Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
18.06.2019

«SIFATLI INSON» + «MAHORATLI MUTAXASSIS» = «SHAXS»

Mutaxassis mulohazasi yoki ilm-fandagi, ta’limdagi achchiq va ochiq gaplar

Mutafakkirlarimiz o‘z asarlarida ta’limni tarbiya bilan bog‘lashga alohida ahamiyat qaratishgan. Inson qalbining ma’naviy ozuqasi bo‘lmish ko‘plab asarlardagi adolat, jasorat, qadr-qimmat, or-nomus kabi ezgu fazilatlar yosh avlod ruhiyatida o‘zlikni saqlab qolish imkoniyatini beradi.

Afsuski, bizning o‘quv dasturlarda «Avesto», uyg‘onish davri, Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Amir Temur, Navoiy asarlariga juda kam soat ajratilgan. Bunday ahvolda qanday qilib farzandlarimizda milliy g‘urur paydo bo‘lishi mumkin? Yaponiyada bolaga 4 sinfgacha aniq fanlar o‘rniga faqat adolatli, jasoratli, insonparvar, vatanparvar bo‘lish, tabiatni, go‘zallikni sevish, his qilish kabi qator fanlar o‘qitilar ekan. Nega, deb qiziqqanimda, bolada adolat tuyg‘usi shakllansa, unda g‘urur o‘sar ekan, g‘ururli inson ijtimoiy hayotda ham shu sifatlarga amal qilib yashash madaniyatiga ega bo‘larkan.

Biz esa, korrupsiyaga qarshi kurashish uchun katta mablag‘larni huquq tartibot — idoralariga ajratmoqdamiz. Ikkinchi jahon urushidan so‘ng qisqa davrda yuksalish sabablaridan biri — yaponlar o‘qituvchiga imperatorning obro‘yini, vazirning maoshini, diplomatning daxlsizligini berganligidir. Biz nima qildik? O‘qituvchini bolasi bilan qo‘shib mardikor qildik. O‘zimiz eplolmagan amallarimizni uning zimmasiga yukladik.

 Xitoy tajribasida «Sifatli inson» + «Mahoratli mutaxassis» = «Shaxs» formulasini yaratishga qaratilgan ta’lim falsafasi mavjud. Sifatli shaxsni yaratishga qaratilgan mazkur ta’lim falsafasi matematik modellashtirish orqali ishlab chiqilganligi tufayli amaliy natijalari ham oldindan ayon. Ularda bizga o‘xshab har o‘quv yilida yangi «darsliklar ijod qilib» bolalar ustida eksperement o‘tkazilmaydi.

Nega bizda, maktab yoxud oliy ta’limda hayotda odamlarga kerak bo‘ladigan yashash tarzi o‘rgatilmaydi? Masalan, qanday qilib to‘g‘ri o‘tirish, gapirish, o‘zini tutish, kreativ fikrni ifoda qilish, o‘z hayotiy yo‘lini tanlash, salohiyatini namoyon qilish, odamlar bilan samarali muloqot qilish, hamkorlik o‘rnatish, o‘z vaqti va e’tiborini to‘g‘ri taqsimlash, maqsadlar qo‘yish, muammolar yechimi bo‘yicha mustaqil qarorlar qabul qilish, hissiy bilish salohiyatini, ijtimoiy mas’uliyatini oshirish kabi o‘ta muhim masalalarga e’tibor qaratmaymiz? Maktab va universitet o‘quv dasturlarida kelajak tahdidlariga, hayotiy realliklarga nisbatan o‘quvchilarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratmaymiz, o‘tkir muammolarga befarqmiz yoki ulardan qochishga harakat qilamiz.

Muammo shundan iboratki, bizda ta’lim deyilganda, faqat ta’lim tizimi muassasalari sohalari tushuniladi. Shu sababdan ta’lim ijtimoiy hayotdan va ishlab chiqarish munosabatlaridan ayro holda faoliyat ko‘rsatadi. Aslida ta’lim-tarbiyaning uzviyligi nafaqat o‘quv jarayonlarining uzviyligini balki, butun jamiyatning barcha ishlab chiqarish munosabatlari uyg‘unligini ta’minlashi lozim.

O‘qituvchi o‘quvchiga adolatli va jasur bo‘l, deb tarbiya beradi, lekin, ma’naviy asoslari shakllanmagan jamiyat bunday tuyg‘ularni qabul qila olmaydi yoki rag‘batlantirmaydi. Natijada jamiyatning ma’naviy va moddiy hayoti o‘rtasida katta tafovutlar vujudga keladi. Mazkur muammolarni anglash va tan olish – bu birinchi qadam. Aslida shu jarayonning o‘zi og‘ir kechmoqda.

Ikkinchi qadam, bizga amaldorlarning sub’ektiv maylidan xoli bo‘lgan, o‘z qonuniyatlariga suyanuvchi ta’lim tizimi kerak. Bugungi maqsadlarimizga hamohang jamiyatning barcha boshqaruvlarida strukturaviy o‘zgarishlar vujudga kelishi lozim. Lekin hozirgacha ta’lim jamiyat rivojining lokomotivi emas. Uning g‘oyaviy va ma’rifiy yetakchilik roli sezilmayapti.

Albatta, yangi oliy dargohlar, xususiy maktablar ochilayapti, lekin ular milliy ta’limning fundamental yaxlit asosini tashkil qilmaydi. Gap jamiyat hayoti bilan uzviy bog‘liq ta’lim konsepsiyasini yaratish to‘g‘risida ketayapti. Tizimda maoshlarning ko‘tarilishi milliy ta’lim shaklini yoxud uning mazmunini hosil qilmaydi.

Bizda shu paytgacha oliy ta’lim dargohlari rahbarlari yuqoridan tayinlanib kelinayotganligi sir emas. Rivojlanish qonuniyatiga zid bo‘lgan shu kabi salbiy tendensiyalar yana qancha davom etadi, aytish qiyin.

Ta’limda layoqatsizlikning ommaviy tus olishi innovatsion g‘oyalarni idrok etishga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Rahbarlarda ilg‘or va yetakchi tashkiliy vositalarni izlab topish o‘rniga davlatning keyingi ko‘rsatmalarini kutib turish amali shakllanib qolgan. Shuning uchun ham boshqaruv strukturasini o‘zgartirmasdan biror-bir ijobiy natijaga erishish qiyin. Faqat zug‘umga asoslangan turg‘un boshqaruv qanday oqibatlarga olib kelganligini ko‘rib turibmiz.

 Uchinchi qadam, innovatsion yondashuv asosida umumiy maqsadlarga hamohang strategik maqsadlar boshqaruviga o‘tishdan iborat. Kimningdir amaliy tajribasi bilan o‘ylab topilgan va chetdan olib, joriy etilgan tadbirlar innovatsiya bo‘lolmaydi. Innovatsion yondashuv mavjud muammolarni hal etish barobarida oqilona vositalarni tanlash va samaradorlikka erishish metodologiyasidir. Bunday vazifalarni hal etishga O‘zbekiston olimlarining ham salohiyati yetadi. Ammo safarbarlik, rag‘bat masalasini jiddiy o‘ylab ko‘rmoq kerak. O‘rtadagi bo‘g‘inlar topshiriqlarni o‘z talqinida amalga oshiradi. Shuning uchun ham ilmiy jamoalar ishlab chiqarish munosabatlaridan uzilib qolgan.

Bir paytlar taqdir taqozosi bilan Koreyaning Gonvon universitetiga xizmat safariga borgan edim. O‘shanda arxitektor olimlar bu inshootni biz qurganmiz, bu loyihani biz yaratganmiz, deb ko‘rsatishdi. Men qiziqib: «Sizlar olim bo‘lsangizlar, qurilishga nima aloqangiz bor?» deb so‘radim. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda loyiha tayyorlangach, quruvchilar o‘rtasida tender o‘tkazilarkan. Kimning texnologiyasi kuchli bo‘lsa, shu korxonaga ruxsat beriladi. Ya’ni, davlat buyurtmani (mablag‘ni) olimlarga beradi, mabodo quruvchilar loyihadan chetga chiqsa, ular ishdan mahrum qilinadi. Ishlab chiqarish jarayoniga ilm-fan kirib bormas ekan, o‘g‘irlik va korrupsiyaning oldini olib bo‘lmaydi.

To‘rtinchi qadam ta’limning me’yoriy hujjatlar to‘plami bilan bog‘liq. U professor-o‘qituvchilarning ilmiy va amaliy faoliyatini tashkil etadi, tartibga soladi, nazorat qiladi. Bugungi kundagi mavjud me’yoriy hujjatlarning aksariyati ta’limda ko‘zda tutilgan maqsadlarga zid keladi.

Masalan, professor 20 yildan buyon o‘tib kelayotgan fanining o‘quv rejasi va dasturlarini o‘zgartirishi, takomillashtirishi mumkin emas. Chunki u vazirlikda tasdiqlangan. Germaniyada esa professorning dasturi ham yo‘q. U shu fanning egasi, hech bo‘lmaganda ijodkori. Unga ishonmaslik yoxud ko‘rsatma berish uyat. Bizda esa, standart me’yorlardan chiqib ketgan olim jazolanadi. Boz ustiga, yana qandaydir savodsiz yosh mutaxassis olimning ijodiy salohiyatini emas, jurnalini nazorat qiladi. Darslarning haddan ortiq ko‘pligi olimlarni ilmiy izlanishlardan cheklaydi, darsning sifatini pasaytiradi, talabaning me’dasiga tegadi. 800-1000 soatdan ortiq dars soatlarining belgilanishi, ijodiy mahsulotning yuklamadan olib tashlanishi unda xufiyona maqsadlar yashirilganligidan dalolat bermaydimi?

Bizda reyting mezonlari tanish-bilishchilik va korrupsiyadan boshqa narsaga yaramaydi. Unda talaba to‘rt martalab qayta imtihon topshirishi mumkin. U ilm olish uchun emas, baho (stipendiya) olish uchun to‘rtinchi marta albatta yo‘lini topadi. Topmasa, o‘qituvchining ustidan shikoyat yozadi. Ko‘rib turganimizdek, ta’limning monopol boshqaruvi nafaqat ijodiy yondashuvlarga to‘siq, balki, turg‘unlikka sabab bo‘lmoqda.

Ilmiy tadqiqotchilar tizimini avvaliga doktorlik ishini yoqlash tartibiga o‘tkazilishi, keyin bu tajriba ish bermaganidan so‘ng yana eski holatiga qaytarilishi jarayonlarida yo‘qotishlar yuz berdi. Natijada aksariyat salohiyatli yoshlar ilm-fandan ketib qolishdi. Ayrimlari oliy attestatsiya komissiyasining mudom o‘zgaruvchan talablaridan sarson-sargardon. Behuda ketgan umr, isrof etilgan mablag‘lar uchun kim javob berishi kerak? Vaholanki, dunyo tajribasida ko‘plab samarali ta’lim modellari yaratilib bo‘lingan. Bizning «kashfiyotchiligimiz» qanday maqsadlarga qaratilganligi kishini ajablantiradi.

Ko‘rib turganimizdek, oxirgi yillarda ma’lum maqsadlar ilinjida ommaviy layoqatsizlikning rag‘batlantirilishi ilm-fan va ma’rifatning xiralashuviga olib keldi. Bu holat o‘z navbatida yoshlarimizning saviyasizligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Hozirgi talabalarimizning ko‘pchiligi mutaxassisliklari bo‘yicha amaliy layoqatga ega emas. Chunki ular bir semeystrda standartga muvofiq 7 ta fan o‘rniga 12 ta fanni o‘zlashtirishi kerak. Talabalar eksperement tajribalarini doskaga chizilgan chizmalar asosida o‘tkazadilar. Boz ustiga birinchi bosqichda «O‘zbekiston tarixi»ni o‘qiymiz, lekin, 4 bosqichda davlat imtihonini qabul qilamiz. Tarixshunos talabalarga iqtisod nazariyasi o‘qitiladi. Talaba 4 bosqichda diplom ishi bilan mashg‘ul bo‘lish o‘rniga yana turli ijtimoiy fanlarni ham yo‘l-yo‘lakay o‘zlashtirishi kerak. Tilchi va adabiyotchilar oliy matematikadan ma’ruza tinglaydi. Koreys tili talabalari qo‘shimchasiga xitoy tilini o‘rganishlari kerak. Natijada talabalar mutaxassislikka doir ilm-fanni o‘rganishdan ko‘ra, sessiyani «yopish» mahoratini egallab oldi.

Jamiyat mustaqil, kreativ fikrlovchi shaxslarni tarbiyalashdan manfaatdor bo‘lishi kerak. Buning uchun o‘z navbatida maktab va oliy ta’limni innovatsion darajaga ko‘tarish zarur. O‘quvchi va o‘qituvchilarning kreativ ruhini va tanqidiy fikrini rag‘batlantirish, ta’lim tizimini tubdan yaxshilash va o‘zgartirish yo‘llarini izlash lozim.

Milliy ta’limning bugungi holati ma’naviy qadriyatlar bilan to‘yintirilgan mustaqil va e’tiqodli shaxsni emas xatti-harakatlari boshqariladigan elektron dasturlangan «kichik insonlar»ni tarbiyalashga olib keldi. Bugun mustaqil fikr va milliy e’tiqod jamiyat talablariga mos kelmayotganligiga guvoh bo‘lib turibmiz.

Ta’limning vazifasi zo‘rma-zo‘raki moslashish ko‘nikmalarini shakllantirish bilan cheklanayotganligi oqibatida insonparvar tuyg‘ulardan mosuvo bo‘lgan, begonalashgan, agressiv dunyoqarash vujudga keldi. Bunday texnokratik armiya tabiiy ravishda qadriyatlarni jamiyat ruhiyatidan siqib chiqarishga urinadi. Gap odamlarning nojoiz ijtimoiylashuvi haqida bormoqda. Ya’ni, maqsad jamiyatdagi ta’qiq va topshiriqlarni so‘zsiz bajaradigan itoatkor, ruhi tobe’, «diplomli mutaxassislarni» tayyorlashga qaratilgan.

 Agar chuqurroq e’tibor qaratsak, test tizimidagi «fol ochish», eslab qolish, yodlab olishdek xususiyatlar ustuvorligi talabaning fikrlash qobiliyatini cheklab qo‘yganligini kuzatamiz. Chunki u mustaqil tafakkur va fikr yuritishdan ko‘ra ma’lumotga egalik qilish tuyg‘usi bilan qurollangan. Shuning uchun u tabiatan injener emas, tayyorlangan injener. Yuristlarimiz ham shunday – ko‘rsatma va topshiriqlar ijrochisi. Unda ona Vatan oldidagi burch va majburiyat tushunchalarini ifoda qiluvchi kasbiy e’tiqod shakllantirilmagan.

Bugungi ta’lim odamlarga salohiyati va iqtidoriga qarab emas, nimaga egalik qilishga erishganligiga qarab baho berishni o‘rgatadi. Ya’ni, pul, mol-dunyo, mutaxassislik darajasi, kelib chiqishi kabi jismoniy jozibadorlik ustuvorlik qiladi. Eng achinarlisi, ko‘pchilik shunday, deb hisoblaydi. Inchinun, shu kabi tushunchalarning ijtimoiy-ommaviy darajada mavjudligi nosog‘lom jamiyat ruhiyatining alomatidan dalolat beradi. Shunday ekan, millatning ruhiyatini davolash ham ta’lim falsafasining asosida yotadi.

Har qanday millatni yo‘q qilish uchun atom bombalarini yoki uzoq masofadagi raketalarni qo‘llash shart emas. Ta’lim sifati birmuncha pasaytirilsa, shuning o‘zi yetarli. Bemor noshud shifokor qo‘lida nobud bo‘ladi, binolar qulaydi, pul moliyachi qo‘lida yo‘qoladi, adolat sudya qo‘lida toptaladi, boshqaruv noshud siyosatchilar qo‘lida izdan chiqadi.

So‘nggi davrlarda ta’limsiz ham farovon yashash mumkin, degan tushuncha odamlarimiz ongida birlamchi qarashga aylandi. O‘qituvchilar dalalarda mardikorga aylantirildi, olimlarning nochorlikdan oriyati toptaldi. Xo‘sh, kim aytadi, ta’lim siyosiy voqelikdan yiroqda deb? Boz ustiga, aytingchi, ta’lim investorlari O‘zbekiston yoshlari hamjamiyatning raqobatbardosh mutaxassislariga aylansin, degan niyat bilan kirib kelayaptilarmi? Bepul pishloq qopqonda bo‘ladi! Ta’lim tizimini takomillashtirish vajida xalqaro bozorning yangi va arzon hududlari kashf etilayapti. Bu raqobat!

Hamkorlikda ochilgan oliy o‘quv yurtlari yaxshi, ammo tahsil olayotgan talabalar kelajakda qaysi va qanday mafkuralarga xizmat qilishini biron kishi ayta oladimi?

Jarayonlar oralig‘i milliy qadriyatlarga asoslangan g‘oyalar bilan to‘ldirilmas ekan, uning o‘rnini o‘zga madaniyatlar bilan to‘ldirishga bo‘lgan urinish ortib boradi. Afsuski, jozibador va jimjimador texnologiyalarning manfaatdor mahalliy homiylari ham bisyor bo‘ladi. Oqibatda jamiyatda chetdan kirib kelgan har qanday matohni innovatsiya sifatida qabul qilish, ularga taqlid qilish ortib boradi. Bu o‘z navbatida milliy o‘zlikni anglashni xiralashtirib boruvchi tuynukka qarab yetaklaydi.

 Bundan tashqari, xalqaro maydondagi inson aql-tafakkuri uchun kechayotgan kurashlar silsilasida intellektual resurslarga egalik qilish maqsadida innovatsion texnologiyalar kirib kelayotganligi tashvishli holat. Integratsiya, innovatsiya, investitsiyalar vajida arzon ishchi kuchi hududlarini egallash aslida rivojlangan mamlakatlarning tashqi siyosati tarkibiga kiradi. Shu o‘rinda, Xitoy, Koreya, Yaponiya, Singapur, Malayziya, Yevropa davlatlaridan Shvetsiya, Finlandiya, Germaniya davlatlari tajribasi ko‘p ibratli yo‘ldir. Ular investitsiyaning katta qismini milliy ta’limni rivojlantirishga, uni qadriyatlar asosida shakllantirishga, shu asnoda milliy-madaniy taraqqiyot poydevorini yaratishga, o‘zlikni saqlab qolishga safarbar qilgan davlatlar qatoriga kiradi.

Ta’lim konsepsiyasi bugun davrning ma’naviy ziddiyatlarini ifoda etayotgan ta’lim tizimi va pedagogik tafakkur inqirozini anglashi va tan olishi bilan belgilanadi. Bir narsani tan olish kerak: o‘tgan bir asr davomida yakka shaxs irodasiga bo‘ysundirilgan boshqaruv tizimining vujudga keltirilishi mute’lik, riyokorlik, ta’lim bilan jamiyat o‘rtasida chuqur jarlikni vujudga keltirdi. Endi ana shu haqorat va tahqirlarni yengib o‘tishni, jamiyatda yaxshi va yomonni, foyda-yu ziyonni ajratib olishni oldimizga maqsad qilib qo‘yishimiz lozim.

 

To‘lqin ALIMARDONOV,

O‘zMU professori, siyosiy fanlar doktori.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: