Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Sentabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
26 27 28 29 30 31 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 1 2 3 4 5 6
10.09.2019

O‘zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasida sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining

 

f a r m o n i

 

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni saqlash, yashash muhiti xavfsizligini va inson sog‘lig‘ini muhofaza qilishni ta’minlash, sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tizimini takomillashtirish, ushbu sohada malakali kadrlarni tayyorlashga yo‘naltirilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.

 

Shu bilan birga, bitta davlat organi doirasida bir vaqtning o‘zida davlat sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash funksiyalarining ushbu sohada ruxsat berish va nazorat funksiyalari bilan birga amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyati samaradorligini ta’minlashga to‘sqinlik qiluvchi tizimli muammolar yuzaga kelishiga olib keldi.

 

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish, uning institutsional salohiyatini oshirish, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etilishi sohasida ta’sirchan monitoring va nazoratni yo‘lga qo‘yish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida va O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining:

 

a) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati tashkilotlari va ularning hududiy bo‘linmalari (keyingi o‘rinlarda – sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmati) negizida:

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalarini (keyingi o‘rinlarda – Davlat inspeksiyasi);

 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligini (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) tashkil etish;

 

b) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya nazorati bosh boshqarmasini tugatish va uning shtat birliklarini Agentlikka o‘tkazish;

 

v) qayta tashkil etilayotgan Respublika davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining laboratoriya xizmati negizida, moliyalashtirishning amaldagi tartibi saqlab qolingan holda, Agentlik huzuridagi Laboratoriya kompleksini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

 

2. Quyidagilar:

 

a) Davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

 

sanitariya-epidemiologiya nazorati sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish va ular bilan hamkorlik qilishni ta’minlash;

 

yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga (SanQvaN) rioya qilinishi bo‘yicha belgilangan tartibda tekshirishlar o‘tkazish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida qonun buzilishlar bo‘yicha ma’muriy javobgarlik choralarini belgilangan tartibda qo‘llash;

 

oziq-ovqat xomashyosi va iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi obyektlar faoliyati, shuningdek, zarur xalqaro amaliyotlarni qo‘llash tajribasiga asoslangan standartlar talablariga rioya qilish ustidan nazorat qilish metodologiyasini ishlab chiqish va joriy etishda ishtirok etish;

 

xavf-xatarlarni barvaqt aniqlashni ta’minlash, baholash va bartaraf etish maqsadida kelib chiqishi oziq-ovqat bilan bog‘liq kasalliklar ustidan milliy monitoring olib borish va nazorat qilish tizimini joriy etish;

 

tarmoqning tegishli kadrlarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojini hisobga olgan holda, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or usullarini tizimli asosda joriy etish;

 

b) Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

 

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

 

aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida davlat

va xo‘jalik boshqaruvi organlarining faoliyatini samarali muvofiqlashtirish va ular bilan hamkorlik qilishni ta’minlash;

 

sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini (SanQvaN) xalqaro standartlar va normalarga muvofiq uyg‘unlashtirish va dolzarbligiga qarab takomillashtirishni hisobga olgan holda ishlab chiqish va joriy etish;

 

yuqumli bo‘lmagan, yuqumli, parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyenik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

 

yuqumli va parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan profilaktik dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya tadbirlari o‘tkazilishini tashkil qilish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

 

jamoat salomatligini ta’minlash sohasida potensial xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish jarayonida xavf-xatarlarni tahlil qilish va ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi siyosatni amalga oshirishga ko‘maklashish;

 

O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘latning tabiiy o‘choqlari epizootologik monitoringini olib borishni, o‘lat va o‘ta xavfli infeksiyalar bo‘yicha epidemiologik nazorat hamda profilaktik va epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;

 

sanitariya, gigiyena, epidemiologiya, parazitologiya, mikrobiologiya, virusologiyaning dolzarb masalalari bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash hamda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borilishini muvofiqlashtirish;

 

barcha ijtimoiy guruhlarni qamrab olgan holda fuqarolarni sanitariya-gigiyenik o‘qitish va tarbiyalashni tashkil etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali aholining sanitariya madaniyati darajasini oshirish;

 

tarmoqning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni o‘qitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or usullarini tizimli asosda joriy etish.

 

3. Quyidagilar:

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 28 nafardan iborat markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

 

Davlat inspeksiyasining hududiy boshqarmalari xodimlarining cheklangan soni 4 179 nafardan iborat etib;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

 

davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi tuman (shahar) filialining namunaviy tuzilmasi 4-ilovaga muvofiq;

 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining tashkiliy tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq;

 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 45 nafardan iborat bo‘lgan markaziy apparati tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq;

 

O‘zbekiston Respublikasi davlat sanitariya-epidemiologiya xizmatining qo‘shib olish, qo‘shib yuborish, o‘zgartirish va tugatish yo‘li bilan faoliyati optimallashtirilayotgan tashkilotlari (laboratoriyalari va bo‘linmalari) ro‘yxati 7-ilovaga muvofiq;

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–4055-son qaroriga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ro‘yxati 8-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

Quyidagilarga:

 

Davlat inspeksiyasi boshlig‘iga zarur hollarda Davlat inspeksiyasi markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari tuzilmasiga ularning boshqaruv xodimlari cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish;

 

Agentlik direktoriga zarur hollarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri bilan kelishilgan holda Agentlikning markaziy apparati tuzilmasiga boshqaruv xodimlari cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

 

4. Belgilab qo‘yilsinki:

 

a) Davlat inspeksiyasi boshlig‘i bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya inspektori hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

 

Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

 

Davlat inspeksiyasi boshlig‘i va o‘rinbosari maqomi, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha tegishincha vazir va vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

 

b) Agentlik direktori bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

 

Agentlik direktorining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

 

Agentlik direktori maqomi, maishiy, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish sharoitlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

 

v) Davlat inspeksiyasi va Agentlik xodimlariga O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shartlari tatbiq etiladi;

 

g) Davlat inspeksiyasi va Agentlik, shuningdek, ularning hududiy bo‘linmalari va idoraviy mansub tashkilotlari ta’minoti bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

 

5. Davlat inspeksiyasi va Agentlik huzurida yuridik shaxs tashkil etmasdan byudjetdan tashqari moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armalari (keyingi o‘rinlarda – tegishincha Davlat inspeksiyasi jamg‘armasi va Agentlik jamg‘armasi) tashkil etilsin.

 

Belgilansinki, tugatilayotgan davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarining byudjetdan tashqari hisobraqamlaridagi barcha mablag‘lar Agentlik jamg‘armasiga to‘liq o‘tkaziladi.

 

6. Quyidagilar mablag‘larni shakllantirish manbalari etib belgilansin:

 

a) Davlat inspeksiyasi jamg‘armasi:

 

sanitariya-epidemiologiya qonunchiligini buzganlik uchun qo‘llanilgan jarimalar summasidan va jarimalarni to‘lash kechiktirilganligi uchun hisoblangan penyalardan tushgan mablag‘larning 50 foizi;

 

jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;

 

xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning belgilangan tartibda jalb etiladigan grant va homiylik mablag‘lari;

 

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar;

 

b) Agentlik jamg‘armasi:

 

idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ixtisoslashgan pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushgan tushumlarning ularni amalga oshirishga ketgan jami xarajatlar qoplangandan keyin qolgan summasining 15 foizi;

 

jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadlar;

 

xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning belgilangan tartibda jalb etiladigan grant va homiylik mablag‘lari;

 

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

 

7. Belgilansinki:

 

a) Davlat inspeksiyasi jamg‘armasi mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

 

Davlat inspeksiyasining farmoyish berish va boshqarish funksiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq, shu jumladan, tekshirishlarning elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish xarajatlarini qoplash;

 

Davlat inspeksiyasi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minlash, shuningdek, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

 

Davlat inspeksiyasi oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha xarajatlar;

 

b) Agentlik jamg‘armasi mablag‘laridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

 

Agentlikning farmoyish berish va boshqarish funksiyalarini amalga oshirish bilan bog‘liq, shu jumladan, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikning elektron ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish xarajatlarini qoplash;

 

Agentlik xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ijtimoiy ta’minlash, shuningdek, ularni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish;

 

Agentlik oldiga qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida xorijiy va mahalliy mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha xarajatlar.

 

Belgilansinki, Davlat inspeksiyasi bepul asosda o‘z tashkilotlarini Agentlik binolarining bo‘sh maydonlarida joylashtirish va uning laboratoriyalari xizmatlaridan foydalanish huquqiga ega.

 

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Davlat inspeksiyasi va Agentlik faoliyatini tashkil etish, shuningdek, 2019-2026 yillarda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmatini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlash bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qilsin.

 

9. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:

 

a) 2019 yil 1 noyabrga qadar ushbu Farmon qoidalarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

 

b) 2019 yil 1 dekabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, Agentlik tashkilotlari xodimlarining shtat birliklari normativlarini quyidagilarni hisobga olib, tasdiqlasin:

 

zamonaviy laboratoriya uskunalarini joriy etish, shtat jadvali va lavozim majburiyatlarini o‘rganish, xizmat yuklamasini tahlil qilish, xronometraj tekshiruviga asoslangan holda ishlar hajmini xodimlar o‘rtasida to‘g‘ri taqsimlash;

 

2020 yil 1 aprelga qadar sanitariya-epidemiologik nazorati xizmatlari xodimlari sonini 7 ming shtat birligiga bosqichma-bosqich maqbullashtirish va shtat birliklarining bir qismini Davlat inspeksiyasiga berish;

 

v) uch oy muddatda Agentlik va Davlat inspeksiyasi faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini joriy etsin;

 

g) ikki oy muddatda:

 

qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

 

boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu Farmonga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

 

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

 

Prezidenti                              Sh.MIRZIYoYeV

 

Toshkent shahri,

 

2019 yil 9 sentabr 


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: