Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
27.08.2019

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

2019 yil 24 avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi ishi davom ettirildi.

Majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Senatorlar ishni “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi byudjetini shakllantirish va ijro etishning yangi mexanizmlari joriy etilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini muhokama qilishdan boshladilar.

Qayd etilishicha, Byudjet kodeksiga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlarga, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda. Shunday mexanizm joriy etilmoqdaki, unga ko‘ra Oliy Majlis palatalari xarajatlar smetalari ularning devonlari tomonidan byudjet qo‘mitalari bilan birgalikda parlamentlararo va xalqaro hamkorlikka doir xarajatlar hisobga olingan holda ishlab chiqiladi hamda Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan tasdiqlanadi.

Senatorlar ta’kidlashicha, ushbu qonun qabul qilinishi hokimiyatning oliy qonun chiqaruvchi organi moliyaviy mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng Senat a’zolari “Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan va uning normalarini saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari bilan birxillashtirish maqsadida ishlab chiqildi. Tegishli o‘zgartishlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, konstitutsiyaviy qonunlarga, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga kiritilmoqda.

Jumladan, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni norma bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra fuqarolar yig‘ini xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining a’zolari nomzodlari bo‘yicha tavsiyalar taqdim etadi, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilish uchun uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar taqdim etadi, shuningdek, saylov komissiyasiga o‘z kuzatuvchilarini yuboradi.

Qonunchilik palatasida Ekologik harakat vakillari uchun deputatlar o‘rinlarini kvotalash instituti bekor qilinishi munosabati bilan “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonunlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

“Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunidan kelib chiqadigan normalarni amalga oshirish maqsadida “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida”gi, “O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi”, “O‘rmon to‘g‘risida”gi, “Radiatsiyaviy xavfsizlik to‘g‘risida”gi, “Psixiatriya yordami to‘g‘risida”gi qonunlarga jamoatchilik nazorati subyektlari kiritilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Byudjet ma’lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018 yil 22 avgustdagi qaroriga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Shunga muvofiq byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirok etish imkoniyati, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlari mahalliy byudjetlarning parametrlarini hamda ularning ijrosi haqidagi hisobotlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan ko‘rib chiqish va tasdiqlash jarayonining ommaviy axborot vositalarida yoritilishini ta’minlaydi.

Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi prognoz yil uchun Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining loyihalari hamda kelgusi ikki yilga oid byudjet mo‘ljallari, shuningdek, Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborilishidan oldin ularning jamoatchilik muhokamasini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritilmoqda. Unga ko‘ra, byudjetdan ajratiladigan mablag‘lardan, byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanilishi, o‘tkazilgan tanlovlar (tenderlar) va olingan tovarlarning yetkazib berilishi to‘g‘risida vazirliklar, idoralar, davlat maqsadli jamg‘armalari hamda boshqa byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar tomonidan o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtiriladigan tegishli axborot ham davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborot jumlasiga kiradi.

Qonun qabul qilinishi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirishga, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari mablag‘laridan samarali foydalanishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin parlament a’zolari “Xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilishicha, qonunning maqsadi xavfsizlik va mudofaa sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdir.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati tashkil etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining 12 ta qonuniga hamda 3 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining terrorizmga qarshi kurashish, tezkor-qidiruv faoliyati, huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha vakolatlari nazarda tutiladi.

Harbiy tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan. Jumladan, Muddatli harbiy xizmatni ofitserlar tarkibi lavozimlarida o‘tayotgan ofitserlar uchun va muddatli harbiy xizmatni oddiy askarlar hamda serjantlar tarkibi lavozimlarida o‘tayotgan harbiy xizmatchilar uchun muddatli harbiy xizmatni o‘tashning yagona muddati belgilangan.

Chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkilotining o‘quv muassasalarida emas, balki Mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazlarida amalga oshirilishini nazarda tutadigan norma kiritilmoqda. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra “Moddiy madaniy meros obyektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Soliq kodeksiga, shuningdek, Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarda davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilganlik, buzganlik yoki ularga shikast yetkazganlik, nafaqat ko‘p miqdorda zarar yetkazgan huquqbuzarlikni qasddan sodir etganlik, balki ko‘p va ancha miqdorda zarar yetkazgan huquqbuzarlikni ehtiyotsizlik tufayli sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obyektlarining qo‘riqlanadigan tegralarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, shu jumladan, o‘zining tarixiy-madaniy qimmatiga ko‘ra Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida moddiy madaniy meros obyektlari hisoblanmagan binolar, inshootlar hamda boshqa obyektlarni belgilangan tartibda ruxsatnoma olmasdan qurganlik yoki buzganlik, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik, huquqbuzarliklarni nafaqat qasddan sodir etganlik, balki ehtiyotsizlik tufayli sodir etganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi normalar bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti va uning hududiy boshqarmalari tegishli ravishda moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni ko‘zlab qilingan da’volar hamda berilgan arizalar yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda, da’volar va arizalar bo‘yicha iqtisodiy hamda ma’muriy sudlarda davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.

Senatorlar ushbu qonun qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan va Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obyektlar va hududlarni, ularning noyobligini, jahon madaniyati va tarixiga qo‘shgan bebaho hissasini saqlashga, shuningdek, bo‘lajak avlodni tarbiyalashga xizmat qilishiga alohida urg‘u berdilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan keyin parlament a’zolari “Ba’zi davlat organlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining 12 ta qonuniga va 1 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilganligi ta’kidlandi.

Jumladan, “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi rahbari lavozimi bekor qilinishi va jamoat tartibini saqlash bo‘yicha profilaktika (katta) inspektori yordamchisi lavozimi joriy etilishi munosabati bilan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi va “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga sudyalarning chinakam mustaqilligini, sudyalik korpusini shakllantirish va nomzodning shaxsi to‘g‘risida ishonchli ma’lumotlar to‘plash masalasida ochiq-oshkoralikni ta’minlashning qo‘shimcha mexanizmlari joriy etilmoqda. Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qoida kiritilmoqda, unga ko‘ra zaxiraga kiritilgan sudyalik lavozimiga nomzod Sudyalar oliy maktabida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlaganidan keyin bo‘sh sudyalik lavozimlarini to‘ldirish uchun tanlovda ishtirok etish to‘g‘risida bevosita Kengashga ariza berish huquqiga ega bo‘ladi.

Sudyalar xatolarining oldini olish, sudyalar korpusi yetarli amaliy va hayotiy tajribaga ega yuqori malakali yuristlar orasidan shakllanishini ta’minlash maqsadida “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga sudyalar uchun o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan yosh senzini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritilmoqda.

Yuqori palata a’zolari “Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartishlar kiritilib, ularda nafaqat ruhiy kasalliklar shifoxonasida, balki turar joyidagi ruhiy-asab kasalliklari dispanserida (tuman (shahar) psixiatrining xonasida), yashash joyidagi umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining umumiy kuzatiladigan bo‘limida, umumiy tartibli ruhiy kasalliklar shifoxonasining maxsus reabilitatsiya bo‘limida tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash huquqi nazarda tutilmoqda.

Qayd etilishicha, qonun qabul qilinishi ruhiy holati aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda buzilgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llashga, bir vaqtda ularni jazolash imkoniyatini yaratishga, psixiatriya yordami ko‘rsatishning amaldagi tizimi imkoniyatlaridan to‘liq va oqilona foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratishga, shuningdek, tibbiyot muassasalarining sudlar, prokuratura organlari, advokatlar va tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llaniladigan shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarini tartibga solishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra parlament a’zolari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama etildi.

O‘zbekiston Respublikasining 3 ta qonuniga va 5 ta kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Jumladan, pensiya yoshiga yetgan sudlanganlar va nogironlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga va “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ularda bevosita manzil-koloniya joylashgan yerdagi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limiga ariza berish orqali manzil-koloniyalarda jazoni o‘tayotgan, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarga pensiya tayinlash, bunday shaxslarga pensiya to‘lovini manzil-koloniya joylashgan yerdagi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan mahkumlarning shaxsiy hisobvaraqlariga o‘tkazish orqali to‘lash nazarda tutilmoqda.

Ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish, uni bundan keyingi jinoiy faoliyatining oldini olish, hukmning ijro etilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga “Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish” deb nomlangan yangi bob kiritilgan. Pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish faqat davlatlararo yoki xalqaro qidiruv e’lon qilingan ayblanuvchiga yoki sudlanuvchi shaxsga nisbatan qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzganlik, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaganlik, vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik, homiladorlik va tug‘ish nafaqalarini to‘lash bo‘yicha majburiyatdan bo‘yin tovlaganlik, aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, bo‘sh ish o‘rinlarini yashirganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini o‘n sakkiz yosh etib belgilovchi norma kiritilganligi muhimligi qayd etildi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qator qonunlarni ma’qulladilar. “Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi to‘g‘risidagi 81-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1947 yil 11 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi, “Xalqaro mehnat tashkilotining qishloq xo‘jaligida mehnat inspeksiyasi to‘g‘risidagi 129-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1969 yil 25 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni to‘g‘risida”gi, “Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar to‘g‘risidagi Konvensiyaga (Kishinev, 2002 yil 7 oktabr) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni to‘g‘risida”gi, “Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkilotini ta’sis etish to‘g‘risidagi Bitimni (Parij, 2001 yil 3 aprel) ratifikatsiya qilish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shundan so‘ng parlament a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tarkibiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar. Ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.

Muhokama chog‘ida huquq-tartibot va qonuniylikni ta’minlash jamiyat hayotining alohida ahamiyatga ega bo‘lgan sohasi ekanligi qayd etildi. Aynan shu sababli so‘nggi yillarda mamlakatimizda jinoyatlarga qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishning mutlaqo yangi mexanizmlarini yaratishga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinishi bilan bu boradagi ishlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Uning asosida hududlarni biriktirgan holda jamiyat xavfsizligini ta’minlash sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish Bosh prokuror, ichki ishlar vaziri va O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondoni zimmasiga yuklatildi.

Bu mazkur yo‘nalishda sezilarli natijalarga erishish imkonini berdi. Jumladan, joriy yilning olti oyi natijalari bo‘yicha jinoyatlar umumiy soni 32,1 foizga kamaydi, jinoyat-qidiruv yo‘nalishida esa ularning soni 41,7 foizga kamaydi. Respublikadagi 9093 ta mahallaning 5747 tasida yoki 63 foizida birorta ham jinoyat sodir etilmadi.

Ichki ishlar organlari, shu jumladan, profilaktika xizmati tizimi tubdan isloh etilishi, bu sohadagi faoliyatni muntazam muvofiqlashtirishning yo‘lga qo‘yilishi, eng asosiysi, jamoatchilik va fuqarolar faol ishtirokining ta’minlanishi bunday yutuqqa erishishda muhim omil bo‘lganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, jinoyat statistikasi tahlili qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatlarni kamaytirish va barvaqt oldini olish uchun o‘z yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar borligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, huquqbuzarliklar umumiy tarkibida og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar ulushi o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 2,7 foizga ko‘paydi. Surxondaryo viloyatida qayd etilgan jinoyatlarning 38 foizi, Toshkent shahri va Xorazm viloyatida qayd etilgan jinoyatlarning 30 foizi, Navoiy, Namangan va Jizzax viloyatlarida qayd etilgan jinoyatlarning 25 foizi jinoyatlarning aynan shunday toifasiga kiradi.

Shu munosabat bilan so‘zga chiqqanlar qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar. Muhokama etilgan masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Shundan keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo‘yicha faoliyati to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.

Mamlakatimizning tashqi siyosiy idorasi o‘z faoliyatida asosiy e’tiborni Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida hamda “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarni bajarishga qaratayotganligi ta’kidlandi.

Tashqi ishlar vazirligiga yuklangan vazifalarni hal etishda xalqaro, davlat va nodavlat tashkilotlari bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishga urg‘u berilganligi qayd etildi. Jumladan, parlament bilan yaqin hamkorlik doirasida yuqori darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga oid “yo‘l xaritalari"ni ijro etish yuzasidan eshituvlarni tinglash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Mamlakat iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, eksport hajmini va xorijiy turistlar oqimini oshirish Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan yana bir muhim vazifa hisoblanadi. Uni ro‘yobga chiqarish maqsadida mamlakatimizning barcha diplomatik vakolatxonalari mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini mustahkamlash, uning tashqi iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish va targ‘ib qilish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan ish olib bormoqda. Xususan, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan iqtisodiyotning turli sohalarida amalga oshirish ko‘zda tutilgan 5 milliard 250 million dollarlik 250 dan ortiq investitsiya loyihasi ishlab chiqilganligi ta’kidlandi. Bundan tashqari, hukumatlararo komissiyalarning 800 dan ortiq investitsiya biznes-forumi va majlisi o‘tkazildi. Salohiyatli xorijiy investorlarning O‘zbekistonga 1600 dan ortiq tashrifi va mamlakatimiz iqtisodiy idoralarining xorijga qariyb 700 ta tashrifi tashkil etildi.

Bundan tashqari, viza rejimini yanada erkinlashtirish maqsadida 2019 yil 5 yanvarda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. 45 ta davlat fuqarolariga 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilandi, fuqarolari elektron kirish vizasini olish imkoniyatiga ega bo‘lgan mamlakatlar ro‘yxati 77 taga oshirildi, qo‘shimcha (elektron bo‘lmagan) kirish vizalar toifalari joriy etildi (“Vatandosh”, “Student visa”, “Academic visa”, “Medical visa” va “Piligrim visa”) hamda xorijiy mamlakatlar fuqarolariga O‘zbekiston Respublikasida ko‘chmas mulkni sotib olgan taqdirda yashash guvohnomasini olish huquqi taqdim etildi. Joriy yilning may oyida fuqarolari uchun turizm vizalarini rasmiylashtirishning soddalashtirilgan tartibi tatbiq etiladigan mamlakatlar soni 77 taga yetdi.

Ilk bor Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari bosh vazirlari o‘rinbosarlari ishtirokida mintaqaviy iqtisodiy forum o‘tkazildi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston idoralari va ishbilarmon doiralarining 200 dan ziyod vakili qatnashdi. Bu tadbir davlat tashqi siyosatida asosiy ustuvor mintaqa hisoblangan Markaziy Osiyoda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan olib borilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalariga respublikaning muayyan hududlari biriktirilganligi Namangan viloyati misolida yana bir bor o‘zining samaradorligini ko‘rsatdi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi 18 ta elchixonasi tomonidan hozirgi vaqtda Namangan viloyati hokimligi bilan yaqin hamkorlikda 1,67 milliard dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Shundan joriy yilning birinchi yarim yilligida 122,7 million dollar o‘zlashtirildi.

Shunga qaramay, yagona tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy siyosat olib borishda Tashqi ishlar vazirligining muvofiqlashtiruvchi rolini inobatga olib, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik hamkorlik masalalari bo‘yicha xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik va idoralararo muvofiqlashtirish hanuzgacha tizimli va samarali yo‘lga qo‘yilmaganligi qayd etildi. Yaqin va o‘rtacha istiqbolda o‘zida natijador chora-tadbirlarni mujassamlashtirgan kompleks idoralararo reja ishlab chiqish masalasi hali ham dolzarbligicha qolmoqda.

Majlisda mamlakatning tashqi siyosiy idorasi faoliyatini yanada takomillashtirish, xalqaro, davlat va nodavlat tashkilotlar bilan vazirlikka yuklatilgan vazifalarni bajarish yuzasidan hamkorlikni rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra senatorlar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralarning turizmni rivojlantirish sohasidagi islohotlar amalga oshirilishining borishi to‘g‘risidagi axborotini eshitdilar.

So‘zga chiqqanlar keyingi yillarda O‘zbekistonda turizm industriyasini rivojlantirish, shu jumladan, imkon qadar qulaylik yaratish, tarmoqning raqobatbardoshligini yanada oshirish, ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash va jahon bozorida milliy turistik mahsulotni faol tanitib borish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar ko‘rilganligini qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar turizmni rivojlantirishning qonunchilik va institutsional asoslarini takomillashtirishga kuchli turtki berdi. Misol uchun oxirgi ikki yilda 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi, ularning 13 tasi joriy yilning 8 oyi davomida qabul qilindi. Asosiy maqsad – turizm industriyasini O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotining drayverlaridan biriga aylantirish, qishloq joylarda, tog‘li hududlarda va olis tumanlarda aholi bandligini oshirish va yangi daromad manbalarini yaratishdir.

Tizimli ishlar tufayli turistlar oqimini oshirish, infratuzilmani modernizatsiyalash, viza rejimini erkinlashtirish borasida sezilarli natijalarga erishishga muvaffaq bo‘lindi. Masalan, eng liberal viza rejimlari reytingida O‘zbekiston MDH mamlakatlari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha mamlakatimizda bo‘lgan xorijlik turistlar soni 3 milliondan ortiq kishini tashkil etdi, bu esa 2018 yilning mos davriga nisbatan 31 foizga ko‘pdir.

Turistik xizmatlar eksporti ham oshmoqda. Bunday xizmatlar hajmi 2018 yilda 1 milliard 40 million dollarga yetdi. 2019 yilning birinchi yarim yilligida bu ko‘rsatkich 590,5 million dollarni tashkil etdi. Bunday tendensiya va miqdoriy natijalar ham turizm infratuzilmasi obyektlari rivojiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, xorijiy turistlar mamlakatimizda uzoqroq vaqtga qolayotganligi tufayli ularni joylashtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘paydi, bu esa turizm infratuzilmasi obyektlaridagi bandlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, bu sohada ham qator muammolar mavjud. Masalan, bir qator aloqador vazirliklar va idoralarda turizmni rivojlantirish masalalari faqat Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mas’uliyat doirasiga kiradi, degan yanglish tasavvur paydo bo‘lganligi ta’kidlandi. Shu sababli idoralararo muvofiqlashtirish zaif ekanligi ma’lum qilinmoqda. Bu qoidalari davlatning turizm sohasidagi siyosatiga ko‘pincha mos kelmaydigan ayrim normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilayotganligi va qabul qilinayotganligida aks etmoqda.

Aloqador vazirlik va idoralar mamlakatimiz turizmi salohiyatini oshirishda faollik ko‘rsatmayotgani qayd etildi. Misol uchun, shu nuqtai nazardan Madaniyat vazirligi uzoq vaqt mobaynida O‘zbekiston muzey va teatrlarining turistlar uchun jalb etuvchanligini oshira olmaganligi, muzey faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy eta olmaganligini aytish mumkin.

Transport infratuzilmasidan foydalanish imkoniyati va uning qulayligi hali ham hal etilmay qolmoqda. Aviachiptalarga narx qo‘yish, temir yo‘l transporti xizmatlari narxi va sifati o‘rtasidagi farq, ichki avtotransport yo‘nalishlari tarmog‘ining rivojlanmaganligi ko‘plab savollar tug‘dirmoqda. Temir yo‘l, avia va avtotransport chiptalarini onlayn bronlash tizimi hozirgi kunga qadar joriy etilmagan. Bu omillar ichki va tashqi turizm rivojiga jiddiy to‘sqinlik qilayotir.

Shu munosabat bilan senatorlar turizm sohasida to‘planib qolgan muammolarni hal qilish bo‘yicha qator takliflar bildirdilar. Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senatorlar tomonidan Xorazm viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham eshitildi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-2018 yillarda Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda viloyatni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish borasida maqsadli vazifalar amalga oshirilmoqda.

2019 yilning yanvar-iyun oylarida yalpi hududiy mahsulot hajmi 7,9 milliard so‘mni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 106,5 foizga o‘sdi. Ushbu davr mobaynida viloyatda 96,5 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar o‘zlashtirildi va bu rejaga nisbatan 220,7 foizni tashkil etadi. Viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish dasturi doirasida 2019 yilda umumiy qiymati 3727,7 milliard so‘mlik 946 ta loyihani amalga oshirish va uning hisobiga 11645 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Hisobot davrida 714,8 milliard so‘mlik 412 ta loyiha amalga oshirilgan hamda 3178 ta ish o‘rni tashkil etilgan.

Xususan, joriy yilning 1 iyulida ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlik subyektlari soni 35901 tani tashkil etdi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3346 nafarga oshdi. Biroq ularning 3422 nafari u yoki bu to‘siqlarga uchragani sababli o‘z faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi viloyat shaharlarida, tuman markazlarida yillar davomida saqlanab qolayotgan kommunal sohaga oid muammolarni hal etishga kompleks yondashmayotganligi aholining jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Jumladan, Xorazm viloyati namunasida ichimlik suvi tizimining suv taqsimlash inshootlaridan keyingi aholi punktlariga suv tarqatish qismi boshqaruvini investitsiya kiritish sharti bilan 2019 yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida tadbirkorlarga berishni yo‘lga qo‘yish vazifasi ham to‘la ijro etilmagan. Natijada viloyat aholisining 56,5 foizigina ichimlik suvi bilan ta’minlangan.

Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sessiyalarida va doimiy komissiyalar majlislarida turli darajadagi mas’ul rahbar xodimlarning 624 ta hisoboti eshitildi. Bunday amaliyot har bir tashkilot yoki idora ishi natijasiga bo‘lgan mas’uliyat yanada oshishiga sabab bo‘ladi.

Shu bilan bir qatorda senatorlarning ta’kidlashicha, Xorazm viloyatida hududlarni rivojlantirish va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyat samaradorligini oshirishga salbiy ta’sir etayotgan qator muammo va kamchiliklar mavjud. Bunda mavjud salohiyatdan to‘liq ravishda foydalanilmayapti.

Muhokama yakuni bo‘yicha hududlarni rivojlantirish masalalarini hal etish yuzasidan vazirlik va idoralar, shuningdek, ijro etuvchi hokimiyat organlarining mas’uliyatini oshirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.

Shundan so‘ng parlament a’zolari Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar bo‘sh turgan, qurilishi tugallanmagan obyektlardan va foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlaridan samarali foydalanishni ta’minlash borasida qonun hujjatlarini ijro etish holatini o‘rganish natijalari bo‘yicha parlament so‘rovi yuborilishini qo‘llab-quvvatladilar.

Shuningdek, senatorlar bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari holati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror ham qabul qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan o‘z vakolatlariga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 26 ta masala, shu jumladan, 16 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma birinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: