Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
07.05.2019

JAVOBSIZ QOLAYOTGAN SAVOLLAR

Gazetamizning 2019 yil 12 mart sonida «Ishlamasdan ham maosh olsa bo‘ladi» sarlavhali maqola chop etilgandi. Unda fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining qaroridan «129-avtokorxona» MChJ ta’sischisi noroziligi sabablari haqida fikr yuritilgandi.

Gap shundaki, Samarqand shahridagi ?29-avtokorxona» MChJ 2012-2013 yillarda nochor moliyaviy holatga tushib qoladi. Hatto bir qancha haydovchilar ishga ham chiqmay qo‘yishadi. Korxona rahbariyati ularning ayrimlarini uzluksiz progul uchun ishdan bo‘shatadi. Shundan keyin sobiq ishchilar o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashiga, sudga bir necha marta murojaat qilishadi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida ular ishi qayta-qayta ko‘riladi. Sud da’vogarlar foydasiga hal qiluv qarorlari chiqaradi.

Jumladan, 2013 yilning 11 sentabrida O‘tkir Aslamov, 2015 yilning 25 martida Sharafiddin Boliyev, 2016 yilning 25 iyulida Sherzod Toshpo‘latov, 2016 yilning 24 oktabrida Navro‘z Baratov, 2019 yilning 29 yanvarida Yulduz Muhammadiyeva — fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyalari ushbu ish bo‘yicha hal qiluv qarorlari chiqarishgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2019 yil 29 yanvardagi hal qiluv qarori bilan da’vogarlar Davron Nuriloyev, Izatillo Mahmudov, Sodiq Qobilov, Aslam Soliyev, G‘ayrat Isoqov, Kamol Akbarov, Ortiq Ismoilov foydasiga 2016 yil avgust oyidan 2017 yil iyul oyigacha, Lutfillo Junaydov foydasiga esa 2014 yilning yanvar oyidan 2018 yilning dekabr oyigacha bo‘lgan muddat uchun ish haqi undirilishi ko‘rsatilgan. Da’voning moddiy va ma’naviy zararni undirish to‘g‘risidagi qismi rad etilgan.

«Ishlamasdan ham maosh olsa bo‘ladi» sarlavhali maqolada ?29-avtokorxona» MChJ ta’sischisi sudning bu qaroridan norozi ekani, qo‘lida uning haqligini isbotlaydigan hujjat va dalillari borligi, sud ishni ko‘rishda bir qator qonun talablarini inobatga olmagani haqida yozilgan edi.

Yaqinda maqola yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudidan tahririyatimizga javob xati keldi. Unda sud qarorlari to‘g‘riligi, ta’sischi sud qarorlaridan norozi bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi FPKning tegishli normalariga asosan yuqori turuvchi instansiyalarga shikoyat arizalar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi aytilgan.

Avtokorxona ta’sischisi Rustam Yahiyoyev bu javobdan ham qoniqmadi. Tahririyatga yangi hujjatlarni taqdim etdi.

Biz masalaga yanada oydinlik kiritish maqsadida sud hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining tegishli moddalari bilan qayta-qayta tanishdik, da’vogarlar, javobgarlar, huquqshunoslar bilan suhbatlashdik. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining bu ishga aloqador hujjatlaridan biri — 2016 yil 25 iyuldagi hal qiluv qarorida da’vogarlarning ishga tiklanishi va ish haqlari undirilishi ko‘rsatilgan.

Advokatlar M.Berdiqulov va S.Alibekov mazkur hal qiluv qarori haqida shunday fikr bildirishdi:

 «Sud qarorini qabul qilishda bir necha muhim jihatlar e’tibordan chetda qoldirilgan:

Birinchidan, da’vogar sudga amaldagi qonunlar talablari asosida murojaat qilmagan. Bu yerda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 270-moddasi talablariga xilof ravishda ish tutilgan. Ya’ni, ishga tiklash uchun murojaat etishda kodeksda belgilab qo‘yilgan bir oylik muddat o‘tkazib yuborilgan. Sud da’vogarlarning oradan 4 yil o‘tib ishga tiklashni so‘rab da’vo qilishganini e’tibordan qochirgan.

Ikkinchidan, avtokorxona sobiq ishchilari manfaatini ko‘zlab fuqarolik sudiga Samarqand viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan kiritilgan da’vo arizasi asossiz edi. Negaki, ?29-avtokorxona» MChJ bu kengash a’zosi emas. Sudda da’vogar tomonidan avtokorxonaning kasaba uyushmalariga a’zoligi to‘g‘risida biror-bir hujjat taqdim etilmadi. Bu boradagi birgina dalil — Samarqand viloyat davlat arxivi tomonidan 2017 yil 27 sentabr kuni berilgan ¹258-B-sonli xat ham ?29-avtokorxona» MChJning kasaba uyushmaga a’zo ekanligini tasdiqlamaydi. Bu esa aynan shu masalada viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi sudga da’vo arizasi kiritish vakolatiga ega emasligini ko‘rsatadi.»

Biz bu masalaga yanada aniqlik kiritish maqsadida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashida bo‘ldik. Bu idoradan berilgan ma’lumotnomadan ?29-avtokorxona» MChJ kasaba uyushmasi a’zosi emasligi oydinlashdi.

Javobgar taraf sudda bu masalaning kun tartibiga qo‘yilishini talab qilgan. Ammo sud tomonidan bunga e’tibor berilmagan.

Bu yerda savol tug‘ilishi tabiiy: nahotki, katta bir korxonada kasaba uyushma qo‘mitasi tuzilmagan bo‘lsa? Yoki bunday tashkilot faoliyati majburiy emasmi?

Bu savollarga «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunidan javob qidiramiz:

 «Kasaba uyushmalari ixtiyoriylik asosida respublika, tarmoq va hududiy birlashmalarini tashkil etishi, shuningdek, ularga kirishi mumkin, mazkur birlashmalarga kasaba uyushmalari faoliyatining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlari va kafolatlari tatbiq etiladi.»

Qonunning ikkinchi moddasidagi ushbu jumlalardan anglash mumkinki, kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish mutloq ixtiyoriy: ?29-avtokorxona» MChJ jamoasi kasaba uyushma faoliyati xizmatiga ehtimol ehtiyoj sezmagandir. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudidagi sudyalar esa kasaba uyushmasiga ularning a’zo yoki a’zo emasligi bilan qiziqib o‘tirishmagan. Buning o‘rniga da’vogarlar foydasiga hal qiluv qarorlari chiqarishavergan.

 ?29-avtokorxona» MChJ ma’muriyati haydovchilarni ishdan bo‘shatishda «kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishilmaganlik»da ayblanadi.

«Agar jamoa shartnomasida, kelishuvida mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish uchun kasaba uyushmasi qo‘mitasining oldindan roziligini olish nazarda tutilgan bo‘lsa, bunday rozilikni olmay turib shartnomani bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi», deyiladi «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasida.

Ammo korxonada kasaba uyushma qo‘mitasining o‘zi yo‘q bo‘lsa, bunday kelishuv kim bilan amalga oshirilishi kerak edi? Kasaba uyushma qo‘mitasi tuzilmaganida korxona rahbariyati aybdor ekani haqida bir narsa deyish qiyin. U qonunda ko‘rsatilganidek ixtiyoriy ravishda tuziladi.

Advokat Mahmud Berdiqulov diqqatimizni O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 275-moddasi 3-qismiga qaratadi:

 «Mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilinganligi, boshqa ishga g‘ayriqonuniy o‘tkazilganligi yoki ishdan g‘ayriqonuniy ravishda chetlatilganligi oqibatida kelib chiqqan majburiy progul vaqti uchun xodimga haq to‘lash to‘g‘risidagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish chog‘ida mehnat nizolarini ko‘ruvchi organ xodimning pul undirishga doir talablari bir yildan ortiq bo‘lmagan muddat uchun qondiriladi».

Sudlar tomonidan esa qonunning bu talabiga rioya qilinmagan ko‘rinadi. Chunki da’vogarlarning yillab ishga chiqmagani to‘g‘risida korxona kadrlar bo‘limi va buxgalteriyasida tegishli hujjatlar mavjud ekan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi hal qiluv qarori qabul qilishda yana bir qancha dalillarga yetarlicha huquqiy baho bermagan ekan.

?29-avtokorxona» MChJ ta’sischisining aytishicha, sobiq haydovchilar uylariga ishga chiqish haqida buyurtma xatlar yuborilgani, ishdan bo‘shatilishi haqida yozma ravishda ogohlantirilgani, IIBga qilgan murojaatidan so‘nggina, haydovchilar avtomashinalarni nosoz holda garajga tashlab ketishlari kabi bir qator holatlar sud nazaridan chetda qolib ketibdi.

Da’vogarlarning da’vosi bo‘yicha da’vo muddatini tiklamasdan, ularni ishga tiklash to‘g‘risida hal qiluv qarori chiqarilishi ham fuqarolik protsessual qonun talablariga zid ekani aytilmoqda. Aslida bunday qaror apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida bekor qilinishi kerak ekan. Birinchi bosqich sudi hal qiluv qarorida da’vogarlarga 2015 yilning 1 oktabridan to 2016 yilning 25 iyul kunigacha ish haqi o‘rtacha oylik ish haqi hisobidan undirilsin, deb ko‘rsatilgan. Savol tug‘iladi: bu yerda o‘rtacha oylik ish haqi nimaga asosan, qanday miqdorda belgilanadi?

Yana bir ajablanarli holat: Sudning 2015 yil 25 mart kunidagi hal qiluv qarorida(sudya Sh.Boliyev) da’vogar Sodiq Qobilov 1979 yildan buyon korxonada ishlaydi, deb ko‘rsatilgan. 2016 yil 26 oktabridagi hal qiluv qarorida esa (sudya N.Baratov) da’vogar S.Qobilov 1982 yildan buyon korxonada ishlaydi deyilgan. Aslida esa u 2011 yilning 10 oktabr kuni ishga qabul qilinib, bu yerda 2 yil hisobidan bor-yo‘g‘i 1,5 oy ishlagan. Bu haqda korxonada tasdiqlovchi hujjatlar mavjud. Masalan, da’vogarlarning ishga chiqishini ko‘rsatuvchi tabellar, korxonada o‘tkazilgan moliyaviy hisob-kitoblar bo‘yicha bir emas, uch marotaba o‘tkazilgan audit xulosalari, hamma-hammasida har bir haydovchining ish kunlari aniq-ravshan ko‘rsatilgan. Sudda ularga ahamiyat berilmagan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi M.Tojiboyev javob xatida O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 198-moddasi talablari haqida shunday fikrlarni keltiradi: «... xodim ish beruvchiga bevosita yetkazilgan haqiqiy zararni to‘lashi shart. Bevosita yetkazilgan haqiqiy zarar deganda ish beruvchining mavjud mol-mulki (shu jumladan, ish beruvchi uchinchi shaxslardan ijaraga olgan mol-mulk) amalda kamayganligi yoki yomon holatga kelganligi, shuningdek, ish beruvchining ortiqcha to‘lovlar qilish zarurati tushuniladi. Xodim ish beruvchiga yetkazilgan bevosita haqiqiy zarar uchun ham, ish beruvchi boshqa shaxslarga yetkazilgan zararni to‘lashi natijasida kelib chiqqan zarar uchun ham moddiy javobgar bo‘ladi».

Shu o‘rinda avtokorxona ta’sischisi Rustam Yahiyoyevning quyidagi so‘zlarini keltirishni lozim deb topdik:

— Haydovchilar hech bir sababsiz ishga kelmay qo‘yishdi, ammo o‘sha alfozda mashinalarni uylarida saqlashdi. Avtomashinalardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishib, jamiyat mulkiga moddiy zarar yetkazishdi. Biz ulardan ishga chiqishni talab qildik. Og‘zaki, yozma ravishda ogohlantirdik. Pochta orqali uylariga xatlar yubordik. Bu mojaro bir yil atrofida davom etdi. Nihoyat, ichki ishlar idorasining aralashuvi bilan avtomashinalar garajga qaytarildi. Qonun-qoidaga itoat etishni hohlamagan haydovchilar bilan esa xayrlashishga majbur bo‘ldik. Xo‘sh, endi biz o‘sha haydovchilar tomonidan jamiyatga yetkazilgan zararni qanday undirib olamiz? Yana asosiysi, sud tomonidan qayta-qayta qabul qilinayotgan hal qiluv qarorlarining ijrosini ta’minlash maqsadida sud ijrochilari jamiyatning ishlab turgan texnikalarini sotib, to‘plangan mablag‘ni necha yildan buyon ishlamayotgan haydovchilarga ulashmoqda. Buning natijasida korxonamiz tanazzul sari ketdi. Ish o‘rinlari yo‘qotildi.

 

Abdurasul SATTOROV,

jurnalist.

 

TAHRIRIYATDAN:

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida bir necha bor ko‘rilgan ushbu mojaroli masalaning oxiri ko‘rinmayapti. Da’vogar ham, javobgar ham o‘zini haq deb bilmoqda. Sud da’vogarlar foydasiga ketma-ket hal qiluv qarorlari chiqarmoqda. Ammo javobgar o‘zining haqligini isbotlash maqsadida ko‘plab dalillar keltirayapti va ularga sud tomonidan e’tibor berilmayotgani haqida shikoyat qilmoqda. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2016 yil 25 iyuldagi va 2019 yil 29 yanvardagi hal qiluv qarorlari turli savollarni keltirib chiqaryapti... Bu masalani sinchiklab o‘rganib, xulosa chiqarish kerakka o‘xshaydi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: