Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Dekabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
25 26 27 28 29 30 1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31 1 2 3 4 5
12.02.2019

DEPUTATLAR QONUN LOYIHASIDAN NOROZI...

Reproduktiv salomatlikni asrash sog‘lom bolalar tug‘ilishining asosi hisoblanadi. Parlament quyi palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi yig‘ilishida mazkur masala bilan bog‘liq qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Adliya vazirligining bildirishicha, oxirgi yillarda ajralishlarning 4,7 foizi bepushtlik oqibatida ro‘y bermoqda. O‘zbekistonda o‘tkazilgan turli tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, birlamchi bepushtlikka chalingan ayollar barcha turmush qurganlarning umumiy soniga nisbatan qariyb 5 foizni tashkil etadi. Bu raqamlar yordamchi reproduktiv texnologiyalarni joriy etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Lekin mamlakatimizda hozircha aholining reproduktiv salomatligi bilan bog‘liq muammolarni samarali hal etish, bepushtlikning oldini olish va davolash uchun yetarli bo‘lgan huquqiy asos yaratilmagan.

«Fuqarolarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi mazkur bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida ishlab chiqilgani aytilmoqda. Agar bu hujjat qabul qilinsa, hayotga, oilalarning salomatligiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatadi? Ammo bu kabi savollarga fursat yetmadi. Deputatlar qonun loyihasining sifatiga e’tibor qaratishdi. To‘g‘ri-da, sifat bo‘lmasdan samara haqida gapirish mumkinmi?..

 

Komila KAROMOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, reproduktiv salomatlik bu — inson hayotining barcha bosqichlarida reproduktiv tizimga taalluqli bo‘lgan jismoniy, aqliy va ijtimoiy jihatdan osoyishtalik holatidir. Shuningdek, umumiy sog‘liqning muhim qismi bo‘lib, hayotning shaxsiy jihatlariga tegishli masala hisoblanadi. Bunda erkak va ayolning axborot olish huquqlari, oilani o‘z xohishlari bo‘yicha rejalashtirishda xavfsiz, samarali, qulay va maqbul usullardan foydalanish, ayollarning homiladorlik hamda tug‘ish davrini xavfsiz o‘tkazishda sog‘liqni saqlash xizmatlariga bo‘lgan huquqlari nazarda tutiladi.

Bu haqda taklif etilayotgan qonun loyihasining tushuntirish xatida yozib qo‘yilgan. Biroq loyihada reproduktiv salomatlik nima, degan savol ochiq qolgan. Ko‘rinib turibdiki, qonun yana tor doiradagi mutaxassislar uchun yozilgan. Qonun mohiyati haqida oddiy odamlar o‘qib, tushunadigan jumlalar bo‘lmasa, kutilgan natijani bermaydi. Qonun loyihasining konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlayman. Ammo uning tushunarli, hammaga teng ahamiyatga ega bo‘lishi uchun hali ko‘p ishlanishi kerak. Loyihada reproduktiv salomatlik, reproduktiv tizim haqida gap ketyapti. Reproduksiya so‘zining ochib berilishi ham ancha-muncha tushunmovchiliklarni bartaraf etadi, nazarimda.

 

Shuhrat TURSUNBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— To‘g‘risi, ko‘pchilik qatori shaxsan o‘zim ham reproduktiv salomatlik haqida aniq bir tushunchaga ega emasman. Turli qarashlar, har xil yondashuvlar bo‘lgani sababli mazkur jumlaning asl mazmun-mohiyatini ochib berish talab etiladi va bu qonun loyihasida ifoda etilishi tarafdoriman. Birgina misol — oilani rejalashtirish, degan jumlada orientatsiya yo‘qolib qolgan. Bu hujjatda har bir masala, har bitta jumla to‘g‘ri qo‘llanilib, belgilab berilishi kerak. Ana shunda odamlar orasida tushunmovchilik, e’tirozlar bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, mazkur qonun loyihasi aholi salomatligini saqlashga katta ta’sir ko‘rsatuvchi muhim hujjat hisoblanadi. Partiyamiz bir necha marta bunday qonun loyihasining zarurati haqida taklif bilan chiqqan. Shuning uchun uni qo‘llab-quvvatlash tarafdoriman.

Yana bir gap. Qonun loyihasining qabul qilinishi mablag‘ talab qilmaydi, deb aytilmoqda. Lekin sog‘liqni saqlash tizimida mablag‘ talab qilmaydigan yo‘nalish deyarli yo‘q. Bu masalada qo‘shimcha mablag‘ bo‘lmasa, qonun ertaga qabul qilingani bilan ishlamaydi, odamlarga, oilalarga foydasi tegmaydi. Shu bois reproduktiv salomatlikni muhofazalashning moliyaviy asoslari qaysi manbalar hisobidan hal etilishi bo‘yicha o‘ylash, takliflar berish talab etiladi.

 

Maqsuda VORISOVA, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari, Oliy Majlis

Senati a’zosi:

— Qonun loyihasida davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmat hajmi, degan narsa aniqlanmagan. Demak, reproduktiv salomatlik sohasi bepul tibbiy xizmat sirasiga kirmaydi. Shuning uchun byudjetdan mablag‘ talab qilmaydi.

Vrach, mutaxassis sifatida bir masalani aytishni joiz, deb bilaman. Ikki taraf kelishuvi asosida sun’iy urug‘lantirish orqali dunyoga kelgan bolaning DNKsi otaga yoki onaga tegishli bo‘lishi mumkin. Ertaga o‘sha oilada ajralish yoki boshqa ko‘ngilsiz holat ro‘y bersa, tug‘ilgan shaxsning haq-huquqi nima bo‘ladi?.. Shuning uchun qonunda chaqaloqning haq-huquqini kafolatlash masalasi aks ettirilishi tarafdoriman.

Reproduktiv salomatlik, deganda nosog‘lom oilalar ham tushuniladi. Ya’ni, ketma-ket nogironligi bo‘lgan farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa-da, tug‘ilish to‘xtamaydi. Vrachlarning tavsiya va ko‘rsatmalariga quloq tutmaydiganlar ham ko‘p. Nosog‘lom bola dunyoga kelishini oldindan bilsa-da, zaruriy muolajalarni olmaydigan ota-onalarga ta’sir choralari ko‘rilishi kerak, deb o‘ylayman. Ehtimol, bu masala boshqa me’yoriy hujjatda nazarda tutilar. Ya’ni, nosog‘lom bola tug‘ilishini bila turib, uning oldini olmaslik umuminsoniy qadriyatlarga ham to‘g‘ri kelmaydi. Mana shu masala haqida ham o‘ylab ko‘rish zarur. Zotan, bu ham reproduktiv salomatlik sanaladi.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: