Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    May 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
29 30 1 2 3 4 5
6 7 8 9 10 11 12
13 14 15 16 17 18 19
20 21 22 23 24 25 26
27 28 29 30 31 1 2
05.02.2019

BUYUK KELAJAK MANZARASI ZAMONAVIY BILIM VA INNOVATSIYALARDA NAMOYON BO‘LADI

Hayot tajribasidan yaxshi ma’lumki, jamiyatda tinchlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik, maqsad qanchalik mustahkam bo‘lsa, ko‘zlangan marralarga erishish, muvaffaqiyat qozonish shunchalik real imkoniyatga aylandi. Davlatimiz rahbari, Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan, hayotimizning barcha qirralarini qamrab olayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning natijalari bu fikrni yaqqol tasdiqlab turibdi. Har bir masala, xalq bilan muloqot va maslahat asosida, jahondagi ilg‘or tajribalarga, suyanib, xorijiy hamkorlik asosida hal etilayotgani yangilanish jarayonlariga chuqur mazmun, sur’at va sifat baxsh etmoqda.

Yurtimiz hayotiga yangicha ruh, yangilanish va ijodkorlik, tashabbuskorlik va tadbirkorlik ruhini, innovatsiyalar nafasini olib kelayotgan bu islohotlarni ko‘pgina ekspert va kuzatuvchilar buyuk xitoy islohotchisi Den Syaopin islohotlariga qiyoslayotgani bejis emas, albatta.

Ma’lumki, o‘tgan asrning 60-yillarida Xitoy Halq Respublikasida ushbu davlat rahbari Mao Szedun boshchiligida «katta sakrash», «madaniy inqilob» degan mashhur nomlar bilan siyosat olib boriladi. Afsuski, bu siyosat kutilgan natijani bermaydi. Bu davrni ayrim xitoy siyosatchilari «yo‘qotilgan o‘n yillik» deb ta’riflaydi.

1977 yilning iyun oyida Den Syaopin davlat miqyosidagi yuqori rahbarlik lavozimlariga saylanadi. O‘tgan asrning 70-yillari adog‘iga kelib esa u amalda partiya va mamlakat yotakchisiga aylanadi. Den Syaopin Xitoy tarraqqiyotidagi to‘rt yo‘nalish — qishloq xo‘jaligi, sanoat, armiya hamda ilm-fan va texnika sohalari tubdan isloh etilishi kerak, degan g‘oyani o‘rtaga tashlaydi. Iqtisodiyotga chet el kapitalini jalb etish, ilm-fan va texnika yutuqlaridan samarali foydalanish, jahon bozorida raqobatga dosh beradigan mahsulotlar ishlab chiqarishga jiddiy e’tibor qaratiladi. Dunyo mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish g‘oyat muhim ekanini uqtirib, Den Syaopin quyidagilarni ta’kidlagan edi: «Hozirgi dunyo — keng ko‘lamdagi hamkorlikka intilayotgan dunyodir. Xitoy xorijiy davlatlar bilan hamkorlik eshiklarini yopib qo‘ygani uchun o‘tmishda qoloq edi. Xitoy Xalq Respublikasi tashkil etilganidan so‘ng bizni yakkalab qo‘yishdi. Tan olishimiz kerak, bizning o‘zimiz ham dunyoga yopiq edik. O‘tgan davrdagi 30 yillik tajribamiz yopiq eshiklar ortida qurilishni amalga oshirib, taraqqiyotga erishib bo‘lmasligini ko‘rsatdi». Den Syaopin boshchiligida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida uning «mushuk oq yoki qora tusda bo‘ladimi, buning farqi yo‘q, sichqon tutsa bas» degan so‘zlari mashhur bo‘lib ketadi.

Bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan islohotlarda ham pragmatizm, natijadorlik, dunyoga O‘zbekistonning yangi qiyofasini namoyon etish yetakchi o‘ringa chiqmoqda. Davlatimiz rahbari o‘z nutq va ma’ruzalarida «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak», «Biz uchun turli raqam va foizlar emas, amaliy natija muhim», «Ikkita bo‘lsa ham ish o‘rni yaratgan tadbirkorlarni boshimga ko‘tarishga tayyorman», «Odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashni istaydi», «Buyuk kelajakni bugundan boshlab qurish kerak» degan iboralarni alohida ta’kidlab aytishida juda teran ma’no bor. Ularning xalqimiz o‘rtasida tobora mashhur bo‘lib borayotgani mana shunday amaliy ruhdagi siyosat el-yurtimizning orzu-intilish va manfaatlarini to‘la aks ettirishidan dalolatdir.

Den Syaopinning buyuk xizmatlaridan biri shundaki, u Xitoydagi mavjud shart-sharoitdan kelib chiqqan holda, haddan ziyod markazlashgan, rejali iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish nazariyasini yaratadi. Ana shu xizmatlari uchun unga «Xitoy islohotlarining buyuk otasi» degan nom beriladi.

Den Syaopin «Odamlar o‘tgan yilga nisbatan bu yil yaxshi yashasin» degan so‘zlarni ba’zan-ba’zan takrorlab qo‘yar ekan. Uning rahbarligida islohotlar shunchalik donishmandlik bilan olib boriladiki, aholining yashash darajasi yildan-yilga yuksalib boradi.

Den Syaopin islohotlarni amalga oshirish jarayonida markaziy hokimiyatni, tartib-intizomni bo‘shashtirmaslikka alohida e’tibor beradi. Islohotlar shoshma-shosharlik bilan emas, har tomonlama puxta o‘ylab joriy etiladi. Xitoyni buyuk davlatlar qatoriga olib chiqishni orzu qilgan Den Syaopin buning uchun mustahkam poydevor yaratishga erishadi. Bugungi kunda Xitoy iqtisodiy o‘sish sur’atlariga ko‘ra, dunyo miqyosida yetakchi o‘ringa chiqib olgani o‘sha islohotlar natijasi ekani shubhasiz.

Hozirgi Xitoy taraqqiyotida ham Den Syaopin asoslab bergan yo‘l izchil davom ettirmoqda. Chunki bu buyuk islohotchi Xitoyning pragmatik siyosatchilar avlodini tarbiyalab ketdi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin boshchiligidagi bugungi siyosatchilar ana shu avlodning eng yorqin namoyandalaridir.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning o‘zbek tilida chop etilgan «Davlat boshqaruvi to‘g‘risida» kitobini o‘qish davomida men Xitoy va O‘zbekistonning bugungi kunda olib borayotgan siyosati o‘rtasida o‘xshash va mushtarak jihatlar ko‘pligini angladim. Albatta, hozirgi globallashuv davrida yer yuzida yalpi tinchlik va barqarorlikni saqlash, turli davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarida, bozor munosabatlariga xos umumiy talab va tamoyillarni joriy etishda pozitsiyalarning o‘zaro yaqin va o‘xshash bo‘lishi bu tabiiy hol. Chunki barcha mamlakatlar bir zamonda, jahon bozoridagi umumiy talab va tamoyillarni hisobga olgan holda yashamoqda, rivojlanmoqda. Ayni vaqtda xalqni rozi qilish, yosh avlod tarbiyasi, milliy zamindan uzilmaslik, ma’naviyat, kitobxonlik masalalarida ikki davlat rahbarlarining qarashlaridagi yaqinlik diqqatga sazovordir.

Xaqiqatan ham, Prezidentimiz «Xalqimiz rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi» kabi ko‘plab fikrlarida xalqimizni rozi qilish masalasini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ham bu masalani o‘z faoliyatining asosiy mezoni deb biladi. Uning yuqorida zikr etilgan kitobdan o‘rin olgan quyidagi so‘zlarga e’tibor bering: «O‘rtoq Syan Syuesen bunday degan edi: «Men Xitoyning ilmiy xodimi sifatida hayotiy maqsadni aynan xalqqa xizmat qilishdan iborat deb bilaman. Agar men o‘zimning butun hayotimni bag‘ishlagan ishdan xalq; oxir-oqibatda rozi bo‘lsa, men uchun eng oliy mukofot shundan iborat».

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev innovatsion taraqqiyotga juda katta e’tibor bermoqda. Yurtimizda 2018 yil Faol tadbirkorlikni, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili degan nom bilan o‘tgani hamda shu yo‘lda ulkan ishlar amalga oshirilgani ham bu fikrni tasdiqlab turibdi. «Bugungi kunda dunyoda innovatsion g‘oyasiz, ilm-fan yutuqlarisiz bironta sohaning rivojlanishi mumkin emas», «Innovatsiya — bu kelajak degani», deb ta’kidlaydi davlatimiz rahbari.

Si Szinpin ham o‘z kitobida bu masalaga alohida e’tibor qaratib, yozadi: «Innovatsiya — bu milliy taraqqiyot ruhidir, davlatning rivoji uchun bitmas-tuganmas kuch va xitoy millatiga tabiat ato etgan eng noyob ne’matdir. Keskin xalqaro raqobat sharoitida innovatsiyalar sohibi olg‘a yurish, kuchli bo‘lish va g‘olib bo‘lish imkoniyatiga ega».

Mamlakatimiz Prezidenti xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni har tomonlama bilimli va barkamol etib tarbiyalash xaqida gapirar ekan, jamiyatimizda kitobxonlik madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan maxsus farmoyish va qarorlar qabul qilinib, kitob nashr etish, kutubxonalar qurish, aholi o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish bo‘yicha samarali tizim va mexanizmlar yaratilmoqda. Chindan ham, hozirgi zamonaviy bilimlar, innovatsiyalar davrida ilmu ma’rifat, barcha ezguliklar manbai bo‘lgan kitobsiz, kitobxonliksiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ham o‘z mamlakati yoshlarini zamon shiddatiga mos holda kamol topib borishga da’vat etar ekan, bu borada kitob ular uchun eng muhim yordamchi va vosita bo‘lib xizmat qilishini ta’kidlaydi. Xususan, «Davlat boshqaruvi to‘g‘risida» asari muallifi 2013 yil 21 oktabrda G‘arbdan qaytib kelgan xitoy mutaxassislari uyushmasining yuz yilligiga bag‘ishlangan tantanali majlisda so‘zlagan nutqida yoshlarni zamonaviy bilimlarni o‘rganish, kitob o‘qishga da’vat etadi: «...O‘qish — bu taraqqiyot va inson kamolotining abadiy mavzusi, shuningdek, Vatanga va xalqqa xizmat qilish orzusini amalga oshirish uchun birlamchi muhim zamindir. O‘z orzusini ro‘yobga chiqarishni o‘qishdan, ishni esa amaliyotdan boshlash kerak. ... Bu borada bizning qadimgi ajdodlarimiz taxtachaga yozilgan kitoblar o‘rab bog‘langan tasmalar uch marta uzilib ketgunicha o‘qishdan tolmaganiga, o‘zini sochidan shiftdagi to‘singa bog‘lab qo‘yishga, oyog‘ining tagiga bigiz tiqishga, qo‘shnining uyidan taralayotgan yorug‘da kitob o‘qish uchun devordan tuynuk ochishga, tutib olingan tillaqo‘ng‘izlar va qor shu’lasida kitob o‘qishga to‘g‘ri kelganidek, bilim egallashda bugun ham imkon qadar jon-jahdingiz bilan intilish va jonbozlik ko‘rsatish zarur. Bilimni nafaqat kitobdan, balki amaliyotdan ham misqollab yig‘ib, o‘z bilim va tafakkur doirasini tinimsiz kengaytirib borish kerak».

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o‘z chiqishlarida innovatsion va ijodiy fikrlashga, yoshlarimizni doimo yuksak ma’rifatli, zamonaviy bilimlarni egallagan, barkamol insonlar bo‘lishga da’vat etishiga yana bir bor e’tibor qaratadigan bo‘lsak, buning zamirida nafaqat milliy, balki umumsayyoraviy miqyosdagi o‘ta muhim omillar nazarda tutilgani ayon bo‘ladi. Davlatimiz rahbari tomonidan ta’kidlangan quyidagi fikrlar xalqimizning, innovatsiya sohadagi istiqbollarga o‘ziga xos qarash va yondashuvlarini ifoda etadi: «Bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo‘liga o‘tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g‘oyaga, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi. Innovatsiya — bu kelajak degani. Biz buyuk kelajagimizni barpo etishni bugundan boshlaydigan bo‘lsak, uni aynan innovatsion g‘oyalar, innovatsion yondashuv asosida boshlashimiz kerak. Shuning uchun biz Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etdik va uning oldiga aniq vazifalarni qo‘ydik. Bu vazirlik nafaqat iqtisodiyot sohasida, balki butun jamiyat hayotida eng muhim loyihalarni amalga oshirishda o‘ziga xos lokomotiv rolini bajaradi, deb ishonamiz».

Bu fikrlarni chuqur tahlil qilish orqali biz mamlakatimizning yorug‘ kelajakka qaratilgan keng ko‘lamli taraqqiyot strategiyasining o‘zak g‘oyalari va amaliy maqsadlarini har tomonlama tushunib yetamiz. Ayni paytda Prezidentimiz tomonidan ilm-fan, ta’lim-tarbiya sohalarini rivojlantirish, olimlar, o‘qituvchilar ijodkor ziyolilar mehnatini qadrlash, ularning jamiyatda tutgan o‘rni va mavqeini oshirishga qaratilgan ulkan ishlar ana shunday siyosatning amaldagi ajralmas bir qismi ekanini chuqur his etamiz.

Davlatimiz rahbari 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida «Ta’lim bog‘chadan boshlanishi va butun umr davom etishi lozim» degan, juda chuqur ma’no-mazmunga ega bo‘lgan g‘oyani ilgari surdi. Bu — bugun biz barpo etishga kirishayotgan innovatsion jamiyat, innovatsion taraqqiyotning negizida turadigan g‘oya, desak, adashmagan bo‘lamiz. Chunki innovatsion hayot insondan aqlini taniganidan boshlab umrbod o‘qib-o‘rganib yashashni talab etadi. Sodda qilib aytganda, innovatsion taraqqiyot har bir insonning innovatsion jarayonlarning ajralmas bir qismi bo‘lib yashashi, harakat qilishini taqozo etadi.

 

Qalandar ABDURAHMONOV,

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi.



DB query error.
Please try later.