08.01.2019

ADOLAT POSANGISI BUZILSA...

odamlarda norozilik paydo bo‘ladi, davlatga, jamiyatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati uyg‘onadi. Ayrim amaldorlar uchun buni tushunish hamon qiyin kechmoqda.

Tadbirkorning noturar-joy binosi, aholi yashaydigan xonadonlar mulk egalari roziligisiz «Garant qurilish servis» MChJ tomonidan buzib tashlandi, yetkazilgan zarar to‘lanmadi. Samarqand shahar hokimligi qarorida ko‘rsatilgan talablar, shahar sudining hal qiluv qarori ham bajarilmadi.

Nega?...

 

Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi, 128-manzilda o‘tgan asrning o‘rtalarida qurilgan besh qavatli yotoqxona bo‘lardi. Zamonlar o‘zgarib, jamiyatda mulkdorlar paydo bo‘ldi, davlat tasarrufidagi ko‘pgina inshootlar ko‘chmas mulk sifatida tadbirkorlarga sotildi.

2006 yilda tadbirkor Jamshid Shomurodov ana shu 5 qavatli binoning uch qavatini egallagan yotoqxonani sotib oldi. 2007 yilning 7 martida Samarqand shahar hokimi tomonidan «Binoga egalik huquqini tasdiqlash to‘g‘risida» qaror qabul qilindi.

Jamshid Shomurodov binoda Tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi ochish maqsadida uning dastlabki uch qavatini turar-joy toifasidan chiqarib, noturar joyga aylantirish maqsadida Samarqand shahar yer resurslari va davlat kadastri bo‘limiga ariza yozdi. Arizaga muvofiq, 2007 yil 15 martda unga va singlisi F.Shomurodovaga shu asosda SM ¹ 0004610 raqami bilan foydalanish maydoni 1285 kvadrat metr bo‘lgan ko‘chmas mulkka egalik huquqini kafolatlovchi «Binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida» guvohnoma berildi.

Bundan tashqari, Jashid Shomurodov tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish maqsadida 128-binoning 17 ta xonadonini (kvartirasini) notarial tasdiqlangan oldi-sotdi shartnomasi asosida sotib olib davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.

Vazirlar Mahkamasi tomonidan Toshkent va Samarqand shaharlarida uy-joy fondini yangilash bo‘yicha 2014 yil 15 sentabrda o‘tkazilgan yig‘ilish bayoni asosida mazkur shaharlarning markaziy hududlarida xususiy qurilish tashkilotlari tomonidan ko‘p qavatli uylar qurilishi avj olib ketdi.

Samarqand shahar hokimi 2015 yilning 27 noyabrida yuqoridagi yig‘ilish bayoni bo‘yicha «davlat va jamoat ehtiyoji uchun olingan yer uchastkasi» degan asos bilan shaharning Gagarin ko‘chasida joylashgan mazkur 5 qavatli turar-joy binosini buzib, qaytadan qurish uchun «Garant qurilish servis» MChJga qaror chiqarib berdi.

2016 yilning 19 dekabrida Samarqand shahar hokimi tomonidan takroriy ravishda «Garant qurilish servis» MChJga Samarqand shahar, Fitrat ko‘chasidagi 1-yo‘lakda joylashgan 1,3,5 va 7 xonadonlar hamda Gagarin ko‘chasida joylashgan 128, 130-manzilda joylashgan ko‘p qavatli turar-joy egalarini amaldagi qonunlar asosida rozi qilgan holda qurilishni boshlashga ruxsat beruvchi qaror chiqaradi.

Qarorda besh qavatli turar-joy binosidagi fuqarolarni amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ko‘chirish asosida ko‘p qavatli uy qurish, xonadon egalariga yangi qurilgan uyning birinchi qavatidan mutanosib ravishda o‘z tannarxi qiymatida uy-joy ajratish ko‘rsatiladi.

Aslida esa qonunga binoan «Garant qurilish servis» MChJ rahbari ko‘p qavatli turar-joy egalaridan uy-joylarini to‘liq sotib olganidan keyin shu joyning o‘rniga zamonaviy uy-joy qurish masalasi ko‘rib chiqilishi lozim edi.

Biroq 128-uyda joylashgan xonadonlar va Tibbiy xizmat ko‘rsatish markazi egalari bilan kelishmaganligi, uy-joylar qiymati va taxminiy yetkaziladigan zarar aniqlanmaganligi hamda ularning o‘rniga boshqa teng qiymatdagi uy-joy ajratilmaganligi shu uyda yashovchilar, tadbirkor Jamshid Shomurodov va «Garant qurilish servis» MChJ rahbarlari o‘rtasida ixtilof keltirib chiqaradi. Ya’ni, qurilish tashkiloti ishchilari tomonidan bu yerda yashovchi xonadon sohiblarining yuklari ko‘chaga chiqarib tashlanib, besh qavatli uy buziladi.

Bundan norozi bo‘lgan Jamshid Shomurodov turli sud-huquq idoralariga ariza bilan murojaat qiladi. Samarqand shahar IIB tergov bo‘limi xodimi X.Namozov tomonidan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib boriladi, buzilgan xonadon va noturar joylarning o‘sha vaqtdagi bozor narxini aniqlash yuzasidan ekspertiza o‘tkaziladi.

«Garant qurilish servis» MChJ rahbari Eldor Mo‘minov tomonidan 128-uyda joylashgan xonadon va noturar joylarga yetkazilgan zarar Adliya vazirligiga qarashli X.Sulaymonova nomidagi RSEM Samarqand viloyat bo‘limi tomonidan berilgan xulosa orqali baholanadi (Aslida bu xulosa asosida baholangan xonadon va noturar-joylar qiymati bozor narxi bilan taqqoslanganda, o‘rtada katta tafovut borligi ayon bo‘ladi).

Tergov bo‘limi xodimi X.Namozov ko‘rsatilgan zarar miqdorini Samarqand viloyat IIB moliya bo‘limining depozitiga to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Jinoyat ishining «Garant qurilish servis» MChJ xodimlariga nisbatan qismi ularning xatti-harakatlarida «jinoyat tarkibi aniqlanmagani sababli» 2017 yilning 11 noyabrida Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi, 2-bandiga asosan harakatdan to‘xtatiladi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2017 yil 13 oktabrda qabul qilgan hal qiluv qaroriga binoan Jamshid Shomurodov va boshqalarga tegishli bo‘lgan turar-joy maydoniga teng miqdorda uy-joy berish majburiyati «Garant qurilish servis» MChJ zimmasiga yuklatiladi. Noturar joy uchun ekspertiza tomonidan belgilangan pul miqdorini ham «Garant qurilish servis» MChJdan undirish belgilanadi.

Aslida shahar prokuraturasi Samarqand shahar hokimining yuqorida keltirilgan, ya’ni, 2015 yilning 27 noyabrida va 2016 yilning 19 dekabrida qabul qilgan qaroriga Protest keltirganida, ehtimol, qonun ustuvorligi ta’minlanib, mojaroga nuqta qo‘yilishi mumkin edi. Ammo...

Arizabozliklar davom etadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudining 2018 yil 27 fevraldagi hukmiga ko‘ra, Samarqand shahar IIB tergov bo‘limi xodimi X.Namozov tomonidan 2017 yilning 11 noyabridagi jinoyat ishining «Garant qurilish servis» MChJ xodimlariga nisbatan qismini harakatdan tugatish haqidagi qarori bekor qilinadi.

Hukmda Gagarin ko‘chasidagi 128-uyda joylashgan xonadonlarning noqonuniy buzilishi va ulardagi jihozlarga zarar yetkazilib, talon-taroj qilinganligi holatiga e’tibor qaratiladi. Natijada «Garant qurilish servis» MChJ rahbari Eldor Mo‘minov va xodimlari harakatlarida Jinoyat kodeksining 169, 173-moddalarida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligini aniqlash va huquqiy baho berish uchun material tariqasida ajratiladi hamda Samarqand viloyat prokurori orqali tegishli surishtiruv organiga yuborilishi ko‘rsatiladi.

Afsuski, oradan bir yil vaqt o‘tayotganiga qaramay, bu borada birorta amaliy natija bo‘lmayapti, huquqlari buzilgan fuqarolar halovat bilmay, hamon ovora-yu sarson bo‘lib yuribdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 53-moddasiga asosan, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasidadir. Mulkdor faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibdagina mulkidan mahrum etilishi mumkin.

Samarqand viloyati yangi hokimi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan duch kelinayotgan muammolar va turli to‘siqlarni tezkorlik bilan hal etish hamda ularni qo‘llab-quvvatlash masalasida uchrashuv o‘tkazganida Jamshid Shomurodov arzini ham eshitib, muammoni joyida o‘rganib, hal etish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga topshiriq beradi.

Bu haqda 2018 yil 3 avgust sanasi bilan yig‘ilish bayonnomasi tuzildi. Lekin negadir o‘zgarish bo‘lmadi, kimdir panada turib, bu muammo hal bo‘lishiga to‘sqinlik qilayotganga o‘xshaydi. Yoki tegishli idoralar o‘z vazifasini bajara olmayapti, aniqrog‘i, bajarishni istamayotganga o‘xshaydi. Aks holda, qonunsizlik ko‘rinib turibdi, aybdorlar aniq, jabrlanuvchilar dod, deb yordam so‘rayapti...

Nega masala hal bo‘lmayapti? Jur’at yo‘qmi, xohish yo‘qmi? Ehtimol, bu bino bekorga buzilmagan va «Garant qurilish servis»ga bekorga berilmagandir, degan fikr xayolga keladi. Istalsa, bunga ham aniqlik kiritish mumkin, deb o‘ylaymiz.

 Keyingi ikki yilda sud-huquq tizimi sohasida katta islohotlar olib borilayapti, o‘zgarishlarni xalq ko‘rib, bilib turibdi, rahmatlar aytayapti. Lekin shu bilan birga, ba’zi joylarda hamon adolat posangisi buzilayotgani ham haq gap. Tahririyatimizga kelayotgan ariza va shikoyatlar buni ko‘rsatib turibdi.

Shu o‘rinda Samarqand shahar hokimi o‘rinbosari B.Elmurodovning 2018 yil 18 fevralda shahar prokuraturasiga yuborgan xatida J.Shomurodovning talabi qonuniy ekanligi ta’kidlangan.

«Garant qurilish servis» korxonasi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonun talablari hamda belgilangan talablarga rioya qilmasdan, ushbu manzildagi turar va noturar uy-joylarni mulkdor J.Shomurodovning roziligisiz qonunga xilof ravishda, ya’ni, noqonuniy tarzda buzib tashlagani ko‘rsatilgan. Shuningdek, mazkur holat yuzasidan J.Shomurodov Samarqand shahar prokuraturasi yoki Fuqarolik ishlari bo‘yicha shahar sudiga murojaat etishi, sud hamda prokuratura organlari tomonidan qonunda belgilangan tartibda mazkur qarorni bekor qilishda shahar hokimligi e’tirozi yo‘qligi ma’lum qilingan.

Gap yana yuqorida keltirilgan, Samarqand shahar hokimi tomonidan 2015 yilning 27 noyabrida hamda 2016 yilning 19 dekabrida qabul qilingan qaror va unga huquqiy baho berish haqida ketayapti.

 — Har bir tadbirkorning xususiy mulki davlat himoyasida va daxlsiz bo‘lishi qonunlarimizda ko‘rsatib qo‘yilgan, — deydi tadbirkor Jamshid Shomurodov. — Mamlakatimiz Prezidenti bizni doim qo‘llab-quvvatlayotganini amalda ko‘rib-bilib turibmiz. Shunday bir davrda nega «oqni oq, qorani qora», deb baholashmayotganiga hayronman. Haqiqatni yashirish, turli bahonalar bilan uning yuziga qora chaplash mumkindir. Baribir bir kun kelib, adolat qaror topishiga ishonaman.

Lekin mening tadbirkorlik faoliyatim to‘xtab, 10-15 kishi ishsiz qoldi. Korxonamiz davlatga soliq to‘lardi. Bu ham to‘xtadi. Endi o‘ylab ko‘raylik, kimningdir bir noto‘g‘ri qarori bilan odamlarga, davlatga qancha ziyon yetayapti? Bu muammolar bilan shug‘ullangan qancha idoralar ovora. Nahotki buni tushunishmasa, haq gapni aytish shunchalik qiyinmi?..

Jamshid Shomurodovni qiynayotgan savollarni to‘g‘ri tushungan kishi masalaga to‘g‘ri yondashib, to‘g‘ri xulosaga kelishi mumkin. Aks holda, bahona topiladi, ammo bu o‘rinda qonun ishlashi, adolatli qaror kerak bo‘ladi.

 

Nurulloh DOSTON,

«O‘zbekiston ovozi» muxbiri.


Fikr va mulohazalar

Spam bot protection (CAPTCHA)

So‘nggi yangiliklar: