boshlang‘ich partiya tashkilotlariga suyanamiz
Siyosiy partiya g‘oyalarini jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, maqsad va vazifalarini amalga oshirish, tashabbuslarini odamlarga yetkazishda boshlang‘ich partiya tashkilotlarining o‘rni beqiyos. Buni yaxshi anglagan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi doimiy tarzda tizimdagi quyi tashkilotlarning faoliyatini kuchaytirishga e’tibor qaratib kelmoqda.
— Bugungi kunda Chilonzor tumanida O‘zbekiston XDPning 98 boshlang‘ich tashkiloti faoliyat yuritmoqda, — dedi tuman partiya kengashi raisi Dono Mahmudova. — Ularda 4 ming nafarga yaqin partiyamiz a’zolari bor. Biz tadbirlarimizning aksariyat qismini aynan BPTlarda tashkil etib boryapmiz. Shuningdek, quyi tashkilot yetakchilari uchun o‘quv-seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. To‘g‘ri, hududimizdagi barcha quyi bo‘g‘inlar birdek ilg‘or, deya olmaymiz. Ularning faoliyatini zamon talablariga mos ravishda tashkil etish uchun yetakchilarning siyosiy-xuquqiy bilimlarini yuksaltirish, namunali faoliyat olib borayotgan boshlang‘ich partiya tashkilotlarini rag‘batlantirishga jiddiy e’tibor qaratishimiz kerak bo‘ladi. Shuningdek, BPTlar o‘rtasida o‘zaro aloqani yo‘lga qo‘yish ham yaxshi samara beradi. Hududimizdagi tashabbuskor, partiyamiz g‘oya va maqsadlarini targ‘ib qilishda jonbozlik ko‘rsatayotgan BPTlar o‘z tajribalarini boshqa quyi tashkilotlarga o‘rgatib kelayotgani ham o‘zining natijasini bermasdan qolmayapti. Ayniqsa, Toshkent shahar «Bilim» axborot-kutubxona markazi bizga bu borada katta yordam berib kelmoqda.
— Joriy yilda «Bilim» axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston XDPning boshlang‘ich tashkiloti tuzilganiga besh yil to‘ldi, — dedi kutubxona direktori Hafiza Karimova. — O‘zim 1999 yilda mazkur partiyaga a’zo bo‘lganman. Partiya jamiyatda o‘z o‘rnimni topishimda juda katta maktab vazifasini o‘tadi. A’zo bo‘lgan kunimdan turli darajadagi tadbirlarda faol ishtirok etdim. Siyosatni yanada teranroq tushuna boshladim. Partiya tizimida to‘plagan tajribam, aholi orasida yurganim foyda qildi. Vaqt o‘tib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati bo‘ldim.
Boshlang‘ich tashkilotimizda 20 nafardan ortiq a’zo birlashgan. Ular bilan har hafta yig‘ilib, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy mavzularda mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ham partiyamizga yaqindan ko‘mak beramiz, degan umiddamiz.
— Turli tadbirlarda deputat ayollar, jamiyatning eng faol xotin-qizlariga qarab havas qilardim, — dedi kutubxona xodimi Dilnoza Mo‘minova. — Kutubxonaga ishga kirganimda O‘zbekiston XDP boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzilganini bildim. Hatto, hamkasblarim bilan bo‘lgan suhbatning asosiy qismi partiya hayoti, olib borayotgan ishlari to‘g‘risida bo‘lardi. Bora-bora siyosiy jarayonlarga qiziqishim yanada ortdi. Bir kuni kutubxona direktori Hafiza Karimovaning oldiga kirib, partiyaga a’zo bo‘lmoqchi ekanimni aytdim. Ular niyating jiddiymi, deb so‘radi va partiya ustavi, Saylovoldi dasturini qo‘limga tutqazdi. Yaxshilab tanishib chiqqanimdan so‘ng a’zolikka qabul qilishini aytdi. Ayni vaqtda Xalq demokratik partiyasi a’zosi ekanligimdan faxrlanaman.
— Boshlang‘ich tashkilot partiya g‘oyalari, maqsad va vazifalarini hayotga tatbiq etuvchi yetakchi kuch hisoblanadi, — deydi O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi Nigora Eshmetova. — Xabaringiz bor, joriy yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. O‘ylaymanki, saylovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishimiz ko‘p jihatdan boshlang‘ich partiya tashkilotlari ishining tizimli tashkil etilganiga, yetakchilarning salohiyati va tashabbuskorligiga ham bog‘liq. Ular partiyamizning saylovoldi targ‘ibotida eng yaqin ko‘makchiga aylanadi, deb ishonaman. Negaki, BPT a’zolari hudud aholisining kayfiyati, o‘y-fikrlari bilan yaqindan tanish bo‘ladi. Shu bois Saylovoldi dasturini qay tartibda va uslubda yetkazish kerakligini yaxshi bilishadi. Bundan samarali foydalanish esa mahalliy partiya tashkilotlari rahbarlariga ham bog‘liq. Tajribali, partiya g‘oya va maqsadlarini teran anglagan hamda ko‘pchilik uchun jon koyitadigan yetakchilarni deputatlikka nomzod qilib ko‘rsatish ham yaxshi samara berishi mumkin.
Mahliyo ALIQULOVA,
«O‘zbekiston ovozi» muxbiri