arzon va qulay bo‘lishi uchun turistik ob’ektlar atrofida oilaviy uy-mehmonxonalari tashkil etilmoqda
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan «Dam olish turizmining rivojlanishi, dam olish zonalarida yaratilgan sharoitlar» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda respublikamiz hududlarida aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun dam olish turizmini rivojlantirish, dam olish zonalarida zaruriy sharoitlarni yaratish borasida amalga oshirilgan amaliy ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.
— O‘tgan vaqt mobaynida qo‘mitaning Turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi tomonidan dam olish turizmini rivojlantirish, bu boradagi ishlarni tartibga solish, tashrif buyuruvchilar va turistlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan davlat standartlari, jumladan, turizm xizmatlari, plyaj faoliyatiga doir talablar va tavsiyalar ishlab chiqilib, amaliyotga kiritildi, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari v.b Saidakbarxon Akbarov. — Mazkur standart turistlari va tashrif buyuruvchilarga plyaj xizmatlarini taklif qiluvchi tadbirkorlar uchun umumiy talab va tavsiyalarni belgilaydi. Shuningdek, bugungi kunda Toshkent, Navoiy, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining so‘lim go‘shalari, tog‘ yonbag‘irlarida, suv havzalari yaqinida joylashgan 4 dam olish zonasi, 4 kemping, 2 turistik oromgoh va 2 o‘tovli lagerda davlat standartlari joriy etilib, qo‘mita tomonidan tegishli sertifikat berilgan. Ushbu standartlar asosida dam olish zonalarida xavfsizlikni ta’minlash, zarur sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Yana shuni aytish mumkinki, hududlarga ziyorat, dam olish va sayohat maqsadlarida kelayotgan kishilarga yanada ko‘proq qulayliklar yaratish maqsadida ularga arzon va qulay bo‘lishi uchun turistik ob’ektlar atrofida oilaviy uy-mehmonxonalar tashkil etilmoqda. Hozirda respublikada faoliyat yuritayotgan yagona reyestrga kiritilgan oilaviy mehmonxona-uylarning umumiy soni 346 tani tashkil etib, ulardan 245 tasi joriy yilning yanvar va may oylarida tashkil etilgan. Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak, ayni kunga qadar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan 79 mehmonxona-uylari aynan dam olish zonalari, pansionat va sanatoriylar atrofida joylashgan.
Bu ham o‘z navbatida dam olishga kelayotganlarga xizmat ko‘rsatuvchi mahalliy aholi vakillari uchun qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratadi, ular turmush darajasi oshishiga xizmat qiladi.
— Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 2 may kuni o‘tkazilgan «Har bir oila — tadbirkor» dasturini respublikamiz hududida amalga oshirish natijadorligi to‘g‘risida»gi videoselektor majlisida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 13-16 may kunlari qo‘mitaning mas’ul xodimlari va hududiy bo‘linmalari vakillari tomonidan hududlarda mehmonlar uchun uylar tashkil qilish bo‘yicha tuman, mahalla, qishloqlar kesimida aholi bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularga mehmon uylarini tashkil etish tartiblari, turizm sohasida o‘z tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun belgilangan imtiyozli bank kreditlari to‘g‘risida targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘kazildi, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari To‘lqin Aliqulov. — Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va 12 viloyatda amalga oshirilgan targ‘ibot ishlari natijasida respublikamiz bo‘yicha joriy yilning 13-18 may kunlari 49 oilaviy mehmon uyi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yagona reyestrga kiritildi.
Shu bilan birga, hozirgi kunda respublika miqyosida 500 dan ortiq fuqaro oilaviy mehmon uyi tashkil etish istagini bildirgan va ularga qo‘mita tomonidan zaruriy metodik ko‘rsatmalar va tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Dam olish zonalari va sanatoriylarda turistik xaritalarni o‘rnatish, hududlarning turizm salohiyatini ko‘rsatuvchi tarqatma materiallarni joylashtirish bo‘yicha ham ishlar boshlab yuborildi. Masalan, Surxondaryo viloyati Boysun tumanida joylashgan «Omonxona» sanatoriysining kirish joyida «Boysun tumanining turistik salohiyati» xaritasi o‘rnatildi. Boshqa hududlar kesimida ham shunday xaritalar tayyorlanmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyatidagi «Chorvoq» erkin turizm zonasi, Namangan viloyatidagi «Nanay» kichik turizm zonasi, Surxondaryo viloyatidagi «Zovboshi» turizm zonalarining ishga tushirilishi bilan aholining dam olishi uchun yangi yo‘nalish va qulayliklar yaratiladi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan kelgusida respublikamizda dam olish turizmini yanada rivojlantirish uchun targ‘ibot-tashviqot ishlarining qamrovi kengaytirilayotgani, turizm axborot markazlari tashkil etilayotgani, yo‘l ko‘rsatkichlari va turistik xaritalarni o‘rnatish bo‘yicha ishlar davom ettirilayotganligi to‘g‘risida ham ma’lumotlar berildi.
Sarvinoz JUMAYEVA