Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
02.07.2019

MAKTAB DIREKTORLARI NEGA ISHDAN BO‘SHATILDI?

Surxondaryo xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i va viloyat prokurori diqqatiga

«Men tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bahrom Hakimovni o‘z mashinamda olib yurib, shaxsiy yumushlarini bekamu-ko‘st bajarib kelardim, — deydi Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on tumanidagi 19-son umumta’lim maktabi direktori Jahongir Badalov. — Biroq, shu yilning 18 mart kuni tungi soat 12:30 larda telefon orqali bergan xizmat topshirig‘ini shahar markazidan ancha olis qishloqda yashayotganligim bois bajara olmadim. Aksiga olib, o‘sha kuni mashinamni ham otam haydab ketgan edi. 25 mart kuni mudir meni xonasiga chaqirib, nega topshirig‘imni bajarmaysan deb, kutilmaganda yerga yiqitib, kaltakladi. Men jon achchig‘ida shu kunning o‘zidayoq tuman prokuraturasiga murojaat qildim. Tuman prokurori o‘rinbosari Namoz Avazovning xonasida mudir mendan yalinib-yolvorib uzr so‘radi.

Inson bolasi olov kabi lov etib yonsada, bir zumda o‘chadi deganlari rost ekan. Men ham bir pastda hammasini unutdim. Garchand mudirning dilozorligidan qalbim tilka-pora bo‘lgan bo‘lsada, uning tuman prokurori o‘rinbosari N.Avazov va keksa pedagog T.Normurodov huzurida yalinib-yolvorishidan qalbim erib uni kechirdim. Biroq oradan bir hafta o‘tar-o‘tmas u meni yana xonasiga chaqirib, prokurorga yozib berib, qo‘lingdan nima keldi, bu ishing uchun hali ko‘rasan, deb dag‘-dag‘a qildi. Qo‘pol so‘zlarni ishlatib nafsoniyatimga tegdi. Shundan so‘ng men tahririyatga murojaat etishga qaror qildim...».

 

Qumqo‘rg‘on tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bahrom Hakimovning bu kabi ishlaridan norozi bo‘lgan 31-son umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Abdumajid Saidov, xalq ta’limi bo‘limi uslubchisi Bibirajab Sayfitdinova, 11-son umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Sherzod Badalovlar ham shikoyat qilishdi. 16 may kuni esa qumqo‘rg‘onlik keksa pedagog Tilla Normurodov tahririyatimizga kelib, mudirning bu va boshqa harakatlaridan tashvishlanib gapirdi.

Biz Qumqo‘rg‘on tumaniga borganimizda xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bahrom Hakimov Toshkentga ketgan ekan. Mudir o‘rinbosari Parda Ziyodullayev, bosh hisobchi Ulug‘bek Berdimurodov, bosh iqtisodchi Jaloliddin Bobojonov, maxsus ta’mirlash ekspluatatsiya xizmati mutaxassisi O‘ktam Temurovlar arizachilardan nolib shovqin ko‘tarishdi.

Bosh hisobchi Ulug‘bek Berdimurodov tahririyatga yo‘llangan shikoyat xatga yana bir bor ko‘z yugurtirdida, bular bir yildan buyon tinimsiz yozib yuribdi, — dedi g‘ijinib. — Hammasi tuhmat, isbotini topgani yo‘q. Qolaversa, buxgalteriya ishlarini har kim ham tushunavermaydi. Bu ishlar bilan mutaxassislar shug‘ullangani yaxshi. Mana, qo‘limda ularning xulosasi. Hammasi ig‘vodan iborat ekanligi asoslab berilgan.

Darhaqiqat, viloyat Davlat moliyaviy nazorat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari M.Eshqobilov, Xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassislari S.Ashurov, Z.O‘tayev, A.Normurodov, Bandlik bosh boshqarmasining Davlat mehnat huquq inspektori A.Mengnorov va boshqalar tomonidan tuzilgan dalolatnomada ariza mualliflarining barcha da’volari asossiz ekanligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Masalan, arizada 43-maktabning sobiq direktori Isroil Boypo‘latov maktablarga tarqatilgan kompyuterdan bir donasini mudirga bermagani uchun kaltaklanib, ishdan haydalgani tilga olinsa, yana bir joyda 33- va 70-sonli umumta’lim maktablarini ta’mirlash bahonasida 81 ta maktabdan 500 mingdan 3 million so‘mgacha pul yig‘ishtirib olinmoqda, deyilgan. Mutaxassislar ariza mualliflarining bu da’volarini ham inkor etar ekan, qurilish ishlari byudjet mablag‘lari hisobidan bajarilayotgani, maktab xodimlarining ish haqidan pul o‘tkazish holatlari bo‘lmaganini bayon etishgan.

Aslida ham shundaymi? Holbuki, biz tekshirib ko‘rganimizda 19-sonli umumta’lim maktabi hisobidan 2018 yilning 8 may kuni 867 ming so‘m pul bankka o‘tkazilgan.

— Agar bu ishlar chuqurroq o‘rganilsa, barcha ko‘zbo‘yamachiliklar fosh etilardi, — deydi shikoyat xat mualliflari. — Biroq huquqni muxofaza qiluvchi idoralarga yozgan arizamiz to‘liq o‘rganilmadi. Taftishchilar 13 ta maktab bilan chegaralanib, jinoyatni ochiqdan-ochiq yashirishdi.

Qumqo‘rg‘on tuman «Surxon sohili» mahallasida yashovchi fuqaro T.Normurodov va boshqalarning tuman prokurori nomiga yozgan murojaati bo‘yicha 2019 yil yanvar oyida viloyat DMN boshqarmasi bosh nazoratchisi F.Tursunov va tuman moliya bo‘limi mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruvda bir qator kamchiliklar aniqlangan.

Buxgalteriya hujjatlarida xodimning naqd pulni olganligini tasdiqlovchi imzosi bo‘lmasada, chiqim qilish hollari amalga oshirilgan. Masalan, bosh hisobchi Ulug‘bek Berdimurodov, 16-sonli umumta’lim maktab direktori B.Dostonov, 47-sonli maktab direktori M.G‘apporov, shuningdek, 25- va 50-sonli maktab direktorlari R.Xolmatov va Z.Mamataliyevalarning videmostda naqd pulni olganligini tasdiqlovchi imzosi mavjud bo‘lmasada, kassa operatsiyalarni amalga oshirish qoidalariga zid ravishda xazinachi tomonidan 73 million 474 ming so‘m mablag‘ chiqim qilib yuborilgan. Shuningdek, 50 million so‘mga yaqin oziq-ovqat va kanselariya mahsulotlari ham ana shunday yo‘llar bilan chiqarilgan. Boshqa bir holatda esa, 24 million so‘m byudjet mablag‘i ortiqcha hisoblanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Yana bir masala kishini lol qoldiradi. 2-sonli umumta’lim maktabining o‘qituvchisi Surayyo Qoraboyevaning 2017 yili o‘rtacha ish haqi oyiga 360 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa-da, uning tug‘ish va tug‘ishdan keyingi kasallik varaqasi uchun 19 million 980 ming so‘m pul ajratilgan. Shuningdek, Shohista Aliboyeva nomiga 10 million 506 ming so‘m, Xayriniso Doniyevaga 9 million 565 ming so‘m pul yozilgan. Buning sababini bosh hisobchi Ulug‘bek Berdimurodovdan so‘raganimizda 2-sonli umumta’lim maktabida 50 nafarga yaqin ayol o‘qituvchi ishlashini, o‘tkazilgan pul mablag‘lari ana shu maktabdagi barcha homilador ayollarning tug‘ishdan oldingi va tug‘ishdan keyingi kasallik varaqalari uchun to‘langanligini aytdi. Darhaqiqat, uning qo‘lidagi 2017 yilning 20 va 27 dekabr kunlari qayd etilgan «Bank to‘lov topshiriqnomasi»da ham maktab o‘qituvchilarining «kasallik varaqalari uchun» deb yozib qo‘yilgan.

Biroq bizning qo‘limizdagi ikkinchi bir hujjat «Bank to‘lov topshiriqnomasi»da esa buning aksi ko‘rsatilgan. Biz ana shu chalkashliklarga aniqlik kiritish maqsadida, yuqorida nomlari tilga olingan o‘qituvchilar bilan uchrashish istagini bildirdik. «Buning sira iloji yo‘q, — dedi bosh hisobchi qat’iy ohangda. — Chunki S.Qoraboyeva qo‘shni tumanlardan biriga ko‘chib ketgan bo‘lsa, X.Doniyeva esa to‘rt yildan buyon ketma-ket to‘rtinchi bolasiga homilador bo‘lib, umuman ko‘rinmay qoldi. Hozir ularni qayerda yashashini ham bilmaymiz.»

So‘rab-surishtirib, Makkani topibdilar, deganlaridek, biz ham bir amallab, Surayyo Qoraboyevani qidirib topdik. Uni boshqa tumanlardan bekorga izlagan ekanmiz. Chunki u xalq ta’limi idorasining shundoqqina biqinidagi 2-sonli maktabda ishlar ekan. Yo, alhazar! Buni qarangki, Surayyo Qoraboyeva umuman homilador bo‘lmagan ekan. Qoyil-e!

?9 million 980 ming so‘m puldan umuman xabarim yo‘q, — deydi u ko‘z yoshlarini arang tiyib. — Davlat mablag‘ini o‘margan firibgarlar mening nomimni ham bulg‘ashdi...

Xayriniso Doniyeva esa to‘rtinchi bolasiga emas, 2017 yili ikkinchi bolasiga homilador bo‘lganidan keyin kasallik varaqasi uchun 2 million 500 ming so‘m pul olganini gapirib berdi. «Mening nomimga yozilgan 9 million 565 ming so‘m mablag‘dan umuman xabarim yo‘q», — deydi u ham ajablanib.

2-sonli umumta’lim maktabining sobiq hisobchisi Qaxramon Jo‘rayev bizni panadan kuzatib turgan ko‘rinadi chog‘i, oxir-oqibat yonimizga kelib, S.Qoraboyevaning nomiga yozilgan 19 million 980 ming so‘m pulni soxta hujjatlar bilan yolg‘iz o‘zi o‘zlashtirib olganini tan oldi. M.Donayevaning nomiga chiqarilgan 9 million 565 ming va Sh.Aliboyevaning nomiga yozilgan 10 milllion 506 ming so‘m puldan xabarim yo‘q, — deydi u.

Uning bu gaplariga ishonish qiyin. Chunki S.Qoraboyevaning nomiga pul olingan bank hujjatlarida M.Donayeva va Sh.Aliyevalarning nomi ham qayd etilgan. Qolaversa, bu kabi ishlarni xalq ta’limi bo‘limi mudiri, ayniqsa, bosh hisobchi ishtirokisiz amalga oshirish mumkinmi?

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, xodimlarga berilgan intizomiy jazoning muddati tugamay turib, ularga rag‘batlantirish puli berilib, ortiqcha xarajatlarga yo‘l qo‘yib kelingan. Masalan, xalq ta’limi bo‘limining 2018 yil 29 may kunidagi 285-K sonli buyrug‘i bilan 23- va 51-sonli umumta’lim maktablari direktorlari Erkin Iskandarov va Yuldosh Ziyayevga xayfsan berilgan bo‘lsa, 2018 yilning 29 iyun kuni 134-K sonli buyruq bilan 15-sonli umumta’lim maktab direktorining o‘rinbosari Ya.Mengnorov va boshqalarga intizomiy jazo qo‘llanilgan. Biroq, ana shu davrda ularga ortiqcha 22 million 479 ming so‘m rag‘batlantirish puli berilib, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 180-moddasi talablari qo‘pol ravishda buzilgan.

«Dilfuza Mamadiyorova, Javhar Musayeva va Istam Rahmonovlar bizning maktabimizda umuman ishlamaydi, -deydi Jahongir Badalov. — Biroq, markazlashgan buxgalteriya tomonidan ularga doimiy ravishda ish haqi to‘lab kelingan. Nahotki, davlat mablag‘lari shu qadar talon-taroj qilinsa. Yaqinda plastik kartamga 1 million 200 ming so‘m ortiqcha pul o‘tkazildi. Xazinachidan so‘raganimda, bu mudirning «haqqi», qaytarib berishlaring kerak, dedi. Keyingi oydagi ish haqimdan qaytirib berdim. Bundan tashqari har oyda 200 mingdan 500 ming so‘mgacha pul yig‘ishtirib olinadi. Buni ko‘pchilik biladi. Lekin hamma jim. Mudirning aytishicha, bu pullar turli tadbirlarda ishlatilar ekan. Qanday tadbirlarda? Nega, bu kabi ishlar o‘qituvchilarning oylik maoshi hisobidan amalga oshirilishi kerak?..

O‘quvchi va o‘qituvchilarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida, barcha maktablarga to‘rt va oltitadan kuzatuv kameralari o‘rnatildi. Har bir kamera uchun 1 million 500 ming so‘mdan to‘lab kelayotgan edik. Xalq ta’limi bo‘limiga Bahrom Hakimov mudir bo‘lib kelgan kundan e’tiboran, kameralarning narxi ikki-uch barabarga ko‘tarildi. Yana bir gap. O‘tgan yili «Termiz ta’minot»dan oltita maktab uchun 14 tadan kompyuter jamlanmasini oldik. Hujjatlarni rasmiylashtirish vaqtida mudir har birimizdan bittadan kompyuterni olib qo‘ydi.

Uning «innovatsion» ish uslublaridan yana biri maktab direktorlarini tez-tez almashtirishdan iborat. U qisqa vaqt ichida qirqqa yaqin maktab direktorini ishdan bo‘shatdi. Ular o‘rniga mudirning chizig‘idan chiqmaydigan, har bir gapiga «labbay» deb javob beradigan «uddaburonlar» tayinlanmoqda. Uzoq yillik pedagogik tajribaga ega bo‘lgan mohir o‘qituvchilar bir chetda qolib, boshqalar direktorlikka tayinlandi.

Masalan, 11-sonli maktab direktori Sherzod Boboyev bilimli va tajribali mutaxassis bo‘lishiga qaramay, mudir shartiga ko‘nmagani uchun ishdan olindi.

— O‘qituvchilarning ish haqidan bo‘lsa ham «Obod qishloq» dasturi uchun pul o‘tkazib berasan deb, qistovga oldi, — deydi Sh.Boboyev. — O‘qituvchilar esa bunga rozi bo‘lmadi. Shunda men ish haqqimdan 100 ming so‘m o‘tkazib berdim. Bu mudirni qanoatlantirmadi, aksincha, g‘azabini keltirib, meni quvg‘un qildi.

Noqonuniy ishdan bo‘shatilgani uchun Termiz tumanlararo sudi uni ishga tiklash borasida 2017 yilning 7 sentabr kuni hal qiluv qarorini chiqardi. Bu esa mudirga yoqmadi. Shundan so‘ng uni yana maktab direktorligi kursisidan yiqitish maqsadida 2018 yilning mart oyida yo‘q joydan unga hayfsan e’lon qildi. 10 may va 28 dekabr kunlari esa 30 foizlik intizomiy jazoga tortdi. Sal o‘tib esa, yana hayfsan berib, 2019 yilning 4 mart kuni ikkinchi bor ishdan bo‘shatdi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi tuman xalq ta’limi bo‘limining bu harakatlarini asossiz deb topib, uni ishga tiklash borasida qaror qabul qildi. Viloyat Xalq ta’limi boshqarmasi esa sudning ana shu qaroriga asosan shu yilning 31 may kuni Sh.Boboyevni ikkinchi bor 11-umumta’lim maktabi direktori vazifasiga tayinlash borasida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirdi. Biroq Qumqo‘rg‘on tuman Xalq ta’limi bo‘limi mudiri Bahrom Hakimov viloyat sudining qarori va Xalq ta’limi boshqarmasining buyrug‘ini bajarishni istamayapti...

— Bibirajab Sayfiddinova tuman xalq ta’limi bo‘limida 33 yildan buyon uzluksiz ishlab kelayotgan edi, — dedi arizachilardan biri. — Uning pensiyaga chiqishiga atigi bir yil qolgan edi. Mudir ana shu ayolni ham ishdan bo‘shatdi. 24 may kuni 3-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayrim o‘qituvchilarning respublika Bosh prokurori nomiga yozilgan arizasi 70 dan ortiq direktorga o‘qib eshittirilib, senlar hali meni bosh prokurorga yozadigan bo‘ldinglaringmi deya, 19-sonli maktab direktori Jahongir Badalovni yig‘ilishdan haydab chiqardi. Qiziq, Bosh prokurorning nomiga yozilgan ariza mudirning qo‘lida nima qilib yuribdi?..

Bu tumanda Prezidentimizning beshta tashabbusi borasida ham aytarli ish qilingani yo‘q. O‘quvchilarni qo‘yib turing, hatto ayrim o‘qituvchilar ham uning mazmun-mohiyatini anglab yetgani yo‘q. Buni tuman hokimining o‘rinbosari Normo‘min Allanazarov boshchiligida 8 ta maktabda o‘tkazilgan tekshirishlar yakunidan ham bilsa bo‘ladi.

Biz shikoyat arizani o‘rganish paytida eshitgan gaplar, aniqlangan noma’lum ishlarning ayrimlari haqida to‘xtaldik xolos. Chunki ularning ko‘plari jiddiy taftishni talab etadi. Viloyat prokuraturasi, xalq ta’limi boshqarmasi, Xalq ta’limi vazirligi bu tumandagi maktablarda ishlayotgan o‘qituvchilar va o‘qiyotgan yoshlar manfaatidan kelib chiqib, masalaga yondashsa, adolatli ish bo‘lardi, deb o‘ylaymiz.

 

Abdi QODIROV,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.

 

TAHRIRIYATDAN: Har bir sohada o‘ziga yarasha kamchilik va xatolar bo‘lishi tabiiy. Qandaydir xatoni kechirish, qaysi biriga toqat qilish mumkin. Ammo xalq ta’limi tizimidagi har qanday katta-kichik masalaga jiddiy e’tibor bilan qarash talab etiladi. Chunki ta’lim sohasida e’tiborsiz qoldirilgan har qanday kamchilik katta yo‘qotishlarga olib kelishi mumkin. Shu bois bir savol butun jamoatchilik nazoratida bo‘lishi zarur: Bugun ta’lim tizimida kimlar farzandlarimizga bilim va tarbiya berayapti? Biz farzandlarimiz taqdirini kimlarga ishonib topshirib qo‘yganmiz? Yanada aniq qilib aytganda, mamlakat kelajagi kimlarning qo‘lida turibdi?..

Xalq ta’limi sohasida bilimli, madaniyatli, halol insonlar qancha ko‘p bo‘lsa, muvaffaqiyatlarimiz shuncha yuqori bo‘ladi. Aks holda yo‘qotishlar ko‘payadi, buning azobini butun mamlakat tortadi. Masalaga ana shu nuqtai nazardan kelib chiqib, baho berish zarur, deb hisoblaymiz.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: