Yoki boy otaga aytgan yolg‘ondan xoli takliflari
— Assalomu alayku-u-u-um, boy ota. Ahvollaringgiz yaxshimi? Uloqchi otingiz omonmi? Haligi, qandil olma-chi, gullay deyaptimi?..
— Xo‘-o‘sh, gapirchi, faqat shularni so‘ragani kelmagandirsan? Yana qanday shumlikni o‘ylading?
— Shu-u, ta’mi o‘tkir qamchiningizni nariroq qo‘ysangiz aytaman.
— Xo‘sh, mayli... endi tezroq gapir...
— Shu-u-u, bog‘ingizning bir chetidan menga ozgina joy bersangiz degandim.
— Xo‘-o‘sh, innankeyinchi?
— E-e, shu innankeyiningiz omon bo‘lsin, boy ota. Tovuq boqmoqchi edim. Tovuq ,jonivor, 7 xazinaga kirar ekan. Bilasiz, tuxum degani zap xo‘rak narsa... Foydasidan menga insof qilib bersangiz bo‘ldi, boy ota.
— Ha humpar-e, da-arrov foydangdan gapirasan-a? Xo‘sh, mayli, ammo olma terishga yaramaysan-ku, qovoq boshing bilan tovuq boqishni bilasanmi?
— Buning yo‘li oson, boy ota. Hozir internet deganidan hamma narsani bilib olsa bo‘ladi. Men sizga biznes rejamni aytaymi?
— Iya, “bizmiz” deganing nimasi bo‘ldi tag‘in?
— E-e-ey, bizmizmas, biznes. Bu degani, boy otajonim, mo‘may daromad degani. Mullajiring degani. Buning uchun-chi, kalla kerak.
— Xo‘sh zumrasha, qani, bir boshidan gapir-chi.
— Bo‘lmasam eshiting! Bitta xonaki tovuq kuniga 80 gramm don, 20 gramm o‘t yer ekan. Agar sutkasiga 80 grammdan don yeydigan bo‘lsa, uni 365 kunga ko‘paytiramiz... Demak, bitta xonaki tovuq bir yilda 29 kilodan oshiqroq ozuqa yeydi,to‘g‘rimi boy ota? 1 kilo don 1500 so‘m bo‘lsa, Bir yilda 45 000 so‘mga yaqin mablag‘ sarf bo‘ladi. Xonaki tovuqlar oddiy don bilan boqilsa, har biri o‘rtacha 220 – 230 dona, agar vitaminlarga boy omuxta bilan boqilsa 270 – 280dona tuxum berishi fanda isbotlangan ekan. Bozor rastalarida bir dona tuxum taxminan 500 -600 so‘m atrofida. Agar o‘rtacha 225 ta tuxum deb hisoblasak, boy ota, 123 750 so‘m mo‘llajiring bo‘ladi. Biz undan bir yillik don pulini ajratib tashlaymiz. Xo‘-o‘sh, sof 78 750 so‘m foyda cho‘ntagimizga kiradi. Bir dona tovuqning bir yilda beradigan foydasi bu.
100 dona tovuqning foydasi 7 875 000 so‘mni tashkil qiladi. Har bir oyga taqsimlaydigan bo‘lsak, 656 250 so‘mni ko‘rsatadi. Boy otajan, mana buni ish desa bo‘ladi. Bug‘doy o‘rimi chog‘ida don narxining tushishi sarmoyangizga yana sarmoya qo‘shadi. Bundan tashqari tovuq go‘ngi ham bizga mablag‘ olib keladi. U azot mineral o‘g‘iti bilan teng bo‘lib, ekinlar uchun juda foydali.
— Xo‘-o‘sh, innankeyinchi?
— Joy masalasiga kelsak, 100 ta tovuq boqish uchun uzunligi 15 metr, eni 2.5 metr va balandligi 1.5 metrlik bino kerak bo‘ladi. Ozuqa vaqtida berilishi, suv doimiy yonida bo‘lishi kerak,boy ota. Bu ishga jiddiy belbog‘lagan tadbirkor albatta o‘z maqsadiga yetadi. Qani o‘sha tadbirkor deysizmi? Mana menda, boy ota! Joyini tayin qilsangiz bo‘ldi, buyog‘ini o‘zim boplayman, boy ota!
— Ha qurumag‘ur, ja-a-a aqilli chiqib qolding-ku, sen-a?
— Endi bularni, boy ota, internetdan oldim. Bilasizmi, shu sohaning olimlari Lomann, Dekalp, Xay-layn va Radonit-3 zotli tovuqlarni tavsiya qilibdi. Hozirgi kunda bozorlarimizda sotilayotgan tuxumlarning ko‘pchiligi Lomann zotli tovuqlarga tegishli ekan. Ammo bu zotli tovuqlarni boqish anchagina e’tibor talab qiladi-da. Jo‘jaligidan vaksinalar bilan taminlanishi va ozuqasi vitaminlarga boy bo‘lishi kerak. Bilib oldim, 1 kg omuxta 2500 – 3000 so‘m ekan. Bundan tashqari, firma tovuqlariga bir xil harorat, bir xil namlik bo‘lishi lozim. Agar talab etilgan narsalarni vaqtida bajarmasangiz, kutilgan natijani bermasligi mumkin. Lekin bizga xonaki tovuqlar ham foyda olib keladi. Kichik biznes uchun zotli bo‘lishi shartmas, boy ota.
Tadbirkorlik oilangizga, shu bilan birga yurtimizga ham foyda olib keladi. Harakatingiz bilan Vatanimiz rivojiga o‘z hissangizni qo‘shgan bo‘lasiz.
— Rostdan ham bilimdon bo‘lib ketganga o‘xshaysan, lekin gaplaringning ko‘piga tushunmadim. Ha mayli, davom et. Innankeyinchi?..
— E-eyy! Shu innankeyininggiz odamni xit qiladi-da, boy ota. Eski bog‘ingizga qarab o‘tirgandan nima foyda? Zamonaga boqib ish qilsanggiz mo‘maygina mablag‘ karmoninggizga oqib kiradi! Meni aytdi dersiz. Biznes sari birinchi qadamingizni bugundan tashlang. Chunki, Biznes – bu farovon kelajak demakdir...
— Hoy – hoy, to‘xta-chi! Bu o‘sha, haligi yolg‘onlaringdan bittasi bo‘lmasin tag‘in. Naq teringga somon tiqaman-a!
— Boy otamdan aylanay, bu zamonda birovni aldab bo‘ladimi? Qasam ich desangiz ichaman, gapim rost, endi tadbir o‘zingizdan.
— Hmm..m... unda Badal aravakashni chaqir-chi...
— Xo‘p bo‘ladi, boy ota!
Olamgir ABDIYEV,
O‘z JOKU talabasi.