Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
16.07.2019

MATEMATIKA: BUGUN KELAJAKNI O‘YLAB

Abdulla A’ZAMOV, akademik:

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 9 iyul kuni Matematika ta’limi va fanlarini rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, Fanlar akademiyasining V.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi tarixiy qarorni imzoladi.

Ushbu muhim hujjat mamlakatimizda ilm-fanning barcha jabhalari kabi matematika fanini ham, va uning tatbiqi samara beradigan boshqa sohalarni ham yanada rivojlantirish uchun fundamental ahamiyatga molik. Oldingi paytlar bunday sohalarga astronomiya va mexanika, fizika va texnika, kartografiya va meteorologiya kirgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda matematika bo‘yicha bilimlar axborot kommunikatsiya texnologiyalari, sun’iy intellekt, yirik hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash, ekonometriyada zarur bo‘lib, ular borgan sari kimyo, biologiya, tibbiyot, sotsiologiya va boshqa sohalarda ham tatbiq etilmoqda. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangani va ishlab chiqarishni kompyuterlashtirish darajasi oshib borgani sayin hayotning barcha sohalarida matematika bilimlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj kuchayaveradi. Shuning uchun biz to‘la asos bilan aytamizki, ushbu qarorning ahamiyati matematika fani doirasi bilangina cheklanmaydi.

2018 yil 19 iyul kuni Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakat rivojlanishida matematika fanining ahamiyati to‘g‘risida fikr yuritilgan, fanning bu sohasi ancha yillar davomida e’tiborsiz qolgani afsus bilan qayd etilgan edi.

Keng jamoatchilikka ma’lumki, o‘tgan asrning saksoninchi yillaridan ijtimoiy sohani, ayniqsa ilm-fanni moliyalashtirish «Qoldiq tamoyili» asosida amalga oshirila boshlagan. Soddaroq qilib aytganda, «byudjet dasturxonida ilm-fanga faqat ushoqlar tegardi». Ushbu ahvol bozor iqtisodiyotiga o‘tish jarayonida yanada og‘irlashdi. Zero, Fanlar akademiyasini ushlab turish oson emas. Fundamental fanga investitsiya tezda samara beravermaydi. Iqtisodiy natija o‘n yillardan keyin olinishi mumkin. Ustiga-ustak har bir ilmiy ishlanma ham foyda keltiravermaydi. Shu kabi sabablar bilan ilmiy tadqiqot ishlariga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar yildan-yilga qisqarib bordi.

Bunday yondashuv natijasida mamlakat ilm-fan tizimiga katta ziyon yetkazildi. Xususan, «aql oqimi» deb ataladigan jarayon yuzaga keldi — iste’dodli olimlar rivojlangan mamlakatlarga chiqib keta boshladi.

Shunday murakkab sharoitga qaramasdan Matematika instituti rahbariyati barcha imkoniyatlarni ishga solib yosh matematiklarni ilmiy ishga jalb etishga harakat qildi. Ularning ilm pillapoyalaridan yuqorilashi uchun imkoniyat tug‘dirildi, xorijiy ilmiy markazlarga safarbar qilish yo‘llari izlandi. Zotan, ustoz alloma akademik Toshmuhammad Sarimsoqovning shunday hikmatli gapi bor: «Yoshi ulug‘lardangina tashkil topgan ilmiy jamoa — bu fojia, faqat yoshlardan tashkil topgan ilmiy muassasa esa komediya». Bu so‘zlari bilan atoqli olim ilmiy maktablarda avlodlar almashib turishini, ilm-fan sahnasini tashlab chiqayotgan olimlar ishini munosib davom ettiradigan yosh iste’dodlarni tarbiyalash naqadar muhimligini qayd etgan.

Qarorda ko‘rsatib o‘tilganidek, Matematika instituti ilmiy xodimlarining o‘rtacha yoshi 47 ga teng. Ilmiy muassasaning istiqboli uchun muhim bu ko‘rsatkich yanada yaxshilanib boradi, deyish uchun barcha asos mavjud — oxirgi yillarda ilmiy xodimlar maoshi bir necha barobar oshdi, ilmiy darajalar uchun ustama sezilarli miqdorda kattalashdi, 2018 yilda qator ilmiy muassasalar qatorida Matematika institutining bazaviy xarajatlari byudjetdan moliyalashtirishga o‘tkazildi. Qiyoslash uchun eslash joiz — 2002-2017 yillar davomida hattoki kommunal xizmatlar ham ilmiy tadqiqotlar uchun ajratilgan grant mablag‘lari hisobidan qoplanar edi, kapital ta’mirlash, jihozlash uchun umuman mablag‘ berilmagan. Bunday yondashuv qanday oqibatlarga olib kelishi yaxshi ma’lum. Bu o‘rinda alohida ta’kidlash joizki institut dunyo matematiklari o‘rtasida o‘z obro‘siga ega, har yili o‘nlab xorijlik mutaxassislar seminarlarda fikr almashish, ilmiy tadqiqotlarda hamkorlik qilish maqsadida tashrif buyuradiki, ochig‘ini aytganda, institutdagi sharoit uchun biz mehmonlar oldida o‘zimizni ancha-muncha noqulay sezar edik. Prezidentimizning qarori tufayli Matematika institutining sharoiti keskin yaxshilanadi, xuddi shu yo‘nalishdagi eng yaxshi xorijiy muassasalar sharoitiga tenglashadi.

Ushbu hujjatga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan institutni moliyalashtirish to‘liq byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ham quvonchlidir. Bu tadbir ilmiy fundamental tabiatli yo‘nalishlardagi, ayniqsa matematika bo‘yicha tadqiqotlar haqiqatdan ham chuqur muammolarni hal etishga qaratilishini ko‘zda tutadi. Chunki natijada hisobotlar va reytinglar talabi bilan miqdoriy ko‘rsatkichlar ketidan quvmay, e’tibor va salohiyatni natijalarning sifatiga qaratishga imkon yaratiladi. Sirtdan qaraganda, ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish tanlov asosida yutiladigan grantlar orqali moliyalashtirilish tamoyiliga ziddek tuyuladi. Gap shundaki, grantlar muayyan mavzuga berilib, aniq bajarish muddati belgilab qo‘yiladi. Bu muddat odatda 2 yildan 5 yilgacha bo‘lib, tematik rejaga muvofiq chorakma-chorak hisobot talab etiladi. Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, bunday tizim o‘zini faqat amaliy mavzulardagi tadqiqotlarga nisbatan oqlaydi. Misol tariqasida aytsak, paxtaning muayyan talablarga javob beradigan yangi navini yaratish yoki qishloq xo‘jaligi texnikasining yangi konstruksiyasini ishlab chiqish ana shunday tartibda olib borilishi maqsadga muvofiq. O‘z paytida Yer sun’iy yo‘ldoshini bir orbitadan boshqasiga o‘tkazishning optimal variantini topish, uchish apparatlarini avtomatik qo‘ndirish masalalari matematikadagi amaliy tadqiqot namunasi bo‘lgan. Bunday tabiatli ishlar grantlar asosida moliyalashtirilishi kerakligi ravshan. Fundamental fanlarga kelsak, ular sirasiga birinchi navbatda matematika kiradi, albatta, chuqur ilmiy natijalarga erishishni oldindan rejalashtirib bo‘lmaydi. Aksincha, oldindan, «falon muddatda olinadi» deb rejalashtiriladigan natija sira ham fundamental bo‘lmaydi. O‘n yillar davomida ochiq qolayotgan muammolarni hal etish olimdan uzoq muddat, bor diqqatni, aqlni jamlab qattiq izlanishni talab etadi. Shuning uchun qat’iy rejalashtirish va qisqa muddatli hisobotlar nafaqat ilmiy izlanishlarga yordam beradi, balki ularga to‘siq bo‘ladi.

Shu nuqtai nazardan qarorda o‘zbek matematiklari o‘z tadqiqotlari darajasini yanada yuksaltirishi, ulug‘ ajdodlarimiz — algebra va algoritim tushunchalarining asoschisi al-Xorazmiy, ilmiy geodeziya faniga ta’mal toshini qo‘ygan Beruniylarga munosib tarzda eng yuksak natija va yutuqlarni ko‘zlab ishlashlari uchun munosib sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga unda mamlakat iqtisodiyoti va boshqarish tizimini innovatsion yangilashda matematika fanining muhim o‘rni ham ko‘rsatib o‘tilgan. Yaxshi ma’lumki, matematika asrlar davomida dunyoni bilishning samarali vositasi sifatida xizmat qilib kelgan. Bugungi kunga kelib matematik modellashtirish ilm-fan taraqqiyotinig muhim omillaridan biriga aylandi. Bunga yorqin misol amerikalik olimlar A.Xojkin va E.Xaksli tomonidan yaratilgan, neyron to‘qimalari bo‘ylab nerv impulslarining tarqalishini tavsiflovchi matematik model bo‘lib, u bir necha nerv kasalliklarining sababini ochishga imkon berdi. Bu o‘z navbatida ana shu kasalliklarni samarali davolash usullari ishlab chiqilishiga asos bo‘ldi. Kompyuter davri boshlanishi bilan bunday misollar soni geometrik progress tezligida oshib bormoqda. Ular sirasiga Matematika instituti xodimlari tomonidan ishlab chiqilayotgan talay modellar, jumladan, kimyoviy reaksiyalar modellari kiradi. Yana bir misol uchun issiqlik elektr stansiyalariga biriktiriladigan aylanib turuvchi regenerativ havo qizdiruvchi agregatda issiqlik taqsimotining matematik modelini ko‘rsatish mumkin. Bu model amaliyotga joriy etilgan taqdirda sezilarli darajada mablag‘ tejash imkoniyatini beradi.

Matematikaning tatbiqiy imkoniyatlarini hisobga olib, hujjatda Institut ilmiy laboratoriyalaridan bir qismini amaliy tadqiqotlarga yo‘naltirish vazifasi topshirilgan.

Ma’lumki, fundamental fanlar natijasini amaliyotga qo‘llash bir tomondan olimlar, ikkinchi tomondan iqtisodiyotning real sektorlari va boshqaruv sohasi mutaxassislari yaqin hamkorligini talab etadi. Ifodali qilib aytganda, bu borada ikki tomonlama harakatni ta’minlaydigan ishonchli ko‘prik zarur. Zotan, tadqiqotlar natijalarining bo‘lg‘usi iste’molchilari ishtirokisiz amalga oshirilgan ishlar sof ilm-fan nuqtai nazaridan naqadar qiziqarli bo‘lmasin, joriy etishga kelganda umuman ma’nosiz bo‘lib qolishi mumkin. Yana shunday ham bo‘ladiki, olimlar amaliyot bilan bog‘liq masalani yechishadi, ammo u nazariy natijaligicha qolib ketadi. Chunki uni amaliyotga tatbiq etishni kimdir, aytaylik, biror korxona rahbari o‘z zimmasiga olishi kerak. Bu muayyan darajada iqtisodiy tavakkalchilikni taqozo etishi odatiy hol. Jahon tajribasi ko‘rsatadiki, qayerda ilm-fan va ishlab chiqarish qo‘lma-qo‘l ish yuritsa, bunday muhitni yaratish masalasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, o‘sha yerda innovatsion rivojlanish ham, iqtisodiy taraqqiyot ham yuqori o‘sish sur’atiga erishadi. Ochig‘ini aytish kerak, biz o‘zimizda ko‘pincha buning teskarisiga shohid bo‘lamiz — mamlakatimizning ilmiy-texnik salohiyatini pisand qilmaslik kuzatiladi. Ko‘p mutasaddilarda hamon «xorijnikini sotib olgan yaxshi» degan fikr ustuvor. Bunday qarashni sindirish vaqti yetdi. Xoh mahsulot bo‘lsin, xoh xizmatlar — ishlab chiqarish sohalarini ilm-fan bilan bir-biriga yaqinlashtirishga intilish kerak. Shunisi quvonchliki, Prezident qarorida olimlarimizning ilmiy ishlanmalarini amaliyotga joriy etish muammolariga alohida urg‘u berilgan. Xususan, matematikada olinayotgan natijalarni boshqa fanlar va turli sohalarda foydalanish imkoniyatlarini o‘rganib, tegishli xulosalar chiqarish va chora-tadbirlar ko‘rishga qaratilgan, manfaatli tomonlar ishtirokida uchrashuvlar, samarali maslahatlashuvlar tashkil etish topshirig‘i berilgan.

Paytdan foydalanib shuni qayd etish lozimki, matematik metodlar, ayniqsa, boshqaruvda katta samara berishi kuzatiladi. Boshqarish ob’ekti qanchalik katta bo‘lsa, boshqaruvning ilmiy uslublaridan foydalanish shu qadar katta samara beradi. Afsuski, ko‘plab korxona va muassasalar rahbarlari zamonaviy boshqarish usullarini yoqtiravermaydi, o‘z davrini o‘tab bo‘lgan eski ma’muriy-buyruqbozlik uslublaridan voz kecha olmaydi. Holbuki, jahonda to‘rtinchi sanoat inqilobi davri avj pallaga kirgan. Boshqaruv ob’ekti qanchalik sertarmoq, murakkab tuzilmali bo‘lsa, boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun shunchalik ko‘p vaqt va resurs sarf bo‘lishi aniq. Bunday sharoitda «qaror qabul qilish nazariyasi», «tarmoqlab rejalashtirish» hamda kompyuterli modellashtirish deb ataladigan amaliy matematika sohalaridan foydalanish boshqarish jarayonlarini jiddiy optimallashtirish imkonini beradi.


Qarorda umumta’lim maktablaridan to oliy o‘quv yurtlarigacha bo‘lgan tizimda iqtidorli yoshlar bilan ishlash, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash muammolariga, ayniqsa, matematik olimpiadalarni tashkil etishga maxsus e’tibor qaratilgan. Shu o‘rinda eslash lozimki, mamlakatimizda matematik olimpiadalar harakatini akademik Sa’di Sirojiddinov boshlab bergan va umrining oxirigacha matematika olimpiadalari respublika tashkiliy qo‘mitasining raisi bo‘lgan. Hakamlar hay’ati olimpiada harakatining fidoyilari bo‘lgan professional matematiklar — asosan Matematika institutining ilmiy xodimlari va O‘zMU matematika fakultetining professor-o‘qituvchilaridan tuzilar edi. U paytlarda olimpiadaning yakuniy bosqichi yurtimizning turli shaharlarida o‘tkazilgan. Har bir hudud jamoasi olti o‘quvchidan iborat bo‘lib, yuqori uch sinf o‘quchilaridan tarkib topishi qat’iy belgilangan. Shu bilan birga olimpiada o‘tkaziladigan hududiy birlikka — u xoh Toshkent shahri bo‘lsin, xoh Jizzax viloyati — asosiysidan tashqari yana bir jamoa bilan ishtirok etish huquqi berilgan. Har bir o‘quvchiga uning matematika o‘qituvchisi hamrohlik qilar, natijada olimpiada matematika bayramiga aylanib ketar, matematik olimlar bilan iqtidorli yoshlar, eng faol o‘qituvchilar va xalq ta’lim boshqarmalari metodistlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qiladigan maydonga aylanardi. Bularning hammasi mamlakatda olimpiada harakatining mustahkamlanishi va kengayishiga omil bo‘lib xizmat qilgan, o‘quvchi yoshlarda matematikaga qiziqishni kuchaytirish, bu qiyin fanga muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish va mustahkamlashga xizmat qilgan. Shuni alohida qayd etish kerakki, o‘zbek matematiklarining bugungi kundagi yutuqlari asosan o‘sha davrda qo‘yilgan poydevor ustida turibdi.

Afsuski, o‘tgan asrning 90-yillarida professional matematiklar fikrlari hisobga olinmay, olimpiada tizimiga mutlaqo maqsadga nomuvofiq o‘zgartirishlar kiritildi. Buning natijasi yaxshi bo‘lmadi — hozirgacha mamlakatimiz terma jamoasi kumush va bronza medalarini qo‘lga kirita oldi, xolos. Ayniqsa, 2018 yilgi xalqaro matematika olimpiadasida terma jamoaning natijasi nihoyatda qoniqarsiz bo‘ldi, ustiga ustak terma jamoaning oltita a’zosidan uchtasi musobaqadan chetlatildi.

Qarorda matematika olimpiadalarini «Sirojiddinov ruhida» tiklash va chuqurlashtirish bo‘yicha qator choralar ko‘zda tutilgan. Shuningdek, matematika o‘quv fanlari bo‘yicha darsliklar va qo‘llanmalar Matematika institutida ekspertizadan o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Umid qilamizki, Xalq ta’limi va Oliy ta’lim vazirliklari Qaror ruhidan kelib chiqib matematika mutaxassisliklari va malaka oshirish kurslarining o‘quv rejalari hamda dasturlarini tuzish yoki qayta ko‘rib chiqishda mamlakatmizning yetakchi matematiklari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Mamlakatimizning matematiklar jamoatchiligi Prezidentimiz qarorini ko‘tarinki ruhda qabul qildi. Bu hujjatning qabul qilinishi munosabati bilan matematikaning yana bir ijtimoiy vazifasini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. U ham bo‘lsa, matematikaning aholi intellektual saviyasiga faol ta’sir ko‘rsatish xususiyatidir. Har qanday millatning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotdagi yutuqlari, aslini surishtirganda, ta’lim shakllantiradigan intellektual salohiyatga asoslanadi. Bunda matematik ta’lim hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bunda so‘z matematik bilimlar yig‘indisini beruvchi fan ustida ketmayapti. E’tirof etish lozimki, aksincha matematik bilimlar hayotda fizik va biologik hodisalar haqidagi bilimlarga nisbatan kamroq talab etiladi. So‘z inson tafakkurini qurollantiruvchi fan bo‘lmish matematika haqida. Bu bir qator xususiyatlar bilan belgilanadi. Birinchidan, matematika o‘quvchi va talabalarda mantiqiy fikr yuritishni rivojlantiradi, hatto bu xususiyatga ega yagona o‘quv fani deyilsa, xato bo‘lmaydi. Matematikada har bir tasdiq qat’iy isbot talab qiladi. Mantiq esa maktabdan so‘ng oliy o‘quv yurtini bitirgan har qanday mutaxassisga zarur. Ikkinchidan, matematika aniq fikrlashni shakllantiradi, o‘z fikrlarini aniq va qisqa ifoda etishga o‘rgatadi. Busiz muhokama va bahslar ko‘pincha natijasiz yakunlanishiga doim guvoh bo‘lamiz. Uchinchidan, matematika o‘quvchilarni algoritmik tafakkur bilan qurollantiradi. Bunday tafakkur unsurlari qadimiy matematik yodgorliklardayoq uchraydi (masalan, ikkita sonni o‘zaro ko‘paytirish qoidasi odamning miyasida algoritm tarzida saqlanadi). Biroq Muhammad al-Xorazmiy tufayli bunday fikrlash o‘ziga xos tafakkur uslubi sifatida shakllangan. U hozirgi zamonda kompyuterlar va kompyuterlashgan texnika bilan ishlashda nihoyatda zarur. Shu bilan birga alohida qayd etish lozimki, faqatgina sifatli matematik ta’lim asosidagina axborot kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish mumkin. Ayniqsa, dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqish va eksport qilish dasturlashtirish mutaxassislaridan puxta matematik ilmni talab etadi. Va aksincha, matematikani yaxshi o‘zlashtirgan kishigina dasturlash mutaxassisi bo‘la oladi. To‘rtinchidan, matematika evristik tafakkurga o‘rgatadi. Bu — masala yechish, nostandart masalalarni yechish g‘oyalarini izlash, qiyin muammolar «chakalakzori»dan yo‘lini topish degani. Ko‘p qadamda yechiladigan masalalar bilan mashq qilish, teoremalarning o‘nlab mulohazalar orqali isbotlash jarayonida o‘quvchilarda tahliliy (analitik) tafakkur ham rivojlanadi.

O‘quvchida tabiiy e’tiroz tug‘ilishi mumkin: matematikaning hayotdagi o‘rni oshirib yuborilmayaptimi? Bunga javoban shunday bir qonuniyatni tahlil etish tavsiya etiladi. Bu qonuniyat zamon ko‘lamida ham, makon kesimida ham o‘z kuchini ko‘rsatib keladi. Unga muvofiq qachon va qayerda u yoki bu tamaddun yuksak rivojlanishga erishgan bo‘lsa, shu davr va hududda matematika fani va ta’limi ham yuksak darajada rivojlangan. Shuning uchun Prezidentimizning ushbu qarori kelajakka qaratilgandir. Unda O‘zbekistonni har tomonlama rivojlangan davlatga aylantirish maqsadiga erishishning muhim omillaridan biri mujassam — xalqimizning intellektual salohiyati va bunyodkorlik qudratini namoyon etishga, shu maqsadda zarur shart-sharoit yaratishga qaratilgan. Bu tarixiy hujjatda qayd etilgan topshiriqlarni amalga oshirish institut jamoasi, mamlakat matematiklari jamoatchiligi zimmasidagi mas’uliyatli va sharafli vazifadir.

 

Barchinoy HAMIDULLAYEVA,

yozib oldi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: