Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
02.04.2019

BARKAMOL AVLOD YURTNI YUKSALTIRADI

Hamma narsa insonning o‘ziga bog‘liq, ammo inson taqdiri onaga bog‘liq, degan gapda katta hikmat bor. Darhaqiqat, kelajak avlodni barkamol inson etib tarbiyalash, o‘lmas milliy qadriyatlarimizni keyingi avlodlarga yetkazish onalarimiz, tarbiyachilarimiz hisoblangan ayollar zimmasida. Shu bois ham onani kelajakni yaratuvchi bunyodkor kuch, deb ta’riflaymiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari bo‘lib ish boshlagan dastlabki kunlardayoq mamlakatda ma’naviyatni yuksaltirishga katta e’tibor berdi. U kishining ilk uchrashuvi ham ziyolilar, madaniyat va ma’rifat tarqatuvchi ustozlar bilan o‘tganini hammamiz yaxshi eslaymiz.

Yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash, shubhasiz, bugun dolzarb masalalardan biridir. Bu masalani ma’naviyati yuksak onalarning ishtirokisiz yechib bo‘lmaydi. Chunki farzandning ilk tarbiyachisi uning onasidir. Shuning uchun ham mamlakatimizda ayollarga munosib turmush sharoiti yaratish, ular haqida g‘amxo‘rlik qilish, qonuniy manfaatlari, huquqlarini ta’minlash davlatimiz siyosatining ustuvor vazifasi hisoblanadi. Keyingi ikki yil ichida qabul qilingan aksariyat qonun, farmon va qarorlar ayolni qadrlashga, e’zozlashga, ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

2018 yilning 2 fevralida davlatimiz rahbarining «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjatga muvofiq, fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etildi. «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo‘limlarining tashkil etilishi oila instituti mustahkamlanishida amaliy qadam bo‘ldi. Shuningdek, FHDYo organlari tuman, shahar hokimliklariga bo‘ysundirildi. Ularning faoliyatini nazorat qilish hokim o‘rinbosari – xotin-qizlar qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklatildi.

Shu bilan birga, 2018 yil 14 martda Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi. Xotin-qizlarni va oilani har tomonlama qo‘llab- quvvatlash, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga, oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga yordam ko‘rsatish, ularning bandligini ta’minlash fondning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishda bandlik masalasi muhim hisoblanadi. Bandlik qator hayotiy muammolarning yechimi, jinoyatlarning, oiladagi ajrimlarning oldini oluvchi omillardan sanaladi. Ishli ayol ro‘zg‘ori but, dasturxoni to‘kin bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Shu ma’noda, bugun jamoat fondining mablag‘lari aynan ayollar bandligini ta’minlashga yo‘naltirilmoqda.

2019 yil 7 martda Prezidentimizning «Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, mehnat huquqini kafolatlash, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga keng imkoniyatlar yaratadi.

Amaldagi Mehnat kodeksining 100-moddasida pensiya yoshiga yetgan fuqaro bilan mehnat shartnomasi ish beruvchi tomonidan bekor qilinishi mumkin edi. Davlatimiz rahbarining mazkur qaroriga binoan esa ayol 60 yoshga to‘lgunicha ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish taqiqlandi. Shuningdek, ushbu hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasida xotin-qizlar gender tengligini himoya etish bo‘yicha komissiya ham tuzildi.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida qonun ijodkorligi ham qizg‘in davom etadi. «Erkak va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihalari ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.

2019 yil 19 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bolalarimiz tarbiyasida e’tibor qaratishimiz zarur bo‘lgan vazifalarni yana bir bor yodimizga soldi. Davlatimiz rahbari ushbu videoselektor yig‘ilishida yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish hamda xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari yuzasidan beshta yo‘nalishda tashabbus ko‘rsatib, muhim vazifani belgilab berdilar.

Mazkur vazifalar mag‘zini chaqqan har kishi bir narsani aniq anglab yetadi: yurt va jamiyat rivojida g‘oyat ahamiyatli bu tashabbus yoshlarni jismonan baquvvat, ruhan tetik etib tarbiyalash uchun ularni sport to‘garaklariga boshlab borishimiz, yuragida kitobga havas uyg‘otib, o‘zimiz kitobxonlikda namuna bo‘lishimiz talab etiladi. Axir, shu ko‘zmunchoq bolalarimiz ertaga sportda, fanda, san’atda dunyoni zabt etsa, uning bilimi, odobiga dunyo havas qilsa, shu bizning baxtimiz, shu bizning faxrimiz…

Ana shunday dunyo tan oladigan, havas qiladigan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalashga esa asosan biz – ayollar mas’ulmiz. Biz yana ayolni e’zozlaydigan, yurtga tayanch bo‘ladigan mardi maydonlarni voyaga yetkazishga burchlimiz.

Bugun mamlakatimizda islohotlar shiddat bilan davom etayapti. Biz tarbiyalayotgan farzandlarimiz ham ana shunday shahd va shiddat bilan bunyodkorlik ishlariga kamarbasta bo‘ladi. Niyatimiz ham aslida shu.

 

Komila KAROMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.

O‘zA


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: