Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
08.10.2019

TURKIY DAVLATLAR IShBILARMONLARI TOShKENTDA YIG‘ILDI

Poytaxtimizda Turkiy tilli davlatlar Ishbilarmonlar kengashi majlisi hamda Investitsiya va biznes forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur anjumanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil sentabr oyida kengashning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitida ilgari surilgan tashabbusi doirasida ilk bor tashkil etildi. Tadbirda Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar ishbilarmon doiralarining 300 nafarga yaqin, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan vazirlik va idoralar, tadbirkorlik subyektlarining 200 dan ortiq vakili ishtirok etdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov mehmonlarni qutlarkan, Turkiy kengash a’zo davlatlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni, birinchi navbatda, savdo, investitsiya, innovatsiya, transport, turizm, madaniy va gumanitar almashinuv sohalarini rivojlantirishga yordam beruvchi samarali mintaqaviy tuzilma ekanini ta’kidladi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dat Amreyev, o‘z navbatida, O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik va sarmoyaviy muhitni yaxshilash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi o‘z atrofida turkiy davlatlarni birlashtirgan yirik xalqaro tashkilotdir. Tuzilmaning asosiy maqsadi a’zo mamlakatlar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Ayni payt kengashga to‘rt davlat – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya a’zo. Vengriya kuzatuvchi maqomiga ega. Tashkilot tarkibiga Istanbulda joylashgan Davlat rahbarlari kengashi, tashqi ishlar vazirlari kengashi, yuqori martabali shaxslar qo‘mitasi, Turkiyzabon davlatlar oqsoqollar kengashi va kotibiyat kiradi. – Mamlakatimizni turkiy tilli davlatlar bilan ko‘p asrlik tarix bog‘lab turadi, – deydi anjumanda kuzatuvchi sifatida qatnashayotgan davlat – Vengriya vakili, Budapesht Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi a’zosi Yozef Kovach. – Biz ushbu mintaqani, xususan, O‘zbekistonni o‘zimiz uchun har tomonlama yaqin hamkor sifatida e’tirof etamiz. Kengash doirasidagi tadbirlarda kuzatuvchi maqomida ishtirok etgan davrimizda Vengriya uchun juda ko‘p imkoniyatlar ochildi. Yaqin orada tashkilotning to‘laqonli a’zosi bo‘lishdan umidvormiz. Budapesht Savdo-sanoat palatasi o‘tgan asrning 50-yillarida tashkil etilgan bo‘lsa-da, faqat so‘nggi 15 yilda rivojlanish bosqichiga ko‘tarildi. Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zolik biz uchun taraqqiyotning yangi sahifasini ochishi, shubhasiz.

Kengash a’zolarining bu galgi uchrashuvida a’zo davlatlar tashkilotlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni, ishbilarmonlik aloqalarini yanada rivojlantirish, savdo, sanoat va tadbirkorlik sohalarida mintaqaviy munosabatlarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Turkiy savdo palatalari faoliyatining asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Majlisda kengash faoliyati a’zo mamlakatlarning mintaqalararo hamkorligini kengaytirishga yo‘naltirilgani qayd etildi.

Tomonlar O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Turkiy Savdo palatasi a’zoligiga kirishi masalasini muhokama qildi. 2019 yil 14-15 oktabr kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Turkiy kengashning 7-sammiti doirasidagi Turkiy Savdo palatasi a’zolari yig‘ilishida tegishli ko‘p tomonlama memorandum imzolanishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonning kengashga a’zo bo‘lishi savdo va investitsiyalar uchun qulay shart-sharoit yaratishga, mahsulot, kapital, xizmat va texnologiyalarning erkin harakatlanishiga bosqichma-bosqich o‘tish uchun bojxona va tranzit tartib-qoidalarini, moliya-bank amaliyotini soddalashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Turkiy kengash rahbariyatining fikricha, O‘zbekistonning ushbu tashkilotga kirishi tarixiy voqea. Bu kengash faoliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi, turkiyzabon davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga yordam beradi.

Joriy yil 14 sentabr kuni O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini tuzish to‘g‘risidagi Naxichevan bitimini ratifikatsiya qildi. Shu bilan mamlakatimiz tashkilotning to‘la huquqli a’zosiga aylandi.

Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishi doirasida Investitsiya va biznes forumi ham bo‘lib o‘tdi. Unda 500 dan ziyod ishtirokchi, jumladan, kengashga a’zo davlatlar savdo-sanoat palatalari raislari, yuqori darajadagi hukumat vakillari, a’zo mamlakatlardan ishbilarmonlar ishtirok etdi.

Forum turkiy dunyo ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun mustahkam platforma yaratishga, O‘zbekiston va turkiyzabon davlatlar o‘rtasida tadbirkorlik, savdo, investitsiya va turizm sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilishga qaratildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, iqtisodiyot va valyuta bozorini liberallashtirish, ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, biznesni qo‘llab-quvvatlash, kichik va o‘rta biznes hamda xususiy tadbirkorlik subyektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdi.

Mehmonlar O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sishning ijobiy sur’atini ta’kidlab, hukumatning iqtisodiyotni erkinlashtirish, xorijiy sarmoyadorlar uchun zarur shart-sharoit yaratish borasidagi sa’y-harakatini yuqori baholadi.

Investitsiya va biznes forumi doirasida, shuningdek, turkiyzabon davlatlar ishbilarmon doiralari ishtirokida "B2B" formatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Muloqotlar davomida tomonlar mamlakatlararo munosabatlarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini, avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, xususan, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlaridagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

G‘ayrat XONNAZAROV,

O‘zA muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: