Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Avgust 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 31 1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31 1
09.07.2019

«XIRMON TO‘LIB TO‘KILDI DON»

Yoki qashqadaryolik g‘allakorlar davlatga ilk bor 500000 tonna don yetkazib berishdi

Ko‘ngil sezarkan yuraklarni larzaga solgan bu xushxabarni. Bir oydan buyon bepoyon voha kengliklarini kezaman, suv xo‘jaliklari, g‘allazorlarga boraman, tajribali dehqonlar, seleksiyachi olimlar fikrini tinglayman. Xushxabardan faxrlanaman, sevinaman...

Abu Ali ibn Sino bobomizning «Tib qonunlari» kitobida nonning qanday ne’matligi, iste’mol qilish me’yorlari, xillari haqida ma’lumotlar bor.

Non yurakni quvvatlantiradi, umrni uzaytiradi, unda magniy, boshqa ma’danlar, noyob darmondorilar va minerallarning bir qancha turlari bor. Hamma zamonlarda ham non tiriklik manbai, qiyosi yo‘q taom bo‘lgan.

Sho‘ro zamonida qishlog‘imizda Rossiyadan keladigan «Saratov uni» talabgorlari ko‘p bo‘lardi. Yaqin-yaqingacha qo‘shni qozoq dehqonlari yetishtirgan bug‘doy unini talashib xarid qilib keldik. Bular bor gap. Ammo ikki yildan buyon oilamizda Shahrisabzning (shaharda donni qayta ishlash korxonasi bor) unidan non pishira boshladik — xushta’m, hazmi yengil. Bu o‘zgarishlarning boisi nimada?

— Sababi, g‘alla va unning sifatida, — deydi Qarshi shahrining Roguzar mahallasida joylashgan «Nur» non ishlab chiqarish MChJ boshlig‘i Jahongir Qurbonov. – Bizning korxona 1968 yildan buyon ishlab kelyapti. 2004 yilda xususiylashtirib, uskunalarni yangilab oldik. Bolalar oromgohlari, ta’lim muassasalari, shifoxonalar, shahardagi savdo do‘konlariga mahsulot yetkazib beramiz. Bir kunda 8 tonnagacha non pishirish quvvati yaratilgan. Faqat o‘zimizda ishlab chiqarilgan unni xarid qilamiz. Asosiy hamkorimiz «Dunyo-M» korxonasi.

Vohadagi eng yirik korxonalardan biriga bordim. U 1973 yilda qurilgan. Yillar davomida ta’mirlab, ishlatib kelingan. Xodimlar bilan tanishdik, ishlab chiqarish direktori Komiljon Akbarov asli Shahrisabzning tog‘li qishlog‘idan, bosh texnolog Nurullo Haydarov Qarshi shahrining «Navo» mahallasidan, sex boshlig‘i G‘ulomjon Abdurahimov Chiroqchi tumanidan ekan. 1-tegirmon sexiga kirdik, toza, orasta, boshqaruv markazida Ulug‘bek Husanov diqqatini uskunalardan uzmaydi. Yangilik shuki, 2018 yilda eskirganlari o‘rniga Turkiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilibdi. Mahsulot sifati, unumdorligi oshibdi, bir sutkada 300 tonna donni qayta ishlay olarkan. Ikki yildan buyon Afg‘oniston va Tojikistonga un va don eksport qilisharkan. «Bu yilgi bug‘doy ozuqaga, suvga to‘ygan, navi yaxshi, sifatli, shuning uchun unimiz sertalab, — deydi bosh texnolog. – Buning uchun g‘allakorlarga rahmat!»..

Hushxabarni eshitib, erta tongda sohil yaqinidagi ko‘p qavatli viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasiga keldim. Boshqarma dehqonchilik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Iskandarov bilan suhbatlashdim va Shodiyor aka Xo‘janazarovni uchratganimdan sevinib ketdim.

Chunki Shodiyor aka iqtidorli olim, voha qishloq xo‘jalik tarixini yaxshi biladi. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida universitetda o‘qidi, o‘simliklar genetikasiga oid ilmiy ishini shu yerda yoqlab, biologiya fanlari nomzodi bo‘ldi. 1986 yilda Islom Karimov viloyatga rahbar bo‘lganida, Shodiyor akani viloyat agrosanoat birlashmasi boshlig‘ining dehqonchilik bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga qo‘yadi, yonida olib yuradi, maslahatlashadi, nohaq tazyiqlardan himoya qiladi.

— O‘ta og‘ir davrlarni boshdan o‘tkazdik, — deya eslaydi Shodiyor aka. – Qama-qama avj olgan paytlar edi. Dehqonchilik rejalari bajarilmas, yerlar sho‘rlanib ketgan, odamlar ko‘ngli ishdan sovigan yillar edi. Yangi rahbarning g‘ayrati, ishonchi bizlarga ham yuqdi, qattiq ishladik. Paxta rejasi oshirib bajarildi, sabzavot, uzum mo‘l bo‘ldi, takroriy ekinlarga e’tibor kuchaydi. Kechagidek esimda, viloyat rahbari sakson yettinchi yilda sug‘oriladigan yerga g‘alla ekish masalasini qo‘yganda, ayrim rayon rahbarlari: «Nima deyapsiz, bizdan paxta so‘raydi», deya tish-tirnog‘i bilan qarshilik ko‘rsatishgandi. Ammo Islom aka qat’iy turib, 30 ming gektar sug‘oriladigan maydonga don ektirgandi. Shuning uchun g‘alla mustaqilligi yo‘lidagi kurash Qashqadaryoda boshlangan edi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Ammo asosan lalmi yerlarga don ekilar, sug‘oriladigan ozgina maydondagi hosildorlik 11-14 sentnerdan oshmas, chunki iqlimga mos bo‘lmagan urug‘lar chetdan keltirilardi.

Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo viloyat filialida ko‘p bo‘lganman. Laboratoriyalarda xorijda ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalardan foydalaniladi. Yana bordim. Filial direktori, qishloq xo‘jalik fanlari doktori Oybek Amanov Meksika, AQSh, Gruziya, Avstraliya, Ozarbayjon, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya kabi o‘nlab davlatlardagi olimlar bilan o‘zaro hamkorlik, izlanish natijalari haqida hikoya qildi. Qashqadaryoda yaratilgan serhosil, ertapishar, zang kasalligiga bardoshli yumshoq bug‘doyning «Yaksart», «Turkiston», «G‘ozg‘on», qattiq bug‘doyning lalmikor yerlar uchun «Mingchinor», «Langar», suvli maydon uchun «Nasaf» navlari o‘zini oqlayapti. Andijon, Xorazm, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Surxondaryo, Farg‘ona va boshqa viloyatlarning 350-400 ming gektar maydonida o‘stirilmoqda. Bu yil Qashqadaryo g‘allazorlarida ekilgan navlarning 70 foizdan ko‘prog‘i filial olimlarining izlanishlari samarasi.

Umuman, vohada urug‘chilikka katta e’tibor berilmoqda. Jami 495 urug‘chilik xo‘jaligi 11 ming gektar maydonda bug‘doyning elita va super elita navlarini yetishtirmoqda. Men Yakkabog‘ tumanidagi Qozoq qishlog‘i atrofidagi dalada 20 gektar yerga «Bunyodkor» navidan ekib, ?0 sentnerdan urug‘lik g‘alla olaman», degan fermer xo‘jaligi boshlig‘i Oybek Bobodo‘stov bilan suhbatlashdim. Kayfiyati a’lo. Urug‘lik don jamg‘arish rejasi ham uddalanibdi. Demak, yana hosil mo‘l bo‘ladi. Xo‘sh, bu navlar qanday yerga ekiladi va sug‘oriladi? Yuqori hosildorlikning asosi faqat urug‘dami, yoki boshqa omillar ham bormi?

1991 yilda Respublikamiz bo‘yicha 914 ming tonna, Qashqadaryo viloyatida 210 ming tonna don yetishtirilgan ekan, xolos. Hosildorlik nihoyatda past bo‘lgan. Tarixiy voqealar shohidi, katta olim Shodiyor aka Xo‘janazarov shunday ma’lumotlarni keltirdi: viloyatda g‘alla hosildorligi sug‘oriladigan maydonlarda 2000 yil 14,8 sentnerni, 2005 yilda 26, 2009 yilda 44 sentnerni tashkil etgan. O‘tgan yili sug‘oriladigan maydonlarda hosildorlik ancha o‘sgan, biroq qurg‘oqchilik tufayli lalmi yerlardagi g‘alla qurib ketgan. Natijada davlatga don sotish rejasi uddalandi, ammo urug‘lik jamg‘arishga ozroq yetmay qoldi. Ochig‘i, ayrimlar yerning xususiyati, tuproq unumdorligini tahlil qilishni yoqtirishmaydi. Bu o‘ta zararli va xato yondashuv, chunki kuchsizlanib qolgan yerdan hech narsa olib bo‘lmaydi.

Saksoninchi yillarda voha yerlari, ayniqsa, Qarshi dashtidagi sug‘oriladigan maydonlarning katta qismi sho‘rlanib, qamish bosib ketgan. Kollektorlar to‘liq tozalanmas, yopiq drenaj quvurlari ishlamasdi. Mustaqillikning dastlabki yillarida ham tuproq unumdorligini oshirishda ko‘plab qiyinchiliklarga duch kelindi.

Men yurib-yurib, Qarshi dashtining yirik Nishon tumaniga, uning eng chekkasidagi Tallimarjon suv omboriga yetib keldim. Yetmishinchi yillarning o‘rtasida dashtni o‘zlashtirish shu joydan boshlangan va yangi tuman tuzilgandi. Cho‘lni o‘zlashtirishdagi pala-partishlik, ajratilgan mablag‘larni turli yo‘llar bilan talon-taroj qilish natijasida kutilgan natijaga erishilmadi. Keyingi yillarda ham sho‘rlanib ketgan yerlar dehqonlarni rosa qiynab keldi.

Tallimarjon suv ombori ulkan shokosa, unda 1-1,5 milliard kubometrgacha suv to‘planadi va ekinzorlarga uzatiladi. Ulkan suv havzasiga ish yuzasidan kelgan Botir aka Rahimovni ko‘rib sevinib ketdim. U kishining faoliyati suv inshootlari, dehqonchilik bilan chambarchas bog‘liq. Men «Qashqadaryo» viloyat gazetasida ishlaganimda Botir aka Hisorak suv ombori qurilishiga rahbarlik qilar edi, barcha ishlarni yakuniga yetkazgan ham shu kishi. Keyingi o‘n olti yilda «Amu-Qashqadaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi» boshlig‘i bo‘lib ishlab kelyapti. O‘tgan yili O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator faxriy unvoni bilan taqdirlandi va yuksak mukofotni Prezidentimizning o‘zi topshirganidan faxrlanadi. U kishi viloyat hokimligi tomonidan g‘alla, paxta va boshqa ekinlar parvarishiga ko‘maklashish maqsadida tuzilgan «oqsoqollar guruhi»ga a’zo ekan.

— O‘tgan yilgi suv tanqisligi, qurg‘oqchilik hammaga ma’lum, — deyman gapni gapga ulab. — O‘sha yoz kunlarida Dehqonobod tumanida bo‘lganimda, qir-adirlar qurib — qaqshab ketgani tufayli qo‘y-qo‘zilar qum kavshagani, qanchasi nobud bo‘lib ketganini bilaman. Bu yil aprel oyining oxirida bordim, o‘t-o‘langa to‘la qirlar, bug‘doyzorlarni ko‘rib, Ollohning marhamatiga shukr aytdim. Adirlar bag‘ridagi 70 gektar lalmi yerga bug‘doy ekib, 20-22 sentnerdan hosil olgan fermer Nurmuhammad Yusupovning sevinganini aytmaysizmi?! Chorvasiga ham rosa xashak yig‘ib olibdi.

Katta lalmi maydonlarga ega Chiroqchi tumaniga ham bu yil barakali keldi. Masalan, «Fayz» xo‘jaligi 60 gektar yerga dehqonchilik qilgan. Bu yerlarda hosildorlik 12-14 sentnerdan oshmasdi, bu yil 28 sentnerga yetibdi. Shartnoma rejasidan oshgan, 100 tonna don xo‘jalik o‘zida qolibdi. Qora shudgorga, yerlarni oziqlantirishga katta e’tibor berishar ekan. Chorvasi, 10 sotix yerda issiqxonasi bor ekan. Bu yil 20 gektar yerga yana kechki tarvuz ekkan. Lalmi yerlarda mehnat qilgan dehqonlarning kuni tug‘di bu yil. Yana qarang, vohaning bir tomonida o‘rim yakunlangan bo‘lsa, Kitob, Yakkabog‘, Shahrisabz tumanining uzoq tog‘li hududlarida o‘rim endi boshlanyapti. Lalmikor dehqonlar orasida g‘alladan 30-32 sentnerdan hosil olganlar ko‘p ekan.

— To‘g‘ri aytasiz, bu yil yomg‘ir mo‘l bo‘ldi, lalmi yerlar yashnadi, — deydi Botir Rahimov. – Biroq hamisha sug‘oriladigan yerlar mo‘l hosil manbai bo‘lib kelgan. Bir ma’lumotni aytay: viloyatda 75 ming gektar yer o‘rtacha, 15 ming gektar yer kuchli sho‘rlangan edi. Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha hukumatning bir qancha Dasturlari amalga oshib, katta mablag‘lar sarflandi, ularni aytib o‘tirmay. 2018 yilda 917 kilometr, 2019 yilda 843 kilometr kollektor tozalandi. Jami 230 kilometr yangi yopiq drenaj tizimi yaratildi va mavjud 660 kilometr yer osti quvurlari sho‘r suvlarni erkin chiqarib tashlash imkoniga ega bo‘ldi. Mana, shu havzadan suv oladigan Qarshi magistral kanali va Amudaryodan suv chiqarib berayotgan nasos stansiyalarini ta’mirlash uchun o‘zimizning va xorijiy sarmoyalar ishtirokida «Faza-3» loyihasi amalga oshmoqda. Shular asosida 9 ta nasos, yuqori bosimga chidamli quvurlar yangilandi. Amudaryodan suv oluvchi 1-nasos stansiyasiga tutashgan kanal loyqadan tozalandi. Natijada ekin maydonlariga suv uzatish ancha yaxshilandi. Yetmishinchi yillarda qurilgan 236 kilometr lotoklarni yangilab boryapmiz.

— Dehqonchilik to‘xtamaydi. Yangi davr — yangi rejalar haqida ham to‘xtalsangiz?

— Viloyatda 15 ta suv ombori bor, — davom etadi Botir aka. – Ammo Prezidentimizning qarorlari, viloyatga tashriflari davomida bergan ko‘rsatmalari boshqa sohalar qatori voha qishloq xo‘jaligini yuksaltirish borasida mukammal dasturdir. Unga binoan katta ishlar boshlangan va yangilari rejalashtirilmoqda. Masalan, Yakkabog‘ tumanida Guldara suv ombori qurilyapti. Dehqonobodda sel suvlari sun’iy havzada to‘planadi. G‘uzor tumanida Amudaryo suvini uzatadigan «Do‘stlik-1,2,3» nasos stansiyasi bunyod etishga yurtimizning juda katta mablag‘i va xorijiy sarmoya yo‘naltirilmoqda. Bu orqali 22 ming gektar yerni sug‘orish tubdan yaxshilanadi. Kitob tumanida «Varganza — 1,2» nasos stansiyalarini ta’mirlash «Oqboy» yangi nasos stansiyasini qurishga kirishildi. Yaqin orada shu tumanda Saroy nasos stansiyasi qir-adirlarga suv uzata boshlaydi. Bunday xayrli ishlar Koson, Yakkabog‘, Qarshi tumanlarida ham mo‘ljallangan, ayrimlari boshlanib ketgan. Bog‘-rog‘larni tomchilatib sug‘orish va suvni tejashga katta e’tibor berilmoqda. Demak, kelgusida vohada qishloq xo‘jaligi va dehqonchilik yanada ravnaq topadi.

Yana bir yangilik. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 14-sonli qaroriga asosan, fermer xo‘jaliklari yiriklashtirilib, o‘tgan yilgi 8028 o‘rniga 4040 xo‘jalik bilan g‘alla sotish yuzasidan shartnoma tuzildi. Eng muhimi — qarorning 8-bandida almashlab ekishni yaxshilash va boshqa tadbirlar ko‘zda tutilgan. Demak, endi yer hosil berishdan charchamaydi.

Yakkabog‘ tumanida «Suyunov Mirzo Normaxmatovich» fermer xo‘jaligi bor. Uzoq yillar uni Mirzo Suyunov boshqardi, g‘alla va paxtadan yuqori hosildorlikka erishgani tufayli Respublika «Urug‘chilik ensiklopediyasi»ga ishlari kiritildi. Xo‘jalikni bir necha yildan buyon o‘g‘li Fazliddin rahbarlik qilmoqda. Ilg‘or edi, bir terimda paxta rejasini uddalar, g‘allasi ham mo‘l bo‘lardi. O‘tgan yili sobiq tuman hokimi tazyiq o‘tkazib, xo‘jalikka tegishli «Klass»kombayni bilan o‘rimga ruxsat bermadi. Bahona — yong‘in oldini oluvchi qaysidir uskunasi nosoz emish. Bu yolg‘on edi — chunki uning akalari Toshkentda «Yakkabog‘ sharbatlari» kichik korxonasini ochgan, o‘zlariga to‘q, bir zumda yetishmagan ehtiyot qismini topib berishardi. Xullas, xo‘jalik tovar donni, paxta rejasini bajardi, faqat urug‘lik donga ozgina yetmadi. Chunki sentabrda ekilgan bug‘doy kechikib o‘rilgani tufayli ancha don yerga to‘kilib qoldi. Endi tumanda yangi hokim, yangicha munosabat. Jami 105 gektarning 50 gektariga «Bunyodkor» navli bug‘doy o‘stirgan Fazliddin hosilni o‘z kombaynida yayrab o‘rdi, hosildorlik 80 sentnerdan oshdi, reja oshirib uddalandi.

— Dehqonning erkini bo‘g‘maslik, haqini o‘z vaqtida berish lozim, — deydi Yakkabog‘ tuman qishloq xo‘jalik bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Bahrom Nuraliyev.

Bu yil hukumatimizning qaroriga binoan, hosildorlik 51-60 sentner bo‘lsa, 1 tonna don uchun 1 million 440 so‘mdan, agar 61 sentnerdan yuqori bo‘lsa, 1 million 500 ming so‘mdan haq to‘lanadi. Bu dehqonga madad va ruh beradi.

Ha, ilk bor yuqori haq to‘lash, moddiy omil katta ko‘tarilishga olib keldi. Viloyatda 638 fermer hosildorlikni 65-70 sentnerga yetkazdi. O‘rimda 470 dan oshiq, shu jumladan, 70 ta yangi kombayn qatnashdi. Koson tumanida Akrom Shukurov 760 gektar, Muborak tumanida Sohib Boymurodov 680 gektar yerdagi g‘allani o‘rib berishdi.

— Ochig‘ini aytaymi, hukumatimiz dehqonning yonida turdi, — deydi mamnunlik bilan Kasbi tumanidagi «Furqatbek zamin ko‘rki» xo‘jaligining ish boshqaruvchisi Ro‘ziqul O‘rinov. — Ozuqa, suv o‘z vaqtida yetkazildi. O‘rimda qiynalmadik. Jami 52 gektar yerning har gektaridan 65 sentnerdan hosil oldik. Shartnomani 144 foizga bajardik.

Bu gapni 86 gektar yerda dehqonchilik qilib, rejadagi 222 tonna o‘rniga 268 tonna don sotgan fermer Orif Normurodov ham aytadi. Barcha tumanlarda o‘zgarish, yangilanishlar yaqqol ko‘zga tashlandi. Koson, Kitob, Qamashi, Qarshi, Kasbi, Nishon tumanlarida yuqori hosildorlik ko‘zga tashlanib turdi. Eng ko‘p donni Mirishkor va Koson tumanlari g‘allakorlari yetkazib berdi.

Dastlabki sarhisob shunday: viloyatda bu yil 141 ming 800 gektar sug‘oriladigan va 63 ming gektar lalmi yerlarda dehqonchilik qilindi. Don sotish va urug‘lik jamg‘arish bo‘yicha 408 ming tonna g‘alla yetkazib berish shartnomada belgilangan edi. Yurtimiz va Qashqadaryo tarixida esda qolarli voqea yuz berdi — jami 500 ming tonnadan ziyod don yetkazib berildi. Sug‘oriladigan maydonlarda ilk bor hosildorlik 65 sentnerdan oshdi, o‘rim davom etayapti. Ayrim hisob-kitoblarga ko‘ra, fermer, dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqalarida yetishtiriladigan don 1,5 million tonnadan oshadi.

Botir aka Rahimovni Tallimarjon suv havzasi bo‘yida qoldirib, to‘lqinlanib oqayotgan Qarshi kanali yoqalab yo‘lga tushaman. Kanal suvi ming-minglab gektardagi takroriy ekin ekilayotgan maydonlarga oqmoqda. Demak, noz-ne’mat mo‘l bo‘ladi.

 

Yunus UZOQOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: