Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Noyabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
28 29 30 31 1 2 3
4 5 6 7 8 9 10
11 12 13 14 15 16 17
18 19 20 21 22 23 24
25 26 27 28 29 30 1
20.08.2019

O‘ZBEKISTONNING BIRINCHI PREZIDENTI

Bu ko‘hna dunyo ko‘p davlat rahbarlarini ko‘rgan. Ulardan kamdan-kamlarining nomi tarixda qolgan. O‘z xalqi mehr-muhabbatiga sazovor bo‘lib, millat xotirasida abadiy yashab qolganlari esa yanada kam, sanoqli. O‘z Vatani tarixini, millati taqdirini o‘zgartirib yuborgan buyuk davlat arboblarigina bunday yuksak sharafga muyassar bo‘lishgan.

O‘zbek xalqining asriy orzusini ro‘yobga chiqargan, mustaqilligimiz asoschisi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ana shunday buyuk davlat va siyosat arbobi edi.

Bugun mamlakatimiz Mustaqilligining 28 yillik ulug‘ va aziz bayrami arafasida Birinchi Prezidentimiz nomini qayta-qayta yodga olishimiz, xalqimiz, Vatanimiz ozodligi va mustaqillikni mustahkamlash yo‘lidagi zahmatli mehnatlari, beqiyos xizmatlarini e’tirof etishimiz tabiiy.

Islom Karimov oddiy Prezident emas edi. U tabiatan ziyrak, dovyurak, g‘ururi baland, o‘z so‘zida qat’iy turadigan Prezident edi. U yuksak aql-zakovati, donishmandligi, uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati, qat’iyligi, jasorati bilan nafaqat Markaziy Osiyodagi, balki mintaqadan tashqaridagi voqea-hodisalarga ham ta’sir o‘tkaza olganiga tarix guvoh. Xalqaro miqyosdagi murakkab masalalar muhokamasida dunyoning eng qudratli davlatlari rahbarlari ham uning fikri bilan hisoblashar edi. Bunga istalgancha misol keltirish mumkin.

Birinchi Prezidentimiz xalqimizni nafaqat bir asrdan ziyod qaramlikdan qutqardi, nafaqat mustaqillikni asrab-avayladi, mustahkamladi, balki yangi O‘zbekiston davlatini yaratdi, jahon hamjamiyatida uning munosib o‘rin egallashini ta’minladi.

Islom Karimov shaxsi va xizmatlariga adolatli baho berish uchun, avvalo, u respublikaga rahbar etib saylangan paytda  ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-ruhiy holat qanday ahvolda bo‘lganiga e’tibor qaratish talab etiladi. O‘sha davrda O‘zbekiston o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolar girdobida qolgan, sanoat va qishloq xo‘jaligi mutlaqo izdan chiqqan, odamlarning davlatga ishonchi yo‘qolib bo‘lgan edi. Buni yoshi ulug‘lar yaxshi eslashadi.

Farg‘ona viloyatida esa buzg‘unchi kuchlar tomonidan may oyida uyushtirilgan ommaviy tartibsizliklar iyun oyiga kelib keskinlashib ketgan, uylar va mashinalar yondirilayotgan, begunoh odamlar nobud bo‘layotgan edi. Agar zudlik bilan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmasa, bu voqea boshqa hududlarda ham sodir bo‘lishi, yanada og‘ir oqibatlarga olib kelishi aniq edi.

1989 yil 23 iyunda respublika rahbari bo‘lgan Islom Karimov 24 iyunda hukumatning Farg‘ona voqealari tahliliga bag‘ishlangan katta yig‘ilishini o‘tkazdi. 25 iyun kuni ertalab olov ichida qolgan Farg‘onaga jo‘nab ketdi, vahimaga tushgan, qahr-g‘azabga to‘lgan odamlar orasiga kirib borib, ular bilan yuzma-yuz ochiq gaplashdi. Muammolarni hal etishga kirishdi.

Islom Karimov respublika rahbari sifatidagi faoliyatini ana shunday tahlikali, og‘ir sharoitda boshladi, oldinda uni biri-biridan murakkab yana ko‘plab muammolar kutardi.

Tuhmat va uydirmadan iborat «Paxta ishi», «O‘zbek ishi» deb atalgan, 1983 yilda boshlanib 1989 yilgacha davom etgan qatag‘on davrida 4 mingdan ziyod hamyurtimiz O‘zbekiston, Tojikiston, Qozog‘iston, Rossiya qamoqxonalariga tashlangan edi. Xalqimiz tahqirlangan, haqoratlangan, xo‘rlangan bir davr edi. Qamoqda yotganlarning oila a’zolari, yaqinlari yordam so‘rab, turli idoralar eshiklari oldida yillab sarson-sargardon bo‘lib yurgandi. Bu adolatsizliklarga barham berib, odamlarda ertangi kunga ishonch uyg‘otish muhim ahamiyatga ega edi.

Islom Karimov tashabbusi bilan maxsus komissiya tuzildi, unga «Paxta ishi», «O‘zbek ishi» bo‘yicha sudlanganlar ishini qayta ko‘rib chiqish vazifasi yuklandi. Sobiq Ittifoq Bosh prokuraturasi, Oliy sudi rahbarlarining qarshiligi, do‘q-po‘pisasiga qaramay qamalganlarning aksariyati oqlanib, oilasi bag‘riga qaytarildi.

Markaz siyosatiga qarshi bo‘lgan bunday ishlarni katta jur’at va jasoratga ega, o‘z xalqi or-nomusi, obro‘si, taqdiri uchun chinakamiga qayg‘urgan yetakchigina qila olardi, albatta.

O‘ta og‘ir va murakkab masalalardan biri — botqoqqa botgan ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni o‘nglash edi. Respublikamiz aholisining hayot darajasi Ittifoqda eng oxirgi o‘rinlardan birida turardi. O‘zbekiston asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini Ittifoq aholisiga nisbatan ikki barobar kam iste’mol qilardi. Respublikamizdagi maktab va shifoxonalarning yarmidan ko‘pi nobop  binolarda joylashgan bo‘lib, avariya holatida edi. Onalar va bolalar o‘limi bo‘yicha O‘zbekiston sobiq Ittifoqda birinchi o‘rinda turardi. Ayniqsa, qishloq aholisi hayoti achinarli ahvolga tushib qolgandi. O‘zbekiston tunu-kun mehnat qilib, Markazga tonna-tonna paxta, tilla, pilla, qorako‘l va boshqa qimmatbaho mahsulotlarni yetkazib berar, lekin xalqimiz uchma-uch kun kechirar edi.

Oddiy qilib aytganda, sovet davlatining hurmatsiz va shafqatsiz siyosati, yurtimizni faqat xomashyo yetkazib beradigan o‘lkaga aylantirgan noto‘g‘ri iqtisodiy siyosati O‘zbekistonni xonavayron qilgandi.

Islom Karimov odamlarning ko‘nglini ko‘tarish, davlatga ishonchini qaytarish, tinchlikni asrash uchun butun diqqat-e’tiborini ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga qaratdi. Ayniqsa, respublika aholisining asosiy qismi yashaydigan qishloqlardagi ahvolni yaxshilash alohida ahamiyatga ega edi. Islom Karimov yagona va to‘g‘ri, ammo ko‘pchilik uchun kutilmagan yo‘lni tanladi. U odamlarni ma’naviy va iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlamay turib, tinchlikni saqlash va o‘ylangan maqsadlarga erishish mumkin emasligini yaxshi anglardi. Shu bois ham Islom Karimov Markazning yangi yerlarni o‘zlashtirish hisobiga paxta yetishtirishni tobora oshirib borish to‘g‘risidagi talabini bir chetga surib qo‘yib, paxta maydonlarini qisqartirib, bo‘shagan yerlarni uy-joy qurish, tomorqa qilish uchun qishloq aholisiga berish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Sovet davlatining quturgan qatag‘on siyosati hali hukm surib turgan bir paytda bunday qarorni qabul qilish chinakam jasorat, xalq uchun qayg‘urishning yorqin misoli edi.

Bu qaror nafaqat qishloq ahli, shahar aholisini ham oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga yordam berganini vaqt ko‘rsatdi. 

Islom Karimov respublikaga rahbar bo‘lib kelgan dastlabki kunlardanoq o‘z fikrini dadil aytib, u yoki bu masalada mustaqil qarorlar qabul qila boshladi. Ular mazmun-mohiyati bilan xalqimiz huquqlari, sha’ni va qadrini himoya etish, yurtimizni mustaqillikka olib borishga qaratilgan edi. Mustaqillik yo‘lidagi asosiy harakatlar rivoji ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi.

1989 yil 21 oktabr, O‘zbekiston SSR hududida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.

1990 yil 24 mart, sobiq Ittifoqda birinchi bo‘lib O‘zbekistonda Prezident lavozimi ta’sis etildi.

1990 yil 20 iyun, Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilindi.

1991 yil 31 avgust, Islom Karimov 1 sentabrni Mustaqillik kuni deb e’lon qildi. Bu xalqimiz taqdirini o‘zgartirib yuborgan unutilmas tarixiy voqea bo‘ldi.

Biroq Mustaqillikni asrash, mustahkamlash oson kechmadi, kutilgan va kutilmagan og‘ir sinovlardan o‘tildi. Ittifoqdosh respublikalar bilan aloqalar uzilgan, muammolar ustiga yangi muammolar paydo bo‘layotgan edi. Eng dahshatlisi — bir haftaga yetadigan un zaxirasi qolgan bo‘lib, respublika ocharchilik ostonasida turardi. Islom Karimov o‘ta murakkab va tahlikali bu sharoitda donishmandlik ko‘rsatdi, zudlik bilan barcha imkoniyatlarni ishga soldi, uzoq-yaqin davlatlar bilan do‘stona kelishuvlarga erishildi. Falokatlarning oldi olindi. Ayni chog‘da davlat qurilishini mustahkamlash, O‘zbekistonni rivojlantirishning asosiy strategik yo‘nalishlarini belgilab berdi. Bu yo‘l to‘g‘ri tanlanganini keyinchalik hayotning o‘zi isbotladi.

Islom Karimovning bebaho xizmatlaridan yana biri shundaki, u nafaqat O‘zbekistonni, balki butun mintaqani qon to‘kilishidan, urushlardan bir necha bor asrab qoldi.

Qirg‘izistonning O‘sh shahrida bo‘lgan voqea, Namangan va Andijonda ekstremistik to‘dalar xurujlari, mamlakat ichkarisida buzg‘unchi kuchlar uyushtirgan fitnalar, sabotajlar katta aql-idrok bilan bartaraf etildi. Agar o‘z vaqtida oqilona chora ko‘rilmasa, birgina xatoga yo‘l qo‘yilsa, to‘liq ishonch bilan ta’kidlash kerakki, o‘sha voqealar butun Markaziy Osiyodagi vaziyatni izdan chiqarishi va uzoqqa cho‘ziladigan og‘ir oqibatlarga olib kelishi muqarrar edi.

Mustaqillikni e’lon qilgach, to‘g‘ri yo‘lni topolmay parokandalikka yuz tutgan respublikalarni ko‘rdik. Yon-atrofimizdagi davlatlarning biri fuqarolik urushini boshidan kechirdi. Ikkinchisida ikki marta davlat to‘ntarishi bo‘ldi. Eng katta davlatlardan biri to‘s-to‘polon ichida qolib, poytaxti markazida parlament binosi zambaraklardan o‘qqa tutildi. Ukraina va Guruziyadagi oxiri ko‘rinmayotgan ichki nizolar, mojarolardan ham yaxshi xabardormiz. Biz haqiqat haqida gapiradigan mard bo‘lsak, bu voqealardan xulosa chiqarishimiz, haqiqat ko‘ziga tik qarab gapirishimiz kerak.

Biri-biridan o‘tkir, qaltis masalalarni hal etish, tinchlikni saqlash, mustaqillikni mustahkamlash uchun tinimsiz kurash borayotgan halovatsiz kunlarda yosh mustaqil davlatning huquqiy asoslarini yaratishga kirishildi. Islom Karimovning bevosita rahbarligi va ishtirokida mamlakatning Asosiy qonuni – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Tarixan qisqa vaqtda, iqtisodimiz hali o‘zini tiklab ololmagan og‘ir bir sharoitda keng qamrovli islohotlar, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. O‘zbekiston avtomobil ishlab chiqaradigan sanoqli davlatlardan biriga aylandi. Avvaliga Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘li, so‘ngra Angren-Pop elektrlashtirilgan temir yo‘li, Qamchiq dovonida temiryo‘l tunneli qurildi. Tushimizga kirmagan, eshitsang, ishonish qiyin bo‘lgan tarixiy ishlar edi bo‘lar. O‘zbekiston havo yo‘llari, Temir yo‘llari tizimi qayta tashkil etildi. Don va neft mustaqilligini ta’minlash chora-tadbirlari ko‘rildi. Shaharlar va qishloqlar qiyofasi ham o‘zgara boshladi. Qishloq xo‘jaligini qayta tashkil qilishga kirishildi – kolxoz va sovxozlar o‘rniga fermer xo‘jaliklari instituti ta’sis etildi.

Birinchi Prezidentimiz rahbarligida Vatanimiz mustaqilligi, uning chegaralari daxlsizligini ishonchli himoya qila oladigan zamonaviy milliy armiya shakllandi. Xalqimizning ma’naviy qadriyatlari – muqaddas dinimiz, bebaho tarixiy merosimiz, urf-odatlarimizni tiklash va rivojlantirish masalalari davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Islom Karimovning buyuk orzusi – hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlodni tarbiyalash va tayyorlash edi. Bu maqsad yo‘lida kuch va mablag‘ ayalmadi. O‘zbekiston yoshlarining xalqaro maydonlardagi yutuq va g‘alabalarini ko‘rish uning uchun eng quvonchli va baxtli onlar edi.

Islom Karimovning butun hayoti va faoliyati kurashlar, olovlar ichida o‘tdi. Ba’zan taqdir unga sira kutilmagan musibatlarni ro‘para qildi, temir ham dosh berishi qiyin sinovlarga soldi. Qanchalik og‘ir, azobli, iztirobli bo‘lmasin, har qanday vaziyatda ham u hamma narsadan, eng yaqin kishilaridan ham Vatan manfaati, xalq manfaatini yuqori qo‘yib qarorlar qabul qildi. Islom Karimov chin ma’noda buyuk shaxs edi. Bu haqiqatni hatto uning raqiblari ham tan olardi.

Bugun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz nomini har doim yuksak hurmat-ehtirom bilan yodga olmoqda, Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘rsatayotgan tashabbuslarini xalqimiz mamnun bo‘lib olqishlamoqda, qo‘llab-quvvatlamoqda. Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yanada baland bosqichga ko‘tarish uchun g‘ayrat-shijoatli kurash olib borilmoqda. Davlat boshqaruvida ochiqlikni ta’minlash, fuqarolar huquqlarini samarali himoya qilish, sha’nini, qadrini ulug‘lash bo‘yicha beqiyos ishlar qilinmoqda. Birinchi Prezidentimiz ruhini shod etadigan yutuqlarga erishilmoqda.

Yillar o‘tadi, asrlar o‘tadi, avlodlar almashadi, lekin Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, vatan tarixi va xalq taqdirini o‘zgartirgan buyuk davlat arbobi sifatida xalqimiz qalbida, xotirasida abadiy yashaydi.

 

Safar OSTONOV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: