Oxirgi sonda



Ko'p o'qilgan maqolalar



Dolzarb mavzu



Maqolalar arxivi

«    Oktabr 2019   
Du Se Cho Pa Ju Sha Ya
30 1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31 1 2 3
05.02.2019

Tanzila NORBOYEVA: ENG AVVAL AYOLLARIMIZNING KO‘NGLINI TOPISH KERAK

Respublika xotin-qizlar qo‘mitasidan intervyu olish vaqti haqida xabar keldi. Tez ish qurollarimni oldimda, o‘zbekistonlik millionlab xotin-qizlarning ko‘nglidan joy ololgan, ularning opasi, singlisi, onasi, qizi, dardkashiga aylanib ulgurgan Bosh vazir o‘rinbosari, Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila NORBOYeVA bilan suhbatga oshiqdim. Yo‘l-yo‘lakay uchrashuvimiz qay tarzda kechishini o‘ylab bordim. Qabulxonaga kirganimda kutib turishimni aytishdi. Qisqa vaqt oralig‘ida ketma-ket ikki ayol qabulga kelganiga guvoh bo‘ldim. Birozdan so‘ng suhbat uchun rahbarning xonasiga kirdim...

 

— Ayol baxtli, hayotidan mamnun bo‘lib yashashi uchun nimalar qilish kerak, deb o‘ylaysiz?

— Xotin-qizlar bilan ishlayotganimga ikki yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa, bir narsani anglab yetdim. Ayollarning dunyosini men o‘zim ham yaxshi bilmas ekanman. Uzoq yillar davomida ijtimoiy sohada ishlagan bo‘lsamda, xotin-qizlar bilan ishlashning o‘ziga xos qiyinchiliklari borligini endi ko‘ryapman. Masalan, ayolni uy-joy bilan ta’minlash, moddiy ehtiyojlarini qondirish, ishli qilish mumkin. Ammo uning ko‘ngliga yo‘l topilmas ekan, uning muammosi hal bo‘lmaydi. Ayollar bir og‘iz shirin so‘zga muhtoj. Ularning qalbida muammolari, iztiroblari bor. Ana shularni kimdir tinglashini, maslahat berishini istaydi.

Masalan, qo‘mitamizga kuniga kamida 20-30 nafar ayol keladi. Haftaning har payshanba kuni qabul o‘tkazaman. Ayrim vaqtlar 50-60 nafar opa-singillarimiz bilan gaplashaman. Ularga quloq tutsangiz, ba’zi muammolarini qonuniy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi. Shunda o‘sha insonga tushuntirish berasiz, dildan suhbatlashasiz. Shuning o‘zi ayolga yetarli. Hatto minnatdorlik bildiradi. «Sizning muammongizni hal qilmadik. Nega rahmat aytyapsiz», deb so‘rasak, «meni eshitib, suhbatlashganingiz, ko‘nglimni topib, to‘g‘ri maslahat berganingiz uchun rahmat, bundan buyon ana shulardan xulosa chiqarib, qiyinchilikni yengishga harakat qilaman», degan javob olamiz. Demak, faqatgina moddiy jihatdan emas, ham ruhan, ham ma’nan qo‘llab-quvvatlash, unga yelka tutish ayolni baxtiyor qiladi.

— Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash haqida gap ketganda, davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar, yaratilayotgan sharoitlarga alohida to‘xtalib o‘tish joiz, albatta. O‘tgan yili fevral oyida Prezidentimizning «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi. Oradan bir yil o‘tdi. Tizimdagi muammolarni hal qilishda ushbu farmonning ahamiyati haqida nima deya olasiz?

— To‘g‘risini aytish kerak, avvallari xotin-qizlar qo‘mitalari aniq bir amaliy ish bilan shug‘ullanmagan. Chunki bunga imkon ham yo‘q edi. Asosan targ‘ibot-tushuntirish ishlari bilan ovora bo‘lganmiz. Xotin-qizlar muammosi nimada ekanini bilish uchun vazirlik, idoralardan olingan statistik ma’lumotlar bilan chegaralanib kelganmiz. Faoliyatimiz umumiyroq bo‘lgan, manzilli tashkil etilmagan. Natijada ayollar o‘z muammolari girdobida qolib ketgan edi.

Prezident farmoni asosida ijtimoiy og‘ir ahvoldagi ayollarni himoya qilish tizimning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ularning bandligini ta’minlash masalasi yangi bosqichga ko‘tarildi. Xotin-qizlar qo‘mitalari va uning hududiy bo‘linmalarining faoliyati tubdan o‘zgartirilib, aniq vazifalari belgilab olindi. Farmon doirasida qo‘mita faoliyatini tashkiliy-huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida Prezidentning 4 qarori, Hukumatning 6 qarori, 4 farmoyish va 12 chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.

Shuningdek, Qo‘mita tizimida malakali kadrlarga e’tibor qaratilib, 2017-2018 yillarda 10 viloyat, tuman, shahar raislari almashtirildi. Asosiysi, qo‘mitaning markazdan tortib, eng quyi bo‘g‘inigacha vertikal boshqaruv tizimi joriy etildi.

Ilgari xotin-qizlar qo‘mitasi tizimida 458 nafar xodim ishlagan bo‘lsa, hozirda tizimda 10 ming 70 nafar (ma’lumot uchun – markaziy apparatda 31, viloyatlarda 56, tumanlarda 706, mahallalarda 9 ming 277 nafar) xodim faoliyat yuritmoqda.

— Ushbu sohada amalga oshirilgan ishlar diqqatga sazovor, albatta. Lekin mamlakatimiz xotin-qizlarining ijtimoiy-siyosiy faolligini yanada oshirishdagi muammolar nimalardan iborat?

— Siyosiy partiyalar bilan hamkorlik memorandumlari imzolangan bo‘lishiga qaramasdan, ularning ijrosini ta’minlashga yetarli e’tibor berilmayapti. Vakillik organlari hamda parlament deputatligiga nomzod ko‘rsatish jarayonida xotin-qizlar uchun belgilangan 30 foizlik kvota qamrab olinmayapti. Ularning ulushi 15 foizni ham tashkil etmaydi. Sababi, ko‘rsatilayotgan nomzodlarni tayyorlash borasida tizimli ish olib borilmayapti. Ayniqsa, rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlardan nomzod so‘ralsa, topib bera olmayapmiz. Ayni paytda respublikamizda rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan ayollar soni 1 foizni ham tashkil etmaydi. Joylarda xotin-qizlarning yetakchiligini ta’minlashda asosiy bo‘g‘in bo‘lgan boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatlari ham qoniqarsiz ahvolda.

Respublika xotin-qizlar qo‘mitasining kadrlar bilan ishlash konsepsiyasini ishlab chiqishimiz va qabul qilishimiz lozim. Bunda imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni o‘qitish, malakasini oshirish, turli lavozimlarga tavsiya etish tizimini yaratish zarur.

Siyosiy partiyalar bilan hamkorlikda vakillik organlariga, parlament deputatligiga nomzodlarni tayyorlash va joriy yilgi saylovlarda xotin-qizlar tomonidan nomzod ko‘rsatilishini 50 foizgacha yetkazish hamda deputatlar orasida ularning ulushini 30 foizdan kam bo‘lmasligiga erishishga astoydil harakat qilish kerak. Ayollarning yetakchiligini ta’minlashda boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini kuchaytirish, korxona, tashkilot va muassasalardagi iqtidorli, salohiyatli kadrlarni aniqlab, ulardan zaxira shakllantirish lozim. Ayniqsa, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalaridagi, xususiy sektordagi boshlang‘ich tashkilotlar faolligini oshirishimiz muhim sanaladi.

— Farmon asosida yana bir yo‘nalish – yordamga muhtoj va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan ayollar bilan manzilli ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Bu borada qanday natijalarga erishildi? Mazkur amaliyotni xotin-qizlar ijtimoiy himoyasiga yangicha yondashuv, deyish nechog‘li to‘g‘ri?

— Ilgari aholining bu qatlamiga hozirgi darajada e’tibor qaratilmagan. Bugungi kunda bu qo‘mitamizning ustuvor yo‘nalishiga aylantirildi. 2018 yilda Respublika bo‘yicha 47 ming nafarga yaqin og‘ir turmush sharoitida yashayotgan, shundan 14600 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning ro‘yxati shakllantirilib, manzilli ishlar olib borildi. Ularning 14 ming nafariga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 13500 nafarining bandligi ta’minlandi, 22 ming nafariga moddiy yordam berildi.

Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 1464 nafar og‘ir turmush sharoitida yashayotgan va nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarga arzon uy-joylar uchun 54,6 mlrd. so‘m boshlang‘ich badal puli to‘lab berildi. Prezidentimiz qaroriga asosan hududlarda 159 ta reabilatatsiya va moslashtirish markazi tashkil etildi. Ular faoliyatini barcha tuman, shaharlarda yo‘lga qo‘yish hamda ayollarga sifatli tibbiy, psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlash lozim.

Xotin-qizlar qo‘mitasining respublika bo‘yicha yagona qisqa raqamli (1046) «Ishonch telefoni» tashkil etilib, har kuni 24 soat davomida xotin-qizlarning murojaatlarini qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Hozirga qadar 12 mingdan ortiq murojaat bo‘ldi.

2019 yilda xotin-qizlar bandligini ta’minlash yuzasidan dastur tasdiqlandi. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan 13 ming nafar xotin-qizni ish bilan, 1600 nafarini uy bilan ta’minlash bo‘yicha ro‘yxat shakllantirildi. Joriy yilda jami 20300 nafar og‘ir turmush sharoitidagi ayolga manzilli yordam berilishi rejalashtirilgan. Ehtiyojmand, nogironligi bo‘lgan xotin-qizlarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlarini yanada kuchaytirish talab etiladi. Bunda mahalliy hokimliklarning ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda, ushbu toifadagi xotin-qizlarni uy-joy bilan ta’minlash choralarini ko‘rish lozim. Shu bilan birga, Fond mablag‘laridan har yili 1500 nafarga yaqin ayol uy-joyli bo‘lishi uchun boshlang‘ich badal mablag‘ini shakllantirishga amaliy yordam beramiz.

— Oilaviy ajrimlar, ayniqsa, uchinchi shaxsning aralashuvi oqibatidagi ana shunday ko‘ngilsiz voqealar tez-tez uchrab turadi. Buning asosiy sabablari nimada, deb o‘ylaysiz?

— Umumiy tahlillarga ko‘ra, oilaviy ajrimlarga uy-joy masalasi hamda uchinchi shaxsning o‘rinsiz aralashuvi sabab bo‘layotgan edi. Xabaringiz bor, ko‘p yillardan buyon aholini uy-joy bilan ta’minlash, ayniqsa, arzon uylar qurish borasida ishlar sust edi. Bir tom ostida bir necha oila yashashiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa turli nizolar, tushunmovchiliklarga sabab bo‘lgan. To‘g‘ri, avval ham uylar qurilgan, lekin hammaning ham uni sotib olishga imkoni bo‘lmagan. Hozirda ayrim toifa kishilarga bepul boshpana berilmoqda. Kam ta’minlangan, nogironligi bo‘lgan yoki yolg‘iz onalarga davlat tomonidan 25 foizlik boshlang‘ich badal to‘lab berilyapti. Demak, ushbu muammo ham bosqichma-bosqich hal etiladi. Afsuski, bu bilan oilaviy ajrimlarga barham beriladi, deb bo‘lmaydi. Chunki ajrashishlarning aksariyat qismi uchinchi shaxs aralashuviga to‘g‘ri kelmoqda.

Ana shundan kelib chiqib, qo‘mitamiz Oliy sud bilan memorandum imzoladi. Unga ko‘ra, vaziyat o‘rganilib, ishchi guruh aralashuvi bilan oilalar yarashtirilmoqda. Albatta, bunda janjal, kelisha olmaslik sabablari o‘rganiladi. Nikoh ayolning xavfsizligi yoki farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan holatlar inobatga olinib, bunday oilalarning ajrimi uchun qarshiliksiz xulosa beriladi. Memorandumda aynan uchinchi shaxsning aralashuvi, arzimagan sababga ko‘ra ajralishlarning oldini olish ko‘zda tutilgan. Asosiy maqsad — bolaning oilada to‘liq katta bo‘lishini ta’minlash.

Ayrim hollarda onalar o‘z o‘g‘illarini tushunish o‘rniga, ularga shart qo‘yadi. Ikki o‘t orasida qolgan erkak xotinidan voz kechishga majbur bo‘ladi. Ana shunday holatda tushuntirish ishlari olib borilsa, oilalarni saqlab qolishga erishiladi. Biroq bu har doim ham o‘z samarasini bermayapti. Qo‘mitamiz tashabbus bilan chiqdi. Mazkur masalada qonuniy asos bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritish taklifini tayyorlayapmiz. Uchinchi shaxs aralashuvi bilan oilaviy ajrim yuz berganda, ularga ma’muriy jazo, ya’ni jarima qo‘llanilsa, ajrimlarning ancha oldi olinadi.

Bundan tashqari, musulmonlar idorasiga taklif bergandik. Uchinchi shaxs aralashuvi bilan oila buziladigan yoki unga darz ketadigan bo‘lsa, ana shunday ota-onalar haj safariga tavsiya etilmaydi. Ibratli oila bekasi, oila boshlig‘i bo‘lgan nuroniylar haj safariga tavsiya etiladi. O‘ylaymanki, bu ham ajrimlarning kamayishiga hissa qo‘shadi.

— Yana bir ko‘ngilsiz holat ham bor. O‘z farzandlari uchun aliment to‘lamaydigan erkaklar ko‘payib boryapti. Odam hayron qoladi — erkaklarga nima bo‘lyapti?.. Ularni er yigit, deb ta’riflashga uyalasan kishi...

— Haq gapni aytdingiz. Chinakam mard erkak avvalo o‘z farzandini ko‘chaga tashlab qo‘ymaydi. Hech bo‘lmaganda bolasi uchun aliment to‘lash, uni moddiy jihatdan ta’minlashdan bosh tortmaydi.

Hozirgi kunda esa, ming afsuski, turli bahonalar, yolg‘onlar bilan aliment to‘lamayotganlar oz emas. Mas’uliyatsizligi, loqaydligi pushti kamaridan bo‘lgan bolasining taqdiriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi bunday kimsalarning xayoliga ham kelmaydi. Eng yomoni, ularni hayot ko‘rgan nuroniy ota-onalari ham qo‘llab turadi.

Shuni ishonch bilan ayta olamanki, bu kabi illatlarning negizi tarbiyaga borib taqaladi. Bolaga to‘g‘ri tarbiya berilsa, oila, farzand muqaddas ne’mat ekani tushuntirilsa, u onasi va ayolini bir ko‘z bilan ko‘ra oladi. Ular o‘rtasidagi nizolarni bosiqlik bilan bartaraf etishga urinadi. Natijada ajrimlar ham, aliment to‘lanmayotgan bolalar soni keskin kamayadi.

Jamiyat ham qarab turmasligi lozim. O‘tgan yillar davomida maktablarda dasrlar qisqartirildi. Byudjet mablag‘lari yetishmasligi sabab tarbiya, odob-axloq soatlari olib tashlandi. Maktabgacha ta’lim muassasalari binolari xususiylashtirilib, kimlagadir berib yuborildi. Ota-onalarning yagona maqsadi pul topishga aylandi. Oqibati esa mana ko‘rib turganingizdek. Biz o‘zimiz ekkan hosilning achchiq mevasini olyapmiz. Hozirgi avlodni o‘zimiz yetishtirdik.

Ijtimoiy muammolarning hammasi oilaga, farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun bu tizimli masala. Muammoni birgina xotin-qizlar qo‘mitasi yoki mahalla hal etadi, deyish noto‘g‘ri. Har bir sohani jalb etish, oilalarning tibbiy, ruhiy holatini o‘rganish, iqtisodiy ko‘mak berish, umuman olganda, tizimli yondashuv asosida muammoga yechim topish mumkin. Ayni paytda olib borilayotgan islohotlar esa bir necha yillardn keyin o‘z samarasini beradi. Butunlay yangi avlod shakllanib, o‘zimiz istagan bilim, ezgu qadriyatlar bilan kamolga yetgan shaxslar ulg‘ayadi.

— Oliy sud bilan imzolangan memorandum asosida mahkuma ayollar jazosi yengillashtirilib, ayrimlari qo‘mita kafilligida hatto ozodlikka chiqarilmoqda. Mazkur amaliyot oilalarni saqlab qolish, farzand tarbiyasida juda katta ahamiyatga ega. Ayni vaqtda qo‘mita ulkan mas’uliyatni zimmasiga olyapti...

— Jahon tajribasida xotin-qizlarga davlat tomonidan qaratilayotgan e’tibor bu darajada emas. Xotin-qizlar tashikotlari ham kichik-kichik nodavlat tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. Ayrim mamlakatlarda xotin-qizlar va oila masalalari bo‘yicha vazirliklar bor. Ammo ularning faoliyatida ham mana shunday masalalarga aralashuv yo‘q.

Yurtimizda kuchli jamoatchilik nazorati va ko‘plab davlat vazifalarini nodavlat tashkilotlari vakolatiga o‘tkazish jarayoni o‘z samarasini bermoqda. Inson hayotda bilib-bilmay xato qiladi va bu ko‘proq xotin-qizlar tabiatida bor. Ayol kishining jinoyat qilishi avvalo o‘ziga, oilasi va farzandlari sha’niga dog‘ sanaladi. Ana shunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida jinoyatga moyilligi bor xotin-qizlar bilan alohida shug‘ullaniladi. Bu borada Ichki ishlar vazirligi bilan memorandum imzolangan. Ya’ni, jazoni o‘tash joylaridan qaytgan, janjalkash, biror bir oqimga qo‘shilib qolgan yoki hayotdan norozi opa-singillarimizning ro‘yxati shakllantirilgan. Tabiiyki, ularning o‘zlariga ham, jamoatchilikka ham oshkor qilmagan holda profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikda ish olib boriladi. Maqsad ular xato qilib qo‘yishining oldini olishdan iboratdir.

Oliy sud bilan olib borilayotgan faoliyatda xato qilib qo‘ygan ayollarning sharoiti va holat o‘rganiladi. Huquqbuzarlik yoki jinoyatning turiga qarab yengillik berish, qamoq jazosidan ozod etish yoki yana boshqa tomondan yordam beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, ayolni jamiyatga integratsiyalashuviga ko‘maklashiladi. Uchinchi bosqich esa jazoni o‘tayotgan mahkumalar bilan uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, suhbatlar o‘tkazishdan iborat. Chunki ertaga ular ozodlikka chiqadi. Qalbida atrofdagilarga nisbatan adovat, nafrat tuyg‘ulari uyg‘onmasligi uchun harakat qilamiz. Ularga turli hunarlar o‘rgatiladi.

Bir narsani unutmaslik kerakki, hamma birdek adashgan, bilmasdan jinoyat qilgan, deb bo‘lmaydi. Qo‘mitamiz esa aynan chin dildan pushaymon bo‘lgan, aybini anglagan, afsuslangan kishilarni kafillikka oladi. Qasddan jinoyatga qo‘l urgan, kelgusida ham ana shu ishni qilishdan tap tortmaydigan toifa ayollarga boshqa choralar ko‘rilishi kerak, deb o‘ylayman.

Aytish kerak, 2018 yilda biz 893 nafar opa-singlimizni himoya qilishga erishdik. Ularning kelgusi hayoti bevosita qo‘mitamiz kuzatuvida bo‘ladi. Xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash, jamiyatga qaytarish choralari ko‘riladi. Joylardagi targ‘ibot tadbirlarida murakkab taqdir egalarining kuchidan ham foydalanamiz. Ya’ni, qo‘mita kafilligi ostida jazo turi yengillashtirilgan, jazodan ozod etilgan yoki erkinlikka chiqarilgan xotin-qizlar turli uchrashuvlarda ishtirok etadi. Boshidan o‘tganlarini gapirib beradi va shu orqali boshqalarni ogohlikka chaqiradi. Xato yo‘lda bo‘lganlarni qaytishga da’vat etadi. Aynan ushbu usul ko‘proq samara beradi, deb o‘ylayman. Zotan, qismati bir-biriga o‘xshash oddiy odamlarning aytgani bizning so‘zimizdan ko‘ra ishonchliroq bo‘ladi. Kelgusida bu ishlarni yanada takomillashtirib, izchil davom ettiramiz.

 

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA

 suhbatlashdi.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: