Faol investitsiya va ijtimoiy rivojlanish yili Davlat dasturida yo‘l, transport sohasini jadal rivojlantirish, sohadagi boshqaruvni takomillashtirish hamda malakali kadrlar tayyorlashga katta e’tibor qaratilgan.
Joriy yilning fevral oyida transport sohasida davlat boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hamda Transport vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident farmoni va qarori qabul qilindi. Ko‘p o‘tmay transport sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish maqsadida Transport vazirligi tashkil etildi va tizimda Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasining huquqiy asoslari yaratildi.
Ta’kidlash joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunning Jizzax viloyatidagi ijrosi nazorat-tahlil tartibida o‘rganildi. Deputatlar aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Shu jarayonda eng ko‘p ko‘tarilgan masalalardan biri ichki avtomobil yo‘llari nosozligi, ta’mirtalabligi bilan bog‘liq bo‘ldi. Joylarda ichki avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, uni qayta tiklamasdan buzish holatlari kuzatilayotgani qayd etildi.
Yaqinda O‘zbekiston XDP fraksiyasi tashabbusi bilan Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi rahbarining hisoboti eshitilgandi. Unda xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari hamda shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalari tarmoqlarining bugungi holati, ularni yaxshilash yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xususida so‘z bordi. Muloqot jarayonida mazkur masalaning naqadar dolzarbligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Deputatlar oldida hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar ko‘pligi alohida ta’kidlandi. Shuni inobatga olgan holda, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a’zolari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida qonun loyihasi tayyorlandi. Loyiha deputatlar, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirliklar, mutasaddi tashkilotlarning mas’ul xodimlari, sohaning mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida muhokama qilindi. Loyihaga ko‘ra, Transport vazirligi huzuridagi inspeksiya yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qiladi. Shuningdek, muhandislik tarmoqlarini qurish, ta’mirlashda shahar ko‘chalari va boshqa aholi punktlarining yo‘l qoplamasini demontaj qilish, tiklash bo‘yicha ishlar ham inspeksiyaning doimiy e’tiborida bo‘ladi. Yo‘llar bilan bog‘liq ishlar sifatini buzganlik va ularni tegishli ruxsatlarsiz bajarganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Shuningdek, qonun loyihasini tayyorlash jarayonida dunyoning bir qator davlatlari yo‘l xo‘jaligini boshqarish tizimi borasidagi me’yoriy-huquqiy hujjatlari o‘rganildi.
Avtomobil yo‘llari to‘g‘risidagi qonunda belgilangan me’yor talablaridan kelib chiqib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 147 va 245-moddalariga tegishli qo‘shimchalar kiritish taklifi ham berildi. Unga ko‘ra, avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, yo‘llar bilan bog‘liq ishlar olib borish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik hamda saqlash qoidalarini buzganlik uchun nafaqat mansabdor shaxslarga, balki fuqarolarga ham jarima belgilash taklif etilmoqda.
Aytish kerakki, yo‘l-qurilish ishlarining sifati ustidan nazorat olib boradigan inspeksiya normativ hujjatlar talabiga rioya etilishi ustidan qattiq nazorat olib borishi lozim bo‘ladi. Bu bajarilayotgan ishlarning sifati hamda samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Akmal UMARALIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi.