Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
01.09.2019

SOG‘LOM AVLOD YuRT TAYaNChI

Tarixdan ma’lumki, sog‘lom avlod masalasi – butun bir xalq, millat taqdiri masalasi sanaladi. Zero, mamlakat kelajagini har tomonlama sog‘lom, ma’rifatli va bilimli avlodlar yuksaltirgan va himoya qilgan.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq sog‘lom avlodni tarbiyalash davlat siyosati miqyosiga ko‘tarildi. O‘tgan davr mobaynida juda katta islohotlar amalga oshirildi. Xususan,  1993 yil 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov Farmoniga muvofiq  mustaqil O‘zbekistonning birinchi ordeni — «Sog‘lom avlod uchun» ta’sis etildi. Shuningdek, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi tashkil etildi.

Ushbu ulkan ezgu ishlardan ko‘zlangan niyatlar ham katta edi. Bosh maqsad, bosh g‘oya — «Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart!»

Bu borada eng avvalo huquqiy-me’yoriy bazani takomillashtirish, millat genafondini yaxshilash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilgani barchamizga ma’lum.

Ma’lumki, respublikamizda davlat miqyosidagi ishlarni amalga oshirish maqsadida har bir yilga alohida nom berish an’anasi mavjud. O‘tgan yillar davomida sog‘lom avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish, onalik va bolalikni himoyalash, aholi salomatligini mustahkamlash,  eng chekka hududlarda ham tibbiiy xizmat ko‘rsatish tarmoqlarini kengaytirishdek ezgu maqsad yo‘lida qator yillar   «Sog‘lom bola yili»,  «Sog‘lom ona va bola yili», «Oila yili» ... deb nomlangan edi. Shular asosida davlat Dasturlari qabul qilinib, tibbiyot sohasida keng islohotlar davom etib keldi.

 O‘tgan yillar davomida qanday qiyinchiliklarga, muammolarga duch kelmaylik, sog‘lom avlod  tarbiyasi bir zum bo‘lsa-da boshqa muammolar soyasida qolib ketmadi. Aksincha, mamlakat miqyosidagi yuksak va keng islohotlarning old jarayonlarida turdi.

Millat genafondi haqida so‘z yuritilganda, birinchi navbatda onalar va bolalar salomatligi, sog‘lom oila va sog‘lom farzand to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish nazarda tutiladi. Bugungi kunda homilador ayollar va chaqaloqlarda patologiyani barvaqt aniqlashni ta’minlaydigan zamonaviy perinatal markazlari, «Ona va bola» skrining markazlari faoliyati takomillashtirilayotgani, tug‘ma va irsiy kasalliklarni tashxislash,  davolash  va ular profilaktikasining zamonaviy usullari joriy etilayotgani o‘z samarasini bermoqda.

«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi ko‘chma tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari 1996 yilda tashkil etilgan edi. Xalq salomatligi yo‘lidagi ana shunday ulug‘ va mas’uliyatli faoliyat boshlanganiga yigirma  uch yildan oshdi.  O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, chora-tadbirlar bugun yangi bosqichga ko‘tarildi.

2016 yildan boshlab sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlarga har qachongidan ham katta e’tibor qaratilmoqda. Respublikamiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Sog‘liqni saqlash sohasini isloh qilish davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biridir», deya alohida ta’kidlab o‘tdi. Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida qator ishlarni amalga oshirishga erishildi.

O‘tgan davrda qishloq vrachlik punktlari, shahar va qishloq oilaviy poliklinikalarini tashkil etish orqali birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirildi hamda aholining ushbu xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaytirildi. Shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishning yagona markazlashgan tizimi yaratildi, fuqarolarga, jumladan, joylarda yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordam ko‘rsatuvchi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tarmog‘i takomillashtirilishi davom etmoqda.

Bugungi kunda kardiologiya, jarrohlik, ko‘z mikroxirurgiyasi, urologiya, terapiya va tibbiy reabilitatsiya, endokrinologiya, pulmonologiya va ftiziatriya, akusherlik va ginekologiya, dermatologiya, venerologiya, pediatriya va boshqa yo‘nalishlardagi maxsus ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida yuqori sifatli xizmat ko‘rsatilmoqda. Ushbu shifo muassasalarida har yili 50 mingga yaqin yuqori texnologiyali murakkab operatsiyalar bajariladi, 600 mingdan ko‘proq bemorga ambulator xizmat ko‘rsatiladi. Olimlarning dolzarb mavzulardagi ilmiy izlanishlari natijasida tibbiyotning yigirmadan ziyod yo‘nalishi bo‘yicha 1000 dan ortiq davolash-diagnostika standartlari ishlab chiqildi.

2016 yil – Sog‘lom ona va bola yilida mamlakatimiz tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun 80 million dollar qiymatidagi kredit va grant mablag‘lari yo‘naltirildi, farzand ko‘rish yoshidagi ayollar, shuningdek, bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirildi.

2017 yil «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» deb e’lon qilinib, qabul qilingan Davlat dasturida ham avvalo insonning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishi nazarda tutilgan.

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish, yosh mutaxassislarni tarbiyalash jarayoniga ilg‘or ta’lim texnologiyalarini keng joriy etish, dunyoning yetakchi tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalari, taniqli olimlar va mutaxassislar bilan hamkorlikni kengaytirish borasidagi ishlar davom etmoqda.

Oilalarning yashab turgan joyidagi sanitar-gigiyenik sharoitni, oiladagi ruhiy holatni, oila a’zolarining, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligini tekshirib, tibbiy, ijtimoiy, ruhiy va iqtisodiy yordamga muhtojlarni aniqlash o‘ta muhim vazifa. Shu maqsadda «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondining Tibbiy-ijtimoiy patronaj ko‘chma brigadalari tashkil etildi. Ularning manzilli xizmati orqali qancha oilalar, aholi sog‘lig‘i ko‘rikdan o‘tkazilib, mustahkamlanmoqda.

O‘zbekistonda tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida fond tomonidan tibbiy-ijtimoiy markaz (TIM) tashkil etilgan. Mazkur markaz tomonidan oilalarning ahvoli har tomonlama o‘rganiladi, guruhlarga ajratiladi,  oilaning umumiy holatini yaxshilash maqsadida chora-tadbirlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, tibbiy-ijtimoiy patronajning natijalaridan kelib chiqqan holda tuman, viloyatlar va respublika miq­yosida o‘sib kelayotgan yosh avlodni tibbiy, ijtimoiy-iqtisodiy, axloqiy tarbiyalashga yordam berib  keladi. 

Bugungi kunda fondning tibbiy-ijtimoiy patronaji 14 ko‘chma tibbiy-ijtimoiy yordam brigadalari orqali amalga oshirilmoqda. Bu brigadalar avvalo malakali shifokorlar, mutaxassislar bilan birga zamonaviy moddiy-texnika bilan ta’minlangan. Fondning  respublikamiz barcha viloyatlarida, filiallari, shahar, tumanlardagi tayanch maskanlari, poytaxtdagi Tibbiyot ijtimoiy markazi, hududlardagi «Ambulans» tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadalari aholi salomatligini saqlash borasida faoliyatni faol, izchil yo‘lga qo‘ydi.

Patronaj xizmatida sog‘lom ona va bola masalasi alohida, aytish mumkinki, yetakchi o‘rin tutadi. Oila – avlodlar davomining manbaidir. «Sog‘lom bola  sog‘lom va ahil oilaning mevasi bo‘lib, sog‘lom onadan sog‘lom bola tug‘iladi», degan haqiqatni inkor etib bo‘lmaydi. 

Tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi esa har bir oilaning yashab turgan joyi sanitariya-gigiyenasini, oiladagi ruhiy holatini o‘rganishda, oila a’zolarining, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham oilada tibbiy madaniyatni oshirish masalasiga alohida ahamiyat berilmoqda. Chunki oila yuqori tibbiy madaniyatga ega bo‘lsa, ko‘p kasalliklarning oldi olinadi. 

 O‘zbekistonda tibbiy-ijtimoiy patronaj tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida «Sog‘lom avlod uchun» fondi tomonidan Tibbiy-ijtimoiy Markaz (TIM) tashkil etilgan.

Mamlakatimizda sog‘lom avlodni kamolga yetkazish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamdagi muntazam ishlar o‘z samarasini bermoqda, albatta. Rasmiy  ma’lumotlarga ko‘ra, tibbiyot sohasidagi kompleks chora-tadbirlar natijasida onalar va go‘daklar o‘limi uch barobardan ko‘proq kamaydi. Aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi esa 68 yoshdan 75 yoshga uzaydi.  

Hech bir mubolag‘asiz aytish mumkinki, bugun mamlakatimizda sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish va tarbiyalash, onalik va bolalikni muhofaza etish borasida erishilgan natijalar xalqaro miqyosda e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.  Xususan,  «Savt the children» («Bolalarni asraylik») xalqaro tashkiloti reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston bolalar salomatligi to‘g‘risida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatadigan dunyodagi o‘nta mamlakat qatoridan joy olgan.

Aholining reproduktiv salomatligini ta’minlash, onalik  va bolalikni muhofaza qilishni yanada yaxshilash, Oila institutini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida davlat tuzilmalari bilan bir qatorda jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etmoqda.

Bugun o‘tgan yo‘limiz, bajargan ishlarimiz samarasiga nazar solib baholaymiz.  Islohotlar jarayoni murakkab, sermashaqqat bo‘lsa-da,  bugungi natijalarini ko‘rib, quvonamiz, faxrlanamiz.  Chunki mamlakatimizdagi barcha yaratuvchanlik sohalarida sog‘lom avlod vakillari asosiy tayanch sifatida bo‘y ko‘rsatmoqda. Ularning fan va madaniyat, sport hamda boshqa ko‘plab sohalarda erishgan yutuqlari, g‘alabalaridan g‘urur tuyamiz, kelajagimiz tayanchi yanada mustahkam bo‘lishiga ishonamiz.  

Mamlakat tomonidan biror orden yoki medal, nishon, unvonni ta’sis etishda oliy maqsad, yuksak rejalar tuziladi, shunga munosib natijalar kutiladi. Mustaqil O‘zbekistonimizda ilk orden «Sog‘lom avlod uchun», deb atalishi va shu nomdagi xalqaro xayriya fondini tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad xalq salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlodni tarbiyalash edi. Sog‘lom avlod zamirida  butun bir xalq, millat taqdiri, kelajagi turibdi.  Davlatimiz rahbari ona va bola salomatligi masalasi mamlakatimiz buguni, kelajagi uchun qanchalar muhim ahamiyatga ega ekanini  muntazam ta’kidlab kelmoqda. Demak, bajarilgan ishlardan xotirjamlikka tushmasligimiz, yanada katta mas’uliyat va fidoyilik bilan mehnat qilishimiz zarur bo‘ladi.

Svetlana INAMOVA,

«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi boshqaruvi raisi, 1 darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni sohibi.

Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: