Bank tizimida uzoq yillar ishlagan iqtisod fanlari doktori, professor Ashur Qodirov nima sababdan O‘zXDPga a’zo bo‘lmoqchi? U bu yilgi saylovlar, deputatlikka nomzodlar haqida qanday fikrda? Muxbirimiz ushbu savollarga aniqlik kiritishga harakat qildi.
— Ashur Qodirovich, nima sababdan o‘z siyosiy pozitsiyangizni o‘zgartirdingiz?
— Yoshim yetmishni qoralab turgan bo‘lsa ham men o‘z grajdanlik pozitsiyamni o‘zgartirganim yo‘q. XDPning Saylovoldi dasturi mening 13 yildan buyon O‘zLiDeP safida amalga oshirishga harakat qilib kelgan takliflarimni qamrab olganligini bilib shunday yo‘l tutyapman. Partiyalararo debatlarni ko‘rib, dasturi bilan tanishib, Xalq demokratik partiyasi safida bo‘lishga qaror qildim. Bu partiyaning g‘oyalari mening qarashlarimga mosligi uchun shunday qarorga keldim.
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida qayd etilgan «Agar xalq boy bo‘lsa, davlat ham boy va kuchli bo‘ladi», degan tamoyilga amal qilib, Respublika iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirish orqali modernizatsiya qilish jarayonida oila iqtisodiyotini mustahkamlash orqali xalqni boy qilish g‘oyasi partiyaning saylovoldi dasturida ustuvor, deb bildim.
Shuni aytishim kerakki, men XDPga a’zo bo‘layotganim uchun O‘zLiDeP va uning siyosiy kengashini tanqid qilmoqchi emasman. Chunki mazkur partiya o‘z dasturiga amal qilib, jamiyatni iqtisodiy rivojlantirishga imkon qadar qatnashib kelmoqda. Yangi tadbirkorlik subyektlarining paydo bo‘lishi va minglab ish joylarini yaratib, davlat byudjetiga soliq to‘lash bazasini kengaytirish ham xalqni boyitishga qaratilgan. Demak, kimdir to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq bilan hamkorlikda bo‘lib, uning muammolarini hal etishga kirishsa, boshqa bir partiya tadbirkorlikni rivojlantirish orqali davlatni boyitishni o‘ziga vazifa qilib oladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylov oldidan mening bir siyosiy partiya safidan chiqib, ikkinchisiga kirishim, xalqimizning bo‘lajak saylovlarga yanada e’tiborliroq bo‘lishga ham ozgina bo‘lsa-da turtki beradi, deb o‘ylayman. Chunki har birimiz qaysi partiya safidaligimizni, nega aynan shu partiyani tanlaganimizni chuqur anglab, aniq bilishimiz zarur. Nomiga partiyaga a’zo bo‘lish yoki o‘z siyosiy burchiga e’tiborsiz qarash hech kimga, hech bir partiyaga foyda keltirmaydi.
— Saylovlar haqida gap boshladingiz, siz Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Mahalliy kengashlariga saylov orqali qanday ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hal bo‘lishini xohlardingiz?
— Mana, uch yil bo‘lyapti, Prezidentimiz tomonidan iqtisodiyotdagi kamchiliklar aniq ko‘rsatilmoqda. Ularni bartaraf etish, albatta, vaqt talab etadi. Ammo eski qonunchilik bazasi yangi O‘zbekistonning qurilishiga to‘sqinlik qilayotganini hayot ko‘rsatmoqda. Navbatdagi saylovda saylangan deputatlar aynan iqtisodiyotdagi muammolarni bartaraf etishning qonunchilik asosini yaratadi va mahalliy Kengash deputatlari qabul qilingan qonunlar ijrosi ustidan nazorat ishlarini kuchaytiradi, deb umid qilaman.
Prezidentimiz 2016 yili o‘zining saylovoldi dasturida xalq bilan muloqotni yo‘lga qo‘yib, qancha muammolar yig‘ilib qolganligini ko‘rsatdi va 2017 yilni O‘zbekistonda «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qildi. Bu boradagi ishlar bugun ham davom etmoqda. Endi o‘ylab ko‘raylik. Prezident xalq bilan muloqot qilish zarurligini ko‘rsatib, amalda isbotlab berdi va Oliy Majlis deputatlari o‘z saylovchilari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, ularning talab va istaklarini amalga oshirishi kerakligini qayta-qayta ta’kidladi. Shuningdek, hukumat rahbarini tanlash, uning hisobotini eshitib, muhokama qilish, vazirlarni tanlash va hisobotini eshitish Oliy Majlisga nima uchun yuklandi? Deputat xalq vakili sifatida hukumat a’zolarini tasdiqlaydi, hisobotlarini eshitadi. Aholi talablarini hukumat oldiga qo‘yadi... Bu vazifalar qanday bajarilishi xalqimiz qanday deputatlarni tanlashiga bog‘liq.
Aholi talablarini hukumatning yuqori pog‘onalarida hal qilishiga irodasi yetamaydigan deputatlarni saylasak, kelajakda yo‘lni ta’mirlash, suv chiqarish, elektr o‘tkazish, maktabni ta’mirlash va shunga o‘xshash yuzlab talablar bilan qayerga boramiz? Qachon deputatlarimiz chinakamiga xalq deputatlariga aylanadi? Saylov jarayonida talablarimizga javob beradigan munosib insonlarni tanlab, ovoz bersak, bunga erishiladi.
Ovoz berishdan oldin o‘ylaylik, deputatlikka nomzodning tajribasi, dunyoqarashi, bilimi, mardligi qanday darajada? Aks holda, bizning ovoz berishimiz bilan deputat bo‘lib olgan nomzodimiz yaqin besh yilda qorasini ham ko‘rsatmasligi, birorta ham muhim masalani hal etmasligi, asosli takliflar bildirmasligi mumkin. Bugun deputatga qo‘yiladigan vazifa va talab butkul o‘zgardi.
Yangi O‘zbekistonni qurish strategiyasi qonunchilik bazasini takomillashtirishni va yangilari qabul qilinishini talab etadi. Ayniqsa, 28 yilda yaratilgan qonun osti hujjatlarining ko‘pi kun talabiga to‘g‘ri kelmay qolganini biladigan, buni dadil aytadigan deputatlar kerak.
— Qanday xususiyatli insonlar nomzodini deputatlikka qo‘yishimiz kerak, deb o‘ylaysiz?
— Bo‘lajak saylovlarda barcha partiyalar parlamentda ko‘p o‘rin olishga harakat qilib, nomzodlar orasida qattiq kurash ketadi. Shunda kuchlilarning kuchlisi g‘alaba qozonadi.
Nomzod partiya dasturini yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lib, uni amalga oshirish uchun nima ishlarni bajarish kerakligini o‘ziga tasavvur eta olishi darkor. Shunga munosib ravishda bilimi va tajribaga ega bo‘lishi talab etiladi. Yangi O‘zbekistonning huquqiy asosini yaratuvchi deputatlar saylovchilar talabini vazirlikka keltirib beruvchi «pochtalon” bo‘lmay, vaqti va jonini ayamay, halovat bilmay xalq talabini bajartira oladigan shaxs bo‘lishi kerak.
Nega endi deputat o‘z saylov okrugidan Toshkentga kelgan kasalni yashab turgan hududida tez va sifatli davolanishi yo‘llarini topib, tadbir qila olmaydi? Yoki Oliy Majlis deputatlari nima uchun oziq-ovqat mahsulotlari, masalan, go‘shtning narxini pasaytirishga xizmat qiluvchi takliflarni aytishmaydi?.. Xulosa bitta. Xalq ishondimi, bu sharafga munosib bo‘lish kerak. Ishonchni oqlash shart.
Kimni deputat etib saylash esa fuqarolarning siyosiy, huquqiy bilimi, o‘z taqdiri va kelajagiga qanchalik mas’uliyat bilan yondashuviga bog‘liq.
Abdi QODIROV suhbatlashdi.