Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zosi Aksaule Tumishova o‘zi saylangan okrugida, ya’ni Navoiy viloyatining Zarafshon shahri, Uchquduq tumanida bo‘lib xalq bilan bevosita muloqotlar o‘tkazdi. Aholini tashvishlantirayotgan muammolarni o‘rgandi, tahlil qildi.
Yuzma-yuz muloqotlar davomida yechimini kutayotgan bir qator muammolar borligi ma’lum bo‘ldi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 10-dekabrdagi 594-sonli qarorining 4-bandiga asosan Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlarida va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasi hududidagi byudjet tashkilotlari va muassasalari ishchi xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun har oylik taqdirlash puli joriy qilingan.
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan hududlardagi byudjet tashkilotlari ishchi xodimlari ish joyini o‘zgartirsa yoki byudjetdan moliyalashtirilmaydigan korxona yoki tashkilotda ishlab, keyinchalik qaytadan byudjet tashkilotlariga ishga qabul qilinsa, uning oldingi ish staji davri hisobga olinmasligi hamda yangidan ish boshlagan va uzluksiz ish davri hisobga olinishi yuzasidan e’tirozlar bildirilgan edi.
Shuningdek, Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasi byudjet tashkilotlari va muassasalarida ko‘p yillik mehnati uchun ishchilarga oylik to‘lovlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning (Adliya vazirligidan 13.04.2001 yil 1026-son bilan ro‘yxatga olingan) 3-bandida mazkur hududlardagi byudjet tashkiloti muassasalarida ishlovchilarga har oylik ustamalarni olish huquqini beradigan ish stajiga quyidagilar kiritiladi:
a) Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlarida va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasi hududida joylashgan byudjet tashkilotlari va muassasalarida ishlagan davri;
b) xodim haqiqatda ishlamagan bo‘lib, biroq amaldagi qonunchilikka muvofiq Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasi hududida joylashgan byudjet tashkilotlari va muassasalarida uning ish joyi saqlangan davri.
Mazkur Nizomda Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasi hududida joylashgan byudjet tashkiloti yoki muassasasi ishchi xodimlarining ish staji qanday holatlarda uzluksiz, deb hisoblanishi aks ettirilmagan.
Shundan kelib chiqib, Aksaule Tumishova Moliya vazirligiga hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasining byudjet tashkilotlari va muassasalari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha deputatlik so‘rovi bilan murojaat qilgan.
Natijada O‘zbekiston Respublikasi Byudjet kodeksiga, «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasining byudjet tashkilotlari va muassasalari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar olish huquqini beradigan ish stajini hisoblab chiqishni tartibga solish maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligi qarori qabul qilindi.
2001 yil 13-apreldagi 1026-son bilan ro‘yxatga olingan Nizomga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligining 2019 yil 15 avgustdagi 9-2019/k/q, 32-son qarori bilan o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, Nizomning nomi «Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasi byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida», deb yangi tahrirda bayon etildi.
1-bandning yangi tahriri “Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasi byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin”, deb belgilanmoqda.
1-band quyidagi tahrirda bayon etilishi belgilanmoqda:
«Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasi byudjet tashkilotlari xodimlariga muayyan davr ishlaganlik uchun oylik to‘lovlar, xodimning yuqorida keltirilgan shaharlardagi byudjet tashkilotlarida ishlagan ish stajidan kelib chiqib, quyidagi miqdorlarda belgilanadi:
Ish stajiga ko‘ra, Oylik to‘lovlarning miqdori, oylik tarif stavkasining yoki lavozim okladining ulushida belgilanadi
3 yilgacha 0,25
3 yildan 5 yilgacha 0,5
5 yildan ortiq 0,75
O‘zgartishlarga asosan 3-bandning 1 va 2-kichik bandlari ham yangi tahrirda bayon etilmoqda. Shuningdek, quyidagi mazmundagi 31-band bilan to‘ldirilmoqda. Ya’ni, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, boshqa tashkilotdan Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasidagi byudjet tashkilotlariga ishga kirganda, ish staji saqlanib qolishi qayd etiladi.
Bir qarashda oddiy ko‘rinadigan ana shu o‘zgartish Uchquduq, Zarafshon, Nurobod shaharlari va shahar tipidagi Zafarobod posyolkasidagi minglab yurtdoshlarimizning haq-huquqi ta’minlanishiga, daromadi yaxshilanishiga xizmat qiladi.
Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Moliya vazirliklari rahbariyatiga hamkorlikda ish olib borgani uchun o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz, deydi deputat.
O‘zXDP Markaziy Kengashi
Axborot xizmati.