquduq tumanlaridagi olis va yirik shaharlarda aholi tarqoq joylashganiga qaramay, tez tibbiy yordam xizmati boshqa tumanlardagidek yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni aholi punktlari bir-biridan o‘nlab kilometr olisda joylashganligi emas, balki aholi soni hal qiluvchi omil sifatida hisobga olingan. Bunday holat tibbiyot xodimlari uchun ham, bemorlar uchun uchun ham jiddiy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Bu va boshqa kamchiliklarni tahlil qilib, senatorlar mazkur muammolarni hal etishda mahalliy hokimiyat organlari va mas’ul vazirlik hamda idoralar hamkorligini kuchaytirish, shuningdek, mahalliy Kengashlar faolligini oshirish zarurligini ta’kidladilar. Bu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

So‘ngra senatorlar suv obyektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog‘liq muammolar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, parlament so‘roviga berilgan javobda bu sohada belgilangan vazifalarni ijro etish maqsadida tizimli ishlar olib borilayotganligi bayon etilgan.

Jumladan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan vazirliklar va idoralar bilan birgalikda xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda O‘zbekiston Respublikasida 2035 yilgacha suv ta’minoti va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ushbu Konsepsiyaga muvofiq kanalizatsiya tizimida sutkasiga 757 ming kubmetr oqova suv quvvatiga ega suv tozalash inshootlarini, 8605 kilometrlik kanalizatsiya kollektorlari va tarmoqlarini qurish hamda quvvati 906 kubmetrlik tozalash inshootlarini, 2176,2 kilometrlik kanalizatsiya kollektor tarmoqlarini, 128 ta nasos stansiyasini va 11 ta zararsizlantirish inshootini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Barcha ushbu tadbirlarni amalga oshirish uchun xalqaro moliya institutlari kreditlari va respublika byudjeti mablag‘lari hisobiga 14,6 trillion so‘m o‘zlashtiriladi. Natijada respublikada kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlanganlik darajasi 31,4 foizga yetkaziladi. Ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan uning vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 17 masala, shu jumladan, 11 qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: